scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MOVAROUNNAHR HUDUDIDA AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDAGI BUNYODKORLIK ISHLARI

Siddiqova, Saidaxon Xoshimjon qizi

Abstract

Movarounnahr hududi qadimdan Sharqning yirik madaniyat va sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida bu hududda shaharsozlik, hunarmandchilik, ilm-fan va madaniyat jadal rivoj topdi. XV asrga kelib Movarounnahr va Xuroson shaharlarida savdo-sotiq, hunarmandchilikning ahamiyati ortib, shaharlarning qiyofasi o‘zgardi. Ushbu davr bunyodkorlik ishlari bilan ajralib turib, hozirgi kungacha saqlanib qolgan meʼmoriy yodgorliklarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Temuriylar davrida amalga oshirilgan qurilishlar nafaqat o‘z davri uchun, balki jahon meʼmorchiligi taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shu sababli Movarounnahr hududidagi bunyodkorlik ishlarini o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini tahlil qilish tarixiy jarayonlarni anglashda muhim o‘rin tutadi.

Full text

“INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 11 DOI: https://10.5281/zenodo.17268388 MOVAROUNNAHR HUDUDIDA AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDAGI BUNYODKORLIK ISHLARI Siddiqova Saidaxon Xoshimjon qizi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (mamlakatlar bo‘yicha) kafedrasi E-mail: [email protected] Movarounnahr hududi qadimdan Sharqning yirik madaniyat va sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida bu hududda shaharsozlik, hunarmandchilik, ilm-fan va madaniyat jadal rivoj topdi. XV asrga kelib Movarounnahr va Xuroson shaharlarida savdo-sotiq, hunarmandchilikning ahamiyati ortib, shaharlarning qiyofasi o‘zgardi. Ushbu davr bunyodkorlik ishlari bilan ajralib turib, hozirgi kungacha saqlanib qolgan meʼmoriy yodgorliklarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Temuriylar davrida amalga oshirilgan qurilishlar nafaqat o‘z davri uchun, balki jahon meʼmorchiligi taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shu sababli Movarounnahr hududidagi bunyodkorlik ishlarini o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini tahlil qilish tarixiy jarayonlarni anglashda muhim o‘rin tutadi. Amir Temur davrida amalga oshirilgan qurilishlar ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada bo‘ldi. Dastlab ko‘cha magistrallarini mustahkamlash, tartibga solish, shaharsozlik bo‘yicha yirik tadbirlar amalga oshirildi. Amir Temur bunyodkorlik ishlarini dastlab uch bosqichda amalga oshirgan: 1. Shaharsozlik, turli obidalar va obodonchilik maskanlarini barpo etish. 2. Hunarmandchilik va xalqaro savdo. 3. Ilm-fan va madaniyat rivoji. “INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 12 Movarounnahr va Xurosonning XV asr meʼmorchiligi to‘g‘risida so‘z borar ekan, shuni taʼkidlash joizki, unda hozirgi zamon binokorligida “infrastruktura” deb ataladigan kompleksga erishishga harakat qilingan va bunga erishilgan. Ayniqsa, bu davrda meʼmorchilik o‘zining kompleksi va bajargan vazifasi jihatidan jamoat binolari, shifoxonalar, hammomlar, istirohat bog‘lari alohida o‘rin tutadi. Samarqand va Hirotda meʼmorchilik, naqqoshlik, tasviriy sanʼat va adabiyot nihoyatda taraqqiy etgan. Bu ikki poytaxt shaharlarda jamoat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ko‘plab hashamatli binolar qad ko‘targan. Temuriylar davrida shaharlar mohiyatiga ko‘ra maʼmuriy markazlar, xalqaro savdo yo‘llaridagi shaharlar va harbiy ahamiyatga molik qo‘rg‘on-shaharlarga bo‘lingan. Samarqand, Kesh va Hirot shaharlari Temuriylar davlatining maʼmuriy markazlari maqomida bo‘lgan. Aniq tashkil etilgan shahar ansamblini yaratishdagi asosiy ishlar poytaxt Samarqandda amalga oshirilgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Amir Temur Samarqandni o‘z davlatining poytaxti qilgani, unda shahar devorlari, oliy imoratlar va tillaqori qasrlar barpo etishga farmon bergani natijasida Samarqand o‘sha davrda obodonligi, aholisining ko‘pligi va dunyoning turli mamlakatlaridan savdogarlar keluvchi markazga aylanganini alohida taʼkidlab o‘tgan. Amir Temur Samarqandni Arab xalifaligining poytaxti Bag‘dod va Misr davlatining poytaxti Qohira kabi har tomonlama ustun bo‘lishini istagan va bunga erishgan. Hukmronligining dastlabki paytidayoq qisqa muddatda Afrosiyobdan janubi-g‘arbda yangi shahar devorlarini (shahrband) va ark qal’asini barpo etgan. Rui Gonsales de Klavixo o‘zining “Samarqandga sayohat kundaligi” asarida butun Movarounnahr hududini “Samarqand podshohligi” (Imperio de Samarqande) deb ataydi, shaharning tashqi va ichki tuzilishi, paxsa devorlari va chuqur handak bilan o‘ralganini taʼkidlaydi. Amir Temur va temuriylar davrida shaharlarning asosiy majmuasi hisor deb atalgan. Hisor o‘zida asosiy turar joy maydoni, hunarmandchilik va savdo-sotiq rastalarini jamlagan. Katta-kichik shaharlarning hisorlari turlicha bo‘lsa-da, ularning maqsadi bir xil bo‘lgan. XV asrda asosiy ko‘chalar qator gumbazlar va cho‘zilgan ayvonlar bilan qoplangan, ularning ikki tomonida do‘konlar va ustaxonalar “INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 13 joylashgan. Bundan tashqari, bu davrda imoratlar, ayniqsa, ko‘shklar ko‘pincha ikki (ba’zan uch-to‘rt) qavatli qilib qurilgan. Hofizu Abru o‘z asarlarida bu imoratlarning sinchli loydan qurilgan eski usuldan farqli ravishda pishiq g‘ishtdan barpo etilganini alohida taʼkidlaydi. Manbalarga ko‘ra, temuriylar davrida bunyod etilgan binolar shaklan yaxlit meʼmoriy majmualarni tashkil etgan. Ularning eng mashhurlari — Ko‘ksaroy, Samarqand jome masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Qusam ibn Abbos (Shohizinda) majmuasi, Ulug‘bek madrasasi va observatoriyasi hisoblanadi. Ko‘ksaroy Amir Temur davlatining maʼmuriy binolari joylashgan qismi bo‘lib, u mustahkam devor bilan o‘ralgan to‘rt qavatli ark (Arki oliy), zarbxona va boshqa maʼmuriy binolarni o‘z ichiga olgan. Ark ichida hukmdor uchun taxt qo‘yilgan maxsus qabulxona barpo etilgan bo‘lib, uning nomi “Boburnoma”da Bo‘stonsaroy deb tilga olingan. Jome masjid (Bibixonim masjidi) esa Amir Temur Samarqandda qurdirgan imoratlari ichida eng ulug‘vor va muhtashami hisoblanadi. Bunyodkorlik ishlari haqida yozma manbalarda berilgan maʼlumotlar bir-birini to‘ldiradi. Tarixchi Xondamir o‘zining “Habib us-siyar” asarida bu masjid qurilishi haqida shunday yozadi: 1399-yilda Hindiston ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Amir Temur abadiy saodat e’tiqodiga ishonib, donishmand va ilmli muhandislarga Samarqand jome masjidi imoratini qurishga farmon bergan. Amir Temur qurdirgan meʼmoriy obidalardan yana biri Go‘ri Amir maqbarasi bo‘lib, bu inshoot Samarqandning janubiy-sharqiy qismida, nabirasi Muhammad Sulton tomonidan XIV asr oxirida qurdirilgan majmua qoshida bunyod etilgan. Majmuani usta Muhammad ibn Mahmud Isfaxoniy qurib bergan. Ushbu inshoot 1403-yilda boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida ham davom ettirilib, Temuriylar xonadonining dafn joyiga aylangan. Ulug‘bek davrida maqbara yangidan bezatilib, sahnida daxmalar o‘rnatilgan, atrofi nafis marmar panjara bilan o‘ralgan. Koshinlari orasiga Muhammad ibn Mahmud Isfaxoniy tomonidan “Dini jannat — dil poklarning dargohidir” degan yozuv o‘yib yozilgan. 1424-yildan boshlab maqbaraga sharq tomondan qurilgan ko‘p gumbazli galereya orqali kirilgan. “INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 14 Amir Temur Qusam ibn Abbos qabri ustiga maqbara qurdirib, unga Shohizinda deb nom bergan. Keyinchalik bu yerda Temuriy malikalar maqbaralari ham qad rostlagan. Umuman, majmua turli davrlarda qurilgan masjid, maqbara va chillaxonalardan iborat bo‘lib, atrofida Tuman og‘a masjidi va maqbarasi joylashgan. Masjidning janubiy eshigi ustiga “Mazkur imorat Amir Musoning qizi Tuman og‘a tomonidan bunyod etildi” deb yozilgan. Ushbu majmua — maqbara, masjid, hujralar va chortoqlar turli davrlarda qurilgan bo‘lsa-da, bezaklari XV asr boshlarida ishlanib, yaxlitlikka erishilgan. Maqbara xochsimon tarhli, moviy gumbazli va baland qilib qurilgan bo‘lib, janubiy qismida uch gumbazli masjid joylashgan. Uning mehrobi yorqin rangli parchinlar bilan qoplangan. Temuriy hukmdorlardan Mirzo Ulug‘bek ham bobosi kabi bunyodkorlik ishlariga katta e’tibor bergan. U hukmronligi davrida bir qator masjid, madrasa, xonaqoh, hammom, sardoba va karvonsarolar qurdirgan, mozorot va ziyoratgohlarni obod qilgan. Avvalo, Temur davrida qurib bitkazilmagan talay binolarni yakuniga yetkazgan. Go‘ri Amirning KIRISH peshtoqi, Shohizinda ansamblidagi baʼzi maqbaralar, markaziy qismidagi Qozizoda Rumiy maqbarasi ana shunday inshootlardandir. Shuningdek, Shahrisabzdagi Ko‘kgumbaz masjidi, Yassidagi Ahmad Yassaviy qabri ustiga qurilgan binolar ham Ulug‘bek faoliyati bilan bog‘liq. Mirzo Ulug‘bek Samarqandni obod qilishga alohida e’tibor bergan. Uning davrida shahar markazidagi Registon maydoni shakllangan. Shuningdek, u tomonidan qurilgan eng nodir meʼmoriy inshootlardan biri — Samarqand rasadxonasidir. Xulosa qilib aytganda, Temuriylar davri O‘rta Osiyoda meʼmorchilik va shaharsozlik taraqqiyotining yuksak bosqichi sifatida tarixda muhim o‘rin egallaydi. Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari qurdirgan maqbara, masjid, madrasa, xonaqoh, hammom hamda boshqa inshootlar o‘zining badiiy naqshlari, ulug‘vor gumbazlari va takrorlanmas uslubi bilan jahon meʼmorchilik sanʼatining nodir namunalaridan hisoblanadi. Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandning obod qilinishi, xususan Registon majmuasining shakllanishi va Samarqand rasadxonasining bunyod etilishi Temuriylarning ilm-fan va madaniyatga bo‘lgan yuksak e’tiboridan “INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 15 dalolat beradi. Shuningdek, Shahrisabz, Samarqand va boshqa shaharlarda barpo etilgan obidalar nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham meʼmoriy yodgorlik sifatida butun insoniyat tamaddunining bebaho merosi sanaladi. Demak, Temuriylar davrida bunyod etilgan inshootlar O‘rta Osiyo tarixiy-madaniy taraqqiyotini yoritishda muhim manba bo‘lib, ular bugungi avlod uchun ham faxr-iftixor va ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: (REFERENCES) 1. Аҳмедов Б. Тарихдан сабоклар. – Тошкент: Ўқитувчи, 1994. 2. Аҳмедов Б. Навоий замондошлари хотирасида. – Тошкент: Ғофур Ғулом номидаги адабиёт ва саньат нашриёти, 1985. 3. Юсупова Д.Ю. Жизнь и труды Хондамира. – Тошкент: Фан, 2006. 4. Ўринбоев А, Бўриев О. Темурийлар бунёдкорлиги давр манбаларида. Тошкент: Абдулла Кодирий нмидаги халк мероси нашриёти, 1997. 5. Ҳамидова М.С. Амир Темур ва Темурийлар даври меъморий ёдгорликларининг ўрганилиши (XIX аср охири–XXI аср бошлари). – Тошкент: “Turon-Iqbol”, 2021. 6. Madraimov A. Tarixchi Xondamirning boburshunoslikka qo‘shgan hissasi // O‘zbekiston til va madaniyat, 2024. 7. Pavlonov A.Q. Xondamir hayoti va uning “Xulosat ul axbor”i //International Journal of Education, Social Science &Humanities Finland Academic Research Science Publishers.