scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BADIIY ASAR POETIKASIDA OBRAZ TUSHUNCHASI EVOLYUTSIYASI VA NAZARIY ASOSLARI

Suyunova Maftuna Doʻsqobil qizi

Abstract

Ushbu maqolada badiiy asar poetikasida obraz tushunchasining tarixiy-evolyutsion rivoji va nazariy asoslari tahlil qilinadi. Aristotelning “mimesis” konsepsiyasidan boshlab, Gegelning gʻoya va shakl uygʻunligi haqidagi estetik qarashlari, Belinskiyning obrazni “jonli ifoda” sifatida talqin qilishi, XX asr strukturalizm va semiotika oqimlari (Sossyur, Bart, Lotman) hamda poststrukturalizm (Derrida) yondashuvlari qiyosiy oʻrganiladi. Obrazning falsafiy, estetik, semiotik va diskursiv talqinlari orqali uning san'atdagi markaziy kategoriyalardan biri sifatidagi ahamiyati ochib beriladi. Maqola badiiy obrazni faqat voqelikni aks ettiruvchi nusxa emas, balki ma'no yaratuvchi, madaniyat xotirasini saqlovchi va oʻquvchi bilan muloqotda shakllanadigan dinamik konstruktsiya sifatida koʻrsatadi.

Full text

149 BADIIY ASAR POETIKASIDA OBRAZ TUSHUNCHASI EVOLYUTSIYASI VA NAZARIY ASOSLARI Suyunova Maftuna Doʻsqobil qizi, Oriental universiteti katta oʻqituvchisi Annotatsiya. Ushbu maqolada badiiy asar poetikasida obraz tushunchasining tarixiy-evolyutsion rivoji va nazariy asoslari tahlil qilinadi. Aristotelning “mimesis” konsepsiyasidan boshlab, Gegelning gʻoya va shakl uygʻunligi haqidagi estetik qarashlari, Belinskiyning obrazni “jonli ifoda” sifatida talqin qilishi, XX asr strukturalizm va semiotika oqimlari (Sossyur, Bart, Lotman) hamda poststrukturalizm (Derrida) yondashuvlari qiyosiy oʻrganiladi. Obrazning falsafiy, estetik, semiotik va diskursiv talqinlari orqali uning sanʼatdagi markaziy kategoriyalardan biri sifatidagi ahamiyati ochib beriladi. Maqola badiiy obrazni faqat voqelikni aks ettiruvchi nusxa emas, balki maʼno yaratuvchi, madaniyat xotirasini saqlovchi va oʻquvchi bilan muloqotda shakllanadigan dinamik konstruktsiya sifatida koʻrsatadi. Kalit soʻzlar: Badiiy obraz, poetika, mimesis, estetika, semiotika, strukturalizm, intertekstualizm, poststrukturalizm, madaniy kod, dekonstruksiya. Abstract. This article examines the historical-evolutionary development and theoretical foundations of the concept of the artistic image in poetics. Beginning with Aristotleʼs concept of mimesis, it considers Hegelʼs views on the unity of idea and form, Belinskyʼs interpretation of the image as a “living expression,” and proceeds to the 20th-century currents of structuralism and semiotics (Saussure, Barthes, Lotman) as well as poststructuralist approaches (Derrida). The philosophical, aesthetic, semiotic, and discursive interpretations of the image are analyzed to highlight its central role as one of the key categories in art. The article argues that the artistic image is not merely a reflection of reality but rather a meaning-generating construction that preserves cultural memory and dynamically takes shape in the interaction between text and reader. Keywords: Artistic image, poetics, mimesis, aesthetics, semiotics, structuralism, intertextuality, poststructuralism, cultural code, deconstruction. Kirish. Adabiyotshunoslikda obraz tushunchasi asosiy ilmiy kategoriyalardan biri hisoblanadi. Badiiy adabiyotning mohiyati va badiiy asarning estetik qimmatini aniqlashda obraz nima ekanini tushunish juda muhim. Obraz badiiy ijodning asosiy tarkibiy qismi, mavjudlikning subyektiv idrok etilishi va uning badiiy ifodasidir. Obraz badiiy asarda muallifning hayot hodisalari, shaxslar, voqealar va gʻoyalarni sanʼat qonuniyatlari asosida qayta ishlab, badiiy shaklda ifoda etishida namoyon boʻladi. Obraz reallikning oddiy nusxasi emas, balki yozuvchining estetik tanlovi, ideallari va dunyoqarashi orqali shakllangan badiiy umumlashmadir. Obraz tushunchasining ildizlari qadim davrlarga borib taqaladi. Yunon faylasufi Aristotelning “Poetika” asari badiiy obrazning falsafiy va estetik mohiyatini tushuntirgan ilk manbalardan biri hisoblanadi. Aristotel bu asarida obrazni nafaqat sanʼatning asosiy elementi, balki inson tajribasini tushunish va tizimlashtirishning 150 muhim vositasi sifatida koʻrib chiqadi va badiiy obrazni “mimesis” – tabiat va hayotning taqlidi, lekin uning ideal mohiyatini ochib beradigan taqlid sifatida tushuntiradi 1 . Aristotel obrazni narsaning ajralmas qismi sifatida koʻrgan. “Adabiyotda xarakter darajasiga koʻtarila oladigan yagona obraz bu inson obrazi sanaladi. Hamma obrazlar ham xarakter boʻla olmaydi. Xarakter asosan oʻzida toʻrt maqsadni ifodalaydi: qahramonning oliyjanob boʻlishi, xarakterning mardonavorligi (asosan erkaklarga xos), xarakterning ishonchli yaʼni hayotiy boʻlishi va ularning izchilligi” 2 . Aynan obraz narsa nima ekanligini belgilaydi va uning mukammalligini taʼminlaydi; u shunchaki voqelikning oddiy aks etishi emas. Aristotel taʼlimotiga koʻra, “Voqelik badiiy obraning asosi, yaʼni ilk obrazidir. Badiiy asar esa, u yoki bu obrazni joʻngina, toʻppa-toʻgʻri aks ettirishni maqsad qilib qoʻymaydi. Badiiy asar bizni hamisha badiiy obrazni uning asosi bilan taqqoslashga majbur etishi kerak” 3 . Demak, badiiy obraz real dunyoning oddiy nusxasi emas, balki uning mohiyatini ifodalovchi ideal shaklidir. Aristotelning obraz haqidagi qarashlari keyingi davrlarning adabiy-estetik tafakkuriga chuqur taʼsir koʻrsatdi va hozirgi kunda ham oʻzining dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Gʻarbiy Yevropa estetik tafakkurida obraz haqidagi qarashlarning rivojlanishiga G.V.F. Gegelning “Estetika” asari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Gegel uchun badiiy obraz – bu ideya bilan uning material koʻrinishi oʻrtasidagi toʻliq moslik, gʻoyaning oʻzini moddiy shaklda ifodalashi edi 4 . Gegel obrazni shunchaki koʻrinish yoki nusxa sifatida emas, balki mazmun (gʻoya) va shaklning birligi sifatida talqin qiladi. Uningcha, sanʼatdagi goʻzallik — bu gʻoyaning badiiy obraz orqali mukammal ifodalanishi” 5 dir. Gegelning obraz haqidagi estetik qarashlari Yevropa va jahon adabiyoti nazariy qarashlari rivojiga salmoqli ulush qoʻshdi. Rus adabiyotshunosligida V.G.Belinskiy obrazning falsafiy-estetik mohiyatini chuqur oʻrgandi. U obrazni “mavhum fikrning jonli va toʻla ifodasi” deb taʼriflab, uning konkretlik va tipiklik xususiyatlarini alohida taʼkidladi. Belinskiy yozgan edi: Sheʼriyat, yoki badiiy adabiyot, ilmiy va mantiqiy emas, balki obrazli fikrlashdir... Rassom obrazlar orqali fikrlaydi; u haqiqatni mavhumlik sifatida emas, balki jonli individual holatlarning jonli sintezi sifatida koʻradi va koʻrsatadi 6 ”. V.Belinskiy adabiyotning ilmdan farqini toʻgʻri taʼkidladi. Ilm aniq tushunchalar, gipotezalar va mantiqiy xulosalar yordamida ishlaydi, adabiyot esa haqiqatni jonli, konkret obrazlar va hayotiylik holatlari orqali ifodalaydi. XX asr Yevropa adabiyotshunosligida strukturalizm (F. de Sossyur, K. LeviStross, R. Yakobson) va keyinchalik semiotik (R. Bart, Y. Lotman, U. Eco) qarashlar rivoji badiiy obrazni “aks ettirish” doirasidan chiqarib, uni belgi va tizim sifatida oʻrganishga yoʻnaltirdi. Mashur tilshunos Ferdinand de Sossyur qarashlari asosida, 1 Аристотель. Поэтика.- Тошкент, Адабиёт ва санъат, 1980. – Б.18. 2 Arastu. Poetika. Axloqi Kabir. Ritorika. Tarjimonlar: Ummat To‘ychiyev, Mahkam Maxmud. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2018. – B.43. 3 “Поэтика” рисоласи ҳақида / Аристотель. Поэтика. –Тошкент, Адабиёт ва санъат, 1980. –Б.103. 4 Hegel G.V.F. Lectures on Aesthetics. Printed in Great Britain by Antony Rowe Lid, Chippenham. Clarendon press. Oxford. Reprinted 1988. – P.225. 5 Hegel G.V.F. Aesthetics. The Work of Art as a Product of Human Activity. ©Oxford University Press 1975. –P.25. 6 Белинский В.Г. Взгляд на русскую литературу 1847 года // Полное собрание сочинений: Т. 10. – М.: Издво АН СССР, 1956. – С.307–308. 151 R.Bart badiiy obrazni murakkab semiotik tizim, yaʼni maʼnoni yetkazib beruvchi belgilar majmui sifatida koʻrdi. Uning fikricha, obraz faqatgina real dunyoning nusxasi emas, balki maʼnoni shakllantiruvchi madaniy konstruktsiya hamdir. R.Bart taʼkidlaganidek, adabiy obraz reallikning taqlidi emas, balki oʻz realligini yaratuvchi tizimdir 1 ”. F.Sossyur tilni belgilar tizimi sifatida talqin qilgan boʻlsa, R.Bart shu konsepsiyani adabiyotga tadbiq qilib, badiiy obrazni maʼnoni uzatuvchi kodlar, belgilar majmui sifatida talqin qildi. R. Bart uchun obraz “madaniy konstruktsiya” boʻlib u voqelikni shunchaki badiiy tarzda yaratmaydi, balki uni yangi belgilar asosida qayta quradi. R. Bart qarashlari asarni qabul qilish jarayonida oʻquvchi rolini kuchaytiradi. Obraz endi yozuvchi badiiy niyati bilan cheklanmay, madaniy konteksda yashaydigan belgilar tizimiga aylandi. Obraz shunchaki aks ettiruvchi nusxa emas, balki maʼno yaratuvchi madaniy belgidir. Bu qarashlar intertekstual va diskursiv yondashuvlarga zamin yaratadi. Ammo bu nazariy yondashuvda real voqelik va badiiy obraz oʻrtasidagi referensial bogʻlanish ( obraz bilan u koʻrsatgan voqelik oʻrtasidagi munosabat) susayadi, bu esa obrazning ijtimoiy-estetik jihatlarini chetlab oʻtish xavfini tugʻdiradi. Moskva semiotika maktabi yetakchisi Yuriy Lotman ham obrazni madaniy kod va semiotik makon sifatida talqin qildi. Uning nazariyasiga koʻra, badiiy asar turli tillar (madaniy kodlar) oʻrtasidagi chegarada mavjud boʻlib, obraz shu chegaraviy hodisaning mahsulidir. Y.Lotman yozgan edi: “Shartli belgi tasviriy belgiga funksional jihatdan tenglashtirilishi adabiyot uchun qiziqarli oqibatlarga olib keladi. Tabiiy til materiali shartli boʻlishiga qaramay, butun jamiyat uchun shu qadar tushunarli boʻlganki, uning shartliligi boshqa, ixtisoslashgan tillar fonida sezilmay qoladi. Shu jarayonda ikkilamchi tasviriy belgi yuzaga keladi (anʼanaviy adabiyotshunoslikdagi “obraz” tushunchasiga mos keladi)” 2 . Y. Lotman fikricha obraz oddiy soʻzdan farq qiladi. Soʻz shunchaki shartli belgi – yaʼni biz kelishib olgan narsaning nomidir. Masalan, “daraxt” deganda hamma daraxtni tasavvur qiladi, lekin soʻzning oʻzi daraxtga oʻxshamaydi. Obraz esa soʻzning badiiy shaklda ishlatilishi orqali tasvirga aylanadi. Oʻquvchi uni oʻqiganda, xuddi koʻz oldida oʻsha tushuncha jonlanayotgandek boʻladi. Shu sababli obraz koʻproq haqiqatga yaqin tuyuladi. Y.Lotmanning fikricha, Obraz ikki tomonlama tabiatga ega. Bir tomondan, u syujet voqealarida ishtirok etadigan qahramon yoki predmet boʻilsa, kkinchi tomondan, u madaniyat xotirasidagi kodlarni faollashtiruvchi belgidir. Masalan, Alpomish obrazi oʻzbek madaniy semiosferasida qahramonlik, sadoqat, milliy xotirani anglatadi, ammo boshqa madaniyatlarda u ekzotik qahramon sifatida qabul qilinishi mumkin. Shu sababli, Lotman obrazni tahlil qilayotganda uni faqat qahramon sifatida emas, balki madaniy belgilar tizimidagi tugun sifatida koʻradi. Lotmanning obraz haqidagi yondashuvi adabiyotshunoslikka yangilik kiritdi. Obrazni madaniyat xotirasi va semiotik tizimlar bilan bogʻlash orqali uning funksional va tarixiy jihatlarini chuqur ochdi. Bu yondashuv orqali adabiyot jamiyat xotirasining faol mexanizmi sifatida talqin qilinadi. Lotmandan keyin poststrukturalizm va dekonstruksiya oqimlari doirasida fransuz olimi Jak Derrida obrazni barqaror maʼnoga ega belgidan koʻra 1 Barthes R. Rhetoric of the Image. In: Image, Music, Text. – London, Fontana Press. 1975. –P.32-51. https://monoskop.org/images/0/0a/Barthes_Roland_Image-Music-Text.pdf 2 Lotman J. The structure of the artistic text. English translation copyright by the University of Michigan. 1977. – P.5556. 152 oʻyin holatidagi belgi sifatida tushuntirdi. Uning fikricha, matndagi obrazlar hech qachon yakuniy, qatʼiy maʼnoga ega emas – ular boshqa belgilar bilan cheksiz oʻzaro aloqada boʻladi. Derrida oʻzining mashhur “Structure, Sign, and Play in the Discourse of the Human Sciences” traktatida shunday yozadi: “Barqaror, yagona mazmun yoki “transsendental belgilanuvchi” hech qachon belgilar tizimidan tashqarida mavjud emas, maʼno doimiy ravishda boshqa belgilar bilan farq va munosabatlar orqali shakllanadi va bu jarayon hech qachon tugamaydi” 1 (“... the central signified, the original or transcendental signified, is never absolutely present outside a system of differences. The absence of the transcendental signified extends the domain and the interplay of signification ad infinitum”). Bu qarash obrazni muallif tomonidan bir marta yaratilgan va yakuniy haqiqatni aks ettiruvchi birlik sifatida emas, balki til ichidagi belgilar oʻyini sifatida tushuntiradi. Obraz hech qachon bitta qatʼiy maʼnoga ega emas, balki boshqa obrazlar, ramzlar va belgilar bilan uzluksiz aloqada boʻlib, oʻz mazmunini doimiy ravishda yangilab turadi. Shu sababli, badiiy obraz har doim ochiq, koʻp qatlamli va dinamik konstruktsiya boʻlib qoladi va maʼnolar oʻyini orqali oʻz haqiqatini yaratadi. Derridaning ushbu nazariyasi obrazni klassik estetik qarashlardagi kabi barqaror, tayyor mazmun sifatida emas, balki cheksiz semantik almashinuv jarayonidagi hodisa sifatida tushunishga yoʻl ochdi. Bu bilan u poststrukturalistik yondashuvda obrazni doimiy harakatdagi, yakuniy maʼnoga ega boʻlmagan, lekin oʻquvchi va matn oʻrtasida yangi talqinlarni tugʻdiruvchi tizimiy oʻyin elementi deb taʼriflaydi. Xulosa. Obraz tushunchasi adabiyotshunoslikda turli davrlarda turlicha izohlangan boʻlsa-da, uning badiiy asardagi markaziy roli doimo saqlanib qolgan. Aristotel mimesisidan boshlangan jarayon Gegelning gʻoya va shakl nazariyasiga, Belinskiyning tipiklik konsepsiyasiga, Bart va Lotmanning semiotik yondashuviga hamda Derridaning dekonstruktiv qarashlariga qadar uzluksiz rivojlanib keldi. Bugungi kunda obrazni faqat voqelik aks ettiruvchisi sifatida emas, balki madaniy xotira, maʼno yaratuvchi tizim va oʻquvchi bilan muloqotda shakllanadigan dinamik birlik sifatida talqin qilish dolzarbdir. Foydalanilgan adabiyotlar 1. “Поэтика” рисоласи ҳақида / Аристотель. Поэтика. –Тошкент, Адабиёт ва санъат, 1980. –Б.103. 2. Arastu. Poetika. Axloqi Kabir. Ritorika. Tarjimonlar: Ummat Toʻychiyev, Mahkam Maxmud. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2018. – B.43. 3. Barthes R. Rhetoric of the Image. In: Image, Music, Text. – London, Fontana Press. 1975. – P.32-51. https://monoskop.org/images/0/0a/Barthes_Roland_Image-Music-Text.pdf 4. Derrida Jacques. Structure, Sign and Play in the Discourse of the Human Sciences in Writing and Difference, trans. Alan Bass London: Routledge, 2006. – P. 351-370. //https://eve.gd/derrida/1966-StructureSignAndPlay.pdf 5. Hegel G.V.F. Aesthetics. The Work of Art as a Product of Human Activity. ©Oxford University Press 1975. –P.25. 1 Derrida Jacques. Structure, Sign and Play in the Discourse of the Human Sciences in Writing and Difference, trans. Alan Bass London: Routledge, 2006. – P. 351-370. //https://eve.gd/derrida/1966-StructureSignAndPlay.pdf