scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TARIXIY MAVZUDAGI ROMANLARDA SUJET VA OBRAZLAR MUTANOSIBLIGI

Dilnoza Uktamovna Mamanova

Full text

329 TARIXIY MAVZUDAGI ROMANLARDA SUJET VA OBRAZLAR MUTANOSIBLIGI Dilnoza Uktamovna Mamanova Navoiy davlat universiteti doktoranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272120 Annotatsiya: Maqolada Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li Eshonjonovning “Tanazzul” va Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanlari o‘rtasidagi zamon-makon, obrazlararo uyg‘unlik, voqealar rivojidagi o‘xshash jihatlar ko‘rib chiqilgan. Chunki bu ikki asar ham Qo‘qon xonligi tarixini aks ettirgan badiiy asarlardir. Abdulla Qodiriy romanida asosiy voqealar rivojida badiiy to‘qima obrazlar harakatlantirilgan bo‘lsa-da, o‘sha qahramonlar siyosatdan yiroq bo‘lmagan obrazlardir. Ya’ni siyosiy-ijtimoiy vaziyatga befarq emas. Qo‘qon xoni Xudoyorxon zamoni uning hukmronligi atrofidagi voqea-hodisalar ichida yoritilgan. Kalit so‘zlar: tarixiy janr, Qo‘qon xonligi, tarixiy shaxslar, tarixiy mavzu, pozisiya, mingboshi, to‘qima obraz, obrazlar xarakteri, Xudoyorxon davri. Аннотация: В статье исследуется сходство во времени и пространстве, гармония характеров и развитие событий между романами «Таназзул» Саъдихона Эшонджонова и «Утган кунлар» Абдуллы Кодири. Оба произведения являются художественными произведениями, отражающими историю Кокандского ханства. Хотя основные события в романе Абдуллы Кодири одушевлены вымышленными персонажами, эти персонажи не далеки от политики. То есть они неравнодушны к политической и социальной ситуации. Эпоха кокандского хана Худоёрхана освещается в контексте событий, окружающих его правление. Ключевые слова: исторический жанр, Кокандское ханство, исторические личности, историческая тема, должность, вождь, вымышленный персонаж, характер персонажей, эпоха Худоёрхана. Abstract: The article examines the similarities in time and space, character harmony, and development of events between Sa'dikhan Eshonjonov's book “Decline” and Abdulla Qodiri's novel “Bygone Days”. Because both of these works are works of art that reflect the history of the Kokand Khanate. Although the main events in Abdulla Qodiri's novel are animated by fictional characters, these characters are not far from politics. That is, they are not indifferent to the political and social situation. The time of the Kokand Khan Khudoyorkhan is covered in the context of the events surrounding his reign. Keywords: historical genre, Kokand Khanate, historical figures, historical theme, position, chieftain, woven image, character of images, Khudoyorkhan era. Yurt yoki Ona Vatan uning shonli va qonli tarixi necha ming yillarni necha zamon-u xonlarni ko‘rgan. Boy tarixiy meros bugunga qadar yetib kelib barchani lol qoldirmoqda. Vatanimizdagi qadim Samarqand, Buxoro, Marg‘ilon, Xiva, Qo‘qon va boshqa bir qancha shaharlar tarixiy taraqqiyot davrini bosib o‘tgan va necha-necha 330 ming yilliklarni qamrab olgan. Xususan, 2000 yildan oshgan Qo‘qon shahri va uning o‘tmishi hali hanuz tillarda shuningdek, kitoblarga muhrlanmoqda. Yozuvchi tarixiy janrga murojaat etar ekan, tarixiylik prinspini buzmagan, undan boshqa bir qolib yaratmagan holda estetik ideali tarixiy haqiqatga monand bo‘lsagina yetuk tarixiy asar yarata oladi. Xuddi shunday Qo‘qon xonligi haqida Abdulla Qodiriy tarixiy real voqelik bilan badiiy to‘qima asosida “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini yaratgan. “O‘tkan kunlar” muqaddimasida “Yozmoqqa niyatlanganim ushbu – “ O‘tkan kunlar” yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba yana to‘g‘risi, bu havasdir. Ma’lumki, har bir ishning ham yangi – ibtidoiy davrda talay kamchiliklari bilan maydonga chiqishi, ahllarning yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomilga yuz tutishi tabiiy bir holdir…” [1:5] deya aytib o‘tar ekan, “Tanazzul” romani ham xuddi shu asosda dunyoga kelgan. Yozuvchi Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li ushbu romanini yozishda undan ilhomlangan buni birinchidan, roman epigrafida, ikkinchidan, romanda Qo‘qon tarixini yoritishida, uchinchidan, obrazlararo o‘xshashliklarda va boshqa ko‘plab o‘rinlarda uchratishimiz mumkin. Bir davr haqida bugungi kunda yozilgan Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li Eshonjonovning “Tanazzul” romani va XX asr 1-yarmida yozilgan Abdulla Qodiriy asarlari o‘rtasida zamon-makon, voqealari, obrazlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikda yozilgani bir-biriga mutanosibdir. “Tanazzul” romaniga Abdulla Qodiriyning “Moziyga qaytib ish qilish xayirlik deydilar…” gapi epigraf sifatida olinib yozilgani ilk bog‘liqlik bo‘lib, bu asar g‘oyasini ham belgilovchi jihati hisoblanadi. Bu jumlalarni Qodiriy “O‘tkan kunlar” da “... Shunga ko‘ra mavzuni mazmuni moziydan yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning eng kirlik qora kunlaridan belgiladim”, – deb yozadi. “Tanazzul” asari ham nomlanishi bilan yuqoridagi Qodiriy fikrlarini isbotlaydi. Ya’ni Xudoyorxon davri, xonlikdagi yemirilib borayotgan vaziyat, qipchoqlarning hokimiyat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgani, aka-ukalar o‘rtasida beklarning nayranglariga uchib taxt talashishlar, Rossiya tomonidan xonlikni bosib olishga bo‘lgan harakatlari va natijada mustamlakaga aylantirgani hamma-hammasi Qo‘qon xonligining parokandaligi, tanazzulga yuz tutishidir. Darhaqiqat, har qachon ham ortga qarab, puxta o‘ylagan holda qilingan ishda xayr-baraka bo‘ladi. Shunday ekan, tarix bizga har doim ko‘zgu, eslatma, o‘rnak vazifasini bajaradi. Shu sababdan ushbu asarlar yaratilgan desak xato bo‘lmaydi. Asarlarda tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar hatto, to‘qima obrazlararo o‘xshashliklarni ko‘rishimiz mumkin. Buni “Tanazzul” dagi Yusufbek hoji, Musulmonqul mingboshi, Normuhammad, O‘tapboy qo‘shbegi, Xudoyorxon, 331 qipchoqlar qirg‘ini voqealari va boshqa ko‘plab o‘rinlarda uchratamiz. “O‘tkan kunlar” dagi bosh to‘qima obrazlardan biri Yusufbek hoji obrazi “Tanazzul”da ham xarakter, siyosatga munosabati jihatidan mutanosiblikda aks ettirilgan. Buni asarlardagi quyidagi voqealar orqali tahlil qilamiz. “O‘tkan kunlar” da Yusufbek hoji Azizbek davri va qipchoqlar qirg‘ini holatida “Azizbek bo‘lsa javohir tojlar, oltin taxtlar, nozanin parivashlar, dong‘dor mahramlar” haqidag‘ina o‘ylar edi. - Hoji, - dedi Azizbek so‘z ochib, - manim sizni o‘rdag‘a chaqirg‘anim sababini, albatta, bilmagandirsiz? Yusufbek hoji xayolidan ko‘z ochdi: - Taqsir... chaqirishingiz, albatta, fuqaroning tinchlig‘i, raoyoning holati rohati, hukumatning barqaror turmog‘i uchundir. Hojining bu so‘zi Azizbekni yashindek urdi. Uning ko‘z o‘nglari qorong‘ulanib, haligi shirin xayollar tag‘in qorong‘iliqda yashirindi. ...Qarorim shundan iboratkim, ertadan boshlab yurtka o‘ttiz ikki tanga soliq sochasiz. ...Hoji Azizbekning bu ablahona qaroriga qarshi qizishdi. Azizbek bu zolimona buyrug‘iga qarshi qattiq so‘zlar aytishka o‘ylansa ham achchig‘ini qanday kishiga aytishni o‘ylab o‘zini bir oz yig‘di. - Taqsir amringizga qarshi tushadirg‘an joyim yo‘q, - dedi, lekin shunisini bir oz o‘ylamoq kerakki, yurt yetmish kun qamal kechirdi... Menga qolsa bu kunlarda o‘ttiz ikki tanga emas, o‘ttiz ikki qora pul solish ham og‘irdir.” [1:84] degan suhbat orqali siyosatda ustuvor kishilardan, xalqni o‘ylab hokim rad eta olmaydigan maslahat beruvchi obraz sifatida tasvirlangan. Obraz xarakterining o‘xshashligi va to‘qima bo‘lishiga qaramay, bir xil pozisiyada berilganligi yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlaydi. Shunday ekan, asardan asarga ko‘chgan voqelik, turli obrazlar yaratish ortida tarixiy mavzudagi asarning salmog‘i-yu qiyinchiligi yotadi. “Tanazzul” asarida esa Yusufbek hoji Xudoyorxonning Toshkentda hokimlik qilayotgan akasi Sarimsoqbekka otasi Sheralixon tilidan “O‘g‘lim, Yusufbek hoji dunyoning past-balandini, achchiq-chuchugini, qattiq-yumshog‘ini ko‘rib bilgan odam. Kengash bahslik bo‘lganda Yusufbek hojining gaplariga e’tibor qiling,” [2:256] deb aytilgan gaplarda shuningdek, Qo‘qonga yuboriladigan Toshkent atrofidagi bojlar beklarning gapi bilan o‘sha yerda olib qolishni maslahat qilayotganda Yusufbek hoji tilidan “...Mobodo, bojni olishga qaror qilgan bo‘lsalar, yarmini emas, xonlikka keladigan hamma bojni olib Farg‘ona davlatini bo‘ysundirsinlar. Toshkentni poytaxt qilsinlar. Salohiyatli bo‘lib, Buxoro amirligi bilan Xiva xonligini ham kuch bilan qo‘lga olib, tasarrufingizga oling. Oldingi buyuk Turkistonni barpo qiling. Bu ishda kamina joni dilim bilan yordamlashaman. Agar 332 janoblar bojlarni Xo‘qanddan bu yog‘ini qayirib olishga farmon bersalar, xonlik ikkiga bo‘linadi. Ikkala tomondan minglab musulmonlar qirilib ketishadi. ...Mashoyixlarimiz “ayrilganni ayiq yer bo‘linganni bo‘ri yer,” - deb berkorga aytib o‘tishmagan. Shunday ham bo‘lingan Turkistonni yana bo‘lmasinlar, hokim janoblari,” [2:257] degan gaplari keltirilib, obrazlararo tenglik borligini ko‘rishimiz mumkin. Yana bir o‘rinda “Agar siz nafsingizga qarasangiz ikki xalqni bir-biriga sovuq ko‘rsatib, adovat tuxumini sochib kelguchi bir nechagina odam bor… Menga qolsa mamlakatni tinchitish uchun shular to‘g‘risida o‘ylash kerak. Nainki, to‘rtta muttahamni deb butun bir xalqqa hujum qilish!” [2:257] deya Toshkentda bo‘layotgan beklarning qipchoqlar qirg‘iniga yig‘ilishlariga qarshilik ko‘rsatadi. Ikki asarda ham Yusufbek hoji obrazi siyosat ichidagi inson, hammaga so‘zini o‘tkazadigan mulohazakor sifatida gavdalantirilgan. “O‘tkan kunlar” da Toshkentdagi g‘alayon voqealari ko‘proq aks ettirilgan bo‘lsa, “Tanazzul” da Qo‘qondagi vaziyatga asosiy urg‘u qaratilgan. Qodiriy Toshkentda yashaganligi va asarni ham shu joyda yozgani sabab u yerdagi voqealar tarixini yaxshi biladi. Otabek obrazi orqali ham xalqni uyg‘otishga, fikr mulohaza qilishga, ilm egallab mustaqil qadam qo‘yishga dav’at etadi. Marg‘ilonga kelganda ilk mehmondorchilik suhbatlaridan birida O‘rus shaharlarida bo‘lganini, u yerdagi ijtimoiy-siyosiy holat haqida “Men o‘rusning idora ishlarini ko‘rib o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lganini iqror etishga majbur bo‘ldim… Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa, holimizning nima bo‘lishiga aqlim yetmay qoldi.” [1:17] degan fikrlar keltiriladi. “Tanazzul” romanida to‘qima Saidbek va Qilich obrazlarida ham Otabek yo‘lidan ketish kuzatiladi. Xudoyorxon ularni Rossiyaga o‘qishga – ilm maqsadida yuboradi. Dastlab imperator farmoniga asosan, “Naplyuyev nomidagi kredit korpusi” da keyin Qozonda tahsil oladi. Olti yil mobaynida rus, ingliz, arab tilida ravon so‘zlashni, harbiy soha - jang qilish taktikalarini o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan yetuk bo‘lib qaytishadi. Ayniqsa, buni Saidbek misolida romanda ochib berilgan. Xudoyorxon u bilan maslahatlashar, boshqa davlatlarda bo‘layotgan ishlarni batafsil so‘rab o‘rganar edi. Bu obraz orqali yangiliklar olib kiritilgan: askarlarning kiyimlari bir xilda bo‘lishi, saf bo‘lgan holda yurish, jang qilish texnikasi, elchilik aloqalari va shu kabi xonlikda yo‘q chet el nafasi kiritiladi: “ – Uch yuz-to‘rt yuz nafar navkarlarni ularda rota deyishadi, ana shu navkarlar bir tekisda saf tortib podsho, vazirlar turgan maydondan gursillab o‘tsa, parad deyiladi. 333 … Besh-o‘nta ayg‘oqchi faqat bizda, xon hazratlari, ularda minglab ayg‘oqchilar bor. O‘rislar mirshablardan ko‘ra ayg‘oqchilardan ko‘proq qo‘rqishadi. … O‘rislar g‘arb tomonda o‘ndan ortiq mamlakatni o‘ziga tobe qilib olgan hatto bir-ikkisini podsholigini yo‘q qilib, o‘zini o‘risidan bek tayinlab qo‘ydi. Ularda viloyat bekligini “gubernator” deb atashadi. O‘rislar o‘ta bosqinchi xalq. Bizning mamlakatimizga ham ko‘z tikyapdi shekilli.” [3:63] Bu orqali ikki asarda ham yozuvchining maqsadi orqada qolishni oldini olish, rivojlangan davlatlardan o‘rnak olgan holda ish ko‘rmay qilingan harakatlar mustamlaka bo‘lishga olib kelishi mumkinligi aks ettirilgan. Yana bir o‘rinda Otabek tilidan “Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam.” [1:17] degan fikr keltiriladi. Buni yozuvchi Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li “Tanazzul” asarida davom ettirib barchasini Saidbek obrazi orqali ochib berishni uddalagan. Lekin bu obraz orqali yangi havo nafasini olib kirdi-yu, oxirigacha yetkazilmaydi. Tarixiy haqiqatga xoslik bunga zamin yaratmadi. Ikki asardagi Xudoyorxon obraziga keladigan bo‘lsak, Qodiriy romanida Xudoyorxon portret tasviri quyidagicha chizilgan “…to‘rt oyoqli marmardan yasalg‘an taxt ustida oltin kamarga taqilgan oltin sopli qilichini tizzasi ustiga ko‘ndalang qo‘yib, qizil duxobadan tikilgan po‘stin kamzul ustidan adras to‘n kiygan, boshig‘a simobi shohi salla o‘rag‘an o‘n sakkiz yoshlar chamaliq, cho‘ziqqina yuzlik, bug‘doy ranglik xon o‘ltirar edi.” [1:115] Musulmonqul mingboshi esa “O‘ratepa chakmani ustidan qayish kamar bog‘lab, soddag‘ina qilich taqg‘an, boshig‘a oq barra popoq kiyib, basharasidagi burni yuzi bilan bir qatorda deyarli tekis yaratilg‘an, o‘rtacha soqol, qisiq ko‘z, bug‘doyrang, o‘rta yoshliq bir qirg‘iz,,,” [1:115] shaklida tasvirlanadi. “Tanazzul” dagi portret tasviri ham shunga o‘xshash bo‘lib tasvirlar bir xilligini uchratish mumkin. “Tanazzul” yozuvchisi tarix bilan bir qatorda Qo‘qon xonligi haqidagi ilmiy, badiiy asarlarni o‘rganganini, bunda Qodiriy asarlari asosiy ekannini ham ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, “Tanazzul” romanida diqqatimizni tortgan bir voqeani olaylik, Mallaxon Xudoyorxon tomonidan Toshkent hokimi etib tayinlangandan keyin beklar bilan yig‘ilishda, beklar orasida “ - Kattalarning ichida qo‘shningiz ko‘rinmaydi. - Kimni aytyapsiz? - Yusufbek hojinida. 334 - Ha-a... Hojibobomi? Kelinlari ko‘z yorib, qazo qilgandan bu yog‘iga o‘rdaga qadam bosmay qo‘ydilar.” [2:224] degani “O‘tkan kunlar” da Kumushga ishoradir u ham xuddi shu zaylda ko‘zi yorishigandan keyin Zaynab tayyorlagan zahar qo‘shilgan atalani yeb zaharlanib vafot etgan edi. Yozuvchi Qodiriy romanlaridan ilhomlangan badiiy to‘qimadan to‘qima xarakterni ham asarga kiritgani tahsinga sazovordir. Tarixni yaratishda yozuvchuning ilmiy, ijodiy salohiyati asarning haqqoniyligini, badiiyatini ta’minlab, tanqidchi, o‘quvchi uchun ham manzur bo‘ladi. “O‘tkan kunlar” so‘ngida Otabek Kumush vafotidan keyin o‘g‘li Yodgorni olib Marg‘ilonga ketadi va qaytib kelmaydi. Asar yakunida Yusufbek hoji Qanoatshodan bir maktub oladi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi: “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qnashmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramanona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim…” [1:379] degan xat tasviri uchraydi va “Tanazzul”da Qanoatsho obraziga havolada “Hozirgi Turkistonning Qorateginidan. Qo‘qon xonlarining bir nechtasida amir lashkar lavozimida, shuningdek, Turkiston viloyatining hokimi bo‘lgan. Ruslarga qarshi kurashganlardan. Buxoroga elchi bo‘lib borganda amir Muzaffar tomonidan qatl etiladi.” kabi fikr keltiriladi. Otabek o‘z suyuklisidan ajralgandan keyin usta Alimdek holatga tushadi. Ikki taqdirdosh qo‘shinga navkarlikka tushib jonini omonatga qo‘yganligi anglashilar ekan, Qanoatsho va undan kelgan maktub buni yaqqol ko‘rsatib beradi. Tarixiy shaxslarni o‘z holicha badiiylik bilan bezatgan yozuvchining “Tanazzul” romani va “O‘tkan kunlar” romanlari o‘rtasida umumiy xulosalar chiqarar ekanmiz uni quyidagicha keltiramiz: birinchidan, yozuvchi bir mavzu va davr o‘z ifodasini topgan badiiy asarlar bilan mukammal tanishgan, ayniqsa, Qodiriy “O‘tkan kunlar” romani bilan; ikkinchidan, romanlararo ham tarixiy ham to‘qima obrazlar jihatidan uyg‘unlik mavjud; uchinchidan, makon-zamon, voqealar, harbiy jihatlar ikkisida ham bir-biriga bog‘liqlikda; to‘rtinchidan, Qodiriy romanining mantiqiy davomi bo‘lib, yozuvchi undan ilhomlangan va o‘z asari uchun materillarni puxta o‘rgangan holda “Tanazzul” romaniga qo‘l urgan. O‘zining ijodiy rejasini amalga oshirib uning uddasidan chiqqan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar. – Toshkent: Navro‘z, 2019. 2. Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li. Tanazzul. 1-kitob. – Toshkent: O‘qituvchi 2019. 3. Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li. Tanazzul. 2-kitob. – Toshkent: O‘qituvchi 2020. 4. Sa’dixon Mavlavixon o‘g‘li. Tanazzul. 3-kitob. – Toshkent: O‘qituvchi 2019. 335 5. Mamanova, D. (2024). “Mehrobdan chayon” va “Tanazzul” romanlarida tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima uyg‘unligi. Farg'ona davlat universiteti, (3), 190-190. 6. Маманова, Д. (2024). Художественное событие, переходящее от романа за романом. in Library, 2(2), 97-101. 7. Маманова, Д. (2024). Сходство пространства, времени и образов в романах. in Library, 2(2), 34-35. 8. Mamanova, D. U. (2024). Makon-zamon va obrazlararo oʻxshash ikki roman. “Ёш олимлар ахборотномаси”–“Вестник молодых ученых”, 2(2), 100-105.