ALISHER NAVOIY ASARLARINING INGLIZ TILIGA TARJIMA QILINISHI: TARIXIY JARAYON, MUAMMOLAR VA ISTIQBOLLAR
Full text
496 ALISHER NAVOIY ASARLARINING INGLIZ TILIGA TARJIMA QILINISHI: TARIXIY JARAYON, MUAMMOLAR VA ISTIQBOLLAR Eshonqulova Nasiba Husniddin qizi Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti E-pochta: [email protected] ; [email protected] ORCID ID: 0000-0003-2065-8814 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272321 Annotatsiya: Ushbu maqolada Alisher Navoiy asarlarining ingliz tiliga tarjima qilinishi jarayoni tarixiy bosqichlar nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. XVI asrdan boshlab Navoiy merosi turli yevropa tillariga tarjima qilina boshlangan va bu jarayon XIX–XX asrlarda yanada kengaydi. Maqolada so‘fiyona terminologiya, poetik shakl va madaniy kontekstning tarjimada yuzaga keltiradigan muammolari, shuningdek, tarjima nazariyasining turli yondashuvlari ko‘rib chiqiladi. Zamonaviy davrda Navoiyning ingliz tilidagi tarjimalari shoir ijodining xalqaro miqyosda tanilishiga xizmat qilayotgani ta’kidlanadi. Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, tarjima, ingliz tili, so‘fiyona terminologiya, poetik meros. Аннотация: В данной статье анализируется процесс перевода произведений Алишера Навои на английский язык с точки зрения исторических этапов. Начиная с XVI века наследие Навои стало переводиться на различные европейские языки, и этот процесс значительно расширился в XIX–XX веках. В статье рассматриваются проблемы, возникающие при передаче суфийской терминологии, поэтической формы и культурного контекста, а также различные подходы переводческой теории. Отмечается, что современные переводы Навои на английский язык способствуют международному признанию творчества поэта. Ключевые слова: Алишер Навои, перевод, английский язык, суфийская терминология, поэтическое наследие. Abstract: This article analyzes the process of translating Alisher Navoi’s works into English from the perspective of historical stages. Since the 16th century, Navoi’s legacy has been translated into various European languages, and this process significantly expanded in the 19th–20th centuries. The article discusses the challenges of conveying Sufi terminology, poetic form, and cultural context in translation, as well as different approaches in translation theory. It is emphasized that modern English translations of Navoi contribute to the international recognition of the poet’s literary heritage. Keywords: Alisher Navoi, translation, English language, Sufi terminology, poetic heritage. Alisher Navoiy ijodi O‘rta Osiyo adabiy merosining eng yuksak cho‘qqilaridan biri bo‘lib, uning asarlari Sharq madaniyati va tasavvuf falsafasi uchun muhim manba hisoblanadi. Uning poetik uslubi, tasviriy vositalari va falsafiy mazmuni o‘zbek hamda turkiy adabiyotning boy tarixiy taraqqiyotini belgilab berdi. Navoiy sof turkiy til imkoniyatlarini kengaytirib, uni yuksak adabiy til darajasiga olib chiqdi. Bugungi kunda uning asarlari Sharq olimlaridan tashqari G‘arb tadqiqotchilari tomonidan ham muntazam o‘rganilmoqda. Shoirning ijodi xalqaro miqyosda e’tirof etilib, asarlari
497 ko‘plab tillarga, jumladan, ingliz tiliga tarjima qilingan. Bu tarjimalar G‘arb o‘quvchisi uchun Navoiyni kashf etish imkonini yaratgan, shu orqali uning so‘fiyona, falsafiy va badiiy merosini qabul qilish jarayoni ham muayyan muammolarni yuzaga keltirgan. Demak, tarjimalarning poetik qatlamni qay darajada ifodalay olgani va jarayonda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni tahlil qilish muhim ilmiy masalalardan biridir. Alisher Navoiy asarlarining turli tillarga tarjima qilinishi XVI asrdan boshlab sezilarli darajada rivojlanib bordi. Eng qadimgi tarjima namunalardan biri sifatida “Majolis un-nafois”ning Fahriy ibn Sulton tomonidan fors tiliga o‘girilganligi ma’lum. Oradan ko‘p o‘tmay, Kristof Armone “Sabba’i sayyor” asarini italyan tiliga tarjima qildi va uning faoliyati Navoiy poetik merosining Yevropada tanilishiga yo‘l ochdi [8:67]. Keyinchalik bu jarayon nemis, ingliz va boshqa yevropa tillariga tarjimalar orqali yanada kengaydi. Ingliz tilida ilk muhim tarjimalar paydo bo‘lishida E. Braun alohida ahamiyat kasb etdi. U Navoiyni ingliz tilida keng ilmiy jamoatchilikka tanitishda muhim rol o‘ynadi. Shu bilan birga, rus olimlari Beresin va Bartold ham Navoiyning asarlarini tarjima qilib [8:67], Markaziy Osiyo adabiyoti va madaniyatini keng doiradagi o‘quvchilar uchun ochib berdi. Herman Vamberi o‘zining “Chig‘atoy tili darsligi” asarida Navoiyning G‘arbiy Yevropadagi ilmiy o‘rganilishiga e’tibor qaratib, M. Belenning hissasini alohida ta’kidlagan. Nemis olimi A. Kurella “Buyuk shoirning qayta kashf etilishi” nomli tadqiqotida Navoiyning G‘arbiy jamoatchilikdagi o‘rnini ko‘rsatib berdi [6:122] va uning ilmiy merosini qayta ochib berishga xizmat qildi. Shu tariqa, Navoiyni o‘rganish jarayoni jahon miqyosida tobora kengaya bordi. Chex olimlari B. Bechka, N. Zimova-Garchisova, E. Knoblox, P. Grijebichek va Y. Ripka, shuningdek, venger tarjimonlari H. Vamberi, E. Brodska, I. Nemeth va V. Becker Navoiyning asarlarini keng tarqatishda alohida o‘rin tutdilar. Bolgariya, Polsha va Ruminiya olimlari S. Stanchev, I. Mileyev, V. Slobodnik, K. Yavorskiy, Olteanu va V. Marianlarning ham tarjimalari Navoiyning ijodiy merosini xalqaro miqyosda tanitishda muhim rol o‘ynadi. Shu jarayonda Turkiya va Ozarbayjondan chiqqan olimlar A. Muhiddin, N. Ulloh, T. Shokir, A. X. Mamduh, B. Hayit, S. Arslon, T. Ganji, M. A. Sinsor, X. Tursun, Azimzoda va Sami Beylarning ilmiy ishlari Navoiyning Yevropa tillarida tanilishiga katta ta’sir ko‘rsatdi [8:67]. Shuningdek, AQSh, Kanada va Argentina olimlari E. Olvors, I. Sirtautas, E. Brenbaum, A. Prosik, J. Ueller, X. Lemb, K. Kennedi va P. Orsetti ham Navoiyning asarlarini o‘rganish va targ‘ib etishda alohida ahamiyatga ega bo‘ldilar. Yevropada Navoiyni ilmiy tadqiq qilish jarayoni ingliz sharqshunosi Edvard Braun bilan alohida
498 bog‘liqdir. U 1928 yilda chop etilgan “Fors adabiyoti tarixi” asarida Navoiyga katta e’tibor qaratib, ayniqsa “Majolis un-nafois”ning sakkiz qo‘lyozmasiga asoslangan holda tahlillar berdi. Braun o‘z tadqiqotlari orqali Navoiy ijodining jahon adabiyoti kontekstidagi o‘rnini yoritdi. Ch. Rieu o‘zining fors qo‘lyozmalari katalogida “Majolis un-nafois”ni tilga olgan bo‘lsa, G. M. Meredith-Owens Vindzor qirollik kutubxonasida Navoiyning asarlarini kataloglashtirgan. Fransuz sharqshunosi F. A. Belin “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Tarixi mulki ajam” asarlarini tarjima qilib, 1861 yilda “Journal Asiatique” jurnalida Navoiyning hayoti va ijodiga oid maqola chop ettirdi [8:74]. Bu maqola G‘arb ilmiy jamoatchiligida Navoiyni ilk bor keng miqyosda tanitgan manbalardan biri hisoblanadi. Ilmiy sa’y-harakatlarning barchasi birgalikda Navoiyning jahon miqyosida o‘rganilishiga zamin yaratdi. I. B. Annaxasanovaning fikricha, bu jarayon zamonaviy tadqiqotchilar orasida Navoiyning merosiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi[1:405]. Bugungi kunda ham G‘arb olimlari Navoiyning asarlarini chuqur tahlil qilishmoqda. Amerikalik islomshunos B. Hoberman Navoiyni “Sharq Uyg‘onishining asoschilaridan biri” sifatida e’tirof etib, uni turkiy xalqlar adabiyotida “Turklarning Choseri” deb ta’rifladi [5:65]. Berlin Erkin Universitetida o‘tkazilgan simpoziumda “Mir Ali Shir Nawai” nomli kitob chop etilib, unda Z. Kleinmehlning “Navoi-Benavo” nomli yirik maqolasi Navoiyning adabiy merosini yangi ilmiy nuqtayi nazardan baholadi. Navoiyning Yevropadagi ta’sirini namoyon qiluvchi tadqiqotlardan biri R. Boyle tomonidan olib borilgan bo‘lib, u 1557-yilda italiyalik M. Tramezzino tomonidan qayta ishlangan “Sabba’i sayyor” asarini tahlil qildi va uni Yevropa Uyg‘onish davrining durdonasi sifatida baholadi. Kanadalik tarjimon Gari Dik “Lison ut-tayr”ni ingliz tiliga o‘girib, Navoiyni “ruh bog‘boni” deb atagan [4:12]. Polyak tarjimoni Yanush Kiyovskiy va ukrain shoiri Nikolay Bajan Navoiyning g‘azallari hamda “Farhod va Shirin” dostonini tarjima qilib, uning ijodini yangi auditoriyalarga taqdim etdilar. Mustaqillikdan keyingi davrda o‘zbek tarjimonlari A’zam Obidov, Qosimboy Ma’murov, Dinara Sultonova va Aida Bumatova ingliz tiliga qilingan tarjimalar orqali Navoiyni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga hissa qo‘shdilar. Ularning ishlari ko‘pincha xorijiy nashriyotlarda tahrirdan o‘tkazilsa-da, hali yaxlit to‘plam shaklida nashr qilinmaganligi global miqyosda Navoiyni tanitishda to‘siq bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda Navoiy asarlarini ingliz tiliga tarjima qilish bo‘yicha eng muhim ishlardan biri amerikalik shoir Dennis Deliga tegishlidir. U 2016-yilda Navoiyning yigirma bir g‘azalini ingliz tiliga o‘girib, “Cervena Barva Press”
499 tomonidan chop ettirdi. Ushbu to‘plam G‘arb adabiy muhitida katta qiziqish uyg‘otib, keng auditoriya tomonidan iliq kutib olindi [2:68]. Bu tarjimalar Navoiyning badiiy va falsafiy merosini G‘arbiy o‘quvchilarga yaqinlashtirib, uning ijodini madaniy chegaralardan o‘tuvchi meros sifatida namoyon qildi. Navoiyning asarlarini tarjima qilish jarayoni hozirgi davrda ham ilmiy izlanishlarga boy bo‘lib qolmoqda. Tarjimalar jarayonida so‘fiyona terminologiya, madaniy realiyalar va poetik tuzilmani yetkazish muammolari mavjud. Ba’zi tarjimonlar matnga lingvistik sodiqlikni saqlashga intilsalar, boshqalar badiiy ohangni yetkazishga urg‘u beradilar. Shu nuqtayi nazardan, tarjimonning shaxsiy tajribasi va ijodiy yondashuvi tarjima natijasida sezilarli darajada aks etadi. Yosh tarjimonlarning intertekstual yondashuvlari Navoiyni zamonaviy adabiy muhitda qayta talqin qilish imkonini bermoqda. Navoiy asarlarini ingliz tiliga tarjima qilish jarayonida bir qator muammolar yuzaga chiqadi. Avvalo, shoirning asarlarida keng qo‘llanilgan so‘fiyona terminologiya G‘arb auditoriyasi uchun tushunarsiz bo‘lishi mumkin. “Ishq”, “ma’rifat”, “haqiqat”, “valiy”, “solik” kabi atamalar ingliz tilida to‘liq ekvivalentga ega emas [3:75]. Masalan, “ishq” so‘zini oddiy “love” bilan berish mumkin, ammo u ilohiy muhabbatni ham anglatadi, bu esa “divine love” orqali qisman izohlanishi mumkin. “Tariqat” tushunchasi ko‘pincha “spiritual path” bilan ifodalanadi, biroq asl ma’nodagi komillik yo‘li tushunchasini to‘liq ifodalamaydi. Shu sababli tarjimonlar ko‘pincha transliteratsiya bilan birga izoh berishga yoki shunga yaqin analog termin tanlashga majbur bo‘ladilar. Biroq har ikkala usul ham ma’lum noaniqlik tug‘diradi. Ikkinchi muammo Navoiy asarlarining she’riy shakli bilan bog‘liq. G‘azal, ruboiy va masnaviy kabi janrlar ingliz she’riyatida mos ekvivalenti yo‘q bo‘lgani uchun tarjimada ularni qayta yaratish mushkul [3:78]. Uchinchi muammo shoir ijodidagi ritm, qofiya va ichki musiqaning tarjimada yo‘qolib ketishidir. Bundan tashqari, Sharq poetikasiga xos obrazlar, tarixiy shaxslar va iboralar ingliz o‘quvchisi uchun begona bo‘lishi, ularni tushuntirish zarurati paydo bo‘lishi mumkin. Tarjima nazariyasi nuqtayi nazaridan Navoiy asarlarini o‘girish jarayonida so‘zma-so‘z, ma’noga asoslangan va erkin tarjima usullarining har biri muhim rol o‘ynaydi. So‘zma-so‘z tarjima matnga iloji boricha yaqin bo‘lishni ta’minlasa-da, badiiylikni yo‘qotishi mumkin. Ma’noga asoslangan tarjima asarning umumiy g‘oyasi va ruhini tabiiy shaklda yetkazishga xizmat qiladi. Erkin tarjima esa tarjimonning ijodiy yondashuvi bilan asarni qayta yaratishga imkon beradi, biroq asl mazmundan uzoqlashish xavfi mavjud. Jakobsonning lingvistik, semantik va kommunikativ ekvivalentlik nazariyalari, E. Naydaning formal va dinamik tarjima
500 tushunchalari, Vinay va Darbelnetning erkin hamda literal metodlari bu jarayonda nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi [8:74]. Shuning uchun Navoiy tarjimalarida, asosan, dinamik ekvivalentlik tamoyili ustunlik qiladi, chunki shoirning asarlari murakkab poetik qatlamlar va chuqur falsafiy ma’nolarga ega. Hozirgi davrda Navoiy asarlari Google Translate va DeepL kabi avtomatik tarjima vositalari orqali ham tarjima qilinmoqda. Ammo bunday vositalar so‘fiyona terminologiyani anglash va ularning chuqur ma’nolarini yetkazish qobiliyatiga ega emas. Shu bois insoniy tarjima, ya’ni tarjimonning ijodiy va madaniy yondashuvi hozir ham muhim o‘rin tutadi. Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy asarlarining ingliz va boshqa yevropa tillariga tarjima qilinishi uning jahon adabiyotidagi o‘rnini belgilashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Tarjima jarayonidagi qiyinchiliklarga qaramay, xalqaro hamkorlik, ilmiy izlanishlar va raqamli texnologiyalar yordamida Navoiy merosining jahon adabiyotida yanada keng o‘rganilishi va targ‘ib qilinishi istiqbollari kengaymoqda. Navoiy asarlarining ingliz tiliga tarjimasi boy va murakkab tarixiy jarayonni o‘z ichiga oladi. XIX asrdagi sharqshunoslarning sa’y-harakatlaridan boshlangan bu yo‘l Sovet davrida davom etib, mustaqillikdan keyin yanada rivojlandi. Zamonaviy tarjimalar shoir asarlarining badiiy va falsafiy mazmunini iloji boricha to‘g‘ri yetkazishga qaratilgan bo‘lsa-da, so‘fiyona terminlar, she’riy shakl va madaniy kontekst bilan bog‘liq qiyinchiliklar hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Kelajakda bu muammolarni yengib o‘tish uchun G‘arb va Sharq tarjimonlarining hamkorligini kuchaytirish, zamonaviy tarjima metodlarini qo‘llashda Navoiy ijodini chuqur tahlil etish zarurdir. Shuningdek, bunday izlanishlar nafaqat tilshunoslik, balki adabiyotshunoslik va madaniyatshunoslik sohalarida ham alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Annakhasanova, I. B. (2024). Comparative Analysis of European and Russian Studies on the Life and Works of Alisher Navoi. Вестник Санкт-Петербургского университета. Востоковедение и африканистика, 16(2), 399–412-b. 2. Daly, D. (2016). Twenty-one Ghazals of Alisher Navoi (Translated from Uzbek). Cervena Barva Press. Retrieved from http://www.thesommervilletimes.com 3. Eshonqulov, H. (2021). Alisher Navoiy oshiqona gʻazallarining badiiy qurilishiga oid oʻziga xosliklar. Oltin bitiglar; 69-86-b. 4. Gary, D. (2012). Why our world needs poets like Navoi: The language of birds. Tashkent: Tafakkur. 5. Hoberman, B. (1985). Chaucer of Turks. Saudi Aramco World. 6. Kurella, A. (1979). The Great Poet’s Rediscovery. Der Islam, 56(1), 118-130-b. 7. Vambery, H. (1867). Caghataische Sprachstudien. Leipzig: F. A. Brockhans. 8. G‘ofurov, I., Mo‘minov, O., & Qambarov, N. (2012). Tarjima nazariyasi: Oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv qo‘llanma. Toshkent: Tafakkur-Bo‘stoni, 216 b.