ABDURAHMON AKBAR IJODIDA INTOQ ShE'RIY SAN'ATI
Full text
379 ABDURAHMON AKBAR IJODIDA INTOQ ShE’RIY SAN’ATI Raximbayeva Yulduz Shavkatovna Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI O‘zbek adabiyoti kafedrasi assistenti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272177 Annotatsiya. Maqolada zamonaviy o‘zbek bolalar adabiyotining yirik vakili Abdurahmon Akbar she’riyatida intoq san’ati va uning badiiy-estetik funksiyalari tahlil qilinadi. Shoirning turli janrdagi she’rlarida jonlantirish san’ati vositasida yaratilgan obrazlarning badiiy qiymati, ularning axloqiy-tarbiyaviy ahamiyati va falsafiy qatlamlari ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganiladi. Kalit so‘zlar: bolalar adabiyoti, intoq san’ati, jonlantirish, obrazlilik, satira, badiiy-estetik funksiya. Аннотация. В статье анализируется искусство интак и его художественноэстетические функции в поэзии Абдурахмона Акбара, яркого представителя современной узбекской детской литературы. С научной точки зрения исследуется художественная ценность образов, созданных искусством анимации в стихотворениях поэта разных жанров, их нравственно-воспитательное значение и философские пласты. Ключевые слова: детская литература, искусство интак, анимация, образность, сатира, художественно-эстетическая функция. Abstract. The article analyzes the art of intaq and its artistic and aesthetic functions in the poetry of Abdurakhmon Akbar, a prominent representative of modern Uzbek children's literature. The artistic value of the images created by the art of animation in the poet's poems of various genres, their moral and educational significance and philosophical layers are studied from a scientific point of view. Key words: children’s literature, arts and culture, animation, obraznost, satire, idolatry and aesthetic function. Adabiyot – inson tomonidan yaratilgan estetik faoliyat natijasi. Insoniyat yaratgan har bir narsa biron bir ehtiyoj natijasida vujudga keladi. Adabiyotshunos D.Quronovning fikriga ko‘ra adabiyot “bilish ehtiyoji” tufayli maydonga keldi. Har qandfay faoliyat ko‘zlanagan natijani berishi uchun mazkur jarayon bilan bog‘liq har bir elementni bilishi kerak. Adabiyot – inson qalbini tarbiyalaydigan, uni ezgulik sari yetaklaydigan muqaddas sohadir. “Bugungi kunda qudratli qurol bo‘lagan adabiyotdan keng foydalanmay turib, yangi jamiyat quruvchisini har tamonlama yetuk inson qilib tarbiyalash mumkin emas”[3:5]. Adabiyot va san’at bolalar qalbini ezgulikka, go‘zallikka oshno etuvchi kuchli tarbiyaviy vosita. Bolalar adabiyotida badiiy tasvir vositalarining, xususan, jonlantirish intoq san’atining ahamiyati beqiyos. Sababi bolakay borliqdagi har bir narsa-hodisani ilk bora uchratadi, u hali bu narsaning nima
380 ekanligini bilmaydi, u bilan tanishish uchun ushlab ko‘radi, hidlab ko‘radi, tishlab ko‘radi bular bilishga qaratilgan harakatlar bu jarayonda predmetlarning tilga kirishi esa kichik kitobxonga estetik zavq baxsh etadi. Intoq san’ati – bu jonsiz narsalar, hayvonlar yoki tabiat hodisalariga jon baxsh etish, ularni gapirtirish orqali asarga obrazlilik, emotsionallik va ta’sirchanlik bag‘ishlash san’atidir. Bu san’at vositasida o‘quvchining xayol dunyosi kengayadi, u o‘rganayotgan voqea va obrazlar bilan yaqinlashadi. Intoq – bu jonsiz narsalarni jonlantirish, ularni insoniy tuyg‘ular va nutq bilan ta’minlash orqali ularga obrazlilik baxsh etish san’ati. Bu usul asarni badiiy, emotsional va estetik jihatdan boyitadi. Intoq – mumtoz adabiyotdagi she’riy asan’at bo‘lib, zamonaviy she’riyatda undan taniqli shoirlar mohirona foydalangan. Mazkur san’at ayniqsa, bolalar adabiyotida alohida ahamiyat kasb etadi. Bolalarning sevimli shoiri Abdurahmon Akbar she’riyatida mazkur she’riy san’atni ko‘plab uchratish mumkin. Shoir o‘z she’rlarida intoq san’atini qo‘llash orqali satira, istehzo va intellektual hazil vositasida jamiyatdagi ziddiyatlar va illatlarni bolalar tafakkuriga monand shaklda fosh etadi. U ko‘pincha oddiy voqealar orqali chuqur ma’no ifodalovchi bolalarbop tasvirlar yaratadi. Aynan mana usul orqali intoq she’riy san’atining imkoniyatlari cheksiz ekanligini isbotlaydi. Shoir yaratgan obrazlar, jonlantirish orqali o‘ziga xos poetik til va obrazlilik asosida kichik yoshdagi o‘quvchilarni qo‘yilgan mavzu va badiiy g‘oyaga o‘z oshno qiladi. Xususan, “Varrak qo‘shig‘i” she’ridagi varrak bolalar xayolotining ifodasiga aylanadi. Bu yerda varrak – nafaqat o‘yinchoq, balki, bola ruhiyati, orzu-istaklari, ularning yuksaklarga parvozga qilishga intilishi ramz sifatida aks ettiriladi. Varrak o‘zining bahoriy tabiat bilan ilk uchrashuvidan hayajonlanadi, tabiat unsurlariga minnatdorchilik bildiradi: Hafsalangga balli, qadrdon, Shamol, senga tashakkur ming bor. Salom, Quyosh, Salom, Ona-Yer, Salom, Navro‘z, Salom, Navbahor! [1:29] Ahamiyat bersak, she’riy matndagi tasvir va tasavvur, aynan boalalar ruhiyati bilan hamohang ifoda qilingan. Qolversa, she’rdagi “balli”, “tashakkur” kabi so‘zlar orqali shoir kichik o‘quvchilarning doimiy rag‘batga ishtiyoq sezishini psixologik jihatdan asoslaydi. Shuningdek, she’rdagi tasvir bolalarda minnatdorchilik, shukronalik, tabiatga mehr hissini uyg‘otadi.
381 Shoirning “Xonqizi” she’rida mitti jonzotni tilga kiritish orqali bolalarda tabiatga mehr, turli jonzotlarga nisbatan g‘amxo‘rlik tuyg‘usini shakllantiradi. Shoir Xonqizini uning o‘z tilidan io‘quvchiga tanishtiradi, bu esa bolalarning tabiat, hayvonot va nabodot olami bilan o‘zaro muloqot qilish, olamni idrok etish qobiliyatini rivojlantiradi: Xonqizi derlar otim, Husnim – harir qanotim. Tugmachadek bo‘lsam ham Qalbimga sig‘ar olam.[2:30] Mazkur parchada nafaqat jonlantirish san’ati, balki o‘ziga xos falsafiy mazmun ham mujassam: tabiatning mittigina mavjudoti ham olamning bir bo‘lagi, ularni asrash, ulardan zavq olish lozim degan xulosalar beradi. Yana bir o‘rinda “Pashshalar e’tirozi” nomli she’r orqali shoir pashshalar odamlarning o‘ziga nisbatan nohaqligidan shikoyat qiladi. Bu yerda oddiy hashorat orqali o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, adolat tushunchasini shakllantirish kabi badiiy g‘oya aks etadi. Ushbu she’rda pashshalarning kuzatuvi, hayotga munosabati o‘ziga xos tarzda badiiy talqin qilinadi: Pashshaxona yasaysiz Yoz oylari kiroyi. Demak, o‘z nomi bilan U – pashshalarning joyi. [2:33] Shoir bu she’rda pashshalarni kulgili, shu bilan birga mulohazaga chorlovchi obraz yaratadi. Intoq she’riy san’ati orqali esa tabiat va inson munosabatlariga e’tibor qaratadi. Shoirning “Hakka”[2:33] she’rida tasvirlanishicha Hakka o‘zini himoya qiladi, odamlar uni o‘g‘rilikda ayblashayotganidan norozi bo‘ladi. Shuning bilan bir qatorda tasvirda sho‘xlik, beg‘uborlik mujassamlashgani seziladi. Shoir Hakka obrazi orqali bolalarda tushunish, kechirish, haqiqatni anglash kabi fazilatlarni shakllantiradi. Shu ma’noda, she’rda hakkaning “Sochimni tarasam degandim bir bor, Cho‘milsam degandim odamga o‘xshab! [2:33]” – deyishi xulosaga kelishi o‘zini oqlaydi. Abdulla Akbar she’riyati o‘zining rang-barang mavzusi, badiiy san’atlarning qo‘llanilishi bilan uslubiy individuallikka ega. Xususan, shoirning “Mushuk xola” deb nomlangan she’ri hajman qisqa bo‘lishiga qaramasdan, juda katta ijtimoiy va axloqiy ma’no kasb etadi. Mushuk va sichqon o‘rtasidagi azaliy dushmanlik munosabati, she’rda jamiyatdagi soxtalik, ikkiyuzlamachilik timsoliga aylanadi. Mushuk o‘lja (sichqon)ni yeyish o‘rniga, uni “kuyov” qilib olishni taklif qiladi,
382 bunday rasmiy va sun’iy do‘stlik, manfaat evaziga tuzilgan munosabatlarni anglatadi. “Miyov” deya gap boshlagan mushuk, sichqonni aldab, do‘stona munosabatda bo‘lishga urinadiki, bu jamiyatda o‘z manfaati uchun yuzaki munosabat ko‘rsatuvchi kimsalarga ishora sifatida e’tirof etish mumkin. Quva-quva yetolmagach, Mushuk xola “miyov” dedi. – Sichqon uka, qizim Moshga, Bo‘laqoling kuyov, dedi. [1:42] Qarangki, agar tutib olganda sichqonning yem bo‘lishi aniq, lekin maqsadiga yetolmagach boshqacha yo‘l tutgan holda ayyorlik qilishini shoir mohirona ifoda qilgan. Bu o‘rinda shoir mushuk va sichqon munosabati orqali ijtimoiy adolat, kuchlilarning ojizlar ustidan hukmronligi kabi hayotiy mezonlarni aks ettiradi. Asli she’rdagi mushuk-sichqon muammosi bolalarbop tasvir bo‘lsa ham uning asosiy g‘oyasi kattalar xulosasi sifatida yangraydi. Mo‘jazgina she’r o‘zida teran falsafiy mazmun, ijtimoiy tahlil va satirik ruhni mujassam etadi. Kuzatiladiki, Abdurahmon Akbarning bolalar uchun yozgan she’rlarida qo‘llanilgan intoq she’riy san’ati yosh kitobxonlar estetik didini shakllantirish, ularni tabiat va inson munosabatlari mohiyatini anglashni o‘rgatadi. Shoir she’rlari bolalarbop tasvirlar, badiiy xulosalar, sodda va ravon til orqali aniq ifoda qilinadiki, bu o‘z navbatida shoirning yuksak badiiy mahoratidan darak beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Abdurahmon Akbar. Uyquchining tushlari. She’rlar. – Toshkent: Sharq, 2006. 2. Abdurahmon Akbar. G‘aroyib avtobus (she’rlar, topishmoqlar, tarjimalar, yosh qalamkashlarga adabiy saboqlar) – Toshkent: O‘qituvchi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2012. 3. Dilmurod Quronov. Adabiyot nazariyasi asoslari. – Toshkent: Navoiy unversiteti 2018. 4. Mamasoli Jumaboyev. O‘zbek va chet el bolalar adabiyoti. Toshkent: –O‘zbekiston 2002.