scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

AZIM SUYUN IJODIDA ZARBULMASALLIK RUHI

Tursunmurodov Shohruh Uralovich

Full text

115 AZIM SUYUN IJODIDA ZARBULMASALLIK RUHI Tursunmurodov Shohruh Uralovich Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti. E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268212 Annotatsiya. Maqolada Azim Suyun ijodida xalq qadriyatlariga tayanish, rang-barang maqollar orqali zarbulmasallik ruhining hosil bo‘lishi o‘rganilgan. Shoir asarlaridagi maqol va iboralarning poetik funksiyasi, xususan, obrazli tafakkur jilosini ta’minlashi tahlil etilgan. Kalit so‘zlar: folklorizm, barqaror birikmalar, maqol, ibora, hikmatli so‘z, naql, qofiya, zarbulmasallik. Аннотация. В статье изучено опирание на народные ценности в творчестве Азима Суюна и формирование духа афористичности через разнообразные пословицы. Проанализирована поэтическая функция пословиц и выражений в произведениях поэта, в частности, их роль в обеспечении образного мышления. Ключевые слова: фольклоризм, устойчивые сочетания, пословица, выражение, изречение, притча, рифма, афористичность. Annotation. The article examines the reliance on folk values in the works of Azim Suyun and the formation of an aphoristic spirit through a variety of proverbs. The poetic function of proverbs and expressions in the poet’s works is analyzed, in particular their role in fostering figurative thinking. Keywords: folklorism, fixed expressions, proverb, idiom, aphorism, saying, rhyme, aphoristic quality. Folklor an’analaridan ijodiy bahra olgan, O‘zbekiston xalq shoiri Azim Suyun ijodida „zarbulmasallik“ ruhi yetakchilik qiladi. Bilamizki, „zarbulmasallik“ deyilganda muayyan asarning rang-barang xalq maqollari bilan lingvopoetik jihatdan ziynatlanishi demakdir. Bu hodisa nazmiy asarlarda irsoli masal, dusoli masal, sesoli masal kabi badiiy tasvir vositasini hosil qilsa, voqeband lirikada, nasriy asarlarda „zarbulmasallik“ deya baholanishi mantiqan to‘g‘ridir. Azim Suyunning barcha she’riy asarlarida, jumladan, nasriy va she’riy qayirmalarida, shuningdek, „Imorat va yoki bir tomchi dengizga aylangan kecha“ dostonida xalq maqollarining ishlatilishi yetakchilik qiladi. Ularda xalq maqollari obrazli tafakkurning xalqona qiymat kasb etishini ta’minlaydi. Ayniqsa, „Imorat va yoki bir tomchi dengizga aylangan kecha“ dostonida personajlar nutqida maqollarning serobligi Gulxaniyning „Zarbulmasal“ asarini yodga soladi. Shoir o‘z asarlarida xalq maqollarini qo‘llashda quyidagi usullardan foydalangan: 116 1. Tarixan mavjud, lekin bugungi kunda ishlatilmaydigan maqollarning tabdil qilingan zamonaviy variantini shaxsiy ijodiy laboratoriyasi asosida qayta yaratish. Bunga misol tariqasida shoirning „Andiz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay“ [2:43] misrasini keltirish mumkin. Hikmatli so‘z darajasidagi bu misra aslida qadimdan mavjud bo‘lgan, Mahmud Koshg‘ariyning „Devonu lug‘ot at-turk“ asarida keltirilgan „Anduz bolsa, at olmas“ [6:138] maqolining zamonaviylashtirilib qayta ishlangan varianti sanaladi. Bu maqol „andiz, ya’ni rosan o‘simligi yoningda bo‘lsa, ot yo‘lda qorin og‘rig‘idan o‘lmaydi, chunki og‘rigan taqdirda, u (andiz) bilan davolanadi“, – degan ma’noni ifodalashi keltirilgan. Bu maqol tarixan safarga chiquvchilarga puxta hozirlik ko‘rish uchun aytilgan. Azim Suyun talqinida esa vatansevarlik madhini ifodalovchi lingvopoetik birlik sifatida qo‘llanilgan. Ilmiy manbalarda: „Agar maishiy hayotda biror narsa-predmetning ishlatilishi to‘xtatilsa, ma’lum muddatdan so‘ng ana shu narsa nomi ishtirokidagi maqol asta-sekinlik bilan iste’moldan chiqadi. Jumladan, „Choriq“, „Xoqon“ kabi so‘zlar tilimizda kam ishlatilgani sababli bularning ishtirokidagi maqollar ham yo‘qolib ketgan“. [5:35] Azim Suyun xalq qadriyatlari va mumtoz badiiy yodnomalarning bilimdoni sifatida „Andiz“ o‘simligi bilan bog‘liq holda yaratilgan, ammo bugungi kunda nutqiy iste’moldan chiqib ketgan „Anduz bo‘lsa, at olmas“ maqolini qayta badiiy inkishof etgan, deb hisoblasak, mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta. 2. Abulg‘ozi Bahodirxonning „Shajarayi turk“ asaridagi maqol(lar)ni o‘zgartirishsiz aynan qo‘llash. Bu o‘z navbatida xalq og‘zaki ijodi bilan birga mumtoz manbalardan oziqlanish xususiyatini ham namoyon qiladi. Masalan, shoirning „Imorat va yoki bir tomchi dengizga aylangan kecha“ dostonidagi Otash matalchi obrazi tilidan qo‘llanilgan „O‘ksik o‘z kindigini o‘zi kesadi“ [2:48] maqoli aynan Abulg‘ozi Bahodirxonning „Shajarayi turk“ asaridan olingan bo‘lib, „Yetim bola o‘z kindigini o‘zi kesadi“, ya’ni tug‘iliboq onasidan ayrilganlar hayot sinovlariga suyanch onaizori bilan emas, o‘zi yolg‘iz duchor bo‘ladi, degan mazmunni ifoda etadi. 3. Xalq naqllaridan oziqlanish natijasida shakllangan maqol tipidagi aforizmlarni ishlatish. Bunday qolipdagi uslubiy figuralar, ayniqsa, shoirning nasriy qayirmalarida keng qo‘llanilgan. Masalan, „Tabiat o‘z-o‘ziga bog‘bon, “Tabiat o‘zo‘ziga tabib“, „Qushlar ham dehqon, ham bog‘bon“, „Bir minarga ot berma“, „Omadli ovchiga cho‘loq kiyik yo‘liqar“, „Aytganning og‘zi yomon, yig‘laganning – ko‘zi“, „Ilonni yo‘qlama, yo‘lingdan chiqar“, „Qo‘l – ko‘zning dushmani“ [3:340] kabilar shular jumlasidandir. 117 Ijodkor maqollardan folklorizm elementi sifatida foydalanishda ayrim o‘rinlarda chalkashliklarga ham yo‘l qo‘yganki, natijada xalq og‘zaki ijodida mavjud bo‘lgan maqollarni aynan o‘zini yoki qisman o‘zgartirib, nasriy qayirmalarida aforizm tarzida berib o‘tgan. Masalan, Azim Suyunning „Alp ‒ otadan, zot – onadan“ [3:347] aforizmi xalq og‘zaki ijodidagi „Alp – otadan, zot – onadan“ [Ziyouz.com] maqolining hech qanday o‘zgarishsiz takrori sanaladi. Shuningdek, shoirning nasriy qayirmalarida berilgan „Haqiqatning ta’mi achchiq“ [3:331] aforizmi xalq nazdida keng qo‘llaniladigan „Haqiqat achchiq bo‘ladi“ naqlining aynan o‘zidek taassurot qoldiradi. Bu kabi shakliy-mazmuniy takrorlar kitobxonda plagiat tushunchasini hosil qilishi mumkin, ammo bu omil Azim Suyun ijodiy laboratoriyasida hosil qilingan hikmatli so‘zlarning hammasi uchun ham taalluqli emas. Muxtasar qilib aytganda, ijodkor ayrim hollarda folklorizm elementlaridan foydalanishda chegarasizlikka uchraydi. Nasriy qayirmalarida xalq tilidagi ayrim iboralarga lingvopoetik izoh berilganki, bu ma’lumotlarni bemalol „O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati“ga kiritish mumkin. Masalan, quyidagi nasriy qayirmada „Ishni pishaki (mushuk) qilmoq“, „Laycha kuchukning ishini qilmoq“ kabi fe’l turkumiga mansub, bir-biriga shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra antonim bo‘lgan iboralarga xuddi „Bobo so‘z“ ruknidagi yoki etimologik lug‘atlardagi kabi sharh beradi. Shuning uchun aynan shu tipdagi qayirmalar izohli frazeologik lug‘atning ma’lum qismidek taassurot beradi: Xalqning so‘zidan kelib chiqadigan ma’nolarga qarang. Uning pardalanib, sayqallanib iste’molga kirishiga qarang. „Falonchi...ishni pishaki(mushuk) qildi“. Demak, qandaydir kishi bir ish qilgan, ortidan iz ham, is ham chiqarmagan. Uni hech kim ko‘rmagan, bilmagan. Odatda, mushuk hojat chiqarish uchun, avvalo, yerni ozroq bo‘lsa-da kovlaydi va hojat ushatadi. So‘ng uni oyoqlari bilan ko‘mib, ustini yopib tashlaydi. Yoki: „Laycha kuchukning ishini qilibsan-da...“ Demak, kimdir bir ish qilgan, hamma undan xabardor, ovoza bo‘lib ketgan. Laycha kuchuk iliqqan paytida uning orqasidan o‘nlab itlar oshkora ergashib yurishganligini kim ko‘rmagan? [3:433] Anglashiladiki, „Ishni pishaki qilmoq“ iborasi „jimgina, shovqin-suronsiz, hech kimga sezdirmasdan, zimdan ishni pinhona, puxta bitirmoq“ degan ma’noni, „Laycha kuchukning ishini qilmoq“ iborasi esa „namoyishkorona, lallayib, oshkora ish bitirmoq“ degan ma’no-mazmun kasb etadi. Iboralarning birinchisida „pinxonalik, puxtalik“, ikkinchisida esa „laqmalik, soddalik, oshkoralik“ kabi 118 ma’no ottenkalari obrazli ifoda etilgan. Aynan ana shu qarama-qarshi ma’no ottenkasi ularni antonim munosabatga kirishtiradi. Bu antonimlik ularning mazmuniy jozibasini yanada yorqinlashtiradi. Demak, muallif biror tushunchani sodda bayon qilishda obrazli tafakkur mahsuli bo‘lgan xalq iboralaridan unumli foydalanadi. Ayni paytda ularga lingvomadaniy, lingvopoetik sharh ham berib o‘tadi. Azim Suyun kundalik hayotidan orttirgan falsafiy o‘gitlari bilan ayrim xalq maqollarini keng izohlaydi. Masalan, „Oracha qilganga …“ sarlavhali nasriy qayirmasida qipchoq elatida keng nutqiy iste’molda bo‘lgan „Oracha qilganga olti musht“ maqolini mohirona izohlaydi: „Yozgi hovlimda supa ustida dam olib yotar edim. Tong endi otgan edi. To‘rtta mayna chug‘urlashib, janjallashib ketishdi. To‘rtalasi go‘yoki jiqqamusht bo‘lishdi. Bir-birini uyulib turgan somon ustiga ag‘darishdi. Uchishib devor ustiga qo‘nishdi. Bu yerda ham jang davom etdi. Birdan qo‘shnim hovlisining devori ustida qo‘nib turgan zag‘izg‘on ular o‘rtasiga shuvillab uchib tushdi – orani yorib o‘tdi. U g‘o‘yo: „Bas qilinglar janjalni!“, – degandek edi. Maynalar janjalni yana davom ettirdi. Zag‘izg‘on yana oracha qildi. Maynalarning biri birdan zag‘izg‘onni quvlashga tushdi. Birpasdan keyin ikkinchisi ularning ortidan quvdi. Keyin uchinchisi... Men o‘ylanib qoldim: „Oracha qilgan odamga olti musht deganlari shu ekanmi?...“ [3:382] Qissadan hissa shuki, ezgulikni ko‘zlab qilingan hamma ish ham ba’zan to‘g‘ri tushunilavermaydi. Sa’diy She’roziy ta’biri bilan aytganda: „Yaxshilik xizmatin yaxshilarga qil, Yaxshiga yaxshilik yaxshi, buni bil“. Azim Suyun asarlarida xalq maqollari nafaqat xalqonalik, zarbulmasallik ruhini ta’minlash uchun qo‘llaniladi, balki muallif ming yillik tarixga ega xalq qadriyatlariga izoh va sharh ham berib o‘tadi. Nutqiy iste’moldan chiqib ketayotgan maqollarni asarlar mazmuniga singdirib yuborish orqali ularning badiiy barhayotligini ta’minlaydi. Xulosa qilib aytganda, Azim Suyun ijodi xalq maqollari, iboralari va hikmatli so‘zlaridan samarali foydalanish orqali o‘ziga xos zarbulmasallik ruhiga ega bo‘lib, bu jihat uning asarlarida xalq qadriyatlari bilan badiiy merosning uyg‘unlashganini yaqqol namoyon etadi. Shoir turli davr va manbalardan olingan maqollarni zamonaviy talqin etib, ularning poetik imkoniyatlarini kengaytiradi hamda mazmunini chuqurlashtiradi. Xususan, nutqiy iste’moldan chiqib ketayotgan maqollarni qayta ishlatish orqali ularning badiiy hayotini uzaytiradi, ularga yangi ma’no va obrazlilik baxsh etadi. Asarlardagi maqol va iboralar shoirning obrazli 119 tafakkurini kuchaytirib, o‘quvchini milliy madaniyatning ildizlariga qaytaradi. Shu bois Azim Suyunning ijodiy laboratoriyasi o‘zbek adabiyotida folklorizm elementlarini saqlash va rivojlantirish borasida muhim o‘rin tutadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Суюн А. Ўзлик. – Тошкент: Шарқ, 1999. 2. Суюн А. Сайланма. – Тошкент: Шарқ , 2018. 3. Суюн А. Эй дўст ёхуд Азимнома. – Тошкент: Akademnashr, 2018. 4. Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари. – Тошкент: Ўзбекистон, 2002. 5. Madayev O., Sobitova T. Xalq og‘zaki poetik ijodi. – Toshkent: Sharq, 2010. 6. Маҳмуд Кошғарий. Дэвони луғат-ат турк. – Тошкент: Фан, 1960. 1-том. 7. Mirzayev T., Musaqulov A., Sarimsoqov B. O‘zbek xalq maqollari. – Тоshkent: Sharq, 2012.