scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

HAYRATIY SHE'RIYATIDA QO'LLANGAN BADIIY TASVIR VOSITALARI

Abdullayeva Manzura Nasibullo qizi

Full text

73 HAYRATIY SHE’RIYATIDA QO‘LLANGAN BADIIY TASVIR VOSITALARI Abdullayeva Manzura Nasibullo qizi Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Namangan davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268169 Annotatsiya. Ushbu kichik tadqiqot ishida Shoir Hayratiy she’riyatida qo‘llangan badiiy tasvir vositalari alliteratsiya, antiteza, antonim, sinonim, takrorlar, o‘xshatishlar, apastrofa, anafora va metaforalar haqida ma’lumotlar keltirilgan. Kalit so’zlar. G‘azal, ruboiy, muxammas, musaddas, fard, masnaviy, bayt, misra, uslub, ohang, takror, o‘xshatish, ko‘chim, ramz, she’riy san’at, ohangdoshlik. Annotattion. In this small research study, information is provided about the artistic imagery used in the poetry of Shoir Hayratiy, such as alliteration, antithesis, epithet, synonym, repetitions, similes, apostrophe, anaphora, and metaphors. Keywords. Ghazal, rubai, mukhammas, musaddas, fard, masnavi, bayt, misra, tone, repetition, simile, figurative expression, symbol, poetic art, harmony. Аннотация. В данной небольшой исследовательской работе представлены сведения о художественных изобразительных средствах, использованных в поэзии Шоир Хайратия, таких как аллитерация, антитеза, эпитет, синоним, повторы, сравнения, апострофа, анафора и метафоры. Ключевые слова. Газель, рубаи, мухаммас, мусаддас, фард, маснави, байт, мисра, интонация, повтор, сравнение, переносное значение, символ, поэтическое искусство, созвучие. Biz dastavval shoirning hayoti va ijodiga munosabat masalasiga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Umrzoq Hayratiy o‘smirlik chog‘laridan boshlab, to umrining so‘ngigacha tinimsiz she’r yozish bilan shug‘ullangan. Namangan ijodiy muhitining zabardast qalamkashi sifatida milliy uyg‘onish davri adabiyotiga munosib hissa qo‘sha olgan. Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining katta ilmiy xodimlari Rahmat Majidiy, Muhammadjon Hakimov va Fathulla Gʻanixo‘jayevlar bundan qariyb oltmish yillar muqaddam Namanganga uyushtirgan ilmiy-ijodiy safarlari davomida Hayratiyning bir necha noma’lum she’rlarini topishga muyassar bo‘ldilar. 1969-yilda Qo‘qondagi Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot muzeyining ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Ahmadjon Madaminov Hayratiyning „Bayoz“ini qo‘lga kiritdi [1:16] 1910-yilda ko‘chirilgan bayozning yana bir qo‘lyozma nusxalarining 1218 varaqlarida Hayrat she’rlari Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Mashrab, Muqimiy, Furqat, Nodim, Xilvatiylarning asarlari qatorida berilgan. 1895-yilda tuzilgan bayozdan ham she’rlari o‘rin olgan. 1982-yilda nashr etilgan „Asrlar nidosi“ majmuasiga bir dasta g‘azal, muxammas va ruboiylari kiritilgan. [1:24] Shuningdek, 74 „Guliston“ hamda „Mehnat va turmush“ jurnallarining o‘tgan asrning 70-yillaridagi sonlarida ham shoir nazmidan bir sahifali namunalar berilgan. Viloyatimizdagi „Namangan haqiqati“ va „Mash’al“ gazetalarida esa bir necha bor Hayratiy haqidagi muxtasar maqolalarga ilova tarzida g‘azal, masnaviy, muxammas, ruboiy va fardlari bosilgan. Yana mumtoz adabiyot ixlosmandi Sodiq Sayhunning shaxsiy arxivida shoirning turli yillarda qo‘lyozmalardan ko‘chirib, mashinkalangan asarlari saqlanadi. Ilmiy tadqiqotimizda imkonimiz doirasida ularning har birini o‘rganishga, tilshunoslik nuqtai nazaridan tahlilga tortishga urindik. Milliy uyg‘onish davri namoyandasi shoir Umrzoq Xolboy o‘g‘li Hayratiy adabiy-badiiy merosining lingvopoetik va lingvomadaniy xususiyatlarini o‘rganish borasidagi izlanishlarimiz yuqoridagi tamoyillarga bevosita daxldor. Har bir qalam sohibining badiiy so‘z san’atini yaratishdagi mahoratini faqat til boyligidan qay yo‘sinda foydalana olish imkoniyatiga egaligi ko‘rsatib turadi. Bu esa, o‘z navbatida, adabiyotshunoslik va tilshunoslikning uzviy birligini anglatadi. „...yozuvchi xilma-xil insoniy xarakterlarni tadqiq qilib, jamiyat rivojiga yordam beradigan salmoqli haqiqatlarni kashf qiladi, – degan edi O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov. – Biroq bularning hammasi adabiyotda til orqali ro‘yobga chiqariladi“ [3:30]. Demak, ijodkor tafakkur olami – tilda, uning so‘z aytish iqtidori va mahoratida yorqin namoyon bo‘ladi. So‘z badiiy san’atning sehrli quroliga aylangandagina inson ongi va qalbiga kuchli ta’sir o‘tkaza oladi. Shu jihatdan qaraganda, tilshunoslikning tahlil matni – adabiy asarlar hamisha katta qimmatga egadir. Zukko olimlarimiz badiiy matnni yetti turga ajratishgan. „Lekin, – deb yozadi Ma’rufjon Yo‘ldoshev, – ushbu turlarning faqat bittasi asosida shakllantirilgan badiiy matnni kamdan kam hollarda uchratish mumkin. Badiiy asar tarkiblanish jihatidan ham, mazmun jihatidan ham o‘ta murakkab tuzilishga ega bo‘lganligi bois, unda matnning barcha mazmuniy turlarini yoki ma’lum bir turining ayrim xususiyatlarinigina uchratish mumkin“ [3:15]. Biz tadqiq qilgan shoir Hayratiyning nazmiy bitiklari to‘laligicha badiiy matndir. Ayni paytda, uning har bayti-yu, har satri lingvopoetika va lingvomadaniy ifodali so‘zlardan tartiblangan, tilshunoslik jihatidan yondashsak, barcha she’rlari badiiy yozma nutq sanaladi. Shuning uchun badiiy nutqning o‘ziga xos qator uslublarini o‘zlashtirgani sabab mazmundor va ta’sirchan ekanini osongina anglab yetamiz. Uning she’rlarida his-hayajon uyg‘otuvchi ta’sirchan so‘zlar o‘rni-o‘rnida keladi. Hatto takror so‘zlari ham ma’noni chuqurlashtirishga, o‘quvchi idrokini teranlashtirishga xizmat qiladi. Ortiqcha jimjimadorlikdan xoli badiiy tasvir 75 bo‘lishiga qaramay, xayoliy tasavvurlarga hayotiy haqiqatlar eng munosib so‘zlar bilan singdirib yuborilgan. „Odatda, she’riyatda badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalaniladi. Natijada ta’sirchanlik birinchi planga chiqadi. Ohangdor, jozibador birliklar ko‘p qo‘llaniladi. Tasvirlanayotgan voqelikda uyg‘un bir musiqa, ichki bir garmoniya sezilib turadi. Insonni ruhan to‘lqinlantirish, yig‘latish, kuldirish, xayolot olamiga yetaklash, o‘yga cho‘mdirish, estetik tafakkurini shakllantirish, voqea-hodisalarga teran, boshqa nazar bilan boqishga o‘rgatish ko‘plab imkoniyatlarni o‘zida mujassam qilgan bo‘ladi“ [4:29]. Muhokama. Shoir tilning badiiy tasvir vositalaridan samarali foydalanishga harakat qilgan. Ular asosan quyidagilar ekanini aniqladik: Misralar, undagi so‘zlar boshida bir xil undosh tovushlarni bir necha tartibda takror qo‘llab, alliteratsiyalar yaratgan; g‘azal, murabba, muxammas, musaddas, masnaviy, ruboiy va fardlarida birbiriga zid ma’noli so‘zlarni yonma-yon qo‘llab, qarshilantirish san’ati vositasida antiteza usulidan foydalangan; baytlarda shakli turlichayu, ma’nosi bir xil sinonim so‘zlarni alohida yoki ketma-ket keltirib, tasvir ta’sirchanligini ta’minlagan; satr yoki baytlarda ayni bir so‘z, ibora yoki sintaktik shakllarni muayyan maqsad bilan takrorlab, ma’noni, ohangni kuchaytirgan; ikki narsa yoki hodisa o‘rtasidagi o‘xshashlikka asoslanib, ularning biri orqali ikkinchisining belgisini, mohiyatini to‘laroq, aniqroq, bo‘rttiribroq ko‘rsatib berish uchun ohorli o‘xshatishlar yaratgan; jonsiz narsalarga jonlidek qarab murojaat qilish bilan apastrofa holatini yuzaga keltirgan; she’riy misra yoki baytning boshida so‘z va iboralarni takrorlab, anafora vositasida matn ma’no-mohiyatini yanada orttirgan; bir predmet nomini boshqa predmetga shakl, belgi va harakat o‘xshashligini e’tiborga olib ko‘chirish bilan metafora hosil qilgan. Yuqoridagi badiiy tasvir vositalari tahliliga mazkur bobning uchinchi bo‘limida batafsil to‘xtalamiz. Ana shu imkoniyatlar XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida o‘zbekona nazm ijodkorlari safida sobit turgan shoir Hayratiyga ham badiiy puxta g‘azallar, murabba’lar, muxammaslar, musaddaslar hamda masnavi-yu ruboiylar yozishga hamisha jo‘shqin ilhom, zavq-shavq bag‘ishladi, desak xato emas. Axir u sohibi devon shoirlar sirasidan hisoblanadi. Bundan tashqari bir necha bayozlarda 76 ijodkorning she’rlari Lutfiy, Navoiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat, Nodim asarlari qatoriga kiritilgan. Afsuski, hozirgacha uning adabiy-badiiy merosi yetarli darajada o‘rganilib, tadqiq qilingan emas. Shuni nazarda tutib, biz hayratshunoslikka jiddiy e’tiborimizni qaratdik. Qaratganda ham shoir she’rlarini lingvopoetik va lingvomadaniy jihatdan tahlil qilishni maqsadga muvofiq deb topdik. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Йўлдошев М. Бадиий матн лингвопоэтикаси. – Тошкент: Фан, 2008. 2. Ҳалилбеков А. Наманган адабий гулшани. Наманган. 2007. 3. Шарофиддинов О. Адабиёт тилдан бошланади\\ Ўзбекистон адабиёти ва санъати. 1986. 5 сентабрь, №33. 4. Шоир Ҳайрат. Тўрақўрғоний. Машъал газетаси. 1972. № 108