G'AFUR G'ULOM HIKOYALARIDA ESTETIK IDEAL OBRAZLAR TALQINI
Full text
356 G‘AFUR G‘ULOM HIKOYALARIDA ESTETIK IDEAL OBRAZLAR TALQINI Muratova Gulbaxar Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272145 Annotatsiya. Ushbu maqolada taniqli o‘zbek yozuvchisi G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi o‘rganilgan. Ushbu hikoya tahlili misolida yozuvchi mahoratining o‘ziga xosligi tahlil etilgan. G‘.G‘ulomning qahramon ruhiy kechinmalari, inson tabiatining o‘ziga xosligi ifodasi haqida fikr-mulohazalar ilgari surilgan. Maqolada ilgari surilgan fikr-mulohazalar muayyan darajada umumlashtirilgan. Abstract. This article studies the story “My only thief child” by the famous Uzbek writer Gafur Ghulam. The analysis of this story analyzes the peculiarities of the writer's skill. G. Ghulam's heroic spiritual experiences and the expression of the peculiarities of human nature are put forward. The ideas put forward in the article are generalized to a certain extent. Аннотация. В статье рассматривается повесть известного узбекского писателя Гафура Гулама “Мой единственный ребёнок-вор”. Анализ повести выявляет особенности мастерства писателя. Раскрываются героические духовные переживания Г. Гулама, выражение особенностей человеческой натуры. Выдвинутые в статье идеи носят определённый обобщенный характер. G‘afur G‘ulom o‘z ideallarini ifodalashda ularga milliy ruhni, millatning orzuistaklarini singdirib yuboradi. Yozuvchi asarlaridagi milliylikning ildizlari, avvalo, islomiy axloq asoslariga borib tutashadi. Adib tasvirlagan qahramonlar Alloh berganiga shukur qilib, kelajakka umidvorlik bilan qarovchi kishilardir. Ular har qanday qiyin sharoit, mushkul vaziyatlarda yashashlariga qaramasdan qalblarida samimiy insoniy fazilatlar mujassamdir. Yozuvchining “Mening o‘g‘rigina bolam”[8] hikoyasidagi Roqiyabibi obrazi bunga misol bo‘la oladi. Hikoya asosida yotgan voqea yozuvchining o‘z uyida sodir bo‘lgan bo‘lib, u yoshlik yillarida mazkur voqeaning guvohi bo‘lgan. Hikoyadagi noskash kampir – Qora buvi uning yoshi saksondan oshgan buvisidir. O‘ziga qattiq ta’sir qilgan bu voqeiy hikoyani G‘afur G‘ulom ancha vaqt latifa tarzida aytib yurgan va keyinchalik qog‘ozga tushirgan. Hikoyada nosir voqeani ancha teranlashtirib, zamonaning yetakchi masalalariga, xususan, birinchi jahon urushiga keltirib bog‘laydi. Adib unda latifaga xos jihatlarni bartaraf qilishga, aniq tarixiy zaminga tayanishga, o‘g‘ri va kampirdagi insoniylik xususiyatlarini kuchaytirishga, obrazlarni tipiklashtirish va individuallashtirishga, samimiy yumor hamda fikriy ixchamlikni saqlab, lo‘nda
357 bayon etishga erishadi. Hikoyaning bunday jihatlarini adabiyotshunos S. Mamajonov to‘g‘ri ko‘rsatib o‘tadi.[3] Xurshid Do‘stmuhammad esa mazkur hikoyani yapon adibi Akutagava Ryunoske (1892-1927)ning “Rasmiyon darvozasi”, amerika yozuvchisi O’Genrining “Tutash qalblar” hikoyalari bilan qiyoslaydi. U insoniy muhabbat, mehr-shafqat, sabrlilik, hamdardlik, insonparvarlik, haromdan hazar qilishlik, oriyat kabi o‘zbekona tuyg‘ular san’atkorona aks etgan G‘afur G‘ulom hikoyasining muvaffaqiyatlarini to‘g‘ri baholaydi.[2] To‘rtta yetimni parvarish qilayotgan buvi ularning kelajagiga umid bilan qaraydi. Urush tufayli mamlakatda iqtisodiy nochorlik kuchaygan, kishilar qorin tashvishi bilan ovora bo‘lgan bir sharoitda Roqiyabibi qalbidagi imon, e’tiqod, mehrshafqat, sabr-u qanoat, shirinsuxanlik, kelajakka umidvorlik, haromdan hazar qilish, kechirimlilik kabi insoniy sifatlar, ayniqsa, qadrlashga loyiqdir. Bu mehribon va mushfiq kampir uyiga o‘g‘irlik umidida kelgan yigitdan shirin so‘zini ayamay, uni qing‘ir yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi, badnom bo‘lmaslikka chaqiradi, to‘g‘ri yo‘lga undaydi. Boshiga tushayotgan mushkulotlar, turmushning izdan chiqishini kampir “Xudoning g‘ashiga tegdik shekilli”, – deya izohlaydi. Roqiyabibining bu so‘zlarida Yaratganga itoat, bilib-bilmasdan qilingan gunohlardan tiyilishga chorlash, xudoning rahmatidan umidvorlik ruhi ustuvordir. Diniy adabiyotlarda keltirilishicha, Allohdan qo‘rquv va umidvorlik musulmon kishining asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Xuddi shu “qo‘rquv va umid orqali iymon quvvatlanadi, e’tiqod shakllanadi”, “...chunki shu qo‘rquv tufayli inson gunohdan qochadi, qalbida muhabbat hosil bo‘ladi”.[6] Hikoyadagi Roqiyabibi ruhiy to‘lqinlarida yaratganga cheksiz bir muhabbat, gunohlardan tiyilish va qo‘rqish, imon va e’tiqod mustahkamligi o‘ziga xos tarzda aks ettirilgan. G‘afur G‘ulom qahramonning zohiriy va botiniy jihatlarini aks ettirishda xalq orasida keng tarqalgan diniy-axloqiy me’yorlarga tayanadiki, bu u yaratgan qahramonlar kitobxon qalbiga chuqur singib borishini ta’minlagan yetakchi omildir. Umuman, yozuvchi Roqiyabibi timsolida xalqimiz orasida kundan kunga yo‘qolib borayotgan insoniy fazilatlarni o‘z ideallari, orzu-niyatlari va tasvir olamiga monand holda aks ettira olgan. Asarning badiiy yetukligi va yashovchanligi asoslaridan biri shu kabi jihatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa ajab emas. Hikoyadagi Roqiyabibining insoniylik xislatlari, ayniqsa, qadrlidir. U urush davridagi nochorlikka qaramasdan, nafaqat, to‘rtta yetimdan ko‘nglini uzolmaydi, balki ertangi kunga umid bilan ham qaray oladi. Kampirda bani inson nasliga nisbatan mehr-shafqat mujassam. Bayonchi tili bilan aytganda: “odam deb yo‘qlaydigan kishilar bor ekan”ligidan kampir ham hikoyachi kabi bir oz xursand
358 bo‘ladi. Axir odamlarning ruhiyatida jon saqlab qolish ilinjida har kim o‘z tashvishi bilan andarmon bo‘lgan bir zamonda xonadonga birov kelsa xursand bo‘lish tabiiy emasmi? Ayniqsa, boshidagi katta tashvishlar sabab olti oydan beri uxlayolmay, kechalari xayol surib yotgan kampir uyiga kelsa, “...tiriklik toshdan qattiq, tuyaning ko‘ziday non anqoga shapig‘” bo‘lgan davrda chor-nochorlikdan xayol surayotgan kampir zamonaning qattiqligidan dardini kimgadir to‘kishni, bir amallab tong ottirishni ko‘zlaydi. G‘afur G‘ulom hikoyada turmush tashvishlari siquvga olgan ikki inson o‘rtasidagi samimiy insoniy munosabatni ulug‘laydi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘ri ham ikki nafar farzandi, xotini va kampir onasini boqish uchun noilojlikdan shu ishga qo‘l urgan. O‘zi tuppa-tuzuk ayolmand bir kosibning o‘g‘li ekan. U ota kasbi kavushdo‘zlikni qilay desa xomashyo yo‘q, hammollik qilay desa, ilgarigiday qoplab savdo qiladigan “badavlatlarning tuxumi qurigan”. Hamma kasblar kasodga uchragani sabab bilagida kuch-quvvati bor, aql-u hushi joyida bo‘lgan yigit shu ishni qilishga majbur bo‘lgan. Biroq u andisha va uyat tuyg‘usidan begona emas. Chitfurush Karim qori, pudratchi Odilxo‘jaboy, ko‘nchi Matyoqubboy kabilarning davlati mil-mil bo‘lishiga qaramasdan bechora xalqqa qayishmaydi. Rahmonxo‘ja ellikboshi bo‘lsa, o‘z manfaati yo‘lida har qanday tubanlikdan qaytmaydigan, poraxo‘r kimsa. El ulug‘larining ish tutumi shu bo‘lgach, yigitning noilijlikdan har ko‘chaga bosh suqishini tushunish mumkin, albatta. G‘afur G‘ulom hayotiy faktlarni ishonchli dalillash yo‘lidan boradi. Roqiyabibi “o‘g‘rigina bolam, o‘g‘rigina bolam”, “aylanay”, “ehtiyot bo‘l, elyurtning oldida tag‘in badnom bo‘lib qolmagin”, – deya yigitni noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi. Uning qalbidagi uyat, andisha tuyg‘ularining qo‘rini yangilab tavbaga, poklanishga undaydi. “Huv, xudoyo urushi boshiga yetsin”, – degan kampir sal o‘tmay: “Ha, mayli. Shu yetimlarning ham peshonasiga yozgani bordir”, – deya sabr kishisiga aylanadi. Suhbatdoshiga ham haromni e’tirof qildira oladi. Hikoyadagi Qora buvi qaysidir jihati bilan “O‘tgan kunlar” romanidagi Yusufbek hojini esga soladi. Bu holat ularning insonparvarligi-yu mehribonligida yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘z qutlug‘ uyidan biror kimsaning norozi bo‘lib ketishini astoydil istamagan Yusufbek hoji qiyofasi, ruhiy to‘lqinlariga Qora buvining: “Voy o‘lay, qutlug‘ uydan quruq ketasanmi, bolam”, – degan so‘zlarni aytgandagi holatini qiyoslasak, bu mushtaraklik yaqqol namoyon bo‘ladi.[1] Begonaga ham suhbatda yuzini ochiq va tilini chuchuk tutgan, ahli suhbatidan o‘z bor-yo‘g‘ini darig‘ tutmagan, uning hatto o‘g‘irlik qilmoqchiliginida kechira olgan, nasihatlar qilib tavbaga yetaklagan, yurtdoshining illatini yo‘qotishga astoydil
359 harakat qilgan, yigitning qornini to‘ydirishga rag‘bat va istak bildirgan, yetimlarni tarbiyalab voyaga yetkazayotganini zinhor-bazinhor minnat qilmagan kampir aqidalari botinan ham, zohiran ham islomiy axloq asoslariga tayanadi. Shubhasiz, hikoyada G‘afur G‘ulomdek ulkan so‘z san’atkorining buyuk insonparvarligiga yo‘g‘rilgan estetik ideali, turmush haqiqatiga sadoqati, xalqqa bo‘lgan chuqur hurmati, mehr-shafqati, yetimparvarligi-yu ayol zotiga nisbatan ehtiromi o‘z ifodasini topgan. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Abdulla Qodiriy. – T.: «O‘qituvchi», 1980. 2. Do‘stmuhammad X. Ozod iztirob quvonchlari. – T.: «Ma’naviyat», 2000 3. Mamajonov S. G‘afur G‘ulom prozasi. – T.: «Fan», 1966. 4. Matyoqubova T. G‘afur G‘ulom badiiyati. – T.: Fan va texnologiya, 2006 5. Matyoqubova T Gafur Ghulam's lyrical expression of the spiritual experiences of “I Am” // Asian Journal of Multidimensional Research. Year : 2022, Volume : 11, Issue : 11 6. Muhammad Zohid Qo‘tqu. Iymon qushining ikki qanoti . – T.: Adabiyot va san’at, 2000 7. Nazarov B. G‘afur G‘ulom olami. - T.: Fan, 2004. 8. G‘afur G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. 6 t. – T. : Fan, 1986 9. Yakubov I. Transformation ofaesthetic views and modern uzbek novel // Theoretical & Applied Science. SECTION 29. Literature. Folklore. Translation Studies. 2017, № 12. Pr. 120-125. 10. Yakubova Sevinchoy. Description of poetic images related to landscape in jadid poetry / Asian Journal of Multidimensional Research. Vol. 11, Issue 11, November 2022