scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"ALPOMISH" DOSTONINING JIYEMUROD JIROV VERSIYASI XUSUSIDA

Allambergenova Nodira Gulmurzayevna

Full text

32 „ALPOMISH“ DOSTONINING JIYEMUROD JIROV VERSIYASI XUSUSIDA Allambergenova Nodira Gulmurzayevna Ajiniyoz nomidagi NDPI Oʻzbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268118 Annotatsiya: Mazkur maqolada „Alpomish“ dostonining qoraqalpoq versiyasi Jiyemurod jirov Bekmuhammedov varianti tahlilga tortiladi. Uning asosiy syujeti va motivlaridagi oʻziga xosliklar hamda jirovning badihagoʻylik mahorati haqida soʻz yuritiladi. Kalit soʻzlar: versiya, variant, doston, syujet, motiv. Аннотация: В статье анализируется каракалпакская версия эпоса «Алпомиш» – вариант Жиемурада Жирова Бекмухаммедова. Рассматриваются особенности его основного сюжета и мотивов, а также мастерство жирова как поэта. Ключевые слова: версия, вариант, эпос, сюжет, мотив. Annotation: This article analyzes the Karakalpak version of the epic poem „Alpomish“ – the variant of Jiyemurad Jirov Bekmukhammedov. The peculiarities of its main plot and motifs, as well as the skill of Jirov as a poet, are discussed. Keywords: version, variant, epic, plot, motif. Turkiy xalqlar millatlarga ajralib, o‘z tili, madaniyati va urf-odatlariga ega bo‘lgani kabi yagona manba asosida shakllangan asarlar ham keyinchalik, har bir xalqning sof milliy asarlariga aylanadi va qadrlanadi. Dostonning hech bir versiyasi bir-biridan ko‘chirilgan va biri ikkinchisining davomi bo‘la olmaydi. Chunki qachonlardir bir qavm, bir elat bo‘lib yashagan va keyingi taraqqiyot davrida alohida millat bo‘lib shakllangan turkiy xalqlar folklori o‘zi mansub millatning belgilarini o‘zida namoyon qiladi. Taniqli folklorshunos T.Mirzayev „Alpomish“ syujetining yaratilishi haqida shunday deydi: „Alpomish“ dostoni variantlarida saqlanib qolgan qadimgi motivlar va tushunchalar olis o‘tmish zamonlarda bobo syujet bo‘lganidan dalolat beradi [2.21]. „Alpomish“ syujetli epik asarlar oʻzbek, qoraqalpoq va qozoq xalqlarida doston shaklida boshqa turkiy xalqlarda esa, kichik nasriy asarlar shaklida yetib kelgan. Qoraqalpoq folklorshunosligida mazkur dostonning sakkiz varianti yozib olingan boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi tomonidan nashr qilingan „Qoraqalpoq folklori“ koʻp tomligidan oʻrin olgan mazkur variantlar ichida Jiyemurad jirov Bekmuhammedov varianti nashr jihatidan qadimiyligi bilan ajralib turadi. 33 Jiyemurad jirov Bekmuhammedov XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan. Hozirgi Toʻrtkul tumaniga qarashli Shoʻraxon qishlogʻida 1836-yili dunyoga kelgan. Yoshligidan jirovchilik hunariga iqtidori boʻlgan Jiyemurad oʻsha paytdagi mashhur baxshi Qazaqbay jirovga shogird tushadi. Buxoro, Samarqand, Surxon atroflarida boʻlib, oʻz iqtidorini namoyish etadi. Keyinchalik Shoʻraxonga qaytib Qoraqalpoq va Xorazamda dongʻi chiqqan jirovga aylanadi [1:37-38]. Jiyemurad jirov Bekmuhammedov tilidan 1896-yilda yozib olinib, 1901-yilda A.Divaev tomonidan Toshkentda bosib chiqarilgan ilk nusxa dostonning keng jamoatchilikka va dunyo folklorshunosligida „Alpomish“ nomi bilan ataladigan turkiy xalqlarning milliy qahramonini tanish va tadqiq qilish imkonini yaratdi. Dostonning Jiyemurod Jirov varianti Divaev tomonidan birinchi marta rus tiliga tarjima va izohlari bilan arab imlosida bosilib chiqqach, turkiy xalqlarning shu nomli epik asari folklorshunoslar uchun tadqiqot obyektiga aylangan. Masalan, professor Hasan Poksoyning Buyuk Britaniya ilm dargohlarida yaratgan dastlabki yirik asari „Alpomish“ Oʻrta Osiyoning oʻzligi rus hukmi ostida“ deb nomlangan boʻlib, mazkur tadqiqot aynan A.Divaev nashri asosida amalga oshirilgan. Tadqiqot natijalari ingliz va turk tillarida kitob holida nashr etilgan (Paksoy H.B. Alpamysh: Central Asian Identityunder Russian Rule. – Hartford, Connecticut First AACAREdition, 1989; Paksoy H.B. ALPAMIŞ Rus Yönetimi Altında Orta Asya Kimliği. AACAR (Orta Asya Araştırmalarını Geliştirme Derneği) Kitap Dizisi. – HARTFORD: Connecticut Birinci AACAR basımı, 1989.) Dostonning ilk nashri haqida oʻzbek folklorshunosligi asoschisi X.Zaripov munosabat bildirar ekan olimning folklorshunos va etnograf sifatidagi faoliyatini yuqori baholagani holda ayrim xatolari haqida ham gapirib oʻtadi: „A.Divaevning ilmiy faoliyatidagi ayrim nuqson va yetishmovchiliklar, hatto toʻgʻridan toʻgʻri xatolar ham koʻzga tashlanishi tabiiy. Masalan „Alpomish“ dostonining toʻrtkoʻllik Jiyemurad jirov Bekmuhammad oʻgʻlidan yozib olingan qoraqalpoq variantini yanglish ravishda qozoq dostoni deb oʻylab, uni 1901-1922-yillarda ikki marta „Аlpomish botir“ nomi bilan nashr etgan“ [3:48]. Ayrim yanglishishlarga qaramasdan A.Divaev juda katta ishni amalga oshirgan edi. Olimning mazkur nashrda berilgan qisqa kirish soʻz qoraqalpoq folklorshunosligida qahramonlik dostonlarini oʻrganishdagi ilk tadqiqoti edi deyish mumkin. „Alpomish“ dostonining Jiyemurat jirov Bekmuhammedov varianti ham boshqa xalq dostonlari kabi nasr va nazmdan iborat. Doston voqealari Jiydeli-Baysun elida boʻlib oʻtadi. Bu elda Boyboʻri va Boysari ikki tengqur boy deb ta’riflanadi. Biroq ularning ikkisi ham befarzand edi. Dostonning boshqa variant va versiyalari 34 kabi farzandsizlik motivi bilan boshlangan syujet voqealari Jiyemurad jirovning badihago‘ylik mahorati va obraz yaratish san’ati bilan uygʻunlashib, yana-da qiziqarli, voqealar bilan rivojlantiriladi. Farzandlar tugʻilmasidan ikki doʻst bir-biri bilan quda boʻlishadi. Dostonda farzandlarning ismini yetti qalandar qoʻygani aytiladi: „Bayboʻri boyning yolgʻiz ulining oti mard Alpomish boʻlsin, qizining oti Qarligʻash boʻlsin. Boysari boyning qizining oti Gulbarchun boʻlsin dedi. Gulbarchun Alpomishning jufti boʻlsin, - dedi“ [4:733]. Farzandlarga ism qoʻyilishi va ularning yetti qalandar tomonidan bir-biriga atashtirilishi, mazkur versiyaning oʻziga xosliklaridan biri sifatida qarash mumkin. Yetti qalandar Alpomishni hamisha qoʻllab kelishi, hatto, Alpomish nomidan poygada qatnashayotgan Qorajon yordam soʻraganda ham unga yordam berish voqealari Alpomishning hamisha pirlar koʻmagida ekanini anglash imkonini beradi. Jiyemurod jirov Boysarining qalmoq yurtiga koʻchish voqeasi sababini koʻpkari voqeasi bilan bogʻlaydi. Koʻpkarida uloqqa talashib, „shayton ishi boʻldi. Ikki quda bir biriga qamchi soldi“. Buning sabababini ulsizlik deb bilgan Boysari qudasidan xafa boʻlib, „Bu yurtlardan boshimni olib ketayin, Boyboʻriga qizimni bermayin, bir solim tuzimni ham bermayin, Bul yolgʻonchi dunyoda Boyborining yuzin koʻrmayin“, - deb olti oy qirq kunlik yoʻl – Toychixonning yurtiga qalmoq muzofotiga koʻchishga qaror qiladi. Xotinining qarshiligiga qaramasdan Gulbarchinni qora nor tuyaga mindirib yoʻlga otlanadi. Boysari qalmoq yurtiga koʻchib borganda Barchin yetti yoshda edi. Oradan yetti yil oʻtgach, Gulbarchin oʻn toʻrt yoshga yetganda voqelar keskin rivojlantiriladi. Barchinning tarifi qalmoqlar yurtida ovoza boʻlgach, unga Toychixon ham, qalmoqlarning pahlavoni Qorajon ham sovchi joʻnatadi. Yuksak aql-idrok sohibasi boʻlgan Barchin mazkur murakkab vaziyatni osonlashtirish va eng muhimi Alpomishning kelishaga umid qilib, qalmoqlardan olti oyga muhlat soʻraydi va poygada oti oʻzib kelganga tegaman, „boshimni bayroqqa qoʻyaman“ deb shart qoʻyadi. Baxshi voqealar rivojini ikkinchi sahnaga olib oʻtadi. Bunda qalmoqqa ketgan yorining izidan yoʻlga otlangan Alpomish bilan bogʻliq voqealar bayon qilinadi. Qultoydan ot soʻrab borgan Alpomishga bobosi uni oʻzi tutib olishi kerakligini aytadi. Dostonning boshqa variantlarida koʻzga tashlanavermaydigan yana bir holat shuki, bunda ot obrazi nihoyatda ustalik bilan tasvirlanadi. Hatto Boychibor odamga oʻxshab fikrlaydi: „…yo meni bir er minar, yo shamol minar, qaysi bahodir meni 35 minsa, quyrugʻimdan tortib turgʻizgan kishi minar. Boychibor ot shu soʻzni koʻnglina ma’qul qilib yurar edi“ [4:737]. Alpomish qalmoq sari Boychiborda yoʻlga chiqqach, baxshi ustalik bilan voqealar rivojini qalmoq eliga olib oʻtadi. Alpomish kelayotganda ot dupurini oldindan sezgan Qorajon „Yo qirda ming qoʻl kelatur yo ming qoʻlgʻa tatiyturgʻan er kelayatur“, deb oʻylaydi va sahroga qarab yoʻl oladi. Qorajon bul dubirni koʻra olmadi, oldi tuman, orti qorongʻi edi. Hatto Qorajonning oti Qara ot ham bir narsadan hadiksiraganday bezovtalanadi. Jirov quyidagi soʻzlari orqali otning emas, ot orqali Alpomishning siyratini tasvirlaydi. Beklar qurgʻan shatir ma? Aldingda jolbars jatir ma? Kelgenler bizden batir ma Ne koʻrding, qara at ne koʻrding? Alpomishning shotirligi, yoʻlbarsga qiyoslanishi va Qorajondan botirligi uni koʻrmagan obrazlar orqali bayon qilinadi. Bu jirovning soʻz san’atini puxta egallagani va badihagoʻylik mahorati yuksakligidan darak beradi. Jirov voqealar rivojini xuddi yozma epik asarlardagi kabi goh, Jiydali-Boysunga, goh qalmoqlar yurtiga olib oʻtadi. Har bir voqeada Alpomishning botirligi, mardligi yuqori pardalarda kuylanadi. Adabiyotlar roʻyxati: 1. Erejepov A. Qorqit ata apsanasi qaraqalpaq jirawshiliq oneri. – Nokis: Bilim, 2024. 2. Мирзаев Т. „Алпомиш“ достони, унинг версия ва вариантлари// „Алпомиш“ – ўзбек халқ қаҳрамонлик эпоси. – Тошкент: Фан, 1999. 3. Мирзаев Т. Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: Shams, 2013. 4. Қарақалпақ фольклоры. 100 томлық. – Нөкис: Қарақалпақстан, 2007.1-8-tom.