SUN'IY YO'LDOSH MA'LUMOTLARI ASOSIDA YER SIRTINING FIZIK XUSUSIYATLARINI (HARORAT, RADIATSIYA) ANIQLASH VA GIS YORDAMIDA VIZUALLASHTIRISH
Full text
7 SUN’IY YO‘LDOSH MA’LUMOTLARI ASOSIDA YER SIRTINING FIZIK XUSUSIYATLARINI (HARORAT, RADIATSIYA) ANIQLASH VA GIS YORDAMIDA VIZUALLASHTIRISH Mallayev Amin Sayfulloyevich Xalqaro innovatsion universiteti rektori, E-mail: [email protected] Rakhmatullaev Kamol Ne’matulla o‘g‘li Xalqaro innovatsion universiteti “Aniq fanlar, yer kadastri va kommunal xo‘jaligi” kafedrasi o‘qituvchisi, E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17664957 Annotasiya: Ushbu tadqiqotda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida yer sirtining fizik xususiyatlarini, xususan harorat va radiatsiya darajalarini aniqlash hamda bu ma’lumotlarni GIS dasturi yordamida vizual shaklda tasvirlash yo‘nalishi ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotning asosiy maqsadi – masofadan zondlash ma’lumotlari asosida harorat va radiatsiya xaritalarini yaratish orqali hududlarning fizik holatini baholashdan iborat. Ish jarayonida infraqizil diapazondagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlil qilinadi, kerakli ma’lumotlar ajratib olinadi va GIS dasturida rangli xaritalar shaklida vizuallashtiriladi. Rejalashtirilgan natijalar ekologik monitoring, iqlim o‘zgarishini kuzatish, qishloq xo‘jaligi hamda shaharsozlik sohalarida amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi kutilmoqda. Kalit soʻzlar: sun’iy yo‘ldosh, GIS, harorat, radiatsiya, infraqizil nurlanish, masofadan zondlash. Hozirgi davrda axborot texnologiyalari, sun’iy yo‘ldosh tizimlari va geoaxborot dasturlarining jadal rivojlanishi tufayli Yer sirtini masofadan zondlash (Remote Sensing) usullari keng qo‘llanilmoqda. Sun’iy yo‘ldoshlar yordamida Yer yuzasining turli fizik xususiyatlarini - masalan, harorat, namlik, radiatsiya, sirt qoplamasi va boshqa parametrlarni - aniq va tezkor ravishda kuzatish mumkin bo‘lib qoldi. Bu usullar atrof-muhit monitoringi, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va tabiiy resurslarni boshqarish sohalarida muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Yer sirtining harorati va radiatsiyasi tabiiy muhitning energetik muvozanatini belgilovchi eng muhim fizik ko‘rsatkichlardan hisoblanadi. Shu sababli, ularni masofadan turib o‘lchash, tahlil qilish va xarita ko‘rinishida tasvirlash ilmiy hamda amaliy jihatdan muhim vazifalardan biridir. Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarining infraqizil diapazonida olingan tasvirlar yordamida yer sirtining issiqlik holatini aniqlash, turli hududlarda harorat farqlarini baholash va radiatsiya darajasini o‘rganish imkoniyati mavjud. Tadqiqot davomida Yer sirtining fizik holatini masofadan turib aniqlashga imkon beruvchi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yig‘ildi va ular asosida harorat hamda
8 radiatsion ko‘rsatkichlar tahlili amalga oshirildi. Avvalo infraqizil diapazon bo‘yicha ishlaydigan sensorlarga ega bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tanlab olindi, chunki infraqizil kanal yer sirtining issiqlik xususiyatlarini aniqlashda eng samarali manba hisoblanadi. [1] tadqiqotlarida infraqizil masofaviy zondlashning issiqlik tahlilidagi ishonchli va informatsion jihatdan boy imkoniyatlarini ta’kidlaydi. Shuning uchun tadqiqotning boshlang‘ich bosqichi sifatida aynan ushbu kanal ma’lumotlaridan foydalanildi. Tanlab olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari GIS dasturiga yuklanib, tadqiqot hududining aniq chegaralari belgilandi. Tasvirlar ustida dastlabki ishlov berish jarayonlari – tasvirlarni kalibrlash, bulutlarni ajratish, spektral sathlarni moslashtirish va tasvirlarni raqamli o‘lchovlardan fizik qiymatlarga o‘tkazish – amalga oshirildi. Bunda har bir pikselning DN (Digital Number) qiymatini haqiqiy harorat qiymatiga aylantirish uchun standart konversiya formulalaridan foydalanildi. Bu usul infraqizil masofaviy zondlashning ilmiy asoslariga, xususan, [2] keltirilgan LST (Land Surface Temperature) rekonstruksiya va aniqlik oshirish metodlariga tayangan holda bajarildi. Harorat qiymatlari aniqlandi va hosil bo‘lgan LST xaritalari GIS muhiti orqali vizual ko‘rinishda shakllantirildi. Rangi bo‘yicha klassifikatsiya qilingan xaritalarda yuqori haroratli hududlar qizil va to‘q sariq ranglarda, past haroratli hududlar esa ko‘k va binafsha ranglarda aks ettirildi. Bu vizual farqlanish orqali hududning issiqlik xususiyatlari aniq ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. Masalan, sanoat hududlari odatda yuqori haroratni ko‘rsatgan bo‘lsa, suv havzalari va o‘rmon maydonlari past haroratni namoyish etdi. Ushbu farqlar hududning antropogen bosimi, landshaft tuzilishi va ekologik holatini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi. Harorat xaritalarini yaratish jarayonida radiatsion fon ham tahlil qilindi. Yer sirtidan chiqayotgan radiatsion nurlanish miqdori harorat qiymatlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgani sababli, haroratning oshishi bilan birga radiatsiya intensivligining ortishi kuzatildi. Shu asosda hududning energiya muvozanati, issiqlik tarqalishi va potensial ekologik xavf darajasi tahlil qilindi. Bu jarayon masofadan zondlashning raqamli tasvirlarni qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or metodlariga mos ravishda amalga oshirildi [3]. Radiatsiya va haroratning birgalikdagi xaritalari hududning issiqlikenergetik holati haqida to‘liq va batafsil tasavvur berdi. Tahlillar natijasida qaysi hududlar issiqroq, qaysilari sovuqroq ekani, shuningdek, radiatsion fonning yuqori yoki past bo‘lishi aniqlanib, ular bo‘yicha xulosalar chiqarildi. Mazkur natijalar ekologik monitoringda, shaharlarning issiq nuqtalarini aniqlashda, qishloq xo‘jaligida tuproq namligini baholashda, urbanizatsiya
9 jarayonlarining landshaftga ta’sirini o‘rganishda hamda ekologik xavfli hududlarni aniqlashda qo‘llanilishi mumkin. GIS texnologiyalarining yirik afzalligi shundaki, murakkab kosmik ma’lumotlarni oddiy, vizual va tushunarli shaklga keltirish imkoniyatidir [4]. Tadqiqot natijasida taklif etilgan yondashuv quyidagi vazifalarning bajarilishini ta’minladi: 1. Yer sirtining fizik ko‘rsatkichlarini aniqlash usullari takomillashtirildi. Infraqizil kanal ma’lumotlari asosida haroratni aniqlashning aniq va optimallashtirilgan algoritmlari qo‘llandi. 2. GIS asosida harorat va radiatsiya xaritalari yaratildi. Bu xaritalar hududning termal va radiatsion holatini aniq, ko‘rgazmali va oson talqin qilinadigan shaklga keltirdi. 3. Hududning fizik holatini baholovchi raqamli model yaratildi. Ushbu model geografik, ekologik, urbanistik va qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari uchun keng qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan analitik vosita sifatida shakllandi. Yakunda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini GIS texnologiyalari bilan integratsiyalash orqali Yer sirtining harorati va radiatsion holatini masofadan turib aniqlash, olingan ma’lumotlarni tahlil qilish va ularni ilmiy hamda amaliy maqsadlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan kompleks yondashuv ishlab chiqildi. Ushbu yondashuv ekologik monitoringning sifatini oshiradi, hududlarning issiqlik xususiyatlarini chuqur o‘rganish imkonini beradi va zamonaviy raqamli kartografiya uchun muhim ahamiyatga ega natijalarni taqdim etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Kuenzer, C., & Dech, S. (2013). Thermal Infrared Remote Sensing: Sensors, Methods, Applications. Springer. 2. Yu, X., Li, Z., & Han, X. (2023). Validation and Reconstruction of 3. Remote Sensing Land Surface Temperature Products. Remote Sensing. 4. Jensen, J. R. (2015). Introductory Digital Image Processing: A Remote Sensing Perspective. Pearson. 5. Longley, P. A., Goodchild, M. F., Maguire, D. J., & Rhind, D. W. (2015). Geographic Information Systems and Science. Wiley.