scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

YOZUVCHINING BADIIY TASVIR VOSITALARIDAN FOYDALANISH MAHORATI (Kenesboy Karimovning "Og'abiy" romani misolida)

Abdullayev Xotamjon Xamroyevich

Full text

387 YOZUVCHINING BADIIY TASVIR VOSITALARIDAN FOYDALANISH MAHORATI (Kenesboy Karimovning “Og‘abiy” romani misolida) Abdullayev Xotamjon Xamroyevich Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272185 Annotatsiya. Ushbu maqolada Kenesboy Karimovning “Og‘abiy” romanidagi badiiy tasvir va ifoda vositalaridan foydalanishdagi mahorati tahlil qilinadi. Adabiy matnning obrazlilik, estetik ta’sirchanlik kasb etishida tasviriy va ifoda vositalarning o‘rni yoritiladi. Muallif badiiy vositalar orqali nafaqat voqeani bayon qiladi, balki o‘quvchining hissiy olamiga kirib boradi. Ayniqsa, maqolada portret va peyzaj tasvirlariga e’tibor qaratilgan bo‘lib, ularning qahramon ruhiyati va ichki olamini yoritishdagi funksiyasi tahlilga tortilgan. Kalit so‘zlar: roman, badiiy g‘oya, yozuvchi niyati, badiiy ifoda, timsol, portret, peyzaj. Аннотация. В данной статье анализируется мастерство Кенесбоя Каримова в использовании художественных средств изображения и выражения в романе "Огабий." Освещается роль изобразительных и выразительных средств в придании литературному тексту образности и эстетической выразительности. Автор не только излагает события с помощью художественных средств, но и проникает в эмоциональный мир читателя. Особое внимание в статье уделяется портретным и пейзажным описаниям, анализируется их функция в раскрытии психологии и внутреннего мира героя. Ключевые слова: роман, художественная идея, замысел писателя, художественное выражение, образ, портрет, пейзаж. Abstract. This article analyzes Kenesboy Karimov's mastery in utilizing artistic imagery and expressive devices in the novel "Og'abiy." The role of figurative and expressive means in creating imagery and enhancing aesthetic impact in literary text is illuminated. Through artistic techniques, the author not only narrates events but also penetrates the reader's emotional world. The article particularly focuses on portrait and landscape descriptions, examining their function in revealing the protagonist's psychology and inner world. Keywords: novel, artistic idea, writer's intention, artistic expression, image, portrait, landscape. Badiiy adabiyotda xalq hayotini, uning ruhiy kechinmalarini, iztiroblarini va ichki kurashlarini tasvirlashda badiiy tasvir vositalar muhim o‘rin egallaydi. Bu vositalar orqali yozuvchi nafaqat voqelikni ifodalaydi, balki o‘quvchining qalbiga kirib boradi, uni fikrlashga majburlaydi. Tabiiyki, ushbu adabiy vositalar asarning ta’sirchanligini oshirib, yozuvchi niyati va badiiy g‘oyaning ifodalanishiga yordam beradi. Taniqli o‘zbek yozuvchisi, adabiyotshunos G’afur G’ulom ta’kidlaganidek, “Badiiy tasvir vositalari — bu yozuvchining qalamidagi sehr, ular orqali voqelik 388 hayotiylikka, obrazlar esa yuraklarga ko‘chadi” [5: 112]. Bundan anglash mumkinki, real hayotni voqelikka ko‘chirish va voqelikni esa obyektiv olamga ko‘chirishda badiiy tasvir va ifoda vositalari muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov, “Badiiy ifoda — bu oddiy so‘z emas, u badiiyatning yuragidan otilgan so‘zdir. Shu bois, har bir badiiy vosita asarning ruhini belgilaydi” [4: 49] deya, adabiy vositalarining naqadar qimmatli ekanligiga ishora qiladi. Biz ushbu maqolamizda badiiy tasvir vositalarining asar matnidagi o‘rni, ularni yaratishdagi yozuvchi uslubi va mahoratiga urg‘u berdik. Badiiy adabiyot olamida shunday asarlar borki, uni mutolaa qilish kitobxonga estetik zavq beradi. Ayni, Kenesboy Karimovning “Og'abiy” romani ham mana shunday asarlardan biridir. Ushbu roman o‘zining hayotiy obrazlari, falsafiy teranligi va eng muhimi, badiiy tasvir vositalaridan mahorat bilan foydalanilgani bilan ajralib turadi. Undagi tasvir va ifodalar o‘tkir mahorat ila berilganki, bu asarning badiiyestetik qimmatni oshirishga xizmat qilgan. Xususan, quyida romanning dastlabki sahifalaridanoq keltirilgan parchaga e’tibor qilaylik: “Ko‘chning yo‘lga chiqqaniga bir hafta bo‘lgan edi. Har dam sayin uzayib borayotgan kun, har daqiqa sayin issig‘i mo‘l bo‘lib borayotgan quyosh, bir-biriga egiz qo‘zi kabi o‘xshash o‘rkach-o‘rkach qumtepalar, saksovullar va oqboshlar o‘sgan, bag‘ri yovvoyi hayvonlarga makon bo‘lgan cheksiz-chegarasiz sahro, mana, bir haftadan buyon Aqsuvatdan izg‘irin kechada ko‘chgan ovul bilan yo‘ldosh bo‘lib kelayotir. Ko‘zlangan manzillarining esa yetkazadigan vaqti soati yo‘q. Qo‘zi-ulog‘i ma’ragan, bo‘tasi bo‘zlagan, qulini kishnagan, yetim-yesiri olis safarga yaramagani uchun yaqinlari ular qolgan ovulni ko‘zi qiya olmay, alag‘da bo‘lib, ko‘zyoshlari tiyilmay yig‘lab, izlariga qaray-qaray borayotgan manzil qayoqda o‘zi? Qosh qorayguncha qumursqa qadam bilan yo‘l bosib, qosh qoraygandan so‘ng kishining suyak-suyagidan o‘tib ketadigan sovuq va izg‘irinli bahor oqshomini bir amallab o‘tkazish uchun mashaqqat chekib, omonatgina jo‘lim uyi borlar uy tikib, uyi yo‘qlar qo‘sh qoqib, abgor bo‘lib, oyoq-qo‘llari qavarib, olg‘a intilganidan maqsad ne o‘zi?” [3: 9-10]. Ushbu tasvirlardan anglash mumkinki, yozuvchi har bir oddiy manzaraga o‘zgacha ko‘z-qarash bilan qaragan. Unga badiiylik baxsh etgan holda, bo‘yoqlar ila qayta chizishga va kitobxon badiiy olamini boyitishga harakat qilgan. Adabiy asar — bu oddiy voqealar yig‘indisi emas, balki san’at darajasiga ko‘tarilgan badiiy ifoda mahsulidir. Yozuvchi voqelikni aks ettirar ekan, uni badiiy tasvir vositalari orqali boyitadi, jonlantiradi, his-tuyg‘ular bilan sug‘oradi. Bunday 389 vositalarsiz asar quruq bayonga aylanadi. Yozuvchi o‘z qarashlarini badiiy obrazlar hamda tasvir vositalari orqali ifodalaydi. Ular orqali kitobxon voqeani nafaqat anglaydi, balki sezadi, his qiladi. Romanda keltirilgan portret tasvirlari o‘ziga xos tarzda bayon etilgan. Portret — bu qahramonning tashqi ko‘rinishi, yuz tuzilishi, kiyimi, yurish-turishi, ovozi va boshqa belgilarining badiiy tasviridir. Portret yordamida yozuvchi nafaqat obrazning tashqi qiyofasini ifodalaydi, balki uning ichki dunyosi, xarakteri, ruhi, hatto jamiyatdagi mavqei haqida ham ishora beradi. Bunda yozuvchi tashqi ko‘rinish orqali qahramon ichki dunyosini ochib berishga harakat qiladi. “Bola Qulchi biy ovulining kelajagi bo‘lib o‘sib kelayotgan, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlardagi, bo‘yi yigitlarga tenglashib qolgan, gavdasi baquvvat, burni qirra, og‘zi katta, ko‘zlari do‘ng peshonasining ostida chuqur joylashgan, qaysar sochlari tikrayib turardi. Jo‘ralari uni baralla "tandir bosh" deb chaqirishar edi, boshi katta bo‘lganidan shunday atashsa kerak, oyoq-qo‘lining suyagi yirik, moladay oyog‘i bilan yo‘g‘on boldiriga otasining etigi zo‘rg‘a sig‘adigan bu bolaning oti Qayirboy edi” [3: 13]. Qayirboyga berilgan ushbu portret tasviri orqali muallif uning fe’l-atvorini, xarakterini bilvosita ko‘rsatadi. Jumladan, “baquvvat, suyakdor, moladay oyog‘i” tavsifi bu uning jismonan kuchli, sog‘lom, mehnatga layoqatli bolaligini, “qirra burun, chuqur ko‘z, tik soch” deb esa uning qaysarlik, qat’iyatlilik, yo‘lidan qaytmaslik belgilarini ifodalaydi. Bundan tashqari, ko‘zlar chuqur joylashgan, sochlar tik, burni qirraligini keltirish orqali qahramonning mulohazali, o‘ziga ishonuvchan, o‘jar ekanidan darak beradi. Bir tomondan, mazkur portret tasvirida bolaning baquvvatligi, yetarlicha aql egasi ekanligi va qat’iyatliligi tasvirlansa, ikkinchi tomondan, portretning “jiddiy” emas, biroz hazilomuz ohangda berilishi — Qayirboy obrazining oddiy xalq orasidagi chapani bola ekanini ko‘rsatadi. Portretda Qayirboy “Qulchi biy ovulining kelajagi” deb e’tirof etilmoqda. Bu esa uning oddiy bola emasligini, balki xalqning ertangi umidi, kuchli avlod vakili ekanligini kitobxonga uqtirmoqchi bo‘ladi. Quyida Qulchi biyning badiiy bo‘yoqlar ila mahorat bilan chizilgan portret tasvirini ko‘rishimiz mumkin: “Qulchi biy qirq besh yoshlar atrofidagi, uzun bo‘yli, chayir, qipchoqlarga xos sariqdan kelgan, ko‘k ko‘zlari tikilib qaraganda a’zoi badaningni teshib o‘tib ketgudek o‘tkir, harakatlari salmoqli, avval o‘ylab, o‘ylaganlarini ko‘nglidan o‘tkarib, qanday so‘zni aytish kerakligini tanlab aytadigan, og‘ir-bosiq, tez achchiqlanmaydigan odam edi” [4: 28-29]. Bunda Qulchi biyning tasviri orqali nafaqat bir shaxsning, balki, butun bir qipchoqlarning tashqi qiyofasining belgilaridan 390 birini ko‘rsatib o‘tgan, ya’ni “qipchoqlarga xos sariqdan kelgani”. Unga berilgan “qirq besh yoshlar atrofidagi, uzun bo‘yli, chayir,…” tasviri orqali Qulchi biyning tajribali, oq-qorani tanigan, hayotning past-u balandini ko‘rgan, savlatli, yillar davomida mehnatda chiniqqan inson ekanligini bayon qiladi. Shuningdek, “ko‘k ko‘zlari tikilib qaraganda a’zoi badaningni teshib o‘tib ketgudek o‘tkir, harakatlari salmoqli, avval o‘ylab, o‘ylaganlarini ko‘nglidan o‘tkarib, qanday so‘zni aytish kerakligini tanlab aytadigan, og‘ir-bosiq, tez achchiqlanmaydigan odam edi” tasviri berilishi orqali yozuvchi uning o‘tkir aql-zakovat egasi ekanligi, mulohazali, o‘tkir nigoh egasi, istagan kishisiga ta’sir ko‘rsata oladigan, vazmin, o‘zini tuta oladigan kuchli inson sifatida tasvirlagan. Badiiy tasvir vositalaridan biri – peyzaj ham asar matnining badiiyligini oshirishga xizmat qiladi. Badiiy asarga go‘zallik baxsh etadi. Tabiat tasvirlari, fasllarning betakror manzaralari asarni estetik jihatdan boyitadi. Ko‘pincha, tabiat tasviri qahramonning ichki holatini aks ettiradi. Kitobxon peyzaj orqali qahramonning kayfiyatini his qiladi. Ushbu fikrlarning tasdig‘i sifatida, quyidagi fikrni keltirishimiz mumkin: “Peyzaj — bu qahramon yuragining ko‘zgusi. Tashqi manzara orqali ichki tuyg‘u aks etadi” [4: 76]. “Bahor kunlari asta-sekin uzayib va qizib borayotgan edi. Birdaniga g‘arb tarafdan, balki olis dengizlar ustidan ko‘tarilgan qop-qora va og‘ir bulutlar osmonni to‘ldirib bosib keldi. Avvaliga bir-ikki marta chaqilgan chaqmoq bulutlarni olmos qilich kabi bo‘lib tashlagandek tuyuldi. Biroz vaqtdan keyin uning ketidan yer-u ko‘k shunday qaltiradiki, go‘yo oyoqosti qoq yorilib ketgandek bo‘ldi… Kutilmaganda bulut kelayotgan tomondan kuchli shamol esdi. Saksovulning burchiqlarida mo‘ngli, izillagan tovush eshitildi” [3: 265]. Ushbu peyzaj tasviridan ko‘rish mumkinki, dastlab muallif bahor kunlarining asta-sekin uzayishi va issiq bo‘lib borishini tasvirlab, so‘ngra birdaniga kutilmagan, kuchli o‘zgarish – qop-qora bulutlarning osmonni to‘ldirishi va shamol esishi – orqali taranglik, hayajon paydo qilinadi. Bu tabiiy o‘zgarish voqealar keyingi rivojining ramziy bayoni bo‘lishi ham mumkin. Tabiat hodisalarini o‘xshatishlar orqali (olmos qilich, oyoqosti qoq yorilib ketgandek) tasvirlash, uning ta’sirini kuchaytiradi. Bu esa kitobxonda tabiiy kuchning dahshati va go‘zalligini to‘la his qila olish imkonini beradi. “Yomg‘ir qanday kutilmaganda boshlangan bo‘lsa, xuddi shunday kutilmaganda to‘xtadi. “Rostdan ham yomg‘irmidi shu, hech vaqo yo‘q-ku” degan xayol bilan odamlar ajablanib ko‘kka tikilishdi. Qizilqum bag‘rini selga bostirib yuborgan bulutlar sharqqa ko‘chib borar edilar. Baland tepalardan pastga oqayotgan suvlar shildirashidan va olislarda po‘stagini qoqayotgan momaqaldiroqning 391 tovushidan boshqa ovoz eshitilmas, olam qandaydir bir tilsimli voqeadan keyin o‘ziga kela olmayotgani singari cho‘l qo‘ynidan yangidan paydo bo‘lgan soylar, irmoqlarning yoqimli shovqini ko‘p vaqtga qadar tinmadi” [3: 266]. Ushbu peyzaj tasviri yuqorida keltirilgan tasvirning davomi bo‘lib, unda tabiatning yangilanishi va sirli holati orqali inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik va ichki bog‘lanishni ta’kidlaydi. Shuningdek, ushbu peyzaj tasviridan muallif tabiiy hodisalarning o‘zgaruvchanligi va kutilmaganligiga urg‘u beradi. Yomg‘ir birdan boshlanib, birdan to‘xtashi orqali hayotdagi noaniqlik va o‘zgarishlarning timsoli sifatida ko‘rsatiladi. Bulutlarning Qizilqumni bosib o‘tishi orqali cho‘lning qattiq, lekin bir vaqtning o‘zida jonli tabiati ifodalanadi. Natijada, bu peyzaj faqat tabiat manzarasi emas, balki hayotdagi o‘zgarishlar, yangilanish va tilsimga to‘la jarayonlarni ramziy ifoda etadi. Bu orqali muallif tabiat bilan inson hayoti o‘rtasidagi chuqur bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, Kenesboy Karimovning “Og‘abiy” romanida yozuvchining badiiy tasvir vositalaridan foydalanish mahorati o‘zining yuksak badiiy saviyasi bilan ajralib turadi. Asarda portret, peyzaj va obrazli ifoda tasvirlari orqali muallif o‘quvchini voqealar markaziga olib kiradi, uni tabiat, inson va jamiyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni teran his etishga chorlaydi. Yozuvchi tabiat hodisalarini tasvirlashda nafaqat go‘zallikni, balki hayot falsafasini, ruhiy holatni ham chuqur badiiy ifoda vositalari bilan ochib bera olgan. Ayniqsa, kutilmagan hodisalarni tasvirlash orqali dramatizm yaratilishi, holat va harakat uyg‘unligining uslubiy mahorat bilan berilishi yozuvchining adabiy yondashuvini yanada kuchaytiradi. Shunday qilib, K.Karimovning “Og‘abiy” romanida badiiy tasvir vositalarining samarali va maqsadli qo‘llanishi Kenesboy Karimovni o‘z uslubiga ega, milliy ruhni asarlarida teran aks ettira olgan yirik adib sifatida namoyon etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Abdullayev X. Epik tafakkurda tasvir va talqin uyg‘unligi. Monografiya. – Toshkent: NIF MSH, 2024. 2. Boboev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – Toshkent: O‘zbekiston, 2002. 3. Karimov K. Og‘abiy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2020. 4. G‘afurov I. Adabiyot — ruh manbai. – Toshkent: G‘afur G‘ulom, 2008. 5. G‘ulom G‘. Tanlangan asarlar. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 1980.