scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TO'Y QO'SHIQLARINING BADIIY XUSUSIYATI

Kasimova Zuxraxan Fatxiddinovna

Full text

88 TO‘Y QO‘SHIQLARINING BADIIY XUSUSIYATI Kasimova Zuxraxan Fatxiddinovna Andijon davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi, [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268186 Annotatsiya. Ushbu maqolada Farg‘ona nikoh to‘ylarida yor-yor qo‘shiqlarida nafaqat kelin yoki kuyovning badiiy obrazi, balki quda, yanga, jo‘ra obrazlari ham turli poetik bo‘yoqdorlikda o‘z ifodasini topganligi haqida fikr yuritilgan. Kalit soʻzlar: nikoh, to‘y, yor-yor, marosim, oila, kelin, kuyov, yanga, obraz. Abstract. In this article, it is discussed that in the *yor-yor* songs performed at wedding ceremonies in Fergana, not only the artistic image of the bride or groom, but also those of the inlaws, the sister-in-law, and the friends are expressed with various poetic shades. Keywords: marriage, wedding, "yor-yor", ceremony, family, bride, groom, sister-in-law, image. To‘y odatda odamlarning xursandchiliklari, oila tarkibidagi ijobiy o‘zgarishlarni jamoa bo‘lib nishonlashga qaratilgan tadbirdir. Ma’lumki, o‘zbek xalqida to‘ylar bola tug‘ilishi, bolaning sunnat qilinishi va nikoh qurish bilan bog‘liq holda uch ko‘rinishda amalga oshiriladi. Jamoaviy nishonlanadigan to‘y marosimlari jarayonida ijro etiladigan og‘zaki ijod namunalari to‘y marosimlari folklorini tashkil etadi. Har qanday marosim jarayonida ijro etiladigan, badiiy-estetik talablarga javob beradigan aytimlarda obraz va obrazlashish hodisasini kuzatishimiz mumkin. Farg‘ona vodiysi to‘y qo‘shiqlari orasida keng ommalashgani „Yor-yor“lar bo‘lib, bu janr kelinni chimildiqqa olib kirishda, kelinni ota uyidan kuyovnikiga ko‘chirishda ijro etiladigan qo‘shiqdir. Namangan viloyati Chortoq tumani Peshqo‘rg‘on qishlog‘i To‘pqayrag‘och MFY, To‘pqayrag‘och ko‘cha, 18-uy istiqomat qiluvchi 84 yoshli Otash Xolmirzayevdan 2023-yil 25-martda yozib olgan materiallarimizda yor-yorning go‘zal poetik ifodasini kuzatamiz: Hay hay o‘lan, jon o‘lan, Jon qayda bor yor yor? Sevgi bilan qovushgan, Qalbda bahor yor yor. Peshqo‘rg‘onning bog‘ida, Pishdi anor yor yor Namanganlik qizlarning, Baxti bahor yor yor. 89 Aslida qo‘shiq o‘langa murojaat bilan boshlanmoqda. Nazarimizda o‘lan – ishq ma’budi bo‘lgan. Shuning uchun nikoh to‘ylari lirikasida unga murojaat qilish motivi yetakchilik qiladi. Shu sababligina qo‘shiq ijrochisi undan „jon qayda bor?“ - deb so‘raydi. Oshiq qalb uchun jon, kuch orom – uning qarama-qarshi jinsdagi juftligidir. Peshqo‘rg‘onning bog‘ida pishgan anor bu shu yerlik voyaga yetgan qizlarning ramzi. Anorning ramz sifatidagi belgilari avvalo uning qip-qizil rangi qizning ikki yuzida aks etsa, uning pishib yetilishi qizning jismonan voyaga yetganligi, uni o‘ziga teng ko‘rgan yigitga anor kabi orom va lazzat berishi, umrining mazmuniga aylanishining poetik ifodasidir. Popning popuk qizlarin, Nomi doston yor yor. Mehnat qilgan qora ko‘zning Qalbi osmon yor yor. O‘zbek xalq lirikasida „Popning popuk qizlari“ iborasi mashhurligi ularning „nomi doston” iborasi orqali ifodalangan. Halol mehnat qilgan qizning qalbi osmon kabi buyuk ekanligi e’tirof etilmoqda. Albatta, bandning ikkinchi misrasida XX asr mafkurasi ta’siri sezilib turadi. Chunki shu davrda xotin-qizlarning garchi og‘ir bo‘lsa-da mehnat qilishi sharaf hisoblangan. Kelin bo‘layotgan qiz ham davr talablari asosida halol mehnat qilgan va shu orqaligina qalbi osmon kabi buyuk, u mehnatdan baxtini topgan, degan g‘oya singdirilgan. Tog‘da o‘sgan archaning, Tengdoshi bor yor yor. O‘n sakkizga kirganning, Sirdoshi bor yor yor. Tog‘da o‘sgan archa o‘n sakkizga kirgan qizga qiyoslanyapti. Uning yonida jufti tengdoshi bo‘lgani kabi o‘n sakkizga kirgan qizning ham sirdoshi, sevgilisi bo‘ladi. Tabiat qonuniyatiga ko‘ra, voyaga yetish o‘z juftini topish bu odamga ham xos. Xonadonda o‘sayotgan qizlar faqat otasi va akalarini nazoratida uy yumushlarinigina bajaruvchi emas, balki ular ham oila qurishi, o‘zidan nasl qoldirishi huquqiga ega ekanligi archa va qizning qiyoslanishi vositasida badiiy ifodalanmoqda. Bu o‘rinda asl obraz qiyoslanmish – o‘n sakkizga to‘lgan qiz. Archa unga mengzalayotgan ramz sifatida badiiy tasvirda tilga olingan. Yigit va qiz o‘rtasidagi muhabbat asosiga oila qurilishi g‘oyasi, albatta, keyingi davrlar mahsuli. Buni quyidagi bandda yaqqol ko‘rishimiz mumkin: Paxta xirmon uygani, Bilak kerak yor yor. 90 Mard yigitni sevgani, Yurak kerak yor yor. Paxtadan xirmon uyish motivi yuqorida aytganimizdek, XX asr mafkurasi g‘oyalari asosida shakllangan. Paxta xirmoni uygani yurak kerakligi jasoratni talab etishi kabi mard yigitni sevib, „Men shunga turmushga chiqaman“ deb ota-onasiga aytish uchun o‘zbek qizidan ulkan jasorat talab qilishi milliy qadriyatlaridan ajralmagan millat vakili uchun muammoli vaziyatdir: Bog‘da pishgan husayni, Boshin egdi yor yor. Bu zamonning qizlari, Sevib tegdi yor yor. „Yor-yor“da asosiy qahramon qizning kelin bo‘lish sabablari ochiqlanadi. Kelin zamonaviy qiyofada gavdalantirish yo‘lida ijtimoiy muammolar va vaziyat talqini badiiy tasvirga tortiladi: Vrach yigit qo‘lidan, Davo topdim yor yor. Sevgan yigit yo‘liga, Olma otdim yor yor. Ilgari „er bo‘lsa, bo‘ldi“ deb tegib ketaveradigan ayollardan farqli o‘laroq zamonaviy qizlarimiz, avvalo, o‘z sevganiga turmushga chiqishga jasorat topadi. Biroq u har kimni ham sevib qolavermaydi. Vrach yigit qo‘lida davo topgach, unga ko‘ngil qo‘yadi. Sevgisi sababli unga o‘z dilini ochish uchun „olma otadi“. Ma’lumki, vodiy aholisida olma otish an’anasi qiz va yigitlarning o‘zaro dil izhor qilishining ramzi sanalgan. Mazkur yor-yorda zamonning tasviri, baxtli kelin tasvirini poetik jihatdan boyitgan: Uzun-uzun arg‘amchi, Xayunchakka yor yor. Bo‘lmas aslo hech kamchil, Kelinchakda yor yor. Bu zamon kelinchaklarida kamchilik bo‘lmaydi. Ularning uylari mebellarga to‘ladi, kirlarini avtomatik mashinalar, idish-tovoqlarini mashina yuvadi va boshqa. Ko‘rinadiki, xalq o‘z orzularini kelin bo‘layotgan qizning istiqbolida ko‘rishni orzu qilgan. Bizning kamtarin xalqimiz bundan qirq yillar oldingi hayotida bir parcha nonini halollab yeyishidan mamnun. Uning uchun muhimi, tinchlik va sog‘lik bo‘lsa bas, u qolganini halol mehnati orqali amalga oshiradi. Aslida kelinchak obrazi tipiklashib, XX asr o‘zbek ayoli obraziga aylana boradi. Yangi zamon o‘zbek 91 ayolining talabi va olamga munosabati o‘zgacha. U bir marta to‘y bo‘lar ekan, o‘zining orzulariga erishishi uchun intilishini, yangilik tarafdori ekanligi kabi ma’nolarni to‘y va to‘yxona tasvirida mujassamlashtiradi: Uyimizning oldiga, Panjara qildik yor yor, Eskichaga kelin olganni, Masxara qildik yor yor. Ko‘rinadiki, eskilik ustidan kulish, yangilikni targ‘ib etish mafkuraviy siyosat xalq tafakkuriga ham singdirilgan. Bu Farg‘ona vodiysi o‘zbek folklorining XX asrning ikkinchi yarmidan keyingi folkloriy jarayon mahsuli sifatida baholanmog‘i lozim. Xullas, Farg‘ona nikoh to‘ylarida yor-yor qo‘shiqlarida nafaqat kelin yoki kuyovning badiiy obrazi, balki quda, yanga, jo‘ra obrazlari ham turli poetik bo‘yoqdorlikda o‘z ifodasini topgan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Алавия М. Ўзбек халқ маросим қўшиқлари. – Тошкент: Фан, 1974. 2. Алавия М. Ўзбек фольклорида ўлан / Ўзбек фольклоршунослиги масалалари. 3-китоб. – Тошкент: Фан, 2010. 3. Имомов К., Мирзаев Т., Саримсоқов Б., Сафаров О. Ўзбек халқ оғзаки поэтик ижоди. – Тошкент: Ўқитувчи, 1990. 4. Жўраев М., Алавия М. Ўзбек фольклоршунослиги. Биобиблиографик тадқиқот. – Тошкент: Фирдавс-шоҳ. 2021. 5. Жўраев М., Тоҳиров Ў. Остонаси тиллодан. – Тошкент: Мозийдан садо, 2003. 6. Мирзаева С. Ўзбегим ёр-ёрлари / ўқув қўлланма. – Андижон: Андижон давлат унивеситети, 2010.