scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

JAMOL KAMOL IJODIDA FOLKLORIZM MASALASI

Qarshiyev Komil Abdikarimovich

Full text

36 JAMOL KAMOL IJODIDA FOLKLORIZM MASALASI Qarshiyev Komil Abdikarimovich Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268124 Annotatsiya: Maqolada shoir va mutafakkir Jamol Kamol lirikasida xalq og‘zaki ijodidan badiiy oziqlanish xususida fikr yuritilgan bo‘lib, shoir she’riyatidagi xalqona ohang jilosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tajassumida folklorizmning stilizatsiyalashuvi haqida muxtasar xulosalar chiqarilgan. Kalit so‘zlar: Xalq og‘zaki ijodi, yozma adabiyot, ma’naviyat, ijod, stilizatsiya, xalqona ohang, ritm, janr, vazn, tuyg‘u. Аннотация: В статье рассматривается художественное питание народного устного творчества в лирике поэта и мыслителя Джамала Камала, делаются краткие выводы о блеске народного тона в поэзии поэта, стилизации фольклоризма в воплощении национальных и общечеловеческих ценностей. Ключевые слова: устное народное творчество, письменная литература, духовность, творчество, стилизация, народный тон, ритм, жанр, метр, чувство. Abstract: The article examines the artistic nourishment of folk oral art in the lyrics of the poet and thinker Jamal Kamal, making brief conclusions about the brilliance of folk tone in the poet's poetry, and the stylization of folklore in the embodiment of national and universal values. Keywords: oral folk art, written literature, spirituality, creativity, stylization, folk tone, rhythm, genre, meter, feeling. Adabiyotshunoslik ilmida muayyan ijodkor o‘z asarlarida folklor namunalaridan ijodiy foydalanishi, oziqlanishi, uni ilhomlantiruvchi manba sifatida baholashi folklorizm deb ataladi. „Folklorshunoslik ilmida shoir va yozuvchilar tomonidan xalq maqollarining asar matnida keltirilishi folklorizm deb ataladi. Bu holat ijodkorning xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan munosabati ijobiy ekanini tasdiqlaydi“[9:40]. Shu tarzda yozma adabiyotga og‘zaki adabiyot ijodiy tamal toshi funksiysini o‘taydi. Buni O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol she’riyati asosida tahlil etamiz. Shoir va mutafakkir Jamol Kamol ijodi mumtoz va zamonaviy adabiyotning tutashgan nuqtasida vujudga kelganday taassurot qoldiradi. Sababi, ijodkor lirikasining janriy qiyofasida, mavzu olamida, g‘oyaviy levtmotivida klassik va zamonaviy tasvir pafosi uyg‘unlik kasb etgan. Ammo bu ikki tipik holatni birlashtiruvchi yana bir jihat borki, u shoir lirikasining xalqona ohang jilosida mujassamlashgan. Xalqona ohang tarovati esa bevosita folklorizm elementlaridan bahramandlik natijasida shakllangan. 37 Jamol Kamol ijodida xalq og‘zaki poetik ijodi bilan lirik vobastalikda tug‘ilgan ayrim janr namunalari uchraydi. Bunga „Asr bilan vidolashuv“ to‘plamidagi to‘rtta badiha, bitta bebokcha muxammasi va xalq qo‘shiqlari ohangidagi she’rlari, murabba’lari misol bo‘ladi. Shoir xalq dostonlarini yoshligidan tinglaganini quyidagicha xotirlaydi: „Onam ham kitobxon ayol edi. Ayollar davrasida „Ravshanxon“ni o‘qirdi. Men o‘shanda, chamasi, to‘rt-besh yoshar bola, uning pinjiga suqilib, berilib eshitardim“[4:58]. Shuningdek, shoirning „Usmon Nosir“ nomli marsiya mazmunidagi she’riga quyidagi xalq qo‘shig‘ining epigraf qilib olinishida ham folklorizm mavjud: Payg‘ambarning o‘n bir o‘g‘li bor edi, O‘n biridin Shoyusuf gulzor edi. Shoyusufni ovga olib chiqdilar, Chohga tashlab, bo‘ri yedi, – dedilar. Onasi yig‘lab chiqdi choh boshiga, Yetti daryo mavj urar ko‘z yoshiga. [2:13] Ijodkorning she’riyatida xalq og‘zaki ijodidan vazn, ohang, xalqonalik va g‘oyaviy jihatdan oziqlanish qirralari mavjud, ammo formal-struktural ergashish yetakchilik qilmaydi. Jamol Kamolning „Qumri“ she’ridagi „Qumri qiz“ obrazi xalq ertaklari yoki dostonlaridagi qahramonlar singari ta’rif-u tavsif qilingan: Shom og‘ar, shabnam yonar, Bog‘larda bo‘y taratib, Qumri qiz sigir sog‘ar Chelakni jaranglatib. Nayza-nayza kipriklar Quyilar pok va ma’sum. Dudoqlardan to‘kilar Ham otash, ham tabassum. Shox tashlab izma-keyin Uchishar qaldirg‘ochlar, Qiz kular sirli, mayin Silkinar suluv sochlar …[1:31] She’rdagi yengil xalqona ohang, yetti bo‘g‘inli, 3 + 4 = 7 qolipidagi turoq va turkumlanish Jamol Kamol poetik olamining badiiy ildizi xalq og‘zaki ijodidagi 38 an’anaviy tasvir metodlaridan oziqlanishini ko‘rsatadi. She’rda xalq qo‘shiqlarida keng qo‘llaniladigan sintaktik parallelizm hodisasi mavjud: Tokchadagi qaychini Zang bosibdi yor-yor, Yangi tushgan kelinni Gʻam bosibdi yor-yor. Mazkur qo‘shiqdagi „qaychini zang bosishi“ va „kelinni g‘am bosishi“ hodisasi vazn, ritm va ohang talabi bilan yonma-yon tasvirlangandek, ammo uning zamirida „Temirni zang yeydi, odamni – g‘am“ maqolining ma’nosi yashiringan. Xuddi shunday Jamol Kamol ijodiga mansub yuqoridagi she’rning oxirgi bandida „shox tashlab izma-iz uchishayotgan qaldirg‘ochlar“ va „qizning kulishidan sirli, mayin silkinayotgan, suluv sochlar“ sintaktik parallelizm hodisasi yordamida yonmayon tasvirlangan, ammo buning tag zamirida yashirin tashbeh qo‘llanilgan, ya’ni qaldirg‘och qanotlaridagi tim qoralik, Qumri qiz sochidagi tim qoralikka, qaldirg‘ochning keskin uchish harakati, qiz sochidagi keskin tushib-ko‘tarilishga zimdan mengzalgan. Ko‘rinadiki, shoir „Qumri qiz“ she’rida xalq qo‘shiqlariga xos tasvirni, ifodaviy shaklni o‘ziga xos badiiy bezakli uslubda qayta ishlatgan. Bunda xalq qo‘shiqlarining yetakchi poetik xususiyatlari aynan saqlab qolinmagan, balki unga yangicha badiiy talqin qo‘shilgan. Xalq og‘zaki ijodiga xos vazn, qofiya, tasvir usuli, ritm va motiv, obrazlarni yozma adabiyotda formalstruktural jihatdan qayta badiiy kashf etish poetik stilizatsiya deyiladi. Poetik stilizatsiya hodisasini Jamol Kamolning muxammaslaridagi paremeologik birliklarning individual uslub talabi bilan qayta ishlangan variantlashuvida ham kuzatish mumkin. Bunda ijodkor nutqqa, umuman, badiiy matnga tayyor, o‘zgarmaydigan qolipda olib kiriladigan xalq qadriyatlari, xususan, iboralarni stilizatsiyasini hosil qiladi. Masalan, shoirning Gʻazo sektorida uzoq yillardan buyon to‘xtamayotgan Isroil – Falastin o‘rtasidagi qonli urushdan ta’sirlanib, falastinlik go‘dak misolida urushning vayronagarchiliklari, dunyodagi siyosiy vaziyatga o‘z munosabati bayon qilgan muxammasida janrning muayyan darajadagi poetik transformatsiyasi bilan birga frazeologizmlarning ham stilizatsiyalashishini ta’minlagan: Yoqdi jonimni o‘shal ma’yus yuzingda iltijo, Mo‘ltirab yoshlarga to‘lguvchi ko‘zingda iltijo, Titraguvchi lablaring, unsiz so‘zingda iltijo, Gar yiroqdin bo‘lsa ham bag‘rimga bosgayman seni, 39 Qahramonim deb ko‘zim oqiga yozgayman seni [5:62]. Daslabki uch misradagi „iltijo“ radifi lirik qahramonning emas, urush qurboni – falastinlik norasida iltijosi bo‘lib, muxammasdagi fikr qaytarig‘ini, mavzuning bosh g‘oyasini o‘zida umumlashtirgan. Shoir oldingi bandda „manglayi qon“ degan yangilangan, variantdosh iboradan foydalangan bo‘lsa, bu bandda „bag‘rimga bosgayman“ degan o‘zbek tilidagi mavjud iboradan va „ko‘zim oqiga yozgayman“ degan yangi iboradan foydalangan. Ma’lumki, o‘zbek tilida „ortiq darajada qadrlab, e’zozlab saqlash“ ma’nosidagi „ko‘z qorachig‘iday asrash“ iborasi mavjud, ammo „ko‘zim oqiga yozgayman“ degan somatik ibora faqat Jamol Kamol asarlari leksikasiga taalluqli. Bu frazeologik birliklar orqali shoir o‘z asarining poetik jozibadorligi va leksik boyoqdorligini folklorizm elementlari vositasida namoyon qilgan. Demak, Jamol Kamol she’riyatida yengil, xalqchil ohang, quyma satrlarning vazn tarovati, sodda va ravon sintezlanish, milliylik kabilarning ravnaq topishida xalq og‘zaki ijodining ta’siri mavjud. Shuningdek, shoir ijodi xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot, jahon adabiyoti va zamonaviy she’riyatning ba’zi lirik xususiyatlarini o‘zida muassam etgan universal she’riy shakllar mavjud. Bunga shoir ijodining salmoqli qismini tashkil etgan muayyan janrning badiiy qonuniyatlarini o‘zida to‘la mujassam etmaydigan universal sinkretik lirikasi kiradi. Masalan, „Tun. Bog‘imda kezaman“, „Tun chorlaydi“, „She’riyat“, „Lubumba qo‘shig‘i“, „Durdona“, „O‘zbekiston tuni“, „Ulfatlarim“ va „Otamga xat“, „Futbol“, „Dengizga“, „Qasrlar“, „Chinor“, „Sarflanmagan yurak“ kabi she’rlar shular jumlasidandir. Universal she’rlar miqdori shoir ijodida klassik janrdagi asarlardan keyingi o‘rinda turadi. Bunday she’rlarning asosiy poetik jozibasini xalqona ohang ustuvorligi musiqiy ritmning jilosi hosil qilgan. Adabiy turlar ham, janrlar ham hech vaqt sof holda, ya’ni aniq badiiy qonuniyatlarni bir xil chegaradagi poetik o‘lchamlarda ifodalagan ko‘rinishda uchramaydi. Shuning uchun bir janrning xususiyatlarini ikkinchi bir janr tabiatida ko‘rish mumkin. Bu esa adabiy tur va janrlar o‘rtasiga devor tortish mumkin emasligini namoyon etadi va shu xususiyati bilan poetik transformatsiyani hosil qiladi. Shu nuqtayi nazardan, shoir she’riyatidagi mumtoz aruziy ohang bilan yo‘g‘rilgan o‘ynoqi so‘zlar, g‘azaldagi an’anaviy oshiq, ma’shuq va raqib timsollari, musammat poetikasiga oid ayrim shakliy unsurlar barcha turkumdagi she’rlarida ko‘chib yurish xususiyatiga ega. 40 Xullas, Jamol Kamol she’riyatidagi mumtoz, jahoniy, og‘zaki va sinkretik janrlarning vujudga kelish asosi va genezisini belgilashda folklor adabiyoti birlamchi xarakter kasb etadi. Negaki shoirning yoshligida eshitgan ertagi-yu dostonlari uning qalbida badiiy adabiyotga oshuftalikni uyg‘otgan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. I жилд. Аср билан видолашув. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2018. 2. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. II жилд. Ёнаётган дала. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2018. 3. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. III жилд. Абадият остонасида. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2018. 4. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. IVжилд. Шеър санъати. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2018. 5. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. V жилд. Анвармирзо ҳикоятлари. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2018. 6. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. VI жилд. Булбулнома. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2018. 7. Жамол Камол. Сайланма. Етти жилдлик. VII жилд. Шайхурраис. –Тошкент: Ғ.Ғулом, 2022. 8. Xacaнов Ш. Истеъдоднинг рангин жилолари. Шарқ юлдузи. 2019 йил. 1-сон. 9. Madayev O., Sobitova T. Xalq og‘zaki poetik ijodi. – Toshkent: Sharq, 2010. 10. Назарова Д. Жамол Камол шеърияти поэтикаси. Филология фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) диссертацияси. – Бухоро, 2021. 11. Qarshiyev K.A. Jamol Kamol she’riyatida janrlar va shakllar rang-barangligi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. – Samarqand, 2022. 12. Akramova S.R. Jamol Kamol she’riyatida tojikcha-o‘zbekcha leksemalarning leksik-semantik xususiyatlari. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. – Buxoro, 2023. 13. Hakimov M.M. Jamol Kamol ijodining mavzu ko‘lami va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. – Toshkent, 2024. 14. https://fayllar.org/o‘zbek-xalq-qo‘shiqlari.html.