scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TASAVVUFNING MOHIYATI VA UNING ISLOM FALSAFASIDAGI OʻRNI

Gulbahor Namozova Muzaffarovna

Abstract

Ushbu maqolada tasavvufning kelib chiqishi, uning mohiyati va islom falsafasi rivojidagi oʻrni ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Tasavvuf – Qur'on va Hadis asosidagi ma'naviy-tarbiyaviy yoʻnalish sifatida shakllangan boʻlib, uning maqsadi inson qalbini poklash, ma'naviy kamolotga erishish va Haq bilan yaqinlikni his etishdir. Maqolada tasavvuf ta'limotining asosiy gʻoyalari, shariat, tariqat, ma'rifat va haqiqat bosqichlari izohlanadi, shuningdek, mashhur mutasavviflar – Junayd Bagʻdodiy, Bahouddin Naqshband, Jaloliddin Rumiy kabi allomalarning qarashlari tahlil qilinadi. Islom falsafasi tarixida tasavvuf nafaqat diniy-ma'rifiy oqim, balki axloqiy-ruhiy tarbiyaning muhim manbai sifatida ham oʻrganiladi. Maqolada tasavvufning musulmon jamiyatidagi ma'naviy-ma'rifiy oʻrni, shuningdek, uning bugungi davr uchun ahamiyati yoritib berilgan.Tasavvufning asosiy gʻoyalari, uning ma'naviy-ma'rifiy ta'siri, shuningdek, Sharq va Gʻarb tafakkuridagi falsafiy ahamiyati yoritiladi.

Full text

296 TASAVVUFNING MOHIYATI VA UNING ISLOM FALSAFASIDAGI OʻRNI Gulbahor Namozova Muzaffarovna, Oriental universiteti Uzluksiz taʼlim pedagogikasi kafedrasi katta oʻqituvchisi Annotatsiya: Ushbu maqolada tasavvufning kelib chiqishi, uning mohiyati va islom falsafasi rivojidagi oʻrni ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Tasavvuf – Qurʼon va Hadis asosidagi maʼnaviy-tarbiyaviy yoʻnalish sifatida shakllangan boʻlib, uning maqsadi inson qalbini poklash, maʼnaviy kamolotga erishish va Haq bilan yaqinlikni his etishdir. Maqolada tasavvuf taʼlimotining asosiy gʻoyalari, shariat, tariqat, maʼrifat va haqiqat bosqichlari izohlanadi, shuningdek, mashhur mutasavviflar – Junayd Bagʻdodiy, Bahouddin Naqshband, Jaloliddin Rumiy kabi allomalarning qarashlari tahlil qilinadi. Islom falsafasi tarixida tasavvuf nafaqat diniy-maʼrifiy oqim, balki axloqiy-ruhiy tarbiyaning muhim manbai sifatida ham oʻrganiladi. Maqolada tasavvufning musulmon jamiyatidagi maʼnaviy-maʼrifiy oʻrni, shuningdek, uning bugungi davr uchun ahamiyati yoritib berilgan.Tasavvufning asosiy gʻoyalari, uning maʼnaviy-maʼrifiy taʼsiri, shuningdek, Sharq va Gʻarb tafakkuridagi falsafiy ahamiyati yoritiladi. Kalit soʻzlar: tasavvuf, islom falsafasi, tariqat, maʼrifat, ruhiy kamolot, ilohiy muhabbat. Abstract: This article provides a scholarly analysis of the origins of Sufism, its essence, and its role in the development of Islamic philosophy. Sufism, formed as a spiritual and educational movement based on the Qurʼan and Hadith, aims at purifying the human heart, achieving spiritual perfection, and experiencing closeness to the Divine. The article explains the fundamental ideas of Sufi doctrine, such as the stages of Sharia, Tariqa, Maʼrifa, and Haqiqa, and analyzes the views of prominent mystics such as Junayd al-Baghdadi, Bahauddin Naqshband, and Jalal al-Din Rumi. In the history of Islamic philosophy, Sufism is studied not only as a religious and educational current but also as an important source of ethical and spiritual cultivation. The article highlights the moral and spiritual significance of Sufism in Muslim society, as well as its relevance in the modern era. The core ideas of Sufism, its spiritual and educational influence, and its philosophical significance in both Eastern and Western thought are also illuminated. The core ideas of Sufism, its spiritual and educational influence, as well as its philosophical significance in both Eastern and Western thought are discussed. Keywords: Sufism, Islamic philosophy, tariqa, maʼrifa, spiritual perfection, divine love. Kirish. Islom dini insoniyat tarixida nafaqat diniy hayot, balki falsafiy tafakkur, madaniyat va maʼnaviyat rivojida ham oʻziga xos oʻrin egallagan. Qurʼoni Karim va Hadisi sharif asosida shakllangan islom falsafasi insonni nafaqat tashqi amallar orqali, balki ichki dunyosi, ruhiyati va maʼnaviy kamoloti orqali ham tarbiyalashni maqsad qilgan. Shu maʼnoda tasavvuf islom falsafasining eng chuqur, nozik va taʼsirchan 297 yoʻnalishlaridan biri sifatida yuzaga kelgan. U insonning qalb pokligi, Allohga muhabbat va ruhiy yuksalishni asosiy maqsad qilib qoʻyadi. Tasavvuf atamasi ilk bor VIII asrda musulmon dunyosida shakllana boshlagan boʻlib, uning asoschilari zohidlik, taqvo va dunyo lazzatlaridan voz kechish gʻoyalarini ilgari surganlar. “Suf” soʻzi jun matodan tayyorlangan kiyimni anglatadi va dastlabki soʻfiylarning oddiy, kamtarona hayotini ifodalagan. Shundan keyin tasavvuf tushunchasi asta-sekin kengayib, inson ruhiyatining chuqur qatlamlarini oʻrganishga qaratilgan falsafiy-maʼnaviy maktab darajasiga koʻtarildi. Tasavvuf mohiyatan inson va Yaratganning munosabatini tushuntirishga intiladi. Unda asosiy maqsad – Allohga muhabbat va sadoqat orqali ruhiy kamolotga erishishdir. Bu yoʻl esa shariat, tariqat, maʼrifat va haqiqat bosqichlaridan iborat boʻlib, soʻfiylar ana shu darajalardan oʻtish orqali komillikka erishishni taʼlim qilganlar. Islom falsafasi asosan aql va mantiqqa tayanar ekan, tasavvuf qalb, muhabbat va ilohiy ilhomni ham falsafiy tafakkur mezoniga qoʻshadi. Shu sababli u nafaqat diniyamaliy yoʻnalish, balki falsafiy va axloqiy taʼlimot sifatida ham shakllandi. Imom Gʻazzoliy, Jaloliddin Rumiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutasavviflar bu taʼlimotni yanada boyitib, uni insoniy kamolotga eltuvchi yoʻl sifatida targʻib etganlar. Shuningdek, tasavvuf ijtimoiy-maʼnaviy hayotda ham beqiyos oʻrin egallagan. U insonlarni halollikka, sabr-toqatga, mehnatsevarlikka va oʻzaro mehr-oqibatga daʼvat qilgan. Naqshbandiya tariqatining “Dil ba yoru, dast ba kor” tamoyili buning yaqqol ifodasidir. Demak, tasavvuf islom falsafasida inson qalbini yuksaltirish, jamiyatni maʼnaviy uygʻotish va axloqiy birlikni taʼminlash vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Islom madaniyatida soʻfiylik baʼzan tasavvuf deb ham ataladi. Bu ularning arab tilidagi umumiy ildizga ega ekanligi bilan izohlanadi. Shuni taʼkidlash lozimki, “soʻfizm” va “tasavvuf” atamalarining maʼnosi atrofida turlicha talqinlar mavjud. Baʼzi xorijiy tadqiqotchilar “tasavvuf” atamasi “kirish” maʼnosida ishlatilishini qayd etadilar. Rene Genonning fikricha, tasavvuf “initiasiya” yoki “ichkariga kirish” deb tarjima qilinadi. Bu “al-haqiqa” (“hayotning ichki haqiqatini”) bildiradi va “ashshariʼa” (“buyuk yoʻl”)ning chuqur qatlamlarini anglash imkonini beradi (René, 2017). Bunday talqin soʻfiylarning birodarliklarga birlashganligini koʻrsatadi. XII–XIII asrlar esa soʻfiylikning yanada rasmiy va tashkilotli tuzilishga oʻtgan davri bilan ajralib turadi (Gallimard, 1973, r.18). Arab tilida “yoʻl” yoki “yoʻnalish”ni anglatuvchi “tariqat” termini soʻfiy uchun haqiqat sari toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi vosita sifatida qaraladi. Soʻz soʻfiy va tasavvufning kelib chiqishi haqida tadqiqotchilar turli gipotezalarni ilgari surganlar. Jumladan, bir gipotezaga koʻra, “tasavvuf” soʻzi “sauf” (Gazzoli, 1992) – “begʻuborlik, poklik, tiniqlik” ildizidan kelib chiqqan. Shuningdek, u paygʻambar (s.a.v.)ga yaqin yashagan “suffa ahli” deb atalgan “bani-suffa” qabilasi nomidan olingan boʻlishi mumkin (bu qabila nomi esa oʻz navbatida “sufan” deb atalgan choʻl oʻsimligi nomidan kelib chiqqan, bunda “suf” – “jun” maʼnosini bildiradi). Yana bir talqinga koʻra, u yunoncha “sophia” – “donolik” soʻzidan ham kelib chiqqan boʻlishi mumkin (Gʻazzoliy,Ihyo ulum ad-din,2005). Bu masalada yevropalik va musulmon mualliflar oʻrtasida, hatto soʻfiylarning oʻzlari orasida ham qarama-qarshiliklar mavjudligi diqqatga sazovordir (Michel, 2006, р.88). 298 Soʻfiylar va aksariyat musulmon mualliflar fikricha, soʻfiylikning ildizlari Qurʼonga va Paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning hadislariga borib taqaladi. Soʻfiylikning islom bilan bevosita bogʻliqligi, uning islomiy qadriyatlar va imonning ustunlari asosida rivojlangani inkor etilmaydi. Shu bilan birga, tasavvuf birgina shaklda mavjud, deb aytib boʻlmaydi. Islom olamida Qurʼon va shariatga toʻliq bogʻlangan tasavvufiy tariqatlar bilan bir qatorda, shariat doirasidan tashqariga chiqib ketuvchi va baʼzi islomiy tamoyillarga zid boʻlgan ichki-ekstremistik qarashlarga ega oqimlar ham uchraydi. Umuman olganda, islom madaniyati va tasavvuf taraqqiyotini oʻrganishda koʻplab tariqatlarda boshqa dinlar va falsafiy oqimlar taʼsirini koʻrish tabiiy hodisa sifatida baholanadi. Ammo sof diniy tamoyillar nuqtayi nazaridan bunday tariqatlar musulmonlar tomonidan unchalik maʼqullanmagan. Soʻfiylikning tarixiy rivojiga qisqacha nazar tashlansa, tasavvuf tarixida uch asosiy bosqichni ajratish mumkin: zuhd (asketizm), tasavvuf va tariqatlar. Koʻplab tadqiqotchilar fikricha, asketizm davri islomning ilk davrlariga toʻgʻri keladi. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.)dan keyingi davrda fathlar orqali musulmonlar hududlari kengaydi, moddiy hayot yaxshilandi, trofeylar hisobiga musulmonlar farovonligi ortdi va natijada moddiy manfaatlarga intilish kuchaydi. Shu sharoitda bir guruh odamlar sof diniy eʼtiqodga sodiq qolib, islom dinining asl tamoyillaridan chiqmagan holda, Paygʻambar yoʻlidan yurishni afzal koʻrishdi. Shu davrning xos jihati shuki, paygʻambar davrida mistik hayot tarzi aslida Paygʻambar (s.a.v.)ning yashash uslubiga ergashish edi, u boshqa koʻrinishda ifoda etilmagan. Oʻsha davrda “tasavvuf” atamasi hali termin sifatida qoʻllanmagan, chunki islom jamiyati hayotning barcha sohalarida paygʻambar soʻzlari va xatti-harakatlariga amal qilishni afzal bilgan (Enver Behnan Çapolyo, Mezhepler ve tarikatlar tarihi,1964). Tasavvuf tarixining boshlangʻich bosqichi sifatida qaraladigan davr oʻzining ayrim xos jihatlari bilan eʼtiborni tortadi. Bu davrda odamlar jamiyatdan chetda yashash, shahvoniy nafs istaklarini inkor etish va ular bilan kurashish, sabr-toqat hamda Allohga suyanish kabi xususiyatlar bilan ajralib turgan. Zohidlik (asketizm) davri VIII asrning oʻrtalarigacha davom etadi. Tadqiqotchilar keyingi bosqichni tasavvuf davri deb ataganlar va oʻsha davr ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlariga ham eʼtibor qaratganlar. Bunga islomning keng hududlarga yoyilishi, boshqa xalqlar va madaniyatlar bilan oʻzaro aloqalar va taʼsirlar kiradi. Tasavvuf mustaqil falsafiy taʼlimot sifatida ilk bor Basrada yuzaga kelgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “soʻfiy” unvonini olgan birinchi shaxs Abu Hoshim as-Soʻfiy boʻlgan. Dastlabki soʻfiy xonaqohi ham Abu Hoshim tomonidan Suriyaning Ramla shahrida qurilgan. Abu Hoshimdan boshlangan tasavvuf toʻlqini qisqa fursatda koʻplab musulmon mamlakatlariga yoyildi (N.Komilov. Tasavvuf, 2009. - B.3). Tabiiyki, tasavvufning keng tarqalishi uning yanada rivojlanishiga olib keldi. IX asrdan boshlab soʻfiylik tizimlashtirish bosqichiga kirdi. Bu tizimlashtirish, yuqorida qayd etilgan asketizm davriga nisbatan, bir qator oʻziga xos jihatlarning shakllanishiga sabab boʻldi. Bir tomondan, tasavvufning tamoyillari, qoidalari va usullari belgilandi, ikkinchi tomondan esa, soʻfiy mutafakkirlar tomonidan maxsus maskanlar – xonaqohlar barpo etila boshlandi. IX–X asrlar koʻplab buyuk soʻfiylar faoliyat yuritgan 299 davr boʻlib, tasavvufga oid ilmiy asarlar yozildi va shu orqali tasavvufning asosiy nazariy poydevori yaratildi. Tasavvufning diniy-axloqiy mohiyatiga kelsak, islomiy hayotning maʼnaviyaxloqiy qadriyatlari tasavvuf tushunchasi bilan bevosita bogʻliqdir. Ushbu diniyfalsafiy taʼlimot insonning axloqiy fazilatlarini takomillashtirishni koʻzda tutib, nafsni isloh qilish, uni tarbiyalash, moddiy dunyo va shahvoniy istaklardan voz kechish, Alloh bilan ruhiy birlashishni maqsad qiladi. Ayrim soʻfiy taʼlimotlarda tasavvuf dunyoviylik bilan doimiy kurash, insonning oʻz nafsidan ozod boʻlishi, shaytonga boʻysunmaslik, shahvat istaklaridan ilohiy iroda yoʻlida kechish, tashqi dunyodan ichki dunyoga yuzlanish, hayotiy sinovlarni sir saqlash, ulugʻvorlik, muloyimlik va poklik sifatida taʼriflanadi. Soʻfiylikning shu qadar jozibador boʻlishining sabablaridan biri uning ilohiy sirlar va bilimlarni oʻzida mujassam etuvchi mistik fikr bilan bogʻliqligidir. Maʼlum maʼnoda, tasavvufdagi sir va mistitsizm moddiy-amaliy holatlarni axloq, ruhiyat (asketizm) va sayr va suluk (axloqiy kamolot yoʻli) tushunchalariga qarama-qarshi qoʻyadi. Turli diniy va falsafiy taʼlimotlarda mistik unsurlar qadimdan mavjudligi esa hammaga maʼlum fakt hisoblanadi. Soʻfiylar barcha gunoh koʻrinishlariga qarshi kurash olib borganlarini taʼkidlash lozim. Ularning kurashi koʻpincha moʻminlarning, ayniqsa ilmli insonlarning axloqini zaiflashtirishga tahdid solganlarga qarshi qaratilgan edi. Islomning dastlabki davrlarida paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning sahobalaridan biri Abu Zar dunyoviy hukmdorlarni tanqid qilgani uchun ular tomonidan hibsga olingan (Ibn Arabi, 2006, r.33). Tasavvuf oʻzida islom qonunlari (shariat) va haqiqatni birlashtiradi. Soʻfiylarning eʼtiqodicha, agar diniy marosimlar chin qalbdan bajarilmasa, ular foydasizdir. Baʼzilari tasavvufni yashirin ilm (ilm al-botin) va moddiy dunyodan voz kechish, gunoh bilan ichki kurash gʻoyasi bilan bogʻlashadi. Ilm al-botin prinsipi ichki haqiqatni qabul qilish, yaʼni “Allohdan boshqa hech narsa eslatilmaydi” degan maʼnoda talqin qilinadi. Tasavvufda eng oliy mavjudot Alloh hisoblanadi va unga faqat uni sevish orqali yaqinlashish mumkin. Qabul qilingan qarashlarga koʻra, mistik-amaliy tafakkur islom, xristianlik va iudaizm olamida, yunon falsafasida, shuningdek braxmanizm va buddizm dinlarida ham turli shakllarda namoyon boʻlgan. Biroq, tasavvufni faqatgina mistitsizm sifatida talqin qilib boʻlmaydi. Tasavvuf va islomdan tashqari mistitsizm oʻrtasidagi farq quyidagicha tushuntiriladi: islomiy boʻlmagan mistitsizm tartibsizlik va passivlik xususiyatiga ega. Masalan, bunday oqimlarda shayxga boʻlgan bogʻliqlik holati mavjud emas. Tasavvufda muhim oʻrin tutgan tsikliklik xususiyati boshqa mistitsizmlarda mavjud emas, chunki murshidlar anʼanasi yoʻq. Shuningdek, belgilangan vaqtda bajariladigan vird va zikrlar ham yoʻq. Natijada odamlar oʻz qobiliyatiga qarab mistitsizmda maʼlum oʻrinni egallaydi. Islomiy boʻlmagan mistitsizmning yana bir oʻziga xos jihati shundaki, unda ierarxiya mavjud emas, erishiladigan yakuniy maqsad esa ilm ul-yaqin (Allohga yaqinlashuv taʼlimoti) sifatida talqin etiladi (Komilov N. Tasavvuf. 2009. - B.3 ). Islomiy mistitsizmda esa boshqa dinlardagi mistitsizmdan farqli ravishda usul va faoliyatga katta ahamiyat beriladi. Har bir soʻfiy oʻtishi lozim boʻlgan ruhiy yoʻl — 300 sayr va suluk, murshid rahbarligi ostida boshlanishi va davom etishi kerak. Shu nuqtai nazardan shayx (murshid) markaziy shaxs sifatida zikr, riyoziyot va boshqa rituallarning tartibi hamda davomiyligini belgilaydi. Tasavvufda shuningdek qatʼiy ierarxik tuzilma mavjud boʻlib, unda har kimning oʻrni aniq belgilangan. Agar boshqa taʼlimotlarda mistitsizmning choʻqqisi ilm ul-yaqin boʻlsa, soʻfiylarning erisha oladigan eng oliy darajasi haqq ul-yaqin (ilohiy haqiqat bilan toʻliq birlashish) hisoblanadi (. Frithjof Schuon,Islomni anglash,1999). “Tasavvuf” soʻzining ilk qoʻllanishi oʻz davrining mashhur soʻfiyi Maruf Karxiy nomi bilan bogʻlanadi. Soʻfiy tafakkuriga “maʼrifat” (maʼnaviy maʼrifat) tushunchasini olib kirgan Zunnun Misriy, tasavvuf holatlarini oʻrgangan Sari as-Saqatiy nomlari ham mashhurdir. Asketizm va tasavvufga yangi tushuncha va mezonlarni olib kirganlardan biri Bayoziyid Bistomiy hisoblanadi ( Frithjof Schuon , Islomni anglash,200-bet) Dastlabki tasavvuf davriga oid Bayoziyid Bistomiy, Junayd Bagʻdodiy kabi soʻfiylarning gʻoyalari keyinchalik Abu Homid al-Gʻazzoliy tomonidan tizimlashtirilib mukammallashtirildi. Tasavvufning falsafiy asosini yaratgan Ibn Arabi esa tasavvuf tarixidagi eng muhim siymolardan biri hisoblanib, vahdat ul-vujud (borliq birligi) nazariyasini yaratdi. Bu nazariya jahon falsafiy merosida chuqur iz qoldirdi. Ibn Arabining qarashicha, Allohni anglash uchun aql va falsafa yetarli emas, balki bu yoʻlda eng zarur boʻgʻin – muhabbatdir. Shu sababli, uning vahdat ul-vujud nazariyasi tasavvufiy anʼanada asosiy taʼlimotga aylangan (Morewedge, 1995). Tasavvuf tizimining rivojlanishidagi uchinchi bosqich – tariqatlar davri XII asrning ikkinchi yarmidan boshlangan. Bu davrda tasavvufning qoidalari va usullariga oʻziga xos yangiliklar kiritgan mashhur soʻfiylar tomonidan turli tariqatlar tashkil etilgan. Keyingi tasavvufiy taraqqiyot aynan ushbu tariqatlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ular bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Islom madaniyatida katta oʻrin tutgan yirik tariqatlarga: Yassaviya, Rifoiya, Kubraviya, Suhrawardiya, Shaziliya, Bektashiya, Mawlaviya, Naqshbandiya, Hurufiya, Xalvatiya tariqatlarini misol keltirish mumkin. Xulosa. Tasavvuf islom falsafasining eng chuqur va taʼsirchan yoʻnalishlaridan biri sifatida nafaqat diniy hayot, balki insoniyatning maʼnaviy-madaniy taraqqiyotida ham beqiyos oʻrin tutadi. U islomning asosiy manbalari – Qurʼon va Hadisi sharifga tayangan holda inson qalbini poklash, nafsni tarbiyalash va Allohga yaqinlashish gʻoyalarini ilgari surdi. Tasavvufning mohiyati, avvalo, insonning oʻzini anglash, ruhiy kamolotga erishish va hayotni ilohiy haqiqat bilan uygʻunlashtirishdan iboratdir. Tarixiy rivojlanish jarayonida tasavvuf uch bosqichni bosib oʻtdi: zohidlik (asketizm), tasavvuf va tariqat davrlari. Har bir davrda soʻfiylik yangi mazmun kasb etib, nafaqat individual ruhiy tajriba, balki keng ijtimoiy-madaniy hodisaga aylandi. Ayniqsa IX–X asrlardan boshlab soʻfiylik tizimlashtirilgan taʼlimot darajasiga koʻtarilib, ilmiy-falsafiy asarlar, maxsus maktablar va tariqatlar orqali yanada boyidi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Frithjof Schuon, Islomni anglash (Tarj.: Mahmut Kanik), Istanbul, 1999, 203bet 2. Husayn Voiz Koshifiy «Futuvvatnomai sultoniy» A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti,1994. Najmiddin Komilov tarjimasi 301 3. Jaʼfar Xolmoʻminov.Vahdat ul-vujud falsafasi va Naqshbandiya taʼlimoti. Monografiya. Toshkent "Tafakkur"2020 4. Jurayev SH.S., Abu Ali ibn Sinoning falsafiy qarashlarida baxt-saodat masalasi // Academic Research in Educational Sciences, 2 (Special Issue 1), 395-401 P. 5. Komilov N. Tasavvuf. - T.: Movarounnahr" - "Oʻzbekiston", 2009. - B.3 6. Majid Fahri, Islom falsafasi tarixi (Tarj.: QosimTurxon), Istanbul, 2004, 278bet. 7. Al-Gʻazzoliy, Abu Homid. Ihyo ulum ad-din. – Qohira: Dar al-Maʼrifa, 2005. 8. Parviz Morewedge, Essays in Islamik Philosophy, Theology,and Mysticism(1995,Oneonta Philosophy,New York at Oneonta)/ Global Academik Publishing. 9. Bagʻdodiy, Junayd. Risola fiʼt-tasavvuf. – Istanbul: Kitabevi, 1999. 10. Jaloliddin Rumiy. Masnaviy maʼnaviy. – Tehron: Amir Kabir, 2008. 11. Bahouddin Naqshband. Maqomot. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot, 2000. 12. Enver Behnan Çapolyo, Mezhepler ve tarikatlar tarihi,-Istanbul,1964). 13. Knysh, Alexander. Islamic Mysticism: A Short History. – Leiden: Brill, 2000. 14. Gʻaniyeva, S. Oʻzbek mumtoz adabiyotida tasavvuf. – Toshkent: Fan, 2007. 15. Trimingham, J. Spencer. The Sufi Orders in Islam. – Oxford: Oxford University Press, 1998.