scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZG'URMISH – ILK ZOHID OBRAZI

Tursunmurodova Dilobar Rahimjon qizi

Full text

124 O‘ZG‘URMISH – ILK ZOHID OBRAZI Tursunmurodova Dilobar Rahimjon qizi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti. E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268218 Annotatsiya. Mazkur tadqiqotda tasavvuf adabiyoti, xususan, Yusuf Xos Hojibning „Qutadg‘u bilig“ dostonida zuhd maqomi va zohid obrazi haqida fikrlar keltirilgan. Dostonda zohid obrazining o‘ziga xos jihatlari tadqiq etilgan. Kalit so‘zlar: tasavvuf, zuhd, zohid, nafs, xilvat, qanoat, toat-ibodat. Aннотатция. В настоящем исследовании представлены взгляды на статус аскетизма и образ аскета в суфийской литературе, в частности, в эпической поэме „Кутадгу Билиг“ Юсуфа Хос Хаджиба. Изучаются особенности образа аскета в эпосе. Ключевые слова: суфизм, аскетизм, аскет, самость, уединение, довольство, послушание-поклонение. Annotation. This study presents views on the status of asceticism and the image of the ascetic in Sufi literature, in particular, in the epic poem „Kutadgu Bilig“ by Yusuf Khos Hajib. The specific aspects of the image of the ascetic in the epic are studied. Keywords: Sufism, asceticism, ascetic, self, solitude, contentment, obedience-worship. Mumtoz sharq adabiyotida tasavvufiy timsollar yetakchilik qiladi. Shu bois tasavvuf va badiiy ijod mushtarak hodisa sifatida qaraladi. Shunday timsollardan biri bo‘lgan zohid obrazi o‘zbek adabiyotiga ilk marta XI asrda kirib kelgan. O‘zbek adabiyotida zuhd maqomi va zohid obraziga „Qutadg‘u bilig“ dostonidan boshlab, mufassal ta’rif-u tavsif berilganki, bu tasvirni tasavvuf adabiyotiga keng yoyilishiga sabab bo‘lgan. Dostonning qahramonlaridan biri – O‘zg‘urmishning yashash tarzi, qilgan amallari uning zohid qiyofasini ochib beradi. U haqida dastlab asarda O‘gdulmishning ta’rifi orqali bilib olamiz: Fe’l-atvori to‘g‘ri, oti – O‘zg‘urmish, Faqat ezgulikdir qo‘li yetgan ish. Sarbaland tog‘ ichra xilvatda yolg‘iz, Toat-ibodatda kecha-yu kunduz. [5:278] O‘zg‘urmish dunyodan yuz o‘girgan. Tog‘ ichiga xilvat bir go‘shaga kirib ketib, tanholikni ixtiyor qilgan obraz sifatida gavdalanadi. Luqmoni Hakim: „Yolg‘izlik fikrlamoq uchun behad o‘ng‘aydir“, – deb aytgan. Abdulvohid binni Zayd esa bir kuni uzlatga chekingan solikka duch kelib unga: „Bu tanholigingdan ajablanayotirman“, – deganda u: „Agar yolg‘izlikning zavqiga yetsayding, uning o‘zingdan bezib vahshat tuyarding. Axir yolg‘izlik ibodatning ibtidosi-ku“, – debdi. Xilvat – holi joy, tanholik, hech nimaga bog‘lanmaslik, dunyoning xilma-xil 125 narsalaridan forig‘lik demak. Tasavvufda esa shayx rahnamoligi va ko‘rsatmalariga binoan muridning maxsus bir go‘shada bekinib Haq bilan ruhiy aloqa o‘rnatishi anglashiladi. Olim Ibrohim Haqqul: „Uzlat – hayotdan qochish, turmushdan ajralish, odamlardan bezish ehtiyojimas, balki ma’lum muddat „kasbi kamol va sayri jamol“ aylagach, ruhiy shavq va kamolot ila yana faoliyatda bo‘lmoqdir“, ‒ deydi.[3:21] Demak, O‘zg‘urmish dunyo havaslaridan o‘zini tiyib, xilvatda Haq jamoliga musharraf bo‘lish uchun toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan solik sifatida gavdalanadi. Yuqoridagi parchada O‘zg‘urmishning uch jihatida alohida ta’kidlangan. Birinchisi – ezgulik ulashuvchi, xilvatda yolg‘iz va toat-ibodat bilan mashg‘ullik. Ibodat bilan shug‘ullanish har bir mo‘min-musulmonning farzi sanaladi. Parvardigoringiz: „Menga duo qilingiz. Men sizlar uchun (duolaringizni) mustajob qilay!“ ‒ dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar. („G‘ofir“ surasi, 60-oyat) Zohid barcha shariat ahkomlarini to‘liq bajaruvchidir: Keldim bu yon izlab komil saodat, Xudoga qilay deb yolg‘iz ibodat. Dahri dun ishiga bosh qo‘shgan kishi, Xizmat qilsa qolar oxirat ishi. Ulus xizmatidan toki uzilmas, Toat-u ibodat tarhi tuzilmas. Yuz o‘girib hirs-u nafs, qabohatdan, Farog‘at topilar so‘ngra toatdan. Nelar der eshitgil, har oqil kishi: Havas bilan bo‘lmas butun din ishi. Havas-u nafs g‘anim kattadan katta, Mo‘minni ham yo‘ldan urar, albatta. [5:290] O‘zg‘urmish komil saodatga erishishni orzu qiladi. Bunda Allohga yolg‘iz ibodat qilish, dunyo tashvishlariga o‘ralashib qolmaslik, hirs-u nafs va qabohatdan yuz o‘girib, toat-ibodatdan rohatga musharraf bo‘lish maqsadi ila hayot kechiradi. Qur’oni Karimda havoyi-nafsni „buzg‘unchi“ deb sifatlaydi. Alloh shunday deydi: „Agar haq ularning havoyi nafslariga ergashsa, albatta, osmonlar-u yer va ulardagi kimsalar fasodga uchrar edi. („Mo‘minun“ surasi 71-oyat) Ahmad Yassaviy hikmatlaridan birida nafs „Yabon qushdek, qo‘lga qo‘nmas“, ‒ desa, boshqa bir hikmatida nafs bandalariga qarata: „Nafsni tepkil, nafsni tepkil, ey bardikor“, ‒ deya murojaat etadi. Yusuf Xos Hosib O‘zg‘urmish tilidan nafsni „katta g‘anim, mo‘minni yo‘ldan uruvchi“, ‒ deya ta’riflaydi. Hayot davomida inson turli rag‘bat va shahvatlar 126 oqimiga duchor bo‘ladi. Bu narsalar insonni birovga zarar qilib bo‘lsa ham, faqat o‘zi haqida o‘ylashga undaydi. Unday kishi qilgan ishlari yomon bo‘lsa bo‘lsin, lekin o‘zi uchun foydali bo‘lishini o‘ylaydi. Islom insonni havoyi-nafsga berilishidan saqlashga chorlaydi. Buning uchun inson istaklarini tabiiy tartib bilan, odilona qondirishga yo‘l topadi. Chunki havoyi-nafs insonning tabiiy istaklarini doimo tashvishga solib turadi. Agar inson havoyi-nafs to‘riga tushsa, u insonni tabiiy intizomdan chiqaradi, uning barcha quvvatini faqat bir narsa uchun sarflashga majbur qiladi. Shunday qilib, istaklar orasidagi tenglik buziladi. Ulardan biri ustunga chiqib oladi va boshqalarni chetga suradi. Sen kelgandan buyon toki ushbu kun, Toat-ibodatsiz holim tang butun. Birgina sen bilan bo‘lganim uchun, Talofat ko‘p ko‘rdim, bu zug‘um nechun? Ulus bilan bo‘lsam qilib hafsala Toat-ibodatim mushkul masala. [5:291] „Ey qarindosh, sen meni kishilar orasiga undaysan, ammo ularga qo‘shilishning qanday sirlari bor?! Bitta o‘zing bilan muloqotda bo‘lib, qancha ibodatdan qoldim. Agar ko‘pchilk bilan aralashsam, mening holim nima kechadi?!“ – deya O‘zg‘urmish O‘gdulmishga murojaat qiladi. Zuhd yo‘liga kirgan solik shu sababli ham tarki dunyoni ixtiyor qiladi. Vaqtini behuda sarflamasdan, toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishni afzal biladi. Qanoatli ko‘pdan kechib oziga, Zohidlik qilolsa, yaxshi o‘ziga. Ulus armoniga zohid yetishar, Bardosh bilan faqat bu ne’mat pishar. Bag‘rida bo‘lsa ham gar ming bir orzu, Kechar barchasidan jo‘mardlarcha u. Yedirsa, ichirsa, g‘aribni qo‘llab, Xudoga topinsa, munojot yo‘llab. Kelar bo‘lsa dunyo, ko‘ngil qo‘ymasa, Ketsa kulfatga ham aslo yo‘ymasa. Xudo yor, qadamda ming omad kutsa, O‘zini tilida ham dilda bir tutsa. [5:298] Zohidlik fazilatlaridan biri ‒ qanoat. Ko‘p ne’matlardan voz kechib, oziga qanoat qilishlik ham mardlikdir. Qanoatga Alisher Navoiy shunday ta’rif beradi: Kimgaki ish bo‘ldi qanoat fani, 127 Bilki, ani qildi qanoat g‘ani, [2:392] Ya’ni, kimki qanoatni o‘ziga kasb qilgan bo‘lsa, bilki, qanoat uni boy qiladi. Sabr-bardoshli bo‘lish bilan zohid ulusning armoniga yetishadi. Qancha orzuhavaslar bo‘lsa ham, zohid hammasidan jo‘mardlarcha voz kechadi. G‘aribni yediribichirib uni qo‘llaydi. Munojot yo‘llab, Xudoga topinadi. Agar mol-dunyo kelsa ham, o‘sha mol-dunyosi kulfatlarini ketkazuvchisi bo‘lsa ham, aslo unga ko‘ngil qo‘ymaydi. Zohidning yana bir muhim fazilati ‒ tili va dili bir bo‘lmoqligi darkor. Til va dil uyg‘unligi zohidni kamolot sari yetaklaydi. Xulosa qilib aytganda, zuhd maqomi, zohid sifatlari haqida „Qutadg‘u bilig“ dostonida birinchilardan bo‘lib, mufassal ma’lumot berilgan. Asar qahramoni O‘zg‘urmishning xislatlarida namoyon bo‘ladi. Yusuf xos Hojib ta’biricha, zohid xilvatni ixtiyor aylagan, sabr-qanoatli, shariat ahkomlarini bajaruvchi, toat-ibodatda riyodan holi, Alloh zikrini qalban aytuvchi, nafsini yenggan solik sifatida gavdalanadi. Zohid bo‘lish soliklarning sharafli bir maqomi ekanligini ijodkor uqtiradi. Bu talqinlarga qo‘shimcha qilib shuni aytishimiz lozimki, zohidlik tarki dunyochilik emas. Hayot uchun zarur bo‘lgan taom, kiyim, maskan va hattoki moldunyo ham zohidlikni oshkora qilish uchun vosita bo‘lmasligi lozim. Aslida zohidlik pinhoniy bir holat bo‘lib, har qancha ne’matga ko‘milganda ham masrur bo‘lmay, shukrini chiroyli tarzda ado etish va ne’mat yo‘g‘ida mahzun bo‘lmaslik haqiqiy zohidlikdir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri /Tarjimon: Abdulaziz Mansur. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. 2. Alisher Navoiy. Hayrat ul-abror. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2006. 3. Ibrohim Haqqul. Irfon va idrok. – Toshkent, “Ma’naviyat”, 1998. 4. Yassaviy, Xoja Ahmad. Devoni hikmat. ‒ T.: “Navro‘z”, 2018. 5. Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilig. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018.