O'ZBEK XALQ ERTAKLARINING O'RGANILISHIGA DOIR (SH.TURDIMOV TADQIQOTLARI MISOLIDA)
Full text
41 O‘ZBEK XALQ ERTAKLARINING O‘RGANILISHIGA DOIR (SH.TURDIMOV TADQIQOTLARI MISOLIDA) Allambergenov Hamza Kamalovich Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268135 Annotatsiya. Ushbu kichik tadqiqot ishida o‘zbek xalq ertaklarining o‘rganilishi va unda folklorshunos olim Shomirza Turdimov tadqiqotlarining tutgan o‘rni, „Hikmat xazinasi“, „O‘zbek mifologiyasi va folklori“ kitoblaridagi talqin o‘ziga xosligi yoritilgan. Muallifning o‘zbek mifologiyasi, mifologik obrazlar, xalq ertaklari hamda mifning mohiyati, uning folklor janrlari tarkibidagi badiiy funksiyasi qatorida ashula, doston va marosim folklori janrlari haqidagi uzoq yillik kuzatishlari, qarashlari o‘z aksini topganligi ochib berilgan. Kalit so‘zlar: xalq ertaklari, obrazlar, ramz, Sh.Turdimov, „Hikmat xazinasi“, „O‘zbek mifologiyasi va folklori“ kitoblari. Abstract. This article covers the study of Uzbek folk tales and the role of folklorist scholar Shomirza Turdimov’s research in it, the uniqueness of interpretation in the books “Treasury of Wisdom” and “Uzbek Mythology and Folklore”. Along with Uzbek mythology, mythological images, folk tales, and the essence of myth, its artistic function within folklore genres, the author’s long-term observations and views on the genres of song, dastan, and ritual folklore are reflected. Keywords: folk tales, images, symbol, Sh. Turdimov, “Treasury of Wisdom”, “Uzbek Mythology and Folklore”. Аннотация. В данной статье рассматривается изучение узбекских народных сказок и роль исследований фольклориста Шомирзы Турдимова, а также особенности интерпретации в книгах «Сокровищница мудрости» и «Узбекская мифология и фольклор». Раскрыты многолетние наблюдения и взгляды автора на узбекскую мифологию, мифологические образы, народные сказки и сущность мифа, его художественную функцию в фольклорных жанрах, а также на жанры песни, эпоса и обрядового фольклора. Ключевые слова: народные сказки, образы, символ, Ш. Турдимов, книги «Сокровищница мудрости», «Узбекская мифология и фольклор». Ertaklar xalqning uzoq asrlik an’analari, urf-odatlari, orzu-armonlari, dunyoqarashi, tarixini o‘zida aks ettiruvchi badiiy tafakkur mahsuli. Unda shu janr yaratuvchisi bo‘lgan elning yashash tarzi, tevarak-javonib haqidagi o‘y-mulohazalari, olamni anglash jarayoni, ezgulikning yovuzlik ustidan, albatta, g‘alaba qilishi, ezgulik yo‘ldoshi bo‘lgan qahramonlarning oxir-oqibatda murod-maqsadlariga yetishi o‘zining badiiy in’ikosini topadi. Ertak – umumbashariy janr bo‘lganligidan turli xalqlar ertaklarida bir xil yoki bir-biriga o‘xshash sujetlar, detal va obrazlar uchraydi. Zero dunyoning barcha xalqlarida yaratilgan ertaklarni birlashtiruvchi umumiy qonuniyat ularda insonparvarlik, mehnatsevarlik, Yaratganga ishonch, do‘stlik, vafo, sadoqat kabi ezgu
42 g‘oyalar va fazilatlarning mushtaraklik kasb etishidir. Shu bois ajdodlardan avlodlarga og‘zaki tarzda nasriy hikoya qilish orqali o‘tib kelingan, qiziqarli va turfa sujet yo‘nalishlariga, motivlarga ega bo‘lgan, voqealar asosan, sehrli-fantastik yo‘sinda, ba’zan maishiy xarakterda, hayotiy hodisalar haqida hikoya qilinadigan, odamzodning dunyoni anglash bilan bog‘liq tasavvurlarini o‘zida jamlagan og‘zaki ijod janri barcha davrlarda muhim ma’naviy-ma’rifiy tarbiya quroli vazifasini bajarib kelgan. Shu ma’noda, xalq ertaklarining namunalarini to‘plash, nashr etish, ularni chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish, badiiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rnini belgilash, mavjud moddiy va ma’naviy mulkni kelajak avlodlarga to‘la yetkazish bugungi kunning dolzarb masalalaridan. Ertaklarga qiziqish, unga munosabat bildirish turkiy adabiyotshunoslikning qadim davrlariga borib taqaladi. Mazkur janr qadimiyligini qomusiy olim Mahmud Koshg‘ariyning „Devonu lug‘otat turk“ asaridan ham bilish mumkin. Asarda muallif „ertak“ atamasini „etuk“ tarzida qo‘llaydi: „Etuk – hikoya, ertak; biror maqsadni shohga bildirish, hikoya qilish uchun ham bu so‘z qo‘llanadi. Asli bir narsani hikoya qilishdan olingan“[1:98]. Jahon folklorshunosligi, xususan, o‘zbek folklorshunosligida ham xalq ertaklarini o‘rganish, uning tasnifini yaratish, obrazlar tag zamiridagi ma’nolarni kashf etish, genezisi, shakllanishi va rivojlanishi, tipologiyasini aniqlash borasida bir qator yutuqlarga erishilgan. Bu yo‘lda, ayniqsa, B.Karimov, M.Afzalov, G‘.Jalolov, G‘.Jahongirov, K.Imomov, J.Yusupov, M.Jo‘rayev, Sh.Turdimov, J.Eshonqulov, Z.Rasulova kabi olimlarning xizmatlarini, amalga oshirgan ilmiy tadqiqot ishlarini alohida ta’kidlash joiz. Xalq ertaklari talqinida, so‘zsiz, filologiya fanlari doktori, professor Shomirza Turdimov tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega. Xususan, 2016-yilda chop etilgan „Hikmat xazinasi“[2:280], 2025-yilda nashr qilingan „O‘zbek mifologiyasi va folklori“ [3:324] kitoblarida ertak janri va uning obrazlari bilan bog‘liq qimmatli ilmiy mulohazalar bildirilgan. Masalan, „Hikmat xazinasi“ tarkibidan joy olgan „Borsa kelmas“dagi xazina“da ustoz folklorshunosning ertak haqidagi ajoyib ta’rif va talqinlari joy olgan: „Ertak ezgulikka yo‘g‘rilgan. U chanqoq ruhni tiriklik suviday yashnatish quvvatiga ega. Ertaklarsiz hayot o‘z fayzini yo‘qotishini barcha birdek anglamaydi. Ertak unutilgan joyda yovuzlik hukmi bosim kelaveradi. Ertak qafasdagi ruhni o‘z erkiga qaytara biladi, asli mansub hududga olib chiqa oladi. Ertaklar ruhning Asl dasturidan ulgu olib, unga ozuqa beruvchi o‘ng quvvat shohtomiriga chambarchas bog‘langan“[2:3]. Shuningdek, ramz – timsol atamalarining mohiyati ochiqlangan, „Tuxumboy va Buyrakboy“, „Cho‘loq bo‘ri“ ertaklari tahlili vositasida
43 ulardagi qahramonlar anglatgan tub ramziy ma’nolar o‘ziga xos tarzda ochib berilgan. Xususan, og‘zaki ijod namunalariga xos bo‘lgan qayta tirilish, hayot daraxti, sinov motivi, uch aka-uka, uch yo‘l, bo‘ri, ruh – jon – tan kabi masalalar yuzasidan „turdimovona“ qarashlarni kuzatamiz. Masalan, olim uch aka-ukalar obrazi haqida fikr bildirar ekan, ularda insoniyatni azal-azaldan qiynab kelayotgan, turli dinlar, doktrinalar, fan va boshqa ta’limotlarning bosh mavzusi hisoblanmish – inson, uning vazifalari, tan, ruh va jonning bu jarayondagi o‘rni haqidagi savollar, bahs-munozaralarga o‘z munosabatini bildirgan. Uch aka-uka – insonning ruhiy olami, ongida kechuvchi murakkab kamolot bosqichlarining ramziy-timsoliy ifodasi ekanligini, katta aka maqomida qolgan odam xizmatkor bo‘lib (ertakda kallapazga (oshpazga) qolaverishi, u yeyish, ichish, nasl qoldirish uchun yashayotgan, tana quliga aylangan odam kechinmalari, o‘y-u amali, ongi, darajasining timsoli sifatida namoyon bo‘lishi, borgan manzili – hammomda go‘lax bo‘lib qolgan o‘rtancha akaning sa’y-harakatlari esa ruhni emas, tanni tozartishga xizmat qilganini asoslaydi. Kenja shahzodaning yo‘li – ilohiyot yo‘li sifatida kamolot sari ruhiy safarga chiqqan shaxs timsolini ifodalashi, u ko‘zlagan manzil, avvalo, tilla qush – ruhiy bilimga bog‘lanish imkonini berishi ochib berilgan. Ertakda bo‘ri ruhiy ustoz, piri komil obrazini o‘zida gavdalantirishi, uning barcha harakatlari Koshifiyning „Futuvvatnomai sultoniy“ asarida sanalgan shayx fazilatlariga uyg‘un kelishi isbotlangan. Olim shu o‘rinda kitobxonda bo‘rining nega cho‘loqligi borasida tug‘iluvchi savoliga ham asosli javob berib keta olgan. Ya’ni bo‘rining cho‘loqligi bu – „pirning avom nazdida aybli ko‘rinishiga ishoradir. Omma xosning xattiharakatlarini to‘g‘ri anglay olmaydi. Xosni anglash uchun esa uning cho‘loqligini unutish lozim“. Shomirza Turdimovning 2023-yilda chop etilgan „O‘zbek mifologiyasi va folklori“ kitobi o‘zbek folklorshunosligining so‘nggi yillardagi yana bir muhim yutug‘i bo‘la oldi. Kitobda muallifning o‘zbek mifologiyasi, mifologik obrazlar, xalq ertaklari hamda mifning mohiyati, uning folklor janrlari tarkibidagi badiiy funksiyasi qatorida ashula, doston va marosim folklori janrlari haqidagi uzoq yillik kuzatishlari, qarashlari o‘z aksini topgan. Kitobning „O‘zbek mifologiyasi“ deb nomlangan bo‘limida folklorshunoslikdagi miflarning tasnifi, borliqning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi „Temirqoziq“, „Ang(k)ur bilan Tang(k)ur“, „Olanqasar pahlavoni“ afsonalari hamda „Tuxumboy bilan Buyrakboy“ ertagi mifologik tahlillangan. O‘zbek mifologik afsonalari va tasavvurlari tizimida quyosh, oy, yer inson sifatida anglangani kabi barcha osmon yoritqichlari yerdan osmonga ko‘tarilgan odam, turli jonzot va narsa-buyumlar tarzida talqin etilishi ochib berilgan. Osmondagi yulduzlar
44 – Yetti qaroqchi bilan Oqbo‘zot, Ko‘kbo‘zot, Qambar, Hulkarlar va boshqa samoviy yoritqichlarning o‘zaro munosabati butun borliqning asosini tashkil etuvchi EZGULIK hamda YOVUZLIK kuchlari orasidagi uzluksiz kurashning kosmik ko‘lamdagi mifik talqinlari sifatida qaralmog‘i kerakligi ta’kidlangan. Dunyo mifologiyasida yer yuzida hayotning qanday paydo bo‘lganligi haqidagi savolga tiriklik tizimining mukammal timsollarga egaligi, tadrijiylikni aniq ramziy obrazlarda ifodalashi bilan alohida ajralib turadigan hamda asl mifologik shaklidan uzoq ketmagan „Tuxumboy bilan Buyrakboy“ ertagi misolida ham izohlash mumkinligi isbotlangan. Navro‘zdan oldin keluvchi olti kunlik qattiq sovuq kunlarga aloqador holda yuzaga kelgan „Ayamajuz“ bilan afsona va e’tiqodlarga munosabat bildirilgan. Shuningdek, folklor namunalari hamda xalq orasidagi afsonalarda haligacha yashab kelayotgan Olanqasar, Ankur-Tankur, Alvasti, Qorabosti, Olabo‘ji, Ozitqi, Yetma, Qidir (Xizr), Chiltanlar, Asqartog‘, Doroko‘z, Temirtirnoq, Ro‘yitan, pari, g‘oz, o‘rdak, qarg‘a obrazlari bilan qarashlar tahlil qilingan. Jumladan, Doroko‘z (bir ko‘zli) obrazi haqida so‘z yuritilar ekan, uning Temirtirnoq va Ro‘yitandan farqi, xalqimiz orasidagi mazkur obraz bilan bog‘liq mavjud ikkita manba (biri 1982yillarda Qo‘shrabot tumani Qo‘shtamg‘ali qishlog‘idan (yozib oluvchi Sh.Turdimov) va ikkinchisi 1982-yilda Mang‘it shahrida yashovchi Shukurullo Yusupovdan (yozib oluvchi S.R.Ro‘rimboyev) yozib olingan afsonalar)ni keltirib, ularni atroflicha tahlil qiladi. „Doroko‘z“ va „Yakkako‘z“ afsonalaridagi dunyo mifologiyasida bir ko‘zli – sikloplar bilan bog‘liq mifologik tasavvurlarga, unga xos an’anaviy sujet va qo‘shimcha motivlarga uyg‘un xususiyatlarni hamda ba’zi unutilgan yoki xira tortgan tasvirlarni sanab ko‘rsatadi. Kitobning „O‘zbek xalq ertaklari“ tadqiqiga bag‘ishlangan bo‘limida asosan, xalq ertaklarining tasnifi va ularning o‘ziga xos xususiyatlariga urg‘u qaratilgan. Muallif ertaklar asosida yotgan uydirmaning davr e’tibori bilan tashkil topgan vaqti, o‘rni, uning real haqiqatga bo‘lgan munosabati, bayon usuli, obrazlar tizimi va badiiy aks ettirish prinsiplariga ko‘ra janr namunalarini hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli ertaklar va maishiy ertaklar tarzida tasniflaydi, shuningdek, hayvonlar haqidagi ertaklarni shakl va mazmuniga ko‘ra ikki turga: sof hayvonlar haqidagi ertaklar va majoziy ertaklarga ajratadi. „Echkining o‘ch olishi“ ertagi misolida sof hayvonlar haqidagi ertaklarning nisbatan qadimiyligi, hayvon-personajlar harakati va munosabati tasviri orqali xalqning qadimiy dunyoqarashlari aks etishiga diqqat qaratadi. Majoziy ertaklar esa hayvonlar haqidagi ertaklar zaminida vujudga kelib, tanqidiy vazifani ado etishga yo‘naltirilganligi, bir vaqtlar totem sanalgan hayvonlar ijtimoiy-siyosiy mazmunni aks ettiruvchi ko‘chma ma’nodagi personajlarga aylanishi
45 va bunday ertaklarning g‘oyaviy mazmuni, obrazlari talqinida majoz asosiy o‘rinda turishi, shu bois ma’rifiy ahamiyati kattaligi hamda bolalar tarbiyasida muhim o‘rin tutishi ko‘rsatilgan. Voqea-hodisalar odatdan tashqari, g‘ayritabiiy holda tasvirlanadigan sehrli ertaklarda yetakchi obrazlar, personajlarning xatti-harakatlari sehr-jodu, mo‘jizalar dunyosida ro‘y berishi va tilsim alohida o‘rin tutishi, bu esa ertak voqeligini qiziqarli, tinglovchi aqliga ta’sirchan ko‘rsatish barobarida, xalqning olam, odam, jamiyat, tabiat qonuniyatlari haqida quyma xulosalarni ramziy, timsoliy ifodalab berishi „Cho‘loq bo‘ri“ ertagi misolida ochib berilgan. Voqelik tasviri real hayotdan uzoqlashmaydigan va xalqning kundalik turmush tarzi bilan bevosita bog‘liq turli holatlar, vaziyatlar, omma nazarida tasvirlanadigan ertaklar hayotiymaishiy ertaklar sifatida baholangan. Hayotiy ertaklar qahramonlariga sehrli ertaklardagi kabi g‘aroyib yordamchilar ko‘mak ko‘rsatmasligi, aksincha ular o‘zining aql kuchi, tadbirkorligi, chidami, jasorati, iroda kuchi, yaqinlariga vafosi, sadoqati, adolat tomonida turib kurashishi evaziga g‘olib kelishi ko‘rsatilgan. Umuman, xalq ertaklarini folklorshunoslik ilmining so‘nggi zamonaviy yutuqlari asosida o‘rganish, xalqimiz ma’naviy tafakkuri rivojida tutgan o‘rnini belgilash, obrazlari va motivlari genezisi, tipologiyasi, o‘ziga xosligi kabi jihatlarni aniqlash borasidagi ishlarni samarali davom ettirish soha oldidagi muhim vazifalardandir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Маҳмуд Қошғарий. Девону луғотит турк. Уч томлик, I том. Таржимон ва нашрга тайёрловчи С.М.Муталлибов. – Тошкент: Фан, 1960. 2. Турдимов Ш. Ҳикмат хазинаси. – Тошкент: O‘zbekiston, 2016. 3. Турдимов Ш. Ўзбек мифологияси ва фольклори. – Тошкент: ILM VA FAN, 2023.