QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI SHAROITIDA SHOLINING ALTERNARIOZ KASALLIGINING TARQALISHI VA RIVOJLANISHI
Full text
508 УДК: 632.4.01/.08 QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI SHAROITIDA SHOLINING ALTERNARIOZ KASALLIGINING TARQALISHI VA RIVOJLANISHI Reypova Gulzira Kannazarovna, assistent Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17537821 Annotatsiya: Ushbu maqolada sholining alternariyoz kasalligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida tarqalishi va rivojlanishi berilgan boʻlib, kamroq darajada tarqalib 4,3-6,9 % zararlashi hamda kasallikning rivojlanishi 2,5-4,4 % gacha bo‘lganligi aniqlangan. Kalit soʻzlar: Sholi, kasallik,alternariyoz, zarari, tarqalishi, rivojlanishi, zararlashi, hosil. Kirish. Sholidan olinadigan guruchni mamlakat aholisi asosiy oziq-ovqat manbai hisobida iste’mol qiladilar. Guruchning shifobaxsh va foydali xususiyatlari juda koʻp va oʻziga xos. Chunki, u suvda oʻsadigan asosiy yagona boshoqli oʻsimlik sholidan olinadi. Boshqa boshoqli oʻsimliklarga nisbatan guruch tarkibida kaliy va fosfor, uglevodlar, vitaminlar va mineral moddalar koʻp. Guruch oqilona ovqatlanuvchi hamda faol hayot kechiruvchilar uchun ajoyib ne’mat hisoblanadi. Uning tarkibida 78 foizgacha uglevodlar mavjud boʻlib, tiamin-V1, riboflavin-V2, niacin-V3, V6, E vitaminlariga boy. Uglevodlar inson organizmidagi energiyani saqlagan holda ortiqcha yogʻ va qand moddasini hamda asab tizimi faoliyatini me’yorlashtirishga yordam beradi. Kaliy moddasiga boyligi bois organizmga boshqa mahsulotlar bilan tushadigan tuz miqdorini me’yorlashtiradi. Shuningdek, fosfor, rux, temir, kalsiy hamda yod moddalarining organizmda modda almashinuvini me’yorlashtirishda, tishlarning mustahkam boʻlishi, bosh miya faoliyatini boshqarishdagi ahamiyati nihoyatda katta. U oqsillarni organizmga soʻrilishini tezlashtiradi. Shuning uchunda sholi etishtirishda va undan yuqori sifatli maxsulot olishda kasalliklariga qarshi kurashishni samarali olib borish dolzarb hisoblanadi. M.Koyshibaevning [1] ma’lumotiga koʻra, alternarioz,septoriyoz yoki zaytun rang mogʻor sholida keng tarqalgan kasalliklar hisoblanadi. Kasallikning qoʻzgʻatuvchisi Alternaria turkumi zamburugʻlari, xususan, A. tenuis va A. oryzae. Ular gullar, boshoqlar va donga ta’sir qiladi, ayniqsa murtak qismida qora rangga aylanadi va zamburugʻning quyuq kulrang mogʻori bilan qoplanadi. Kasallik yuqori havo namligida, birinchi navbatda, shamol, hasharotlar va kasalliklardan zarar koʻrgan oʻsimliklarda don hosil boʻlish vaqtida va pishib yetishning boshida namoyon boʻladi. Alternaria turkumiga mansub zamburugʻlar tuproqlarning tabiiy mikroflorasining bir qismi sifatida atrof-muhitda hamma joyda tarqalgan,
509 shuningdek, butun dunyoda “havo sporalari”ning muhim qismini tashkil qiladi. Ular saprofitlar, shuningdek, dalada oʻsadigan oʻsimliklarni zararlashga qodir boʻlgan oʻsimlik patogenlari hisoblanadi. Alternarianing 70 dan ortiq ikkilamchi metabolitlari mikotoksinlar sifatida tavsiflangan, ularning aksariyati oʻsimlik toksinlari sifatida ishlaydi va ba’zilari odamlar va hayvonlar uchun toksikdir [2; 3]. Kasallik barcha sholi yеtishtiriladigan mintaqalarda tarqatilgan. Kasallikning qoʻzgʻatuvchisi urugʻlarda va zararlangan oʻsimlik qoldiqlarida mitseliy va konidiya shaklida saqlanib qoladi. Kasallik yuqori namlik, shamol va tuproq unumdorligi yuqori boʻlgan joylarda rivojlanadi. Namlik yuqori boʻlgan yillarda kasallik ta’sirida hosilning yoʻqotilishi 40% gacha boʻlishi mumkin. Kasallik odatda vegetatsiya davrining ikkinchi yarmida paydo boʻladi. U barglarga, poyalarga ta’sir qiladi, zaytun rang baxmalsimon mogʻor hosil qiladi. Zararlangan oʻsimlikning boshoqlari tuproq rangiga oʻxshab qoladi. Zamburugʻ tomonidan ajratilgan toksinlar tufayli don sifati yomonlashadi [4]. Taheri P. va boshqalarning [5] xabar berishicha, Alternaria alternata mikotoksigen zamburugʻi keltirib chiqaradigan sholi barglari va boshoqlari chirishi yoki qora dogʻlanish kasalligi sifatida tanilgan butun dunyo boʻylab ba’zi sholi yеtishtiriladigan hududlarda sholi yetishtirish uchun asosiy toʻsiq hisoblanadi. Kasallikning belgilari sholining barglarida jigarrang dogʻlar paydo boʻlishi bilan tavsiflanishi mumkin. Ushbu kasallikning sholi yеtishtirishga yetkazilgan zarari nafaqat oʻsimlikning fotosintetik yer usti yuzasining pasayishi, natijada hosilning yoʻqolishi, balki zararlangan urugʻlarda zararli mikotoksinlarning paydo boʻlishi bilan ham bogʻliq. Qoraqalpogʻiston sharoitida sholining alternarioz kasalligini oʻrganish va ularga qarshi ilmiy asoslangan samarali kurash choralarini ishlab chiqish muhim dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Tadqiqotlar sholida alternarioz kasalligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jaliklarida olib borildi. Tajribalarni o‘tkazishda (Dospexov 1985) uslubidan foydalanildi. Kasalliklarni tarqalishi Chumakov (1974) formulasi bilan aniqlandi: N n P100 = Bu yеrda: P – kasallikning tarqalishi, %; n – namunadagi kasal o‘simlik soni, dona; N – namunadagi o‘simliklarning umumiy soni, dona. Alternarioz кasalligi odatda vegetatsiya davrining ikkinchi yarmida namoyon boʻladi. Barg, poya va roʻvak qiltiqlarida zaytunrang baxmalsimon gʻubor hosil boʻladi. Boshoq va gulqobiqlari qorayadi, tuguncha koʻpincha nobud
510 boʻladi va qora massaga aylanadi. Zararlangan don, ayniqsa uning murtak qismi qorayadi, unish davrida esa bunday donlar toʻq kulrang chim bilan qoplanadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi – Alternaria turkumiga mansub takomillashmagan zamburugʻlar, xususan A. tenuis Fr. va A. oryzae Hara. Ularning konidyabandlari kalta, oddiy, zaytunrang. Konidiyalari 3-6 koʻndalang toʻsiqli, zaytunrang yoki qoramtir-qoʻngʻir, zanjirga toʻplangan, oson ajralib ketadi. Ularning oʻlchami A. tenuis da 30-50x14-19 mkm, A. oryzae da 17-22x10-20 mkm. Kasallik qoʻzgʻatuvchilari zararlangan oʻsimlik qoldiqlari va donda mitseliy va kondiy koʻrinishida saqlanadi. Kasallik ayniqsa sernam sharoitlarda kuchli rivojlanadi va hosildorlikni pasaytirib yuboradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida 2020-2022 yillarda alternarioz kasalligining tarqalishi va rivojlanishini o‘rganish bo‘yicha ham yo‘nalishli kuzatuvlar olib borildi. Bunda kasallikning eng ko‘p tarqalishi Nukus tumanidagi “Karamat” fermer xo‘jaligida ekilgan sholining “Sanam” navida (6,9 %) hamda Shumanay tumanidagi “Jalgash Abduxalikov” fermer xo‘jaligida ekilgan sholining “Nukus 2” navida (6,9 %) kuzatildi. Kasallikning eng kuchli rivojlanishi ham “Sanam” navida (4,4 %) aniqlandi. Kasallikning eng kam tarqalishi esa sholining “Guliston” navi ekilgan xo‘jaliklarda kuzatildi. Jumladan, Nukus tumanida 4,5 % hamda Amudaryo tumanida 4,3% gacha tarqalishi aniqlandi. Bundan tashqari Nukus tumanidagi “Karamat” fermer xo‘jaligida ekilgan sholining “Nukus 2” navi ekilgan maydonlarda kasallikning tarqalishi 6,2 % ni, rivojlanishi 3,4 % ni hamda kasallik indeksi 0,21 % ni tashkil etdi. Mazkur xo‘jalikdagi sholining “Gulzor” navi ekilgan maydonlarida kasallikning tarqalishi 5,1 % ni, rivojlanishi 2,8 % ni hamda kasallik indeksi 0,14 % ni tashkil etdi (1rasm).
511 1-rasm. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitidagi sholi maydonlarida alternarioz kasalligining o‘rtacha tarqalishi va rivojlanishi Amudaryo tumanidagi “Jalgash Abduxalikov” fermer xo‘jaligidagi sholining “Alanga” navi ekilgan maydonlarida kasallikning tarqalishi 6,2 % ni, rivojlanishi 3,4 % ni hamda kasallik indeksi 0,21 % ni tashkil etdi. Shunday qilib, sholining alternarioz kasalligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida nisbatan kamroq darajada tarqalib (4,3-6,9 %) zararlashi hamda kasallikning rivojlanishi 2,5-4,4 % gacha bo‘lishi aniqlandi. Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati: 1. Ellis M.B. Dematiaceous Hyphomycetes. Vol 608. Kew, Survey, England: Commenwealth Mycological Institute; 2005: 422–423. 2. Barkai-Golan R. Alternaria mycotoxins //Mycotoxins in fruits and vegetables. – Academic Press, 2008. – pp. 185-203. 3. Schwarz C. et al. Characterization of a genotoxic impact compound in Alternaria alternata infested rice as Altertoxin II //Archives of toxicology. – 2012. – T. 86. – pp. 1911-1925. 4. Taheri P. et al. Oxidative burst and enzymatic antioxidant systems in rice plants during interaction with Alternaria alternata //European Journal of Plant Pathology. – 2014. – T. 140. – pp. 829-839. 5. Койшыбаев М. Болезни риса в Казахстане //Защита и карантин растений. – 2013. – №. 12. – С. 34-36. 6. Брагужин А. А. Болезни риса //Прикаспийский международный молодежный научный форум агропромтехнологий и продоволственной безопасности 2022. – С. 175-177. 7. https://dehqon.uz/uz/malumotlar/view/91 8. http://www.agro.uz 9. http://www.agroolam.uz