ONEYROSFERA TUSHUNCHASI VA ADABIYOTSHUNOSLIKDAGI FUNKSIYASI
Full text
416 ONEYROSFERA TUSHUNCHASI VA ADABIYOTSHUNOSLIKDAGI FUNKSIYASI Abduxoliqova Zebuniso O‘tkir qizi Toshkent shahridagi 127-maktab o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272225 Annotatsiya. Oneyrosfera atamasi, badiiy adabiyotdagi funksiyasi, uning badiiy qahramonlarni ruhiy-ma’naviy olamine ochishdagi vazifalari haqida so‘z yuritiladi. Badiiy matn tarkibidagi har bir unsur, asar voqealarini makon va zamonda dialektik birlikda yuzaga chiqishini ta’minlash bilan bir qatorda, ularning botiniy olamini ham ochib beradi. Bir maqola doirasida, iste’dodli adib Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romanidagi xronotop talqinlari, undagi o‘ziga xos talqiniy jihatlar tahlil qilindi. Kalit so‘zlar: oneyrosfera, tush talqini, makon, zamon, uchrashuv, xronotop, muhit, sharoit, ruhiyat. Аннотация. Рассматривается понятие «онейросфера», его функция в художественной литературе и задачи в раскрытии духовно-нравственного мира литературных персонажей. Каждый элемент художественного текста, помимо обеспечения возникновения событий произведения в диалектическом единстве пространства и времени, также раскрывает их внутренний мир. В рамках одной статьи анализируются интерпретации хронотопа в романе талантливого писателя Улугбека Хамдама «Равновесие», их уникальные интерпретационные аспекты. Ключевые слова: онейросфера, сновидение, пространство, время, встреча, хронотоп, среда, условия, психика. Abstract. The article discusses the concept of "oneirosphere", its function in fiction and tasks in revealing the spiritual and moral world of literary characters. Each element of a fiction text, in addition to ensuring the emergence of events in the work in the dialectical unity of space and time, also reveals their inner world. Within the framework of one article, the interpretations of the chronotope in the novel by the talented writer Ulugbek Hamdam "Balance" and their unique interpretative aspects are analyzed. Keywords: oneirosphere, dream, space, time, meeting, chronotope, environment, conditions, psyche. Asrlar davomida shakllanib kelgan badiiy adabiyotning o‘ziga xos o‘rni, uning funksiyalari mavjudki, bu jarayonda matn tarkibidagi badiiy unsurlarning o‘ziga xos vazifasi haqidagi qarashlarga munosabat bildirishni ham talab etadi. Badiiy adabiyotda inson va hayot voqeligi uyg‘un holda talqin etilar ekan, uning o‘zaro dialektik birligini, shaxslararo ruhiy-ma’naviy olami, xarakter xususiyatlari asosida talqin etilishi bejiz emas. Uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan adabiyot hayot voqeligini turli ohanglarda talqin etib kelganligi bilan izohlanadi. Adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov qayd etganidek: “Shoir yaratgan kashfiyotni anglamoq uchun odam, albatta, o‘sha kashfiyot yuksakligiga ko‘tarilmog‘i shart. Odamning yuragi shoir
417 yuragi bilan bir maromda tepsagina, odamning yuragi ham shoir yuragidagi tafosatga tashna bo‘lsagina, muallif yuragidek go‘zallikka eshiklarni lang ochib qo‘ysagina inkishof etgan oliy go‘zallikni idrok etmog‘i mumkin. Bu esa g‘oyat murakkab ish”.[1:14] Ana shu dialektik birl;ik mukammal tarzda shakllangandagina, badiiy adabiyotda ilgari surilgan qarashlarni tushunchalarni teranroq anglash, his etish mumkin. Adabiyot so‘z orqali hayot voqeligini kashf etib borar ekan, undagi obrazlar olamining o‘ziga xosliklari, uning ma’naviy dunyosi, kechinmalari turli poetic ifodalarda namoyon bo‘lgani kabi, ijodkor o‘z mahorati asosida uning ichki olamine yoritadi. Badiiy asarlarda tush talqini kompozitsion vosita sifatida qayd etiladi, uning matn tarkibidagi o‘ziga xos funksiyasi ham mavjudki, shuning uchun xalq og‘zaki ijodidagi liro-epik asarlarda, dostonlarda, ertaklarda, ya’ni turli janrlarda talqin uchun asos bo‘lib kelgan. Ammo inson tafakkuridagi o‘zgarishlar, olam va odamni teranroq anglash jarayonlari, yozma badiiy adabiyotda ham o‘ziga xos talqinlarni shakllantirdi. Adabiyotshunos A.Nasirov ta’kidlaganidek: “Romanda inson borlig‘i hamda davr ruhiyati izchil va teran, yaxlit va tugal ifodalangan. Roman qahramon ruhiy dunyosini batafsil ochish boraborida, voqelikka ongli ijodiy munosabatni ham ifodalaydi”.[2:36] Badiiy asarda turf axil olamlar yaxlitlashtirilar ekan, uning asosida shaxs timsoli birlamchi darajaga ko‘tariladi, bu esa badiiy adabiyotning insonshunosligidan dalolat beradi. Istiqlol yillarida roman janridagi asarlarda inson ruhiy olamini yoritishda, uning botiniga jiddiyroq nazar tashlandiki, bu esa insonni teranroq anglash imkonini berdi va bermoqda. Shu jihatdan, badiiy makon talqinlarida ham xususiyatni ifodasi teranlashdi. Badiiy makon va zamonning turli xususiyatlarini ochishda, oneyrosferaning matn tarkibidagi badiiy funksiyasi va o‘rni beqiyos ekanligini, ham qayd etish lozim. “Oneiros” yunoncha (oneiros) so‘zdan olingan bo‘lib, “tush”, “uyqudagi tasavvur” ma’nosini anglatadi, sfera esa - “doira”, “maydon”, “makon” degan ma’noni ifodalaydi. Demak, “oneyrosfera” - “tushlar olami”, “tushlar makoni”, “tushiy tajribalar maydoni” degan ma’noni beradi. Adabiyotshunoslikda oneyrosfera atamasi yozuvchi yoki shoir asarlarida tasvirlangan tushlar, orzular, ong osti tasavvurlari va ularning badiiy olamini ifodalash uchun qo‘llanadi. Ijodkor asarlarida qahramonlar tushlari, fantastik yoki xayoliy tasvirlar, ong osti ramzlari qanday ishlatilgani tahlil qilinadi. Badiiy asardagi tushlar talqi, xayoliy olam orqali asarda psixologik holatlar, ruhiy kechinmalar, falsafiy mazmunlar ochib beriladi. Umuman, olganda, adib romanlarida tasvirlangan
418 tushlar dunyosi, tushiy ramzlar va orzular hamda ong osti tasavvurlari qanday badiiy o‘rin tutgani nazarda tutiladi. Qahramonlarning tushlari orqali ularning ruhiy iztiroblari, yashirin istaklari yoki jamiyatga nisbatan ichki qarashlari ochilishi mumkin. Bu tushiy qatlam romanlarning simvolik, psixologik va falsafiy mazmunini boyitadi. O‘zbek zamonaviy adabiyotida yozuvchilarning ruhiy-falsafiy izlanishlari alohida o‘rin tutadi. Shunday ijodkorlardan biri Ulug‘bek Hamdamdir. Uning romanlari zamonaviy inson ruhiyati, jamiyatdagi ijtimoiy-axloqiy muammolar va falsafiy izlanishlar bilan sug‘orilgan. Bu romanlarda qahramonlarning orzu, xayol va tushlari muhim badiiy qatlamni tashkil etadi. “Oneyrosfera” tushunchasi filologiya va psixologiyaga tayanadi. Yunon falsafasidan tortib, Freyd va Yungning psixoanalitik qarashlarigacha tush va ong osti ramzlariga katta e’tibor qaratilgan. Freyd tushlarni “ong ostidagi yashirin istaklarning ifodasi” deb biladi. Yung esa tushlarni insoniyat ruhiy tajribasining ramziy shakli sifatida izohlaydi. Shu nuqtayi nazardan, “oneyrosfera” termini Ulug‘bek Hamdam ijodini o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi. Adabiyotda bu termin yozuvchilar asarlaridagi tushiy qatlamni, ya’ni qahramonlarning tushlari, ong osti tasavvurlari, ramziy xayollari orqali ochilgan badiiy olamni ifodalaydi. Ulug‘bek Hamdam romanlarida tushiy qatlam qahramonlarning ruhiy kechinmalarini yoritishda, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi ziddiyatlarni ochishda, shuningdek, yozuvchining falsafiy g‘oyalarini badiiy shaklda ifodalashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. “Muvozanat” romanida tushiy ramzlar insonning hayotiy tanlovlari va falsafiy muvozanat izlanishlarini aks ettiradi. Qahramon tushida ikki qirg‘oqni ko‘radi, ularning birida osoyishtalik, ikkinchisida notinchlik hukmron. Bu - hayotdagi muvozanatni izlash ramzidir. Oneyrosfera roman falsafasini ochadi: inson hayoti iztiroblar va shodliklar o‘rtasidagi muvozanatni topish yo‘lidan iborat. Ulug‘bek Hamdam romanlarida oneyrosfera tushiy olamning badiiy aksidir. Bu qatlam orqali yozuvchi qahramonlarning ruhiy olamini chuqur yoritadi, ularning yashirin istaklari va falsafiy izlanishlarini ifodalaydi. Ulug‘bek Hamdam romanlarida tushiy qatlam shunchaki dekorativ badiiy usul emas, balki psixologik vosita sifatida qahramonlarning ichki kechinmalarini ochishga va ramziy qatlamni anglashga, jamiyatdagi ziddiyatlar, erkinlik va itoat, izlanish va muvozanat kabi falsafiy mavzularni ramziy shaklda yuzaga chiqishiga imkon bergan. Estetik vosita sifatida esa asarlarga chuqurlik va ko‘p qatlamlilik bag‘ishlashini, o‘quvchini falsafiy mulohaza yuritishga undaydi. romanlari oneyrosferasi yozuvchining adabiy-estetik
419 qarashlarini ochadi va uning romanlarini zamonaviy o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin tutadigan darajaga olib chiqadi. Yozuvchining “Muvozanat” romaniga nazar tashlar ekanmiz, uning badiiy talqinlaridan o‘rin olgan tush talqini makon va zamonning turli xususiyatlarini anglash bilan bir qatorda, inson ong osti sizimlaridagi qarashlarni ham his etishga imkon beradi. Asarda talqin etilishicha, Abdug‘ofur buva o‘g‘li Safaraliga tutlarga jiddiy e’tibor berish kerakligini, ertaga pillaning oxirgi qurt yeyishi ekanligini, shu bilan pillani uyquga ketishini ham qayd qilibdida, uyiga jo‘naydi. Ammo Safarali tutlarni qo‘riqlab yotar ekan ko‘zi ma’lum muddat uyquga ketadi va tush ko‘radi: “Bir mahal quloqlariga qushlarning chug‘r-chug‘uri kirib, yuziga oftob tushubdi”.[3:34] Safaralining xayoli, fikri tutlarda edi, ammo u boshqa tarafga qarab uxlaydi-yu, turganda esa bu tarafidan turadi. Uning ko‘z o‘ngida tutlarning qirib ketilganligini ko‘radi, ammo bu tarafdagi tutlar ancha oldin qirqilganligini unitadi. Uning ong osti sizimlaridagi qarashlar, butunlay shu tutlar bilan ekanligi, ammo mas’uliyatni unitganligini, makon va zamonning uzviyligida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi romanlarida zamonaviy inson ruhiyati, jamiyatdagi ijtimoiy-axloqiy muammolar va falsafiy izlanishlar o‘zining badiiy ifodasini topganligini kuzatish mumkin. Bu romanlarda qahramonlarning orzu, xayol va tushlari muhim badiiy qatlamni tashkil etadi. Shu jihatdan, Zahro va Yusufning suhbatlariga nazar tashlaylik: “Goh o‘zimni ulkan ummonning qoq o‘rtasida hashamatli kema ichida yolg‘iz holatda topaman. Kemaning yonilg‘isi qolmaganmish. Shunda o‘lim vahimadan cho‘chib uyg‘onib ketaman va saharlargacha mijja qoqmay chiqaman. Yusuf aka bilasizmi, bedova kasallik na saraton, na boshqa dard, balki bekorchilikdir”.[3:59] “Muvozanat” romanidagi voqealar rivojiga nazar tashlar ekanmiz, insonning ruhiy-ma’naviy olamining o‘ziga xos tarzda talqin etilishini kuzatamiz. Yusufda etishmovchilik, qashshoqlik ammo ma’naviy yuksaklik etakchilik qilsa, Zahroda ma’naviy va moddiy yuksalik o‘ziga xos, lekin mehrga tashnalik, inson kabi suhbatni, e’tiborni qumsay boshlaganligini anglash mumkin. Har ikki qahramonning ham qalbidagi istiroblarning sabablari makon va zamonda namoyon bo‘lishi bejiz emas. “Ijtimoiy va davlat tashkilotlari faoliyatida real uchrashuv xronotopi o‘zining doimiy o‘rniga ega. Ijtimoiy tashkil etilgan uchrashuvlar va ularning ahamiyati hammamizga ma’lum. Uchrashuvlar tomonlar martabasidan tortib uchrashuvlar soni, uchrashuv vaqti va joyi qat’iy belgilangan, davlat miqyosidagi diplomatic uchrashuvlarning ahamiyatini esa, aytmasa ham bo‘ladi. Nihoyat, oddiy maishiy
420 hayotda har bir individual shaxs hayotiga doir (ba’zan o‘sha odamning taqdirini belgilovchi) uchrashuvlarning muhimligi o‘z-o‘zidan tushunarli”.[4:61] Roman tarkibidan o‘rin olgan har bir obrazning badiiy funksiyasi mavjud. Ana shu funksiyadan kelib chiqadigan bo‘lsak, asar qahramonlarining ham uchrashuvlari, bu jarayondagi diologik suhbatlar qahramon ruhiy olamidagi o‘zgarishlarni, uning qalb kechinmalarini teranroq anglash imkonini beradi. Tush, uchrashuv xronotopida ham aha shunday muhim xususiyatlar mujassamlashgan bo‘ladi. Yusuf bilan Zahro tasadifiy uchrashmadi, bunga Mirazim sababchi bo‘ldi, ammo uni anglaydigan, qalbi kechinmalarini to‘g‘ri his qila oladigan kursdoshi Yusuf edi. Shuning uchun ham Yusuf bilan shunday muloqat qiladiki, buning zaminida inson qalbi, uning tuyg‘ulari, moddiy boylikdan-da, yuksakiroq, inson istiroblari mujassam edi: “Nazarimda, agar institutda o‘qimaganimda va Tal’at akaga o‘xshagan domlalardan inson va baxt haqidagi ma’ruzalarni eshitmaganimda, siz, Said akamning va boshqalarning maroqli tortishuvlaridan bahramand bo‘lmaganimda hozir bunchalik qiynalmayotgan, o‘zimni o‘zim eb bitirmayotgan, aksincha, Mirazim akam qurib qo‘ygan koshonalarining malikasi bo‘lib, eng muhimi, shu bilan kifoyalanib, lo‘mbillab yashayotgan bo‘lardim. Lekin afsuski, balki yaxshi hamki, men unaqa emasman… Hozir siz menga o‘sha olamdan – bir vaqtlar men ham mansub bo‘lgan, lekin endi xotira va tushlarimdagina yashayotgan olamdan esgan bir shabada kabi ta’sir etayabsiz”.[3:59] Talqinlarga nazar tashlar enmiz, Zahroning qlbidagi kechinmalar, ziddiyatlarning zamirida modddiy qashoqlik emas, yuksak ma’naviy hayotga ehtiyoj borligini his etamiz. Zahro bilan suhbatlashgan Yusuf endi “moddiy qiyinchilikni engish uchun yo‘l toppish zarurligini teranroq his etadi”, bu bejiz emas edi. Uchrashuv xronototi asar voqealarini ziddiyatli jihatlarini yuzga cjhiqarishga imkon berishi bilan bir qatorda, uning ruhiy-ma’naviy olamine ham ochib beradi. Chunki inson ehtiyoji hayotda birlamchi vazifaga ega, u shu ehtiyojlarni qondirish uchun uchun hayot tarzini o‘zgartirishga ham majbur bo‘ladi. Yusufda ana shu holat kuzatiladi, ijaradan quvilgan, oila parchalana boshlagan, qishloqdagi otasi oilasini yurgizib turgan bitta sigir ham sotilib o‘zi uchun ishlatilganligini qayta-qayta mulohaza qilar ekan, muvozanatni toppish vaqti kelganligii, shundagina hayoti boshqalarnikiga o‘xshagan holda izga tushushishi mumkinligini his etgan edi. Qayd qilinganidek: “Har qanday badiiy asarda zamon va makon o‘ziga xos, betakror o‘ringa ega. Chunki bu kategoriyalarsiz asarning sujeti, kompozitsiyasini tasavvur qilish murakkab jarayondir. Axir har qanday badiiy obraz ma’lum bir zamon va makonda harakat qiladi”.[5:41]
421 Bu kabi nazariy qarashlarga asoslanar ekanmiz badiiy asardagi har bir makon va zamonning ham o‘ziga xos badiiy funksiyasi mavjudligini unitmaslik kerak. Ijodkor yaratgan badiiy asarning makoni va zamoni bo‘lgani kabi asardagi mavjud obrazlarning ham betakror kechinmalari, tuug‘ulari va eng asosiysi, o‘z olami bilan yashashini ham unitmaslik kerak. Xullas, Ulug‘bek Hamdam romanlarida tushiy qatlam (qahramonlarning tush ko‘rish holati) qahramonlarning ruhiy kechinmalarini yoritishda, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi ziddiyatlarni ochishda, shaxs kechinmalaridagi istiroblarni yuzaga chiqarishda shuningdek, yozuvchining falsafiy g‘oyalarini badiiy shaklda ifodalashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Adabiyotlar: 1. Sharafiddinov O. Ijodni anglash baxti. Toshkent: Sharq, 2004. 2. Nasirov A. Odil Yoqubov romanlari badiiyati. – Samarqand: Samarqand davlat chet tillar instituti nashriyoti, 2024. 252b. 3. Ҳамдам У. Мувозанат. Роман. – Тошкент: Минҳож. 2004. 200b. 4. Бахтин М. Романда замон ва хронотоп шакллари. Рус тилидан У. Жўрақулов таржимаси. Тошкент: Академнашр, 2015. 5. Nasirov A. Badiiylik va hayot haqiqati. Monografiya. – Turkiya: Istanbul, “KESIT”. 2019. 134b.