"O'TKAN KUNLAR" VA "MEHROBDAN CHAYON" ROMANLARIDA TIPIKLASHTIRISH
Full text
517 “O‘TKAN KUNLAR” VA “MEHROBDAN CHAYON” ROMANLARIDA TIPIKLASHTIRISH Tog‘ayeva Nargiza Erkin qizi Ajiniyoz nomidagi davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ilmiy rahbar: Z.Azilova DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272336 Annotatsiya. Mazkur maqolada “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlaridagi bosh obrazlar solishtirilgan holda o‘sha davr muhiti, shuningdek yozuvchining asarlariga qo‘yilgan nom haqida ham so‘z yuritiladi. Kalit so‘zlar: roman, obraz, bosh obraz, yozuvchi, tipiklashtirish. Аннотация. В данной статье сопоставляются главные образы романов «Уткан кунлар» и «Меҳробдан чаён». Анализируется среда того времени, а также рассматривается вопрос о названии произведений писателя. Ключевые слова: роман, образ, главный образ, писатель, типизация. Abstract: This article compares the main characters of the novels “O‘tkan kunlar” and “Mehrobdan chayon”. It examines the socio-cultural context of that time and also discusses the titles given to the writer’s works. Keywords: novel, character, main character, writer, typification. Abdulla Qodiriyning romanlari o‘zbek adabiyotida alohida o‘ringa ega. Bunga sabab ularda qalamga olingan mavzu va yozuvchi mahoratidir. “O‘tkan kunlar” asarida “tariximizning eng kirlik qora kunlari” ikki sevishgan hayoti voqealari bilan bog‘liq holda tasvirlanadi. D.Quronov “Adabiyot va b.haqida” deb nomlangan maqolalar to‘plamida ta’kidlaganidek: “O‘z vaqtida V.G.Belinskiy “Yevgeniy Onegin” romanini rus hayotining ensiklopediyasi deb atagani kabi, “O‘tkan kunlar”ni “o‘zbek hayotining ensiklopediyasi” deyishga to‘la asos borligiga hech bir ziyoli o‘zbek shubha qilmasa kerak” [4;3]. Chindan ham bu asarda o‘zbek millatining tarixi badiiy vositalar, obrazlar orqali yoritib beriladi. Romanning bosh qahramoni Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek. Yozuvchi roman ekspozitsiyasida uning portret tasvirini keltiradi: “Og‘ir tabiatlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabzi urgan yigit [2;7]. Shuningdek, Otabek Marg‘ilonda tunash uchun qolgan saroyni ham A.Qodiriy boshqalardan bo‘lakcha deb, quyidagicha ta’rif beradi: “Saroyning to‘rida boshqalarg‘a qarag‘anda ko‘rkamrak bir hujra, anavi hujralarga kiygiz to‘shalgan holda bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda bo‘z ko‘rpalar ko‘rilgan bo‘lsa , munda ipak va adras ko‘rpalar, narigilarda qora charog‘ sasig‘anda, bu hujrada sham yona-
518 dir, o‘zga hujralarda yengil tabiatlik, serchaqchaq kishilar bo‘lg‘anda bu hujraning egasi boshqacha yaratilishida” [2;6]. Romanning kirish qismidanoq yozuvchi qahramonini boshqalarga o‘xshamasligini, o‘zgacha yigit ekanligini aytmoqchi bo‘ladi. Chindan ham, Otabek o‘sha davr insonlaridan dunyoqarashi bilan ajralib turardi. U juda bilimli, madrasini tugatgan, oddiy xalqni o‘ylaydigan obraz. Sababi, romanning kirish qismida berilgan Otabek, Homid va Rahmat suhbatidan uning o‘zgacha fikrli ekanligi anglashiladi. Otabek umr yo‘ldosh tanlashda shoshilmaslik kerakligini, aks holda o‘zi aziyat chekishini aytadi. Buni eshitgan Rahmat o‘zining xotinidan ko‘ngilsizligini aytib noliydi, shunda Homid erkakka nolish yarashmaydi biri bo‘lmasa ikkinchisini olishni maslahat beradi. Mazkur fikrga qarshi Otabek bu ishning xato ekanligini ko‘p xotin o‘rtasida aziyat chekkandan ko‘ra biri bilan baxtli yashashni tog‘ri deb biladi. Yana xotinning erga yoqishi bilan birga, xotinga ham er ma’qul kelishi kerakligini aytadi. Bu esa o‘sha davrdagi barcha yigitlarda bo‘ladigan fikrlarga Otabek qo‘shilmasligining yaqqol isbotidir. Otabek Fuzuliyni, “Boburnoma”ni mutolaa qilar edi. Bundan tashqari, uning oddiy xalq hayotiga befarq emasligini, qipchoqlarni nohaq o‘ldirilishida otasining qo‘li ham bor deb o‘ylab otasidan xafa bo‘lganini asar voqealaridan ham bilib olish mumkin. Otabek romanda barcha insonlar kabi ota-onasining orzusi oldida chorasiz qoladi va Zaynabga uylanishga majbur bo‘ladi, bu esa keyingi jarayonlarni vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Otabek shu davrdagi boy insonlarda topilmaydigan yuksak ilm va shafqat egasi edi. Qodiriyning ikkinchi mashhur asaridan biri bu “Mehrobdan chayon” romanidir. Asarning bosh qahramoni – Anvar. Romanda o‘sha davrdagi xalqning qiyin hayoti, jamiyat saroy beklarining zulmi, shuningdek ba’zi riyokor mirzalarning Anvar kabi insonlarga g‘arazgo‘yligi, haqgo‘y beklarning xon tomonidan qatl qilinishi, yozuvchi tomonidan mahorat bilan tasvirlab beriladi. Anvar Solih mahdum o‘rgatgan bilimlarni qunt bilan egallaydi va mirzaboshilik lavozimigacha ko‘tariladi, bundan g‘azablangan beklar unga turli xiylalar qilishadi. Bu orqali yozuvchi o‘sha davr muhitini, xonliklar davridagi siyosat, amaldorlarning xalqqa zulmi va halol beklarga uyushtirilgan turli tuhmatlarni tasvirlab beradi. Anvar xarakterining individual xususiyati, u yoshligidan iste’dodli edi, bunga yaqin do‘sti Nasim vafot etganida yozgan marsiyasini misol qilishimiz mumkin. Bundan tashqari, u ham boshqa insonlar kabi xon buyrug‘iga qarshi bora olmaydi, Ra’noni xonga berishga majbur bo‘ladi, lekin Ra’noning jasorati asar voqealarini o‘zgartirib yuboradi. Asarning “Mehrobdan chayon” deb atalishiga sabab yozuvchi ziyoli ulamolarning o‘zlari bosh egayotgan sajdagohiga, mehrobiga xiyonat qilishlarini asarda yoritib
519 berilgan.Yozuvchi romanlari orqali o‘sha davr qiyinchiliklari oddiy oila farzandi bo‘lgan Anvar, nafaqat boy oiladan chiqqan Otabek kabi insonlarni ham chetlab o‘tmasligini ifodalab beradi. Bu ikki asar ham yaratilganiga bir necha yillar bo‘lsa-da hali ham kitob do‘konlarida eng ko‘p sotiluvchi asarlardan hisoblanadi. Bunga sabab esa romanlarda tasvirlangan mavzu ko‘lami va tariximizning yozuvchi tomonidan mahorat bilan yoritib berilganligidir. O‘tkir Hoshimov aytganidek: “Abdulla Qodiriy o‘zbek romanchilik maktabini yaratdi.” [3;184]. Bundan ko‘rinib turibdiki, A.Qodiriy roman yozish orqali o‘zbek adabiyotida yangi yo‘nalishni boshlab berdi. M.Qo‘shjonov o‘zining “O‘zbekning o‘zligi” asarida shunday yozadi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidagi uslubi ko‘pchilikka ma’lum. Unda adib asarda bir-biridan keskin, biri ikkinchisini to‘ldiradigan manzaralar yaratadi. “Mehrobdan chayon”da boshqa manzarani ko‘rasiz. Adib bu romanda har xil yo‘llar bilan asosiy qahramonlar mantiqini ularning nimaga qobil va nimaga noqobil ekanligi asoslanganiga e’tibor beradi [5;72]. Otabek va Anvar obrazlarini tipiklashtirishda umumlashtiruvchi jihatlar – ular ikkisi ham bilimli, mard, jasoratli obrazlar. Anvar ham Otabek ham Fuzuliyni sevib o‘qiydi, shuningdek xalq hayotiga befarq emas edilar. Ikkisi ham oddiy xalqni o‘ylaydi, qo‘lidan kelganicha yordam berishadi. Ularning farqli jihatlari esa Otabek toshkentlik bo‘ladi va Yusufbek hoji Toshkent beklaridan birining yagona farzandi, savdogardir. U Kumushni tasodifan ko‘rib yoqtirib qoladi, u ota-ona orzusi deb ikkinchi bor uylanishga majbur bo‘ladi. Anvar esa marg‘ilonlik, oddiy Salim bo‘yoqchining o‘g‘li va kutilmagan farzand yozuvchi tili bilan aytganda, laylaklar ichida g‘urrak bo‘ladi. U Solih mahdumning asrandisi va kambag‘al oiladan, o‘z kuchi bilan bosh mirza bo‘ladi va Ra’no bilan yoshlikdan birga ulg‘ayadilar. Anvar faqatgina Ra’noga uylanadi. Asosiysi, ikkala obraz ham to‘la ochib berilgan va biz hurmat qiluvchi, o‘zimizda bo‘lishini xohlovchi ko‘plab ijobiy xarakter xususiyatlari mavjud. Fikrimizcha, asar yozishdan ham asosiy maqsad bu o‘quvchiga nimanidir anglata bilishdir. Yozuvchi Otabek va Anvar obrazlari orqali o‘zbek millatini, uch xonlik davridagi insonlar qismatini tasvirlab beradi. Bu orqali esa, kitobxon o‘sha davr muhiti, tarixi, ijtimoiy tuzumi, shuningdek milliy urf-odat va an’analarni bilib oladi. Shu sababdan bu asarlar yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’analarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.
520 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Abdulla Qodiriy. Mehrobdan chayon. – Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2018. 336 bet. 2. Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar. – Toshkent: Navro‘z, 2019. 400 bet. 3. Hoshimov O‘. Daftar hoshiyasidagi bitiklar. – Toshkent: Nurli dunyo nashriyoti, 2022. 192 bet. 4. Quronov D. Adabiyot va b.haqida. Maqolalar to‘plami. – Toshkent: Akademnashr nashriyoti, 2019. 316 bet. 5. Qo‘shjonov M. O‘zbekning o‘zligi. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. – Toshkent: 1994. 136-bet