DAVLAT ISHTIROKIDAGI KORXONALARDA KORPORATIV BOSHQARUVNING RIVOJLANISHI VA UNI TAKOMILLASHTIRISH YO'NALISHLARI
Abstract
Ushbu maqolada O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish masalalari tahlil qilinib, kuzatuv kengashlari mustaqilligini oshirish, “comply or explain” tamoyilini joriy etish, aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish, xalqaro standartlar (IFRS, ESG)ni keng tatbiq etish hamda innovatsiyalar va raqamlashtirish jarayonlariga investitsiyalarni ko‘paytirish orqali samaradorlikni oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar xorijiy tajriba asosida asoslab berilgan.
Full text
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 850 DAVLAT ISHTIROKIDAGI KORXONALARDA KORPORATIV BOSHQARUVNING RIVOJLANISHI VA UNI TAKOMILLASHTIRISH YO‘NALISHLARI Xusanov Nodir Jummayevich1, Ташматов Рустам Хусанович2 1O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, i.f.n. 2Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi bo‘lim mudiri, i.f.d., prof. https://doi.org/10.5281/zenodo.17317695 Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish masalalari tahlil qilinib, kuzatuv kengashlari mustaqilligini oshirish, “comply or explain” tamoyilini joriy etish, aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish, xalqaro standartlar (IFRS, ESG)ni keng tatbiq etish hamda innovatsiyalar va raqamlashtirish jarayonlariga investitsiyalarni ko‘paytirish orqali samaradorlikni oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar xorijiy tajriba asosida asoslab berilgan. Kalit so‘zlar: davlat ishtirokidagi korxonalar, korporativ boshqaruv, kuzatuv kengashi, mustaqil a’zolar, “comply or explain”, aksiyadorlar huquqlari, Public Service Obligation (PSO), IFRS, ESG, innovatsiya, raqamlashtirish. O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat ishtirokidagi korxonalar alohida strategik ahamiyatga ega. Ular energetika, transport, kimyo, metallurgiya, telekommunikatsiya kabi sohalarda iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy vazifalarning bajarilishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, ko‘plab davlat ishtirokidagi korxonalarlar faoliyatida samaradorlikning pastligi, moliyaviy natijadorlikning yetarli emasligi va boshqaruv tizimining zamonaviy talablar darajasiga javob bermasligi kuzatilmoqda. Buning sabablari qatorida kuzatuv kengashlari faoliyatining zaifligi, moliyaviy hisobotlarning shaffof emasligi hamda tijorat va ijtimoiy maqsadlarning chalkashligini keltirish mumkin. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, davlat ishtirokidagi korxonalar samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy qilgan mamlakatlarda iqtisodiyotga katta hissa qo‘shmoqda [6]. Masalan, Norvegiya tajribasida davlat ishtirokidagi korxonalar korporativ boshqaruvning xalqaro tamoyillari asosida faoliyat yuritadi. Norvegiya hukumati bunday korxonalarda aksiyalarni boshqarishda strategik yondashuvni qo‘llab, faqat investor sifatida qatnashadi va kundalik boshqaruvga aralashmaydi. Bu orqali korxonalar yuqori darajadagi mustaqillikka erishgan [7]. Fransiyada davlat ishtirokidagi yirik kompaniyalar, jumladan “EDF” va “Air France” kabi korxonalar mustaqil kuzatuv kengashlari orqali boshqariladi. Davlat ulushi mavjud bo‘lsada, kompaniya faoliyati aksiyadorlarning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. Shuningdek, ESG tamoyillari, ya’ni ekologik, ijtimoiy va boshqaruv standartlari keng qo‘llanilib, investorlarga qo‘shimcha ishonch uyg‘otiladi [8]. Germaniya tajribasi ham e’tiborga molik bo‘lib, davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashida xodimlar vakillarining 50 foiz ulushda ishtiroki majburiy hisoblanadi. Bu mehnat resurslari manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 851 qiladi. Shu bilan birga, Germaniya kompaniyalarida shaffof moliyaviy hisobot tizimi va mustaqil auditorlik amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan [9]. Kanadada davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishning muhim jihatlaridan biri – soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlantirish choralarini qo‘llashdir. Bu orqali korxonalar innovatsion loyihalarni amalga oshirishga keng imkoniyatga ega bo‘ladi. Xususan, Kanada hukumati davlat ishtirokidagi korxonalarga 20–35 foizlik soliq kreditlari taqdim etib, ularning kapital qo‘yilmalari hajmini oshirishga erishgan [10]. Xitoyda esa davlat ishtirokidagi korxonalar iqtisodiyotning asosiy tayanch ustunlaridan biri hisoblanadi. Bu mamlakatda hukumat bunday korxonalarni strategik sektorlarni qo‘llabquvvatlash vositasi sifatida ko‘radi. Korxonalarda subsidiya, imtiyozli kreditlar va raqamlashtirish jarayonlariga katta e’tibor qaratilib, ularning jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilmoqda [11]. Irlandiyada IDA agentligi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha markaziy organ sifatida faoliyat yuritadi. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati ham aynan ushbu agentlik ko‘magi bilan xalqaro hamkorlikka keng ochilgan. Bu yondashuv mamlakat iqtisodiyotida yuqori investitsion faollikni ta’minlagan [12]. Quyidagi jadvalda xorijiy davlatlarda davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvning asosiy mexanizmlari va ularning natijalari umumlashtirib ko‘rsatilgan bo‘lib, bu tajribalar O‘zbekiston sharoitida samarali qo‘llash mumkin bo‘lgan jihatlarni aniqlashga xizmat qiladi (jadval). Jadval Хorijiy davlatlarda korxonalardagi korporativ boshqaruv tajribasi Davlat Asosiy mexanizmlar va tajriba Natijalar va ahamiyati Norvegiya Davlat investor sifatida faqat strategik darajada qatnashadi, kundalik boshqaruvga aralashmaydi. Korxonalar yuqori darajadagi mustaqillikka erishadi, shaffoflik va samaradorlik ta’minlanadi. Fransiya Mustaqil kuzatuv kengashlari, ESG tamoyillarining keng joriy etilishi. Investorlar ishonchi kuchayadi, davlat ishtirokidagi korxonalar xalqaro kapital bozorlarida faoliyat yurita oladi. Germaniya Kuzatuv kengashida xodimlar vakillari 50 foizni tashkil etadi, shaffof moliyaviy hisobot va auditorlik. Mehnat resurslari manfaatlari himoyalanadi, ijtimoiy barqarorlik kuchayadi. Kanada Soliq imtiyozlari (20–35 foizgacha), moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlari. Innovatsion loyihalarga investitsiyalar kengayadi, kapital qo‘yilmalar hajmi oshadi. Xitoy Subsidiya, imtiyozli kreditlar va raqamlashtirish jarayonlariga katta e’tibor qaratiladi. Davlat ishtirokidagi korxonalarning jahon bozorida raqobatbardoshligi ortadi, iqtisodiyotning tayanch ustuni bo‘lib xizmat qiladi. Irlandiya IDA agentligi orqali investitsiyalarni jalb qilish, “bir darcha” tamoyili. Xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli ortadi, davlat ishtirokidagi korxonalar xalqaro hamkorlikka keng ochiladi.
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 852 So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini zamonaviy talablar asosida joriy etish va takomillashtirish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ushbu jarayonlar mamlakatda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, investitsion jozibadorlikni kuchaytirish hamda davlat ulushi ishtirokini optimallashtirishga qaratilgan bo‘lib, ular ilmiy jihatdan asoslangan va xalqaro standartlarga uyg‘un yo‘nalishda amalga oshirilmoqda. Avvalo, kuzatuv kengashlari mustaqilligi va samaradorligini oshirish yo‘nalishida muhim natijalar qo‘lga kiritildi. O‘zbekistonda kuzatuv kengashlari mustaqil a’zolari assotsiatsiyasi tashkil etildi, xorijiy konsultantlar va “xedxanter” tashkilotlari bilan hamkorlikda 100 nafar malakali menejerlar zahirasi shakllantirildi. Ulardan 54 nafar nomzod 28 ta yirik korxonalarning kuzatuv kengashlariga saylanib, boshqaruvda mustaqillik va yuqori malaka ta’minlandi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 noyabrdagi 647-son qarori asosida kuzatuv kengashlariga nomzodlarni tanlab olish tartibi institutsional jihatdan mustahkamlandi va www.cns.davaktiv.uz portali orqali ochiq tanlov tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur jarayonda 2 665 nafar talabgor ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 344 nafar nomzod kuzatuv kengashlariga saylandi. Bundan tashqari, 120 dan ortiq korxonalarda 480 ta qo‘mita, jumladan audit, strategiya va investitsiyalar, tayinlov va haq to‘lash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qo‘mitalari faoliyat yuritmoqda. Korporativ boshqaruv tizimini baholash sohasida ham yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Korporativ boshqaruv qoidalari va Axloq kodeksi” ishlab chiqilib, 2023 yil 23 iyunda Davlat aktivlari agentligi buyrug‘i bilan tasdiqlandi. Mazkur hujjat bosqichma-bosqich 62 ta korxonada joriy etilmoqda va shu kungacha 58 ta korxonada amaliyotga tatbiq etildi. Shu bilan birga, kuzatuv kengashi faoliyatini baholashning ilg‘or metodologiyasi (scorecard) ishlab chiqilib, 20 ta korxonada aprobatsiyadan o‘tkazildi va natijalar asosida takomillashtirildi. Hozirgi vaqtda 46 ta yirik korxona ushbu metodologiya asosida baholanmoqda. Ichki audit xizmati ham davlat ishtirokidagi korxonalarda joriy etilmoqda, ammo ushbu xizmatning to‘liq shakllanmagan holatlari ham uchrab turibdi. Xususan, jami 230 ta korxonada ichki audit xizmati tashkil etilishi belgilangan bo‘lsa-da, 41 ta korxonada bu vazifa hali amalga oshirilmagan. Bu esa kelgusida ichki nazorat tizimini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Germaniya Federal Moliya vazirligi va Davlat aktivlari agentligi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida korporativ boshqaruv kodeksining yangi tahriri ishlab chiqildi. 2024 yil dekabr oyida 150 nafar vazirlik va idoralar mas’ul vakillari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar mutaxassislari ishtirokida mazkur hujjat muhokama qilindi. Yangi tahrirda xalqaro korporativ boshqaruv standartlariga uyg‘unlik va milliy amaliyotga moslashtirilgan qoidalar ilgari surildi. Shu bilan birga, korxonalar aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO va SPO) sohasida ham muhim natijalar qayd etildi. 2025 yil yakunigacha 20 ta korxona aksiyalarini birlamchi va ikkilamchi ommaviy taklif orqali joylashtirish rejalashtirilgan. Hozirga qadar “O‘ztelekom”, “O‘zbekinvest”, “UzAuto Motors” va Respublika tovar-xom ashyo birjasi aksiyalari IPO va SPO orqali joylashtirilib, 150 milliard so‘mga yaqin mablag‘ jalb etildi va 23 mingdan ortiq shaxslar aksiyador sifatida ishtirok etdi.
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 853 Rasm. O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalari aksiyalarini IPO va SPO orqali joylashtirish natijalari [13] Bu jarayon moliya bozorlarining rivojlanishi, aholi investitsiya faolligini oshirish va korporativ sektorda shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Shunday qilib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan korporativ boshqaruv islohotlari kuzatuv kengashlari mustaqilligi va mas’uliyatini kuchaytirish, moliyaviy hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlash, korporativ axloq me’yorlarini joriy etish hamda aksiyalarni ommaviy joylashtirish orqali davlat ishtirokidagi korxonalar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonlar xalqaro standartlarga mos tizimni shakllantirish bilan birga, iqtisodiyotda davlat ishtirokini optimallashtirish va investitsion muhitni yanada jozibador qilish imkoniyatini yaratadi. Mazkur natijalar korporativ boshqaruv sohasida muayyan yutuqlar qo‘lga kiritilganini ko‘rsatish bilan birga, kelgusida samaradorlikni yanada oshirish uchun institutsional va tashkiliy islohotlarni chuqurlashtirish zarurligini ham ta’kidlaydi. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini yanada samarali tashkil etish uchun boshqaruv tizimida chuqur institutsional o‘zgarishlar zarur. Avvalo, kuzatuv kengashlarining mustaqilligini kuchaytirish maqsadida mustaqil a’zolar ulushini 30–35 foizgacha oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi. Shu bilan birga, “comply or explain” tamoyilini joriy etish korxonalar faoliyatida
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 854 shaffoflik va javobgarlikni ta’minlab, aksiyadorlarning, xususan xorijiy investorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida davlat topshiriqlari va tijorat faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini ajratish talab etiladi. Bunda xalqaro tajribada keng qo‘llaniladigan Public Service Obligation (PSO) mexanizmini tatbiq etish alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur mexanizm orqali korxonalarga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlar va ularning bozor tamoyillari asosidagi tijorat faoliyati aniq ajratilib, iqtisodiy samaradorlikni oshirish uchun zarur muvozanat yaratiladi. Bundan tashqari, xalqaro moliyaviy institutlar tavsiyalariga muvofiq, korxonalarda xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS) va barqaror rivojlanish mezonlari (ESG)ni keng tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Bu investorlar ishonchini mustahkamlaydi, korxonalarni global kapital bozorlariga integratsiyalashuvini ta’minlaydi. Shu bilan birga, innovatsiyalar va raqamlashtirish jarayonlariga ajratiladigan investitsiyalar ulushini hozirgi 6 foizdan 15–20 foizgacha oshirish istiqboli mavjud bo‘lib, bu korxonalar samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va xalqaro raqobatbardoshlikni kuchaytirishga imkon yaratadi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, agar yuqoridagi choralar bosqichma-bosqich amalga oshirilsa, 2030-yilga kelib O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalarlarning YaIMdagi ulushi 15 foizgacha qisqarishi, ularning samaradorligi esa 1,5–2 barobarga oshishi mumkin [1]. Bu esa iqtisodiyotning modernizatsiyasi, xalqaro bozorga integratsiyalashuv va barqaror ijtimoiy rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida” PF-158-son Farmoni. https://lex.uz/docs/-6600413 2. OECD Guidelines on Corporate Governance of State-Owned Enterprises. – Paris: OECD Publishing, 2021. 3. World Bank. Corporate Governance of State-Owned Enterprises. – Washington DC, 2022. 4. Ministère de l’Économie et des Finances. Rapport annuel sur les entreprises publiques. – Paris, 2022. 5. Federal Ministry for Economic Affairs and Energy (BMWi). Public Corporate Governance Kodex. – Berlin, 2021. 6. OECD Guidelines on Corporate Governance of State-Owned Enterprises. – Paris: OECD Publishing, 2021. 7. Norway Ministry of Trade, Industry and Fisheries. State Ownership Report. – Oslo, 2021. 8. Ministère de l’Économie et des Finances. Rapport annuel sur les entreprises publiques. – Paris, 2022. 9. Federal Ministry for Economic Affairs and Energy (BMWi). Public Corporate Governance Kodex. – Berlin, 2021. 10. Government of Canada. Corporate Governance Guidelines for State-Owned Enterprises. – Ottawa, 2020. 11. OECD. State-Owned Enterprises in China: Reform and Performance. – Paris: OECD Publishing, 2021. 12. IDA Ireland. Annual Report and Financial Statements. – Dublin, 2022.