XALQ ERTAKLARIDA ISKANDAR OBRAZI
Full text
198 XALQ ERTAKLARIDA ISKANDAR OBRAZI Allambergenova Lobar Oybek qizi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ilmiy rahbar: dots. H.Allambergenov DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268311 Annotatsiya. Mazkur maqolada Sharq xalqlari folklorida keng tarqalgan Iskandar Zulqarnayn obrazi tahlil qilinadi. Uning buyuk sarkarda va adolatli shoh sifatida tasvirlanishi, ertaklardagi u bilan bog‘liq asosiy go‘yalar yoritilgan. Kalit so‘zlar: xalq ertaklari, Iskandar obrazi, „ikki shoxli“ atamasi. Abstract. This article analyzes the image of Alexander the Great, widespread in the folklore of the people of the East. His depiction as a great commander and just king, as well as the main ideas related to him in fairy tales, are highlighted. Keywords: folk tales, the image of Alexander, the term “two-horned”. Аннотация. В этой статье анализируется образ Александра Македонского, широко распространенный в фольклоре восточных народов. Его изображение как великого полководца и справедливого царя, а также основные идеи, связанные с ним в сказках, освещены. Ключевые слова: народные сказки, образ Александра, термин «вурогий». Asrlar davomida muayyan hududda istiqomat qilgan el-elat vakillari o‘zlari yaratgan og‘zaki ijod namunalarida tevarak-atrof, odamlar va jonzotlar, tabiat hodisalari haqidagi tasavvurlarini ifoda etib kelgan. Xususan, xalq ertaklarida ijodkor xalqning turfa mifologik, tarixiy, afsonaviy obrazlar haqidagi qarashlari ularning milliy-madaniy o‘ziga xosligi va individual belgilari bilan bog‘liq holda rivojlanib borgan. Ustoz folklorshunos Jabbor Eshonqulovning yozganidek, „Garchi har qanday obraz va hodisa zamirida voqelik yotganini inkor etmagan holda shuni ta’kidlash joizki, obraz va hodisalardan to‘liq reallik izlash asarni yuzakilashtiradi. Obrazning tarixiyligi, eng avvalo, unda mujassam etilgan ifoda va tasavvurlarda ko‘rinadi“ [4:7]. Shu ma’noda, folklor asarlaridagi Iskandar obrazi ham ko‘plab afsonalar, dostonlar va ertaklarda kuch-qudrat, jasurlik va donolik timsoli sifatida xalqlarni himoya qiluvchi, ularni adolat sari yetaklovchi, dono maslahatlar berib, sirli savollarga javob topuvchi, dushmanlarga qarshi kurashuvchi, yovuz kuchlarni yenguvchi qahramonni o‘zida ifodalab kelgan. Shu bois ham Sharq xalqlari adabiyotida Iskandar Zulqarnaynning donoligi, saxovati, ilmi, yurt podshohligi borasidagi ishlari ertag-u dostonlardan o‘rin olgan, u haqida ko‘plab tarixiy va diniy kitoblar yaratilgan. Iskandar obrazi haqidagi tasavvurlar qadimgi turkiy adabiyotda Mahmud
199 Koshg‘ariyning „Devonu lug‘otit turk“ asaridan boshlanadi. Muallif Iskandarning turk xoni bilan urushi va „oltin qon“ deb aytilgan tog‘ nomining paydo bo‘lishi qizqarli ma’lumotlar bayon qilgan edi [6:117]. Fors-tojik adabiyotida esa Abulqosim Firdavsiy „Shohnoma“ asarida xalq orasida mavjud bo‘lgan afsona va rivoyatlarga suyangan holda Iskandar obrazini yaratgan edi [1]. Biroq sharqshunos olim Bertelsning ta’kidlashiga qaraganda „Firdavsiy „Shohnoma“sida Iskandar mustabid podsho sifatida ko‘rinmagani kabi adolatli shohning ideal obrazi sifatida ham tasvirlanmay, qandaydir oddiy Eron shohi tarzida beriladi“ [2:34]. Turkiy adabiyotda esa Iskandar haqidagi ertaklarning paydo bo‘lishi va shakllanishida ham yuqoridagi kabi manbalar bilan bir qatorda turfa afsonalar-u, rivoyatlar hamda Alisher Navoiyning „Saddi Iskandariy“ dostonining ta’siri katta bo‘lganligini ta’kidlash joiz. Jumladan, „Donishmand Iskandar“ ertagida asar nomlanishidan ko‘rganimizdek, Zulqarnayn va uning oqilona ishlari tasvirlanadi. Ertak qadimiy xalq og‘zaki ijodi namunasi bo‘lgani bois unda ko‘plab o‘ziga xosliklarni uchratamiz. Shuningdek, mazkur janr namunasi sujetining ko‘p tarmoqliligi bilan ham o‘quvchini jalb qiladi. Asarning o‘ziga tortuvchi tomoni shundaki, unda ilonlarning odamlar singari o‘z podshohiga ega bo‘lishi, shu podshoh ayolining xiyonati, shuningdek, xalq dostonlaridagi kabi safar motivi, savolga javob topish uchun yetti aka-ukadan so‘rash singari motivlar borligidadir. Ertakda Iskandar Zulqarnayn asosiy harakatlantiruvchi kuch tarzida namoyon bo‘ladi. Shunisi qiziqki, mag‘ribdan mashriqqacha butun dunyoni bosib olgan Iskandar ertakda ikkinchi darajali podshoh sifatida keltiriladi. U ilonlar podshohidan olgan o‘z qobiliyati bilan katta podshohlik uchun xazina izlab yo‘lga chiqadi. Bu ertakdan shuni anglash mumkinki, har qanday ilm har qanday sharoitda insonni yuksak pog‘onalarga ko‘taradi, uni sharaflaydi. Ertak yakunida Iskandar katta podshoh o‘rniga tayinlanadi. Iskandar Zulqarnayn obrazi faqat tarixiy shaxsning badiiy talqini emas, balki ramziy ma’noga ham ega. U qudrat, ilm, adolat va dunyoqarash birligining timsoli sifatida qabul qilinadi. Sharq adabiyotida Iskandar obrazi orqali hukmdorlar uchun ibrat, insoniyat uchun ma’naviy komillik namunasi ko‘rsatib beriladi. Uning turli sohadagi yutuqlari va qudratli podshohligi sabab bo‘lganki, Navoiy kabi ulug‘ ijodkor ham ushbu buyuk hukmdor nomini xamsachilik an’anasi doirasida o‘z asariga ma’naviy yetuklik timsoli sifatida bosh obraz qilib oldi. „Iskandar va Samandar“ deb nomlangan ertakda asosiy e’tibor Iskandarga emas, vazir Samandarga qaratiladi. Ertakda Gulxaniyning „Zarbulmasal“ asariga o‘xshab ikkita boyo‘g‘lining quda-andachiligi va chordevor so‘rashi tasviri
200 keltiriladi. Bu esa Iskandar misolida insoniyat orzu qilgan ideal podshohning ham ilm-ma’rifatdan, ezgu ishlardan uzoqlashishi kulfatga olib kelishi, davlatning tanazzulga, el-yurtning g‘urbatga yuz tutishi ko‘rsatib bergan. Ushbu ertakda ham yuqoridagi kabi ilmning foydasi, uni to‘g‘ri maqsadda foydalanish kabi qarashlar targ‘ib qilingan. Voqealar rivoji davomida Iskandarning xatosini tushunishi, uni to‘g‘rilashga intilishi, o‘z aholisi uchun manfaatli yechim topishi, uning adolatli podshoh ekanligi ta’kidlanadi. Vazir esa egallagan ilm-u hunari orqasida Iskandar mehrini qozonadi va podshohlik martabasiga erishadi. Ertakdan shuni xulosalash mumkinik, xudbin insonning xatti-harakatlari bir kuni o‘z boshiga yetadi, xatolarni to‘g‘rilash, xalq manfaati uchun xizmat qilish esa uni ezgulik sari yo‘naltiradi. Iskandar Zulqarnayn haqida yozilgan tarixiy, badiiy kitoblarda u bir, ba’zan ikki shoxli deya tasvirlanadi. Bu borada qadimdan kelayotgan mashhur „Iskandarning shoxi bor“ ertagi hammaga tanish. Asar Iskandar va sartarosh o‘rtasidagi sir asosiga qurilgan. Shohning g‘ayritabiiy tashqi belgisi haqidagi ma’lumot maxfiy tutilishi lozim edi, ammo bu sirni hech kimga aytolmagan, ichiga yutaverib, kundan kunga rangi o‘chgan sartarosh oxiri quduqqa borib jar soladi. Natijada Iskandarning siri barchaga fosh bo‘ladi. Ertakda rost so‘zlashning inson uchun qanchalik foydali ekanligi targ‘ib qilingan. Rost so‘z tog‘ni ag‘darar deganlaridek, sartarosh ham o‘limdan qutulib qoladi. Xalq ertakalari bo‘yicha qator tadqiqotlar olib borgan olim G‘ani Jalolovning talqinicha „sartaroshning omon qolish motivi milliy ruhni namoyish etayotir, chunki xalqimizda qadimdan qariyalarni hurmat qilish odati bor“ [5:44]. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Iskandar Zulqarnaynning shoxi borligi to‘g‘risidagi fikrlar ramziy ko‘rinishga egadir. U Sharqu G‘arbni bosib olgani uchun shunday nom berilgan degan taxminlar ham mavjud. Iskandar obrazi qatnashgan har bir asar ilm borasida, adolat borasida inson uchun o‘rnak vazifasini o‘taydi. Umuman, Iskandar Zulqarnayn siymosi tarix va dinning chorrahasida turgan murakkab, ammo ibratli shaxsdir. Qur’ondagi oyatlar, tarixiy tadqiqotlar va xalq og‘zaki ijodida u adolat, qudrat va donishmandlik timsoli sifatida gavdalanadi. Ilmiy doiralarda Zulqarnaynning aynan kim bo‘lgani borasida yakdil xulosa mavjud bo‘lmasa-da, uning siymosi insoniyat tarixida adolatli hukmdor idealining yorqin ifodasi sifatida qadrlanadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абулқосим Фирдавсий. Шоҳнома. Танланган достонлар. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, 1984. 2. Бертельс Е.Э. Роман об Александре. – Москва-Ленинград, 1948. – С. 34. http://kronk.spb.ru/library/bertels-ee-1948.htm
201 3. Донишманд Искандар: Эртаклар (Тўплаб, нашрга тайёрловчи: Б.Саримсоқов). – Тошкент: Ёзувчи, 1994. 4. Жаббор Эшонқул. Фольклор: образ ва талқин. – Қарши: Насаф, 1999. 5. Жалолов Ғ. Ўзбек фольклорида жанрлараро муносабат. – Тошкент: Фан, 1979. 6. Маҳмуд Кошғарий. Девону луғотит турк. Уч томлик. I том. (Таржимон ва нашрга тайёрловчи С.М.Муталлибов) – Торшкент: Ўзбекистон Фанлар академияси нашриёти, 1960.