"RAVSHAN" DOSTONIDA KAMPIR OBRAZINING BADIIY TASVIRI
Full text
178 „RAVSHAN“ DOSTONIDA KAMPIR OBRAZINING BADIIY TASVIRI Erkinova Shohista Ikrom qizi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi 2-kurs magistranti. Ilmiy rahbar: dots. H.Allambergenov DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268293 Annotatsiya. Ushbu tezisda Hodi Zarifov tomonidan yozib olingan o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yorqin namunalaridan biri „Ravshan“ dostonidagi kampir obrazlari tasvirining o‘ziga xos xususiyatlari, doston voqealar rivojida tutgan o‘rni va ahamiyati tahlillangan. Kalit so‘zlar: xalq og‘zaki ijodi, „Ravshan“ dostoni, „Rustamxon“ dostoni, Momagul maston, Misqol pari, Og‘a Yunus pari, kampir. Аннотация. В данной тезисе проанализированы своеобразные особенности изображения образов старух в одном из ярких образцов узбекского народного устного творчества эпосе „Равшан“, записанном Ходи Зарифовым, а также их роль и значение в развитии событий эпоса. Ключевые слова: народное устное творчество, поэма „Равшан“, поэма „Рустамхан“, Момагул мастон, фея Мисколь, фея Ога Юнус, старуха. Annotation. This article analyzes the distinctive features of the interpretation of the old woman characters in the epic „Ravshan“, scribed by Khodi Zarifov, one of the bright examples of Uzbek folk literature, focusing on their role and significance in the development of the epic's plot. Keywords: oral folk literature, the epic „Ravshan“, the epic „Rustamxon“, Momagul maston, Miskol pari, Ogha Yunus pari, old woman. Xalqimizning boy milliy madaniy-tarixiy an’analari, urf-odatlari hamda umumbashariy qadriyatlarini o‘zida mujassam qiluvchi xalq og‘zaki ijodiga oid doston, ertak, qo‘shiq va maqollarda ilgari surilgan g‘oyalar asrlar davomida yosh avlodlarni tarbiyalash vositasi bo‘lib kelmoqda. Xalq dostonlarining milliy mafkurani, yosh avlod dunyoqarashini rivojlantirishdagi hamda ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni kattadir. Jumladan, „Alpomish“, Go‘ro‘g‘li turkumi dostonlarida shaxs g‘ururi, vatanga muhabbat, elga xizmat qilish istagi yetakchi g‘oya darajasida ilgari suriladi. „Ravshan“ dostonida esa turkiy xalqlarning imon-e’tiqodi, Vatanga, ota-onaga, yorga bo‘lgan sof muhabbat va sadoqati yorqin aks etgan. Ona va farzand o‘rtasidagi samimiy rishtalar talqini Misqol va Og‘a Yunus parilar va ularning o‘g‘illari o‘rtasidagi yoki xon Dallining Ravshan bilan munosabatlaridagina emas, balki shirvonlik kampir enaning Xudoni o‘rtaga qo‘yib o‘ziga farzand qilib olgan o‘g‘li Ravshanga bo‘lgan mehr-muhabbatida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan. Shuningdek, dostonda oqil farzand Ravshan obrazining mardlik, vatanparvarlik, bir
179 so‘zlilik, vafodorlik kabi xislatlarni mujassamlashtirgan kuchli e’tiqod egasiga aylanishida uning onasi hamda buvilari muhim badiiy funksiya bajaradi. Ishqiy-sarguzasht dostonlarda sof muhabbatni kuylash, intim sеvgi sarguzashtlarini tasvirlashga alohida e’tibor bеriladi. Bu jihatdan „Ravshan“ dostoni xarakterlidir. Doston voqealari Chambil elining egasi Go‘ro‘g‘lining farzand asrab olishi bilan boshlanadi. U Hasanxon va Avazxonni o‘z tarbiyasiga olib katta qiladi. Keyinchalik Hasanxon va xon Dallining o‘g‘li Ravshanbekning Zulxumorning suratini uzukda ko‘rib qolishi bilan dostonning asosiy voqealariga kirib boriladi. Ravshan yorini izlab Shirvon yurti sari yo‘l oladi. Ravshan obrazining mazmun-mohiyati ochilishida begona yurtda o‘z uyiga olgan kampir ena hamda dostondagi boshqa kampir obrazlari muhim o‘rin tutadi. Mana shu kampir obrazi xalq ogʻzaki janrlaridan ertak va dostonlarning aksariyatida uchraydi. Bunda ularning turli jihatlari, xil-xususiyatlari, xarakterlari ochib beriladi. Ertaklaring ba’zilarida kampir obrazini qalbi mehrga toʻla, farzandi uchun jonini beruvchi, jonkuyar ona qiyofasida koʻrsak, ayrimlarida qahrli, makkor, oʻz manfaati uchun hech narsadan qaytmaydigan yovuz qiyofada koʻramiz. Jamila Asqarovaning bildirishicha, „kampir – o‘zbek xalq ertaklarida asosiy personajlardan biri, u asosan bosh qahramonga ziyon yetkazuvchi yalmog‘iz kampir, maston kampir, shum kampir va yordam beruvchi sehrgar ko‘rinishlarida keladi“. [1:415] „Kampir“ so‘zi asli forsiycha bo‘lib, „juda ham qari erkak yoki ayol“ ma’nosini bildirgan“. [4:739] Qozoq folklorshunosi S.Qondibay ushbu so‘zni shunday izohlaydi: „O‘rta Osiyo xalqlari orasida „kam-pir“ so‘zi (VIII-XII asrlar) qadimgi turkiy so‘z „qam“ va so‘fiylik tariqasidagi forsiycha „pir“ so‘zlarining qo‘shilishidan shakllangan. Bu davrda pir so‘zi so‘fiylikdagi „pir“ emas, balki tabiat hodisalarining timsoli bo‘lgan ayol ko‘rinishidagi ruhlarning nomi sifatida ishlatilgan. Keyinchalik bu so‘z ertaklardagi sehrli kuch sohibalariga nisbatan ishlatilgan bo‘lsa, yillar o‘tib keksa yoshdagi barcha ayollar „kampir“ deya atala boshlangan“. [7:436] Jamila Asqarova „qam“ so‘zidagi „q“ning „k“ga aylanish jarayonini esa yillar davomida tildagi tovushlarninig o‘zgarishi bilan izohlaydi. Rabg‘uziyning „Qissasi Rabg‘uziy“sida kampir so‘zi „qurtqa“ shaklida uchraydi. „Qissasi Rabg‘uziy“da keltirilgan termin og‘zaki ijodda faollashmagan bo‘lib, bu so‘z XIII-XIV asrlarda xalq jonli tilida ishlatilgan, hozirgi kunda esa eskirib, kampir ekvivalenti bilan almashgan arxaik so‘z“dir. [5:14] „Ravshan“ dostonida kampirlarning ismlari berilmagan, ular faqat kampir ena deb keltirilgan. Umuman, asarda uchta kampir obrazi bor. Dastlab, olti o‘g‘ilning onasi bo‘lgan shirvonlik kampir enaning dostonda ta’riflanishiga to‘xtalsak:
180 „Ko‘zlari o‘tday, manglayi cho‘tday, kallasi gov savatday, qopadigan itday, balki bahaybat boytebatday kampir“. [2:39] Bu ta’rifni o‘qib, eng avvalo, bolalik paytlarimizda ertaklardan eshitib, multfilmlarda ko‘rib kelayotgan yalmog‘iz, jodugar kabi salbiy obrazlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Lekin „Ravshan“ dostonidagi shirvonlik kampir ena ijobiy epizodik obraz hisoblanadi. Enaning bunday ko‘rinishga kelishiga esa olti jigarbandidan bo‘lgan judolik azoblari asosiy sababdir. Hovuzdan suv olishga keksaligiga qaramasdan o‘zi kelishi ham uning yolg‘iz ekanligidan dalolat beradi. Hayotida suyanchig‘i va orqasidan yig‘lab qoladiganlari yo‘qligi uchun Aynoq, Jaynoq, Ersak va Tersak kallarni o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rib, hatto Ravshanni „o‘lsam merosxo‘rim“ deb, katta o‘g‘lining mol-mulkini berib, Xudoni o‘rtaga qo‘yib farzandim deydi. Aksariyat xalq ertaklarida va dostonlarda kampirlarning uylari o‘rmonlarda, odamlardan uzoqda, ikki oyoqli o‘zi yuradigan uycha yoki tashlandiq xaroba shaklida tasvirlanadi. Jumladan, „Kuntug‘mish“ dostonida „Kampirning bir uyi bor ekan, eshigi yo‘q ekan, odamlar emaklab kiradigan teshigi bor ekan“ deya, „Rustamxon“ dostonidagi Momagul mastonning makoni esa g‘or sifatida keltirilgan. Shu ham unutmaslik kerakki, tog‘ va g‘orlar nafaqat yalmog‘iz kampirlar hamda ajdaholarning, balki boshqa yovuz hamda ilohiy kuchlar makonini ham anglatgan. „Tog‘lar, – deb yozadi Murot O‘roz, – ulug‘vorlikni ifoda etgan, tangri hisoblangan, qo‘riqlovchilik vazifasini ado etgan, tangrilar, tangrichalar va tog‘ parilarining makoni bo‘lgan“. [6:20] Ba’zi doston va ertaklarda g‘orlar ibodat qilish joyi sifatida ham talqin qilinadi. Jumladan, Rustamxonning tagizaminga, ya’ni yerning tagiga – g‘orga kirib ibodatga berilishi fikrimizning dalili bo‘la oladi. „Ravshan“ dostonidagi Shirvonning bir chetida joylashgan kampirning bog‘i va uyi tasviriga e’tibor bering: „… bir katta bog‘, o‘zi juda kalondimog‘, to‘rt yog‘ining devori uzun, kalta emas, baravar choppachoq“. Ushbu tasvirlardan bizga kampir enaning yashaydigan manzili juda katta hududni egallaganligi ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, chiroyli bog‘ tasviridan kampirning o‘g‘illaridan qolgan yerlarini mehr bilan parvarish qilganligining ham guvohi bo‘lamiz. „Yaxshi o‘g‘il uy tuzar, Yomon o‘g‘il to‘y buzar“ deganlaridek, bu bog‘-rog‘lar-u uylarga o‘g‘illarining ancha mehnati singganligini ayta olamiz. Kampirning uyi yetti darvozadan keyin, ya’ni olti o‘g‘lining uylaridan keyin joylashgan. Uning hovlisidagi mixga bog‘langan egarlari bo‘sh turgan olti tulpor o‘quvchining e’tiborini tortmasdan qolmaydi. Bunga dostonda kampir enaning Ravshanga aytgan javobini keltirish orqali oydinlik kiritib o‘tamiz: Kuniga otlarni qantargolaman,
181 Qantarlab ustiga chalvar solaman, Oltovin shunday qip qo‘ysam chirog‘im, Olti o‘g‘lim bir ko‘rganday bo‘laman. [2:45] Bundan momoning har kuni otlarni hovliga olib chiqib, arqonini kalta qilib bog‘lab, egarlab unga tilla qamchisini ilib, ustiga o‘gillarining chuvurmasini, ya’ni qalpog‘ini qo‘ysa, farzandlarini ko‘rganday bo‘lib shu bilan o‘zini ovutishini bilib olamiz. Shuningdek, yuqoridagi „ko‘ringan bilan urishgan“ ta’rifi ham o‘rinlidir. Chunki bir kunda bir emas, olti o‘g‘lini yerga qo‘ygan onaning qayg‘u-iztiroblari, alamlari shunday darajaga olib kelgan. Ushbu dostonda jami uchta kampir obrazi berilgan bo‘lib, biz yuqorida faqat bittasi bilan tanishib, tahlil qilib chiqdik. Dostondagi yana bir kampir ena obrazi tavsifiga to‘xtalsak: „Tikon pishgan vaqti edi, kampir yalangoyoq g‘ijirlatib tikonni bosib kelayotipti… Momo o‘zi soqov edi, tili kalta g‘uldiragan moxov edi“. Bu yerda tikon deganda yantoq o‘simligi nazarda tutilgan. Yantoq o‘simligi avgust oyidan urug‘lab boshlaydi va sentabr – oktabr oylari oralig‘ida urug‘i to‘liq pishib yetiladi. Demak, dostondagi ushbu voqealar avgust – oktabr oylarida bo‘lib o‘tadi. Kampirning tikonlarni yalangayoq bosib yurishidan esa, hatto oyoq kiyim olishga ham qurbi yo‘qligini ayta olamiz. Xalqimizda „Yolg‘iz o‘g‘il – yovdan yomon“, „Yolg‘iz bola – boshga balo“, „Yolg‘iz bola yig‘loqi bo‘lar“ deb bejiz aytilmagan. Soqov kampirning o‘g‘li bu maqollarga misol bo‘la oladi. Kampir olti oylik borbuduni yig‘ib ko‘zining oq-u qorasi bo‘lgan yolg‘iz o‘g‘liga qalpoq olib bergan, desak adashmagan bo‘lamiz. Albatta, har bir ona uchun farzandlarining xohishistaklari har narsadan ustun turadi. Uchinchi kampir ena Zulxumorning kanizi bo‘lmish Oqqizning enasidir. U butun Shirvon eli mastonlarining ustodi. Darvoqe, o‘zbek xalq ertak va dostonlarida aksariyat salbiy obrazdagi kampirlarning ulovi sifatida eshak keltiriladi. Boshqa xalqlar folklorida esa uchar supurgi bunday kampirlarning ulovi qilib ko‘rsatiladi. „Ravshan“ dostonidagi Katta maston esa oq eshakka teskari o‘tirib Qoraxonning oldiga boradi. „Rustamxon“ dostonidagi Momagul mastonning bir manzilga eltuvchi vositasi esa quyidagicha tasvirlangan: Kampir mindi yog‘och otdi, Buradi po‘lat murvatdi, Havoga kampirning oti – Shul zamonda chiqib ketdi. [3:21] Umuman, „Ravshan“ dostonidagi kampirlarni birlashtiruvchi jihat, avvalo, uchalasining ham Shirvon elidan ekanligi bo‘lsa, keyingi o‘rinda ularning
182 onaligidadir. Ana shu onalik hissi ularni har qanday yaxshi-yomon ishlarga undaydi. Ayni xislat kitobxon tasavvurida ularga bo‘lgan salbiy ottenkani kamaytiradi. Xulosa qilib aytganda, „Ravshan“ dostonidagi kampir obrazlari yordamchi obraz bo‘lsa ham, dostondagi voqealar rivojida o‘z ahamiyatiga ega hisoblanadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har bir kampir obrazining xalq dostonlaridagi tasviri o‘ziga xos tarzda berilgan. Ularning umumiy jihati shundaki, barchasi sa’j(nasrdagi qofiya)da ifodalangan. Kampirlar epizodik obraz bo‘lishiga qaramasdan, doston voqealar rivojini kulminatsion nuqtasiga yetkazuvchi turtki vazifasini bajargan. Bosh qahramonga yordam beruvchi, yoki uni yo‘ldan adashtiruvchi sifatida berilgan. Dostondagi shohlarning ulardan qo‘rqib uning aytganini qilishi esa, o‘sha doston yaratilgan davrda ona boshining ustunligidan darak beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Asqarova J. Epik janrlarda ayollar obrazining qiyosiy tadqiqi / „Zamonaviy baxshichilik san’ati: oltin merosning yangi ohanglari“ mavzusidagi III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami. – Тoshkent: Nodirabegim, 2023. 2. Kuntug‘mish. Ravshan: xalq og‘zaki ijodi (Aytuvchi: Ergash Jumanbulbul o‘g‘li. Yozib oluvchilar: Muhammadisa Ernazar o‘g‘li va Hodi Zarif). – Toshkent: Sharq, 2011. 3. Rustamxon: xalq og‘zaki ijodi (Aytuvchi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Yozib oluvchi va nashrga tayyorlovchi Hodi Zarifov). – Toshkent: Cho‘lpon, 2016. 4. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2-jild. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. 5. Shukurova Z. „Qissasi Rabg‘uziy“ asarida qurtqa obrazi // „Sharq yulduzi“ jurnali. 2014-yil 5soni. 6. Жаббор Эшонқул. Фольклор. Образ ва талқин. – Қарши: Насаф,1999. 7. Қондибай С. Мифология предказахов. Алматы: СаГа, 2008.