NORASMIY BANDLIK: YASHIRIN IQTISODIYOTDAGI ROLI VA IQTISODIY MOSLASHUVCHANLIKNING OMILI SIFATIDA O'ZBEKISTON TAJRIBASI
Abstract
Jahon mamlakatlarida har qanday iqtisodiy taraqqiyot darajasiga erishganligi va turli xil ma’muriy va siyosiy infratuzilmalarning ishlab chiqilganligiga qaramasdan har bir davlatning iqtisodiy sektorlarida yashirin iqtisodiyotning mavjudligi haqida turli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shundan kelib chiqib, ushbu yashirin iqtisodiyotning vujudga kelishi, uning o‘sish yoki kamayishi, uni bartaraf etish hamda unga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganishga oid ilmiy tadqiqotlar har bir mamlakat uchun siyosiy-iqtisodiy jarayonlarning dolzarb masalasiga hisoblanadi.
Full text
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 662 ORCID: 0009-0000-8092-0365 NORASMIY BANDLIK: YASHIRIN IQTISODIYOTDAGI ROLI VA IQTISODIY MOSLASHUVCHANLIKNING OMILI SIFATIDA O‘ZBEKISTON TAJRIBASI Mamatqulova Mushtariy Komiljon qizi TDIU huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi doktoranti https://doi.org/10.5281/zenodo.17288631 Kirish Jahon mamlakatlarida har qanday iqtisodiy taraqqiyot darajasiga erishganligi va turli xil ma’muriy va siyosiy infratuzilmalarning ishlab chiqilganligiga qaramasdan har bir davlatning iqtisodiy sektorlarida yashirin iqtisodiyotning mavjudligi haqida turli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shundan kelib chiqib, ushbu yashirin iqtisodiyotning vujudga kelishi, uning o‘sish yoki kamayishi, uni bartaraf etish hamda unga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganishga oid ilmiy tadqiqotlar har bir mamlakat uchun siyosiy-iqtisodiy jarayonlarning dolzarb masalasiga hisoblanadi. Rasmiy iqtisodiyotdan tashqarida faoliyat yurituvchi aholining ulushi ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jiddiy muammo sifatida qaraladi. Biroq, zamonaviy iqtisodiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, norasmiy bandlik nafaqat noaniqlik va soliq yo‘qotishlari bilan bog‘liq, balki iqtisodiy tizimning moslashuvchanlik salohiyati, ishsizlikka qarshi amortizator mexanizmi va ijtimoiy barqarorlik omili sifatida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Jumladan, Jahon bankining 2023-yildagi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 33 foizi norasmiy sektorda band bo‘lgan va bu ko‘rsatgich Markaziy Osiyodagi eng yuqori darajalardan biri bo‘lgan. Shuningdek, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda iqtisodiy faol aholi 14,98 millionni tashkil qilgan va ulardan 13,7 million kishi ish bilan band bo‘lgan. Ammo, ish bilan band aholidan atigi 6,5 millon kishi rasmiy sektorda ishlagan. Bundan bilishimiz mumkinki, ish bilan band aholining 53% norasmiy sektorda faoliyat yuritgan. Davlat siyosati ham so‘nggi yillarda bu holatni rasmiylashtirish, tartibga solish va iqtisodiy imkoniyatga aylantirishga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, Prezidentning 2021-yil 27avgustdagi PQ–5221-sonli qarori bilan norasmiy mehnat bozorini qisqartirish bo‘yicha “Yoshlar bandligini ta’minlash va norasmiy sektordan rasmiy mehnatga o‘tishni rag‘batlantirish dasturi” qabul qilindi. Shu bilan birga, 2022-yil 30-dekabrdagi PF–269-sonli Farmon esa o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq va ijtimoiy to‘lovlar tartibini soddalashtirib, ularni rasmiy mehnat tizimiga integratsiya qilishga xizmat qilmoqda. Ammo, ushbu huquqiy hujjatlar O‘zbekistonda norasmiy bandlikka qarshi emas, balki uni rivojlanish resursi sifatida ko‘rib, legallashtirish orqali iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatga aylantirish yondashuvini shakllantirmoqda Norasmiy bandlik – bu qonuniy mehnat munosabatlarisiz, rasmiy hisobga olinmasdan amalga oshirilayotgan iqtisodiy faoliyat bo‘lib, u nafaqat ishchilarning ijtimoiy himoyasizligiga, balki davlat byudjetiga soliq tushumlarining kamayishiga va natijada yashirin iqtisodiyotning o‘sishiga olib keladi. Yashirin iqtisodiyot esa – rasmiy statistikada aks etmaydigan, ammo,
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 663 qonuniy bo‘lgan iqtisodiy faoliyat turlari hisoblanadi. Norasmiy bandlik sektori odatda quyidagi sohalarda keng tarqalgan: • Kichik savdo faoliyati, • Xizmat ko‘rsatish sohalar, • Qishloq xo‘jaligi • Transport xizmatlari. Norasmiy bandlik iqtisodiy taraqqiyotga erishishda xalaqt beradigan omil bo‘lsada, qisqa va o‘rta muddatda iqtisodiyotga va jamiyatga qator ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, mamlakatda iqtisodiy o‘sish surati sust kechayotgan yoki iqtisodiy inqirozlar vujudga kelayotgan mamlakatlar uchun norasmiy sektor muhim amortizator (yumshatuvchi omil) vazifasini o‘taydi. Ya’ni rasmiy ish o‘rinlari yetishmaganda bandlik manbai sifatida xizmat qiladi. Quyida bunga bir necha misollar keltiriladi. Misol uchun O‘zbekistonning qishloq hududlarida va boshqa hududlardagi kasb-hunarga ega bo‘lmaganlar orasida norasmiy holatda ishlab chiqarish, savdo-sotiq, qurilish kabi sohalarda vaqtinchalik yoki mavsumiy ishga joylashish imkoniyati mavjud. Birgina paxta yig‘im-terim davrida fermerlar tomonidan minglab aholi norasmiy yollanadi. Shu bilan birga, yoshlar uchun birinchi ish tajribasiga ega bo‘lish maqsadida xizmat ko‘rsatish sohasida norasmiy ishga joylashish qulay hisoblanadi (masalan, kafe, restoran, mehmonhonalar, IT xizmatlari). Yana bir ijoniy qulayliklardan bu pensionerlarning norasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari. Ba’zan mehnat pensiyasining yetarli emasligi dabab ko‘plab keksa fuqarolar ustachilik, dehqonchilik, yo‘lovchi tashish kabi norasmiy sektorlarda faoliyat yurishadi. 2022-yilgi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisobotida qayd etilishicha, norasmiy sektorda band bo‘lganlarning 23 foizini 60 yoshdan oshgan shaxslar tashkil qilgan. Bundan tashqari norasmiy sektor kichik iqtisodiy birliklar sifatida mahalliy iqtisodiyotni jadallashtirishda ham xizmat qiladi. Birinchidan, bu sektor orqali mahalliy iste’mol tovarlarining sezilarli qismi ishlab chiqariladi. Bunga misol qilib nonvoylar, qandolat sexlari, tikuvchilar, yo‘g‘ ishlab chiqaruvchilar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiruvchilarni aytishimiz mumkin. Ikkinchidan, Sartaroshlik, avtomobil ta’miri, qurilish xizmatlari, IT xizmatlari kabi ko‘plab xizmat turlari rasmiylashtirilmagan holda faoliyat yuritadi, ammo aholining asosiy ehtiyojlarini qondiradi. Uchinchidan, inovatsion faoliyat uchun ham muhit yaratib beradi. Norasmiy muhitda yangi mahsulotlar, xizmatlar yoki biznes modellarini sinab ko‘rish imkoniyati mavjud. Bu ko‘p holatlarda startaplar uchun “test bazasi” bo‘la oladi. Misol uchun, Toshkent shahrida faoliyat yuritgan norasmiy dasturchilar guruhi 2023-yilda o‘z mobil ilovalarini rasmiy “start-up”ga aylantirib, xalqaro inkubatsion dasturda ishtirok etishdi. Bu ularning rasmiy sektor bilan integratsiyalashuviga olib keldi. Yuqorida ta’kidlanganidek norasmiy bandlik qisqa muddatda ijtimoiy keskinlikning kuchayishini oldini oladi. Ijtimoiy barqarorlikdagi ijobiy ta’sirlaridan biri bu rasmiy ishga joylasha olmayotgan fuqarolarni ish bilan ta’minlab ularning hukumatga nisbatan salbiy munosabatlarini kamaytira oladi. Shu bilan birga, migrantlar, yoki chekka hudud aholisi ham rasmiy mehnat bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘lmaganda, norasmiy faoliyat orqali o‘zlarini moliyaviy ta’minlay olsishadi va bu davlatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi sonining o‘sishini oldini oladi. Yana bu sektor madaniy qadryatlarni saqlashga ham xizmat qiladi. Norasmiy faoliyat doirasida ko‘plab xalq hunarmandchiligi (zargarlik, do‘ppido‘zlik, milliy libos tikuvchilik) rivojlanmoqda va madaniy merosni avloddan avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Buning misoli sifatida, Buxoro viloyatida faoliyat yurituvchi norasmiy gilamdo‘z ayollar guruhi
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 664 UNESCO tomonidan e’tirof etilib, 2023-yilda grant asosida rasmiy hunarmandchilik ko‘rinishiga o‘tganini aytishimiz mumkin. Xulosa. Norasmiy bandlik tizimi barcha salbiy jihatlariga qaramay, muayyan sharoitlarda iqtisodiy va ijtimoiy hayotning ajralmas elementi hisoblanadi. U ishsizlikni yumshatadi, iqtisodiy faollikni rag‘batlantiradi va jamiyatdagi muvozanatni ta’minlaydi. Ammo bu ijobiy ta’sirlar qisqa muddatli bo‘lib, uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun norasmiy sektordagi resurslarni rasmiy iqtisodiyotga integratsiyalash zarur bo‘ladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–5221-sonli qarori, 2021-yil 27-avgust. Yoshlar bandligini ta’minlashga doir kompleks chora-tadbirlar. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–269-sonli Farmoni, 2022-yil 30-dekabr. Ish bilan ta’minlash va rasmiy mehnatga o‘tishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida. 3. O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligi (2024). Mehnat bozori holati va bandlik darajasi bo‘yicha hisobot. 4. Xalqaro Mehnat Tashkiloti. (2023). Dunyoda mehnat statistikasi hisoboti. 5. Schneider, F. (2023). Yashirin iqtisodiyot: nazariya va amaliyot. 6. Charmes, J. (2022). Norasmiy sektor va iqtisodiy rivojlanish.