TERMA JANRINING BADIIY TILI VA KOMPOZITSIYASI
Full text
148 TERMA JANRINING BADIIY TILI VA KOMPOZITSIYASI Kadirova Saida Maxsudovna Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqal’a filiali assistent o‘qituvchisi. E-mail: [email protected] ORCID: 0009-0008-5493-6492 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268262 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek folklorida muhim o‘rin tutadigan terma janrining badiiy tili va kompozitsiyasi tahlil qilinadi. Unda xalq og‘zaki ijodidagi ramziy obrazlar, doimiy sifatlashlar, turg‘un iboralar, o‘xshatish, mubolag‘a va saj kabi badiiy vositalarning qo‘llanish xususiyatlari yoritiladi. Shuningdek, termalarning kompozitsion tuzilishi, baxshi ijrosi va badihago‘ylik an’anasi bilan bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijasida termalarning o‘ziga xosligi, ularning xalq badiiy tafakkuri hamda adabiy til boyligidagi o‘rni aniqlanadi. Kalit so‘zlar: folklor, terma, badiiy til, kompozitsiya, obrazlilik, baxshi ijodi. Annotation. This article examines the artistic language and composition of the terma genre in Uzbek folklore. It highlights the use of symbolic imagery, permanent epithets, fixed expressions, simile, exaggeration, and rhyme as stylistic devices in oral tradition. The study also analyzes the structural composition of termas and their connection with the performance and improvisational skills of the baxshi. As a result, the article identifies the uniqueness of the terma genre and its significant role in the development of artistic thought and literary language. Keywords: folklore, terma, artistic language, composition, imagery, baxshi performance. Аннотация. В данной статье рассматриваются художественный язык и композиция жанра терма в узбекском фольклоре. Освещаются особенности использования символических образов, постоянных эпитетов, устойчивых выражений, сравнения, гиперболы и сажа как выразительных средств устного народного творчества. Также анализируется композиционная структура терм, их связь с исполнением и импровизационным мастерством бахши. В результате определяется своеобразие жанра терма и его роль в развитии народного художественного мышления и литературного языка. Ключевые слова: фольклор, терма, художественный язык, композиция, образность, творчество бахши. Folklor asarlari tili ham yozma adabiyotdagi badiiy til vositalaridan unumli foydalansa-da, ularni ajratib turuvchi o‘ziga xos omillar mavjud. Bularning eng asosiysi tilning xalqona bo‘lish bilan bir qatorda unda ifoda etilgan ramzlar, obrazlar va badiiy-tasvir vositalarining an’anaviylashuvidir. Chunki folklor asarlari tilida xalqning qadimiy e’tiqodi, urf-odat, marosim va tasavvurlariga doir tushunchalar ramzlashadi va ular asarning mazmuni va g‘oyaviy maqsadini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek xalq ijodiyotida ifodaviy-tasviriy vositalarning badiiy adabiyotdan farq qiluvchi o‘ziga xos butun bir tizimi ishlangan. Bu xalq qo‘shiqlaridagi ramziy obrazlar, doimiy sifatlashlar, an’anaviy qoliplar (klishelar), turg‘un iboralarning farovonligida, folklor asarlari tilida erkalovchi, kichraytiruvchi
149 qo‘shimchalarning serobligida, ayniqsa, parallelizm, mubolag‘a va sajning behad faol va о‘ziga xos qo‘llanilishda yorqin ko‘rinadi. Nutqning tasviriyligi, ifodaviyligi, tasirchanligini ta’minlashga ko‘maklashadigan vositalardan muhimi so‘zlarning ko‘chma ma’noda qo‘llanilishi hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda folklor asarlari tili ham obrazliligi, ta’sirchanligi va badiiyligi bilan ahamiyatlidir. Badiiy adabiyot tili uchun xarakterli xususiyatlardan biri – obrazli – ta’sirchan vositalarga boyligidir. Shuning uchun ham badiiy tilning lug‘aviy tarkibi keng va bu vositalarning ko‘pi birinchi navbatda badiiy qonuniyat asosida qo‘llanish bilan bir qatorda, badiiyat qonuniyatlarini mos kelmaydigan so‘zlashuv nutqi vositalarining matn tarkibida juda ko‘plab o‘rinlarda qo‘llanishidan dalolat berib turadi. „Adabiy asar tilining poetikligi, obrazliligi, tasviriyligi asar g‘oyasini, shuningdek, qahramon xarakterini jozibali qilib ochishga harakat qiladi. Biroq, bundan faqat maxsus badiiy tasvir vositalarini qo‘llash orqali asar tilining tasviriyligiga, obrazliligiga erishilar ekan-da, degan bir yoqlama xulosa chiqarish yaramaydi. Chunki, adabiy asar tilida o‘z o‘rnini topib ishlatilgan oddiy so‘z va iboralar ham xarakter va manzaralarni aniq ifodalay oladi: binobarin, bunday so‘z va iboralar ham tasvir vositasi rolini bajaradi“ [1:162]. Chunki matn tarkibida qo‘llangan bir so‘z ikkinchi o‘rinda uslubiy vazifa bajarishi, badiiy obrazlilikni vujudga keltirishi mumkin. Zero, o‘zbek adabiyotshunosligining muammolaridan biri bo‘lgan badiiy asar tilini tadqiq etish uning faqat boy leksik-grammatik xususiyatlarini o‘rganish bilan chegaralanmaydi, balki ijodkorlarning uslublarini, asarlarining g‘oyaviy mazmunini yorqinroq tasvirlashda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Chunki „.... tilshunoslik bilan adabiyotshunoslik filologiya fanining ikki asosiy sohasi bo‘lsa, badiiy til shu ikkala sohaga ham ozuq beradigan, ularni tubdan birlashtirib turgan umumiy ildizdir“ [2:4]. Umuman olganda, folklorning boshqa janrlari kabi termalar matnida qo‘llanuvchi til vositalari ham badiiylikni oshiruvchi omillardan hisoblanadi. Termalardagi badiil til vositalari baxshi ijrosi va uning badihago‘ylik mahorati bilan bog‘lansa, ikkinchidan, ular epik xotira va bilimning uyg‘un kelishi bilan an’analashadi. Bunday xususiyatlarni biz tilning badiiy-tasviriy vositalari misolida kuzatishimiz mumkin. Tasviriy vositalar orasida eng qadimiylaridan biri o‘xshatish san’atidir. Bu san’at ikki narsa yoki voqea-hodisalar o‘rtasidagi o‘xshashlikka asoslanib, ularning biri orqali ikkinchisining belgisini, mohiyatini to‘laroq, aniqroq, bo‘rttiribroq ko‘rsatib berishdir. Terma matni qo‘llangan o‘xshatishlar turli tuman bo‘lib, ular xalq dostonlari matnida qahramonlar xarakteri va xatti-haraktalarini tasvirlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Termalarda ham ushbu holat saqlanadi. Misol uchun „gul“ predmeti
150 ko‘proq qiz bolaga nisbatan an’anaviylashib, uning tarixiy asosida quyoshga aloqadorlik, ya’ni hosildorlik kultlariga aloqadorlik ko‘zga tashlansa, ikkinchidan, gul chiroy, noziklik, go‘zallik alomati sifatida o‘z ma’nosida keladi. Ayniqsa, qizil gulning qiz bolaga nisbatan parallel qo‘yilishi shunga ishoradir. Abdulla shoir Nurali o‘g‘li repertuaridan yozib olingan „Kunlarim“ termasida: ... Ikki oshiq bir-biriga ko‘p mushtoq, Mushtoqlarga turmush qo‘yardi tuzoq. Yosh yigitni, yuzi gulday jononni Hijron g‘ami qilar sochini oppoq, Oshiqlikning jabrin totgan kunlarim [3:544]. Ushbu misralarda keltirilgan o‘xshatish vositasi gul bo‘lsa, o‘xshatilgan narsa qiz bola, ya’ni oshiqlikka da’vogar shaxs. Baxshi ikki oshiqning qalb iztiroblari, ko‘ngil istaklarini shunchaki tasvirga olmasdan, uni ko‘chma ma’noda qo‘llash asosida o‘xshatmoqda. Yoki mashhur baxshi Qodir Rahimovdan yozib olingan „Toshkent ta’rifi“ zamonaviy termasida Toshkent shahrini ta’riflar ekan, unda baxshi quyidagi o‘xshatishlardan mahorat bilan foydalanadi: Olimlaring yulduzlarga boqadi, Shoirlaring nurni gulday taqadi [3:545]. Baxshi mahorati shundaki, u poytaxtimiz bo‘lgan Toshkent shahri ilm maskani, shoirlar o‘chog‘i ekanligini o‘quvchiga shunchaki bayon qilishni emas, balki tasvirlashni maqsad qo‘yadi va olim, shoirlar parallel qo‘yish usulida ularning biri yulduzlarga boqib, mantiqiy xulosa qilsa, ikkinchisi shoirlar „nurni gulday taqadi“ birikmasida so‘z san’ati vositasida tuyg‘u va fikr umumiyligiga erishadi, degan fikrni ilgari suradi. O‘хshatish vositasida qo‘llangan „gul“ faqatgina so‘z emas, ma’no va g‘oyani ifodalashda ham muhim ahamiyat kasb etib boradi. Termalar faqatgina o‘xshatishlar asosida o‘zining an’anaviyligi va badiiyligini oshirish bilan bir qatorda an’anaviy sifatlashlar, parallelizmlar, ko‘chimlarning boy ifoda vositalaridan ham unumli foydalаna boradi. Ayniqsa, oq, qora, qizil sifatlashlari an’anaviyligi, ma’lum ruhiy vaziyatni ifodalashi bilan ajralib turadi. Baland tog‘ning boshi qorayib qolar, Bovridagi bo‘ktar qordan ayrilsa [4:47]. Folklor asarlari ‒ jonli so‘zlashuv tili, shu bilan birga arxaik ifodalar va dealektizmlar ular uchun norma sanaladi. Bu xususiyati bilan folklor tili adabiy jihatdan sayqallangan badiiy adabiyot tilidan farq qiladi. Folklor tili ‒ muttasil harakatdagi jonli so‘zlashuv tili bo‘lib, hamma zamonlarda ham adabiy tilning boyish manbayi bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qoladi [5:13]. Termalarda ham
151 xalq jonli so‘zlashuviga doir juda ko‘plab so‘zlar uchraydiki, ular baxshi ijrosi, uning dialekt birligi bilan chambarchas aloqadorlikka ega. Xalq jonli tili shunchaki sheva vositasi sifatida emas, balki ma’lum vaziyat, ma’no ifodasi va she’riy matnning jozibadorligini oshirish manbayi sifatida ham ahamiyatlidir. Ushbu mavzuning o‘zi alohida tadqiqotlarni talab etadi. Shu bilan bir qatorda termalarning o‘ziga xos badiiy tili bilan bir qatorda kompozitsiyasi ham ahamiyatlidir. Termalarda kompozitsion tuzilma shakliy va mazmuniy bir butunlik asosida yashaydi va baxshi ijrosiga moslashadi. Folklorshunos olim A. Musaqulov termalarni kompozitsion jihatdan uch guruhga bo‘lib o‘rganadi [6:284]. 1. Kompozitsion barqaror termalar. Ushbu guruh termalariga olim „Go‘ro‘g‘li“, „Qolmadi“, „Kunlarim“, „Bormi jahonda“ va boshqa bir qator termalarni kiritib, ular bevosita epik qahramon va muallifning hayoti va asar qahramoniningbiror faoliyati borasidagi hayotiy voqealari tasvirga olinadi. 2. Kompozitsion o‘zgaruvchi, torayuvchi yoxud kengayuvchi termalar. „Nima aytay?“, „Ne yomon“, „Na foyda“ kabi didaktik xarakterdagi termalarni tashkil etadi. 3. Murakkab kompozitsiyali termalar. Bu turdagi termalarning har bandi yoki baytida fikr umumiyligi va takroriyligi yetakchilik qiladi. „Bo‘ladi“, „Keltirar“, „Bo‘lmasa“ va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Termalar baxshi ijodiyoti bilan bog‘liq va u ijro jarayonida voqealar tizimini turli kechinmalarda ifodalaganligi bois ularda, so‘z, ohang, ritm erkin tarzda ifodalana boradi. Ammo ma’lum voqelik baxshi xotirasi va bilimida mavjud an’anaviy qolipda shakllanadi. Shuning uchun ham an’anaviy termalarning shakliy kompozitsion tuzilishi erkin bo‘lib, unda bandlar shakllanishi qofiya va ohang tizimida vujudga keladi. Misol uchun Umir shoir Safarovdan yozib olingan „Do‘mbiram“ termasida 34 misradan tashkil topgan bo‘lib, unda do‘mbiraga murojaat ohangi asosida voqealar tizimli bayon etib boriladi. Ammo uning har ikki misradan keyin keluvchi „bilan“ radifi umumlashtirib tursa-da, voqealar bayoni erkin, ma’lum bir tizimlilik she’riy shaklda ifodalanmaydi. Chunki baxshi so‘z qofiyasiga emas, ma’no qofiyasi asosida radifni takrorlash asosida yaxlit kompozitsion butunlikni ta’minlay boradi. Ushbu tartib boshqa an’anaviy termalarning shakliy kompozitsion tuzilishida ham davomiy tarzda saqlanadi. Baxshilar repertuaridan yozib olingan an’anaviy termalarning bu kabi tizimli shakliy qolipga keltirilmaganligi shunchaki badiiylik elementlariga putur yetish emas, balki jonli og‘zaki ijodning o‘ziga xos belgilaridan hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, terma janri o‘zbek folklorida mustaqil ijroga yo‘naltirilgan, o‘ziga xos badiiy tili va kompozitsion tuzilmasiga egaligi bilan alohida ajralib turadi.
152 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. –Toshkent: O‘qituvchi, 2002. 2. Qodirov P. Xalq tili va realistik proza. ‒Toshkent: Fan, 1993. 3. Mirzayev T va boshq. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi xrestomatiyasi. –Toshkent: Aloqachi, 2008. 4. Jumanazarov U., Ergashev A. An’anaviy termalar. –Toshkent, 2021. 5. Safarov O. va boshq. O‘zbekiston xalqlari etnografiyasi va folklori. Toshkent, 2007. – B.13 6. Musaqulov A. Terma // O‘zbek folklori ocherklari. –Toshkent: Fan, 1988.