scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XX ASR BOSHLARIDA AYOLLAR MAORIFIGA E'TIBOR

Nuriddinova Aziza Ilxomovna

Abstract

Ushbu maqolada Jadidchilik harakati davrida ayollar ta'limiga boʻlgan munosabat, bu boradagi islohotlar va jadidlarning ayollarni ilmga jalb etish yoʻlidagi sa'y-harakatlari tahlil etiladi. Jadid ma'rifatchilari ayollarni savodsizlikdan qutqarish, ularning jamiyatdagi oʻrnini yuksaltirish va zamonaviy ta'lim tizimiga jalb etishni oʻzlarining asosiy maqsadlaridan biri deb bildi. Maqolada, shuningdek, XX asr boshlarida tashkil qilingan qizlar maktablari, ularning hududiy boʻlimlari hamda ularda faoliyat olib borgan ayol yetakchi muallimalar va ularning faoliyati haqida qisqacha toʻxtalib oʻtildi. Bu jarayon Oʻrta Osiyo jamiyatining ma'naviy-ma'rifiy hayotida muhim burilish yasadi.

Full text

240 XX ASR BOSHLARIDA AYOLLAR MAORIFIGA EʼTIBOR Nuriddinova Aziza Ilxomovna, Oriental universiteti mustaqil tadqiqotchi [email protected] Annotatsiya: Ushbu maqolada Jadidchilik harakati davrida ayollar taʼlimiga boʻlgan munosabat, bu boradagi islohotlar va jadidlarning ayollarni ilmga jalb etish yoʻlidagi saʼy-harakatlari tahlil etiladi. Jadid maʼrifatchilari ayollarni savodsizlikdan qutqarish, ularning jamiyatdagi oʻrnini yuksaltirish va zamonaviy taʼlim tizimiga jalb etishni oʻzlarining asosiy maqsadlaridan biri deb bildi. Maqolada, shuningdek, XX asr boshlarida tashkil qilingan qizlar maktablari, ularning hududiy boʻlimlari hamda ularda faoliyat olib borgan ayol yetakchi muallimalar va ularning faoliyati haqida qisqacha toʻxtalib oʻtildi. Bu jarayon Oʻrta Osiyo jamiyatining maʼnaviy-maʼrifiy hayotida muhim burilish yasadi. Kalit soʻzlar: jadidchilik, ayollar taʼlimi, Urganch maktabi, Toshkent qizlar maktabi, Samarqand gimnaziyasi. Abstract. This article analyzes the attitude towards womenʼs education during the Jadid movement, the reforms carried out in this regard, and the efforts of the Jadids to engage women in learning. The Jadid enlighteners considered rescuing women from illiteracy, elevating their role in society, and integrating them into the modern educational system as one of their main goals. The article also briefly touches upon the girlsʼ schools established in the early 20th century, their regional branches, as well as the prominent female teachers who worked there and their activities. This process marked an important turning point in the spiritual and educational life of Central Asian society. Keywords: Jadidism, womenʼs education, Urgench school, Tashkent girlsʼ school, Samarkand gymnasium. Asosiy faoliyati diniy taʼlim va uy roʻzgʻor ishlari bilan chegaralangan ayollar taqdiriga qarash XIX asr oxiri -XX asr boshlarida tubdan oʻzgardi. Ushbu davrda vujudga kelgan yangi toʻlqin-maʼrifatparvarlik, ayollar faoliyatida ham keskin burilishlar yasadi. Endilikda ayollar savodsizligini tugatgan holda maʼrifatli avlodni tarbiyalash mumkinligi gʻoyalari ilgari surildi. Jumladan, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi ziyolilarimiz ayollarni ilmli qilish, jamiyat hayotida faol ishtirokini taʼminlash orqali, mamlakatda tenglik, taraqqiyot va uygʻonishga erishish mumkin degan qarashlarni oʻz asarlari orqali xalq ongiga singdirishga harakat qilishdi. Ular tomonidan asos solingan yangi usul maktablarida ayollar taʼlimi uchun ham imkoniyatlar yaratildi. Qolaversa, “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Oyna” kabi matbuot nashrlarida ayollar savodsizligini tugatishga doir bir qancha maqolalar eʼlon qilinib, ayollarga nisbatan qarashlarni oʻzgartirishga harakat qilindi. Biroq, jadidlarning ayollar taʼlimiga oid faoliyati kuchli qarshiliklarga duch keldi. Aholi orasidagi konservativ qatlamlar, ayniqsa, diniy ulamolar bu harakatga shubha bilan qaradi. Ayollarni maktabga yuborish “dinni buzish”, “axloqsizlik” deb 241 baholandi. Bu qarashlar ayrim hollarda nafaqat ijtimoiy muhokamalar, balki jiddiy tazyiq va tahdidlarga ham olib keldi. Shunga qaramay, jadidlar diniy matnlarni chuqur tahlil qilib, islomda ayollarning ilm olish huquqi borligini asoslab berdilar. Ular Qurʼoni Karimdan “ilm olish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir” degan hadisni asos qilib oldilar. Natijada, ijtimoiy qarshiliklar asta-sekin yumshay boshladi. Bu harakatlarning natijasi oʻlaroq 1906-yilda yangiliklarni qoʻllab-quvvatlovchi madaniyat homiysi boʻlgan Muhammad Raximxon II (Feruz) ruxsati bilan Urganchda qizlar uchun maxsus maktab tashkil qilindi. Ushbu maktab faoliyati bilan xonning oʻzi ham tanishib, nazorat qilib bordi. Maktabda taʼlim 2-3 yil davom etib, qizlarga rus tili, arifmetika, hunarmandchilik va diniy bilimlar berib borildi. [1, 19-b] Shuningdek, islohotlarning davomi sifatida, 1911-yilda ilk bora Toshkentda qizlar maktabi joriy qilinib, ayollarni ilmli qilishga kirishildi. Asosiy maqsadi musulmon qizlarni savodli qilish, ularni zamonaviy bilimlar bilan tanishtirish boʻlgan ushbu maktab taʼlim dasturida diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlar – rus tili, arifmetika, geografiya, biologiya kabi fanlar ham kiritilgan edi. Maktabda ikki bosqichli taʼlim dasturi, yaʼni: 1. Boshlangʻich-1-4-sinflar (asosiy oʻqish, yozish, hisob va diniy matnlar bilan tanishtirish); 2. Yuqori-5-6-sinflar (rus tili, tabiiy fanlar (fizika, kimyo), geografiya kabi zamonaviy fanlar berilgan) yaratildi. Ushbu maktab boshqa hududlarda ham qizlarning oʻqitilishi uchun asos boʻlib xizmat qildi. [2, 13-b] 1919-yil 12-noyabrda RKP(b)ning Turkiston oʻlka qoʻmitasida xotin-qizlar boʻlimi tashkil etildi. Keyinchalik u Turkiston KP Markaziy Qoʻmitasi xotin-qizlar boʻlimiga aylantirildi. [3, 19-b] Ayni vaqtda hududlarda xotin-qizlar boʻlimlarini tashkil etish masalasiga ham alohida eʼtibor berildi. Jumladan, 1919-yil noyabrda Toshkentda, 1919-yil 14dekabrda Samarqandda, 1919-yil fevralda Fargʻonada, 1920-yil martda Sirdaryoda, soʻngra Andijon, Kattaqoʻrgʻon, Kogon va boshqa hududlarda xuddi shunday boʻlimlar ochildi. 1920-yilga oxiriga kelib respublikada 40 ga yaqin xotin-qizlar boʻlimlari faoliyat yuritib, jamiyatda ayollar oʻrnini mustahkamlab bordi. [2, 59-b] 1920-yilda Namangan, Samarqand va Qoʻqonda alohida qizlar gimnaziyalari ochildi va qizlar uchun taʼlim imkoniyatlari kengaytirildi. Xususan, Samarqand gimnaziyasida asosan rus millatiga mansub ayollar tahsil olgan boʻlib, keyinchalik bu gimnaziya 1930-yillarda Samarqandda ayol oʻqituvchilar tayyorlovchi kurslarga asos boʻlib xizmat qildi. Umumiy hisobda 1924-1925-yillarda sovet maktabida 34 ming 735 nafar (26,1 %) qizlar tahsil oldi, qishloq joylarida esa ularning soni 6 ming 235 nafarni (11,5%) tashkil etdi. 1927-1928-oʻquv yilida respublikadagi maktablarda 35 mingga yaqin qiz taʼlimga jalb etilgan boʻlsa, shundan qishloq joylaridagi maktablarda 6 ming oʻzbek qizi taʼlim oldi. Bu koʻrsatkichlardan ham koʻrinib turibdiki sekin astalik bilan jamiyatda ayolning maqomi va uning faoliyatiga qarashlar oʻzgarib bordi. [4] Xulosa qilib aytganda, har doim dolzarb masala boʻlib kelgan gender munosabatlari ushbu davrga kelib yangi talqinda namoyon boʻldi. Anʼanaviy mentalitet va diniy qarashlar ayollarni faqat uy ishlariga va bola tarbiyasi bilan bogʻlab, ularning taʼlim olish huquqini inkor etgandi. Jadidlar matbuot vositalari va yangi usul maktablar orqali bu qarashlarga qarshi turishga harakat qildi. Ular tomonidan boshlangan bu harakat natijasi oʻlaroq bugungi kunda Oʻzbekistonda ayollar huquqlarining eʼtirof etilishi, ularning turli sohalarda erkin va faol ishtirok etishini 242 taminladi desak xato qilmaymiz. Zero, Abdulla Avloniy fikri bilan aytganda “onaning maʼrifati — jamiyatning asosiy ustunlaridan biridir”. [8, 8-b] Jadidlarimizning ilgʻor gʻoyalari, ayollarning jamiyatdagi faoliyati va roli borasidagi say-harakatlari hamda qarashlari bugungi zamonaviy hayotda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Bu esa ularning merosini chuqur oʻrganish va qadrlash lozimligini yana bir bor tasdiqlaydi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Alimova D. Jadidchilik fenomeni. –Toshkent: Akademnashr, 2022. B-271. 2. Marianne Kamp. The New Woman in Uzbekistan: Islam, Modernity, and Unveiling under Communism. University of Washington Press, 2006. B-320. 3. Алимова Д.А. Женский вопрос в Средней Азии. История изучения и современные проблемы. Ташкент, 1991. С.132 4. Xalilova Z. “Maʼrifatdan mahrum maʼsumlar” maqolasi. “Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son. 5. Qosimova D. Oʻzbek ayollari tarix sahnasida. – Toshkent, 2002. B-150 6. https://aniq.uz/uz/yangiliklar/ Birinchi Oʻzbek aktrisasining fojiali oʻlimi maqolasi. 7. Abdullayeva Z, Qosimova N. Buxoro ayollari. – Buxoro, 1997. B-107. 8. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. –Toshkent: “Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi”, 2004. B-96.