ZAMONAVIY DRAMATURGIYADA MILLIY URF-ODATLARNING BADIIY TALQINLARI
Abstract
mazkur maqolada zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasida milliy urf-odatlarning badiiy talqini, xususan, Erkin Xushvaqtovning “Chimildiq” pyesasi misolida tahlil etiladi. Asarda milliy qadriyatlar, oila muqaddasligi va urf-odatlarning zamonaviy hayotdagi o‘rni badiiy vositalar orqali ochib berilgani yoritiladi.
Full text
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 143 ZAMONAVIY DRAMATURGIYADA MILLIY URF-ODATLARNING BADIIY TALQINLARI Xurramov Abbos Baxramovich “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Teatrshunos email: [email protected] +998 91 900-83-97 Annotatsiya: mazkur maqolada zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasida milliy urf-odatlarning badiiy talqini, xususan, Erkin Xushvaqtovning “Chimildiq” pyesasi misolida tahlil etiladi. Asarda milliy qadriyatlar, oila muqaddasligi va urf-odatlarning zamonaviy hayotdagi o‘rni badiiy vositalar orqali ochib berilgani yoritiladi. Kalit so‘zlar: teatr, spektakl, drama, kompozitsiya, san’at, ritm, pyesa, repertuar, komediya, sahna. Аннотация: в данной статье рассматривается художественная интерпретация национальных обычаев в современной узбекской драматургии на примере пьесы Эркина Хушвахтова «Чимилдик». В пьесе освещаются вопросы национальных ценностей, святости семьи и роли традиций в современной жизни через художественные средства выражения. Ключеввые слова: театр, спектакль, драма, композиция, искусство, ритм, пьеса, репертуар, комедия, сцена. Annotation: this article explores the artistic interpretation of national traditions in contemporary Uzbek drama, focusing on Erkin Khushvakhtov’s play “Chimildik”. The play highlights national values, the sanctity of family, and the role of traditional customs in modern life through various literary devices. Key words: theatre, performance, drama, composition, art, rhythm, play, repertoire, comedy, stage. Zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni badiiy talqin etish orqali jamiyat hayotining murakkab ijtimoiy va ma’naviy jarayonlarini aks ettirishda muhim rol o‘ynamoqda. Milliy dramaturglar, ayniqsa mustaqillikdan keyingi davrda, xalqning asrlar davomida shakllangan ma’naviy merosini sahna asarlari orqali jonlantirish, uni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirish yo‘lida izlanishlar olib borishmoqda. Ushbu jarayonda urf-odatlarga faqat an’anaviy mezonlarda emas, balki tanqidiy-estetik nuqtai nazardan yondashish hollari ko‘paymoqda. Erkin Xushvaqtov - o‘zbek dramaturgiyasida o‘ziga xos uslub va yondashuvi bilan ajralib turuvchi ijodkorlardan biri bo‘lib, uning asarlarida milliy ruh, ijtimoiy adolat, zamonaviylik va an’anaviylik o‘rtasidagi ziddiyatlar chuqur ochib beriladi. Xususan, “Chimildiq” pyesasida muallif milliy urfodatlarning bugungi kun yoshlar hayotidagi o‘rni, ular bilan bog‘liq qarama-qarshiliklar va ijtimoiyaxloqiy muammolarni yoritadi. Mazkur pyesa orqali Xushvaqtov o‘zbek oilasidagi nikoh, an’ana va zamonaviylik muvozanatini badiiy ifodalaydi. Ushbu ilmiy maqolada zamonaviy dramaturgiyada milliy urf-odatlarning qanday badiiy talqin qilinayotgani, xususan, Erkin Xushvaqtovning “Chimildiq” pyesasi misolida tahlil qilinadi. Asarda urf-odatlarga estetik yondashuv, obrazlar orqali berilgan ijtimoiy fikrlar va badiiy shakllantirish usullari o‘rganiladi. Asarlarida milliylikni targ‘ib qiluvchi mahoratli, qalami o‘tkir, bugungi o‘zbek dramaturgiyasida yetakchilardan hisoblangan Erkin Xushvaqtov ijodi ham o‘ziga xosdir.
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 144 Xushvaqtov Erkin Boltayevich 1959-yil 5-martda Qashqadaryo viloyati, Shaxrisabz tumani Chambil kishlog‘ida tug‘ilgan. Uning O‘zbek Milliy akademik drama teatrida A.Qodiriyning “Mexrobdan chayon” romani asosidagi insenirovkasi (1994), “Chimildiq” (1996), “Mashrab” (1997), “Qalliq o‘yin” (2002), “Qirmizi olma” (2003), “Andishali kelinchak” (2005), “Rashk” (2008), “Sizsiz o‘tmas kunlarim” (2010), “Ko‘ngil” (2011) O‘zbek davlat drama teatrida “Eski muhabbat” (2004); Respublika yosh tomoshabinlar teatrida “Cho‘pqo‘g‘irchoq” (2004); “Xalollik tilab keldim” (2010) Respublika Qo‘g‘irchok teatrida “Cho‘pqo‘g‘irchoq” (2007) sahnalashtirilgan pyesalari bilan unutilgan go‘zal urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni tiklashda munosib hissasini qo‘shdi. 1997-yili Milliy teatrning 85-yillik tarixida birinchi marta “Chimildiq” spektakli chet el safarlariga chiqib, Qoxira teatr festivaliga qatnashdi. Erkin Xushvaqtovning “Qirmizi olma” spektakli 2005-yil aprel oyida Turkiyaning Denizli shahrida, avgust oyida Istambulda, 2006-yil Olmaotada, 2007-yilda Ukraina teatr festivallarida ishtirok etdi. Moskva, Irkutsk shaharlarida gastrol safarlarida xorijliklarning mehrini qozonib qaytdi. O‘zbek milliy urf-odatlarimizni, halollik, poklikni tarannum etuvchi “Qirmizi olma” pyesasi qo‘shni davlatlarda jumladan, Olmaota Uyg‘ur drama teatrida, Akademik yoshlar teatrida; Ostonadagi Qozoq musiqali drama teatrida; Ukrainadagi Qrim-tatar teatrida esa, dramaturgning yana bir yumorga boy “Andishali kelinchak” pyesasi sahnalashtirilgan. U o‘zbek teatri, kino va televideniye san’atlari rivojidagi xizmatlari uchun 2002-yil Davlatimiz tomonidan “Mehnat shuxrati” ordeni, 2011-yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan. Erkin Xushvaqtovga o‘z davrida haqiqiy ma’noda shuhrat keltirgan asari “Chimildiq” sanaladi. Dramaturg yaratgan qahramonlar qismati, taqdiri shunchaki, osongina hal bo‘ladigan kechmishlardan emasligi, mazkur asar kulgi ob’ekti emas, jiddiy mulohazalar qilishga chorlaydigan asar ekanligidan dalolat beradi. “Chimildiq” kitobiga yozgan so‘zboshisida Toir Islomov quyidagilarni bayon etgan edi: -“....komediya deb ataluvchi spektakllarga munosabatda ko‘nikma bo‘lib qolgan, stereotip qarashlarga “Chimildiq”, “Qalliq o‘yin”, “Qirmizi olma”, “Andishali kelinchak” va “Eski muhabbat” spektakllari ko‘p jihatdan g‘ayrioddiy tuyuldi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, nafaqat real voqelikka, balki umuman badiiy ijod jarayonlariga nisbatan sho‘ro zamoniga xos munosabatlardan qutula olmagan ayrim tanqidchilar bu asarlarni har jihatdan sayoz, tuturiqsiz, bachkana deb topishadi. Uchinchidan, o‘zbeklarda “gadoning dushmani gado” degan qadimgi bir maqol ko‘pincha o‘zini ko‘rsatib qo‘yadi. Dramaturgiya sohasi namoyandalari orasida yosh hamkasbining ijodiy yutuqlarini tan olgilari kelmaydi, degan gaplar ham yo‘q emas. Ayniqsa, E.Xushvaqtov pyesalarining “kassabop”ligi ayrim hamkasblarining g‘ashini keltiradi. Beayb parvardigor. Bunday holat hayotda uchrab turadi. Ammo, teatr tanqidchiligida masalaga chuqurroq, kengroq yondoshadigan mutaxassislar ham borligi dramaturg ijodiga xolis va odil baho chiqarish imkonini beradi. San’atshunoslik fanlari doktori, professor M.To‘laxo‘jayeva “Chimildiq” spektakli xalq an’analariga, urf-odat madaniyatiga xayrixoh va mehrli munosabati bilan diqqatni jalb qiladi.... Spektakl jiddiy va ixcham. Rejissyorlar e’tibori insoniy xarakterlarni ochishga qaratilgan. Yigit va qiz bir-birini tushunib yetadilar, so‘ng bir-birlariga mehr qo‘yadilar. Qiz, yigit qiyofasida hayot yo‘lida qiyinchiliklarni yengolgan munosib erkakni sevib qoladi. Yigit esa, o‘zining ko‘rgan-kechirganlarini tushuna olgan va qadriga yeta olgan inson topilgani uchun sevadi”, [1. 4-5-b] deb yozadi. Mazkur spektaklda ilgari surilgan g‘oya o‘tish davri uchun qanchalik dolzarb hisoblangan bo‘lsa, bugungi globallashuv zamonimizda ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etmoqda.
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 145 Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, “Chimildiq” - erkak va ayolning bir oila sifatida boshlagan hayotining birinchi kunidagi ilk uchrashuv joyidir. Birgalikda butun umrga tuziladigan rejalar, ularni amalga oshirishda xiyonatga yo‘l qo‘ymaslikka ahdlashadigan muqaddas dargohdir. Bunday muqaddas, bunday sirli dargohda kechadigan jarayonga bag‘ishlangan dramaturgning ijod mahsuli bo‘lgan o‘zbek folklor-etnografik pyesasi rejissorlar tomonidan belgilangan “tomosha ichida tomosha”, urfodatlarimiz hisoblangan “yor-yor”ning prolog, “kelin salom”ning epilog o‘rnida foydalanishi bilan o‘zining sahnaviy talqinini topgan. Spektaklda jaranglagan yor-yor, qo‘shiq, matal, latifa, rivoyat, hayotiy hikoyalar, dialog va monologlarda aktyorlarning nutqiy xarakter ustida izlangani yuzaga chiqqan. Hayotiy haqiqatning badiiy haqiqatga aylanishida milliy xarakterimizni ochib bergan Momo va O‘lanchi ayolni alohida e’tirof etsak arziydi. Haqiqatan ham, “Chimildiq”da urf-odatlarga amal qilib ota ixtiyori bilan turmushga uzatilgan qiz, o‘z taqdiridan qochib, chimildiqdan ketib qolishga ham tayyor turgan kelinchak iztiroblari aks ettiriladi. To‘ydan keyin birinchi marta chimildiqda bir-birini ko‘rib turgan kelin va kuyovning o‘zaro muloqotlari chuqur dramatizm bilan yo‘g‘rilgan. Komediyada kelin bilan kuyovning gaplashish uslubi, xatti-harakatlari yumorga boy, komik tarzda aks ettirilganligi o‘quvchitomoshabinni befarq qoldirmaydi. Asarga kirtilgan kuyovning rivoyati ham komediyaning baddiy jihatlarini boyitish uchun xizmat qilgan. Qiz hali batamom qolishga ko‘ngan bo‘lmasa-da, ketishga ham jur’at etolmay ikkilanib qoladi. Zero, aytilgan gaplardagi bu tushunchalarni u yoshligidan eshitib katta bo‘lgan va uning axloqiy dunyoqarashi shundan oziqlangan edi. Qizning ikkilanishiga bundan avvalroq shu paytgacha uylanmaganlik sababi bayon etilgan yigit hikoyasi ham omil bo‘ldi. “Chimildiqda birinchi marta ko‘rishib turgan yoshlarning o‘zaro muloqotlari dramatizm bilan sug‘orilgan... ularning xattiharakatlari, gaplashuv usullari tomoshabinni kuldirsa-da, Momoning sa’i-harakatlaridan maqsad ikki yosh bir-birlarini eshitishlari, tushunishlari uchun sharoit yaratib berib, dunyoga kelayotgan oila poydevorini mustahkamlash ekanligini tomoshabin tushunadi” [2. 48-b]. “Chimildiq” komediyasi kishilarga milliy qadriyatlarga amal qilish, ota-bobolar o‘giti farzandlarni baxtga eltishi, oila ruhiy yaqinlik asosida bunyod bo‘lishi haqidagi hayotiy haqiqatni ko‘rsatib berdi. Milliylik kontekstida umuminsoniy g‘oyalarni talqin etayotgan bu xildagi komediyalarda asrlar davomida shakllanib, xalqning axloqiy normativlari asosini tashkil etuvchi qadriyatlarning yangi zamon kishilari tomonidan bajarilmayotgani, bepisand munosabatda bo‘linayotgani yoritiladi. Dramaturgik asar zamiriga singdirilgan g‘oya qanchalik yuksak bo‘lsa, uning in’ikosi bo‘lmish badiyat ham shunchalik yuqori darajada bo‘lishi kerak. Garchi dramaturgiyada ajoyib voqea, tomosha uchun qiziq mavzu topilgan bo‘lishiga qaramasdan, asarning haqiqiy hayoti sahnada kechadi. “Pyesa avval ham bir-ikki viloyat teatri tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, oddiy bir hodisaday o‘tib ketgan edi. Hamza teatrida voqeaga aylandi. Bizningcha, bunga sabab, sahnalashtiruvchi rejissyorlar T.Azizov va M.Abdullayevalarning asar mazmunini ochishda unga loyiq uslub topa olganlarida bo‘lsa kerak. Spektakl janrini folklor-etnografik tomosha deb belgilab, shunga yarasha vositalar izlab topilgan” [3. 180-b.]. Spektakl aktyorlar ijrosiga qurilgan. Ma’lumki, o‘zbek an’anaviy tomosha san’ati ijrochilari bir vaqtning o‘zida ham raqsga tushib, ham qo‘shiq aytib, ham ma’lum obrazlar holatiga kirib tomosha ko‘rsatgan. Xuddi mana shu xususiyatlardan foydalangan holda teatr aktyorlari ham tomoshabinlarga hayotda o‘zlariga yaqin bo‘lgan, tanish odatlarni namoyish qilishadi. “Rejissyor “Chimildiq” spektaklini nikoh to‘yi tarzida sahnalashtiradi, tomoshabinlarni esa shu to‘yga kelgan mehmonlar tarzida tushunish mumkin. Bu kuy-qo‘shiqlarga boy, nihoyatda haqqoniy spektaklda o‘zbek xalqining
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 146 milliy o‘ziga xosligi, uning qalban qanchalar soddaligi, ko‘ngil ochiqligi o‘z aksini topgan. Spektakl yengil va yorqin yumor bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ko‘proq musiqali dramani esga soladi” [4. 213-b.]. “Chimildiq”da bo‘lgani kabi folklor-etnografik yo‘nalishdagi yana boshqa asarlarning birontasida xarakteri salbiy bo‘lgan qahramonlar ifodalanmaydi. Asar konflikti dunyoqarashlarning turlichaligi, qadriyatlarga nisbatan munosabatlarda ko‘rinadi. Bunga sabab qahramonlarning kamchiliklari yirik ijtimoiy xavf tug‘dirmagani va ularning yaxshilikka rag‘batidir. Chunki folklor-etnografik asarlarning oxiri yaxshilik bilan, optimistik ruhiyat bilan yakun topadi. [5. 123-b.] Haqiqatdan ham “Chimildiq” omadi kulib boqqan poyqadami qutlug‘ kelgan spektakllardan biri sanaladi. [6. 13-b] Ilmiy ishimizning dolzarbligidan kelib chiqib quyidagi takliflar bildiriladi: – Dramaturglar tomonidan milliy urf-odatlar va qadriyatlar mavzusida asarlar yaratishni rag‘batlantirish lozim; – teatrlarda folklor-etnografik ruhdagi spektakllarni ko‘proq sahnalashtirish va targ‘ib etish kerak; – milliy urf-odatlar va qadriyatlarni aks ettiruvchi sahna asarlarining ekranlashtirilgan versiyalarini yaratish lozim; – madaniyat va san’at sohalarida folklor, urf-odat, qadriyatlar mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini ko‘paytirish zarur; – teatr tanqidchilari tomonidan bunday asarlarga nisbatan xolis, chuqur yondashuvni shakllantirish kerak. Xulosa qilib aytganda, Erkin Xushvaqtovning “Chimildiq” pyesasi zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasida milliy urf-odatlar, qadriyatlar va oila institutining badiiy talqinida muhim o‘rin egallaydi. Dramaturg o‘ziga xos yumor, folklor elementlari, xalqona iboralar va obrazlar orqali bugungi kunda unutilib borayotgan qadriyatlarning ahamiyatini eslatadi, ularni zamonaviy tafakkur bilan uyg‘unlashtiradi. “Chimildiq” pyesasi orqali Xushvaqtov oila muqaddasligi, sevgi va ishonch, insoniylik, axloqiy mas’uliyat kabi umuminsoniy g‘oyalarni milliy an’analar fonida yuksak badiiy darajada ifodalaydi. Ushbu asar xalqimizning ruhiy olamini, qadriyatlar tizimini, urf-odatlarining estetik va tarbiyaviy salohiyatini sahna orqali keng ommaga yetkazishda muhim vositaga aylangan. Shu jihatdan, “Chimildiq” nafaqat sahnaviy muvaffaqiyat, balki jamiyat uchun axloqiy saboq ham bo‘lib xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Xushvaqtov E. Chimildiq. Xalqchil komediyalar ustasi. -T: G‘afur G‘ulom, 2009. 2. Tursunboev S. O‘zbek teatri sarhadlari. -T.: O‘zDSI, 2010. 3. Nazarov Q. Aksiologiya qadriyatlar falsafasi. -T.: Akademiya, 2011. 4. Rahmonov M. To‘laxo‘jaeva M. Muxtorov I. O‘zbek Milliy akademik drama teatri tarixi. – T.: Fan va texnologiyalar markazi, 2003. 5. Yakubov B. Zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi va uning sahnaviy talqini. (1991-2016 yy.) dissertatsiya ishi. -T.: 2019. 6. Shobilolova O. Milliylik kuychisi. -T.: Yangi asr avlodi, 2009. 7. ziyonet.uz 8. wikipedia.com
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 147 9. Kholmuminov, M., & Qolqanatov, A. (2021). The Formation of the First Libraries in Uzbekistan and the Role of Increasing the Cultural and Educational Awareness of the Population. image, 4(12), 146-151. 10. Saparbayeva, G., & Qolqanatov, A. (2021). OMMAVIY BAYRAMLARNI TASHKIL ETISHDA SSENARIYNAVISLIKNING O ‘RNI. Oriental Art and Culture, (8), 16-21. 11. VA, I. E. T., & YILI, S. T. L. Imom Buxoriy saboqlari.