Full text
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 439 O‘ZBEKISTONDA YASHIL IQTISODIYOT SIYOSATINI AMALGA OSHIRISHDA KORPORATIV BOSHQARUVNING XALQARO STANDARTLARINI JORIY ETISH MUAMMOLARI VA IMKONIYATLARI Kenjayeva Umriya Faxritdinovna Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, katta o‘qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.17266877 Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasini amalga oshirishda korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini joriy etish muammolari va imkoniyatlari tahlil qilinadi. Yashil iqtisodiyotga o‘tishda samarali boshqaruv tizimlarini joriy etish, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan investitsiyalarni jalb qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda korporativ boshqaruv tamoyillarining o‘rni muhimdir. Maqolada IHTT va BMT barqaror rivojlanish maqsadlariga asoslangan standartlar o‘rganilib, O‘zbekistondagi muammolar tahlil qilinadi. Shuningdek, xalqaro tajribalar va ESG mezonlari asosida imkoniyatlar baholangan. O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot siyosatini korporativ boshqaruv standartlari bilan uyg‘unlashtirishga doir takliflar beriladi. Kalit so‘zlar: Yashil iqtisodiyot, korporativ boshqaruv, xalqaro standartlar, barqaror rivojlanish, ESG mezonlari, ekologik boshqaruv, institutsional islohotlar, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror boshqaruv amaliyoti. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlar chuqurlashgani sayin, ekologik barqarorlik va resurslardan oqilona foydalanish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasini amalga oshirish orqali ekologik xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashuv va iqtisodiy o‘sishni uyg‘unlashtirish kabi dolzarb vazifalar ilgari surilmoqda. Bunday sharoitda korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini joriy etish, ayniqsa davlat va xususiy sektor subyektlari faoliyatining samaradorligini oshirishda muhim omil sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonning iqtisodiyoti so‘nggi yillarda barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, ekologik barqarorlik va barqaror rivojlanish muammolari tobora dolzarblashmoqda. 2022-yilda qabul qilingan Prezident qarorida 2030-yilgacha yashil iqtisodiyotga o‘tishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Mazkur hujjatga ko‘ra, 2010-yilga nisbatan issiqxona gazlari emissiyasini 35% ga kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30% dan oshirish, sanoatda energiya samaradorligini 20% ga oshirish kabi aniq maqsadlar belgilangan1. 2023-yilda O‘zbekiston xalqaro moliyaviy bozorlar orqali 336 million AQSh dollari miqdorida yashil obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. Bu mablag‘lar Aral dengizi havzasidagi ekologik reabilitatsiya loyihalariga yo‘naltirilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda yashil qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida 1 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilindi. Biroq ushbu ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, korporativ boshqaruv tizimida ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish borasida muayyan muammolar saqlanib qolmoqda. PwC tomonidan 2023-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 440 kompaniyalarining faqat 46 foizi ESG tamoyillariga yaxshi tushuncha ega ekanini bildirgan, qolganlari esa bu boradagi bilim yetishmasligini tan olgan2. Shu bilan birga, xalqaro moliyaviy institutlar, xususan Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Global Yashil O‘sish Instituti O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu tashkilotlar ESG tamoyillarini joriy etish, yashil moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish va korxonalarni barqaror rivojlanishga yo‘naltirish borasida qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Mazkur maqolada O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini joriy etish zarurati, mavjud muammolar va imkoniyatlar tahlil qilinadi. Shuningdek, ESG tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Korporativ boshqaruv – bu kompaniya yoki tashkilot faoliyatining shaffofligi, hisobdorligi va strategik barqarorligini ta’minlaydigan tamoyillar tizimidir. Dunyo tajribasida yashil iqtisodiyotga muvaffaqiyatli o‘tish ko‘plab hollarda korxonalar darajasida barqaror boshqaruv amaliyotlariga tayangan. Shu bois, O‘zbekistonda bu boradagi siyosiy va institutsional islohotlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik, investitsion muhitni yaxshilash kabi omillar korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy qilish zaruratini kuchaytiradi. Yashil iqtisodiyotga o‘tish uchun korporativ boshqaruvning asosiy tamoyillari, jumladan, shaffoflik, javobgarlik, samaradorlik va barqarorlik tamoyillariga asoslanadi. Bular, ayniqsa, ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) mezonlari bilan uyg‘unlashtirilgan bo‘lishi lozim. ESG tamoyillari korporatsiyalarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashda yordam beradi va ularning faoliyatini ekologik xavfsiz va ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishini nazorat qilish imkonini yaratadi. O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimi ayniqsa davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlashda, investitsiyalarni jalb qilishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonning Yevropa va Osiyo bozorlarida yashil obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirishi, ushbu tamoyillarni amalda joriy etish uchun muhim qadamdir. Yashil obligatsiyalar orqali jalb qilingan mablag‘lar atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltiriladi va iqtisodiyotni barqarorlashtirishga yordam beradi. Yashil iqtisodiyot va korporativ boshqaruvning o‘zaro bog‘liqligi so‘nggi yillarda ilmiy tadqiqotlarning markaziy mavzularidan biriga aylangan. Xalqaro miqyosda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs), ayniqsa 7-, 12va 13-maqsadlari, yashil iqtisodiyotga o‘tishda davlat va korporatsiyalar hamkorligining ahamiyatini belgilab beradi. Iqtisodiy hamkorlik taraqqiyot tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan korporativ boshqaruv standartlari esa xususiy sektorning shaffofligi, mas’uliyati va ekologik barqarorlikka qo‘shgan hissasini kuchaytirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PQ-4477-son qarorida yashil iqtisodiyot tamoyillarini iqtisodiy faoliyatga keng joriy etish yo‘nalishlari belgilangan. Shu bilan birga, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tayyorlangan hisobotlar O‘zbekistonda ekologik investitsiyalar va korporativ boshqaruv islohotlariga oid ma’lumotlar bilan boyitilgan. O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida xalqaro standartlarga asoslangan korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish dolzarb va zarur masala bo‘lib, bu borada nazariy va amaliy asoslarni shakllantirish davom etmoqda.
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 441 O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha dastlabki siyosiy va huquqiy zamin yaratilgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini to‘liq joriy etish borasida qator tizimli muammolar mavjud. 1-jadval O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot doirasida korporativ boshqaruv tizimining holati va rivojlanish omillarining tahlili T/r Korporativ boshqaruv tizimining holati Korporativ boshqaruv rivojlanish omillarining tahlili 1. Korporativ boshqaruv tizimining yetarli darajada shakllanmaganligi Aksariyat kompaniya va aksiyadorlik jamiyatlarida boshqaruv mexanizmlari hali ham an’anaviy va yopiq tizimda faoliyat yuritmoqda. Xalqaro standartlardagi shaffoflik, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, ESG ko‘rsatkichlarini e’tiborga olish amaliyoti kam uchraydi. 2. Qonunchilikdagi bo‘shliqlar va amaliy tafovutlar Yashil iqtisodiyotga oid umumiy siyosiy yo‘nalishlar mavjud bo‘lsa-da, korporativ boshqaruvda ekologik omillarni integratsiya qiluvchi aniq me’yoriy talablar va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar yetarli emas. Masalan, ESG hisobotlarini tayyorlash majburiyati qonuniy asosda belgilab qo‘yilmagan. 3. Xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliyaviy institutlarning ta’siri Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Global Yashil O‘sish Instituti tomonidan moliyalashtirilayotgan “yashil” loyihalarda korporativ boshqaruvning xalqaro standartlari astasekin joriy etilmoqda. Ushbu institutlar orqali ekologik auditi, ijtimoiy mas'uliyat va boshqaruvning ochiqligi kabi tamoyillar kirib kelmoqda. 4. Milliy kompaniyalarning ESG ga bo‘lgan tayyorgarligi past Tadqiqot davomida o‘rganilgan kompaniyalarning katta qismi hali ESG mezonlarini amaliyotga joriy etmagan, ularning bu boradagi xabardorligi cheklangan. Bu esa xalqaro investorlarga ishonchli signallarni bermaydi va barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 5. Xalqaro tajriba tahlili Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqi davlatlarida korporativ boshqaruv va yashil siyosat uyg‘unligining kuchli modeli shakllangan. Bu davlatlarda kompaniyalar ESG hisobotlarini yillik asosda e’lon qiladi, ekologik standartlarga rioya qilish investitsion reytinglarga ta’sir qiladi. O‘zbekiston uchun bu tajriba qimmatli namunadir Korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini joriy etish O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida hal qiluvchi omillardan biridir. Davlat tomonidan me’yoriy-huquqiy asoslarni kuchaytirish, ESG tizimini tatbiq etish va kompaniyalarni ushbu mezonlarga moslashishga rag‘batlantirish zarur. Xalqaro hamkorlik doirasida texnik yordam, moliyaviy vositalar va tajriba almashish mexanizmlarini kengaytirish katta ahamiyatga ega. O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot siyosatini amalga oshirish barqaror rivojlanish strategiyasining ajralmas qismiga aylangan. Mazkur jarayonda korporativ boshqaruvning xalqaro
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 442 standartlarini joriy etish, ya’ni korxonalarda ekologik, ijtimoiy va boshqaruv tamoyillariga asoslangan faoliyatni yo‘lga qo‘yish, nafaqat ekologik muammolarning oldini olish, balki iqtisodiy raqobatbardoshlikni oshirishga ham xizmat qiladi. Biroq olib borilgan tahlillar korporativ boshqaruv tizimi va yashil iqtisodiyot o‘rtasidagi integratsiya hali boshlang‘ich bosqichda ekanini ko‘rsatmoqda. Qonunchilikdagi bo‘shliqlar, ESG mezonlariga nisbatan past darajadagi xabardorlik va korxonalarda xalqaro standartlar asosidagi boshqaruv modelining yo‘qligi asosiy muammolar sifatida ajralib turadi. Shu bilan birga, xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy investitsiyalar orqali mazkur yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar boshlangan. O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ilgari surilgan takliflar mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va ijtimoiy mas’uliyatni oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ushbu takliflar orqali bir qator ijobiy natijalarga erishish mumkin, jumladan: 1. ESG mezonlarini milliy standart sifatida joriy etish: ESG (ekologik, ijtimoiy va boshqaruv) mezonlarining majburiy joriy etilishi kompaniyalar faoliyatining shaffofligini oshirish, atrof-muhitga zarar yetkazmasdan samarali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi. Bu orqali kompaniyalar o‘z faoliyatlarini ekologik va ijtimoiy mas’uliyatli ravishda olib borishga undaladi. ESG mezonlarini majburiylashtirish korporativ boshqaruv tizimlarida barqarorlikni ta’minlaydi, investitsiyalarni jalb qilishda yordam beradi va xalqaro moliyaviy bozorlarda ishonchni oshiradi. 2. Korporativ boshqaruv bo‘yicha milliy strategiyaning ishlab chiqilishi: Yashil iqtisodiyot maqsadlari asosida ishlab chiqilgan milliy korporativ boshqaruv strategiyasi yirik korxonalarda samarali boshqaruv tizimlarini joriy qilishni ta’minlaydi. Xalqaro tajribaga asoslangan strategiyalarni amaliyotga tatbiq etish korporativ boshqaruvni yuksaltirish va kompaniyalar faoliyatining ekologik ta’sirini minimallashtirishga imkon beradi. Bu, o‘z navbatida, davlat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi. 3. Tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish: Yashil texnologiyalarni joriy qilgan va ESG hisobotlarini yuritayotgan kompaniyalarni rag‘batlantirish, ularga soliq imtiyozlari va grantlar berish iqtisodiyotda ekologik va ijtimoiy mas’uliyatli biznes faoliyatini kengaytiradi. Bunday rag‘batlar yosh va innovatsion kompaniyalarni yashil iqtisodiyotga integratsiya qilishni rag‘batlantiradi va yangi texnologiyalarni joriy qilishga imkon yaratadi. Shu bilan birga, iqtisodiyotning ekologik barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni jalb qilishda katta yordam beradi. 4. Kadrlar salohiyatini oshirish: Korporativ boshqaruv va yashil iqtisodiyot sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash orqali, mamlakatda ushbu sohada ilmiy va amaliy bilimlarni kengaytirish mumkin. Maxsus o‘quv kurslari, seminarlar va xalqaro tajriba almashuv dasturlari kadrlar salohiyatini oshirib, kompaniyalarga ESG tamoyillarini joriy etishda yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, sohaning rivojlanishiga turtki bo‘lib, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini yaratadi. 5. Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish: Jahon banki, BMT, IHTT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda texnik yordam, ekspertiza va tajriba almashish O‘zbekiston kompaniyalarini xalqaro reyting va baholash tizimlariga integratsiyalash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning global bozorlar bilan raqobatlashuvchanligini oshiradi va xalqaro investorlarga mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish borasidagi jiddiy niyatini ko‘rsatadi. Xalqaro tajriba va ekspertiza asosida amalga oshirilgan hamkorlik natijasida, kompaniyalar o‘z
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 443 faoliyatlarini yanada samarali va ekologik barqaror ravishda olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, yuqoridagi takliflar orqali O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayoni samarali amalga oshiriladi, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy mas’uliyatni oshirish va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga moslashish bo‘yicha sezilarli ijobiy natijalarga erishiladi. Bu esa mamlakatning barqaror rivojlanishini va global iqtisodiy hamjamiyatda mustahkam o‘rin egallashini ta’minlaydi. FOYDALANILGAN ADABOYITLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-436-son Qarori 2022 yil 02 dekabr. // www.lex.uz 2. Анализ осведомленности компаний об ESG в регионе Евразия (ESG Awareness) https://www.pwc.com/uz/en/publications/esg-awareness-rus.html 3. Organisation for Economic Co-operation and Development (OECD). G20/OECD Principles of Corporate Governance. OECD Publishing, 2015. 4. United Nations (UN). Transforming our world: the 2030 Agenda for Sustainable Development. United Nations General Assembly, 2015. 5. World Bank. Green Economy Transition in Uzbekistan: Opportunities and Challenges. Washington, DC: World Bank, 2022. 6. UNEP Finance Initiative (UNEP FI). ESG Integration in Corporate Governance. Geneva, 2020. 7. Qudratov, A. (2021). Yashil iqtisodiyot va investitsion muhit integratsiyasi: nazariy va amaliy jihatlar. “Iqtisodiyot va innovatsiyalar” jurnali, №3, 60–68. 8. European Bank for Reconstruction and Development (EBRD). Green Transition and Corporate Governance Report. London, 2021. 9. Harvard Business Review. Why ESG Matters for Corporate Success. May 2020 Issue.