scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XXI ASRDA ADABIYOT O'QITISH METODIKASINING MODERNIZATSIYASI VA INNOVATSION YONDASHUVLAR

Sagatova Dilrabo Baxodir qizi

Full text

549 XXI ASRDA ADABIYOT O‘QITISH METODIKASINING MODERNIZATSIYASI VA INNOVATSION YONDASHUVLAR Sagatova Dilrabo Baxodir qizi Urganch davlat universiteti Pedagogika kafedrasi tayanch doktoranti (PhD) E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272375 Anonatsiya. Maqolada XXI asr adabiy ta’limining innovatsion metodlari, xorijiy tajriba va texnologiyalar asosida o‘quvchilarda tanqidiy tafakkur, ijodkorlik va estetik dunyoqarashni shakllantirish yo‘llari yoritiladi. Shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv va fanlararo integratsiya asosiy e’tiborda turadi. Kalit soʻzlar: Adabiy ta’lim, innovatsion metodika, tanqidiy fikrlash, multimodal yondashuv, fanlararo integratsiya, raqamli texnologiyalar, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim. Аннотация: В статье рассматриваются инновационные методы преподавания литературы в XXI веке, направленные на формирование у учащихся критического мышления, креативности и эстетического мировоззрения на основе зарубежного опыта и современных технологий. Основное внимание уделяется личностно-ориентированному подходу и междисциплинарной интеграции. Ключевые слова: преподавание литературы, инновационные методы, критическое мышление, мультимодальный подход, междисциплинарная интеграция, цифровые технологии, личностно-ориентированное обучение. Abstract: The article explores innovative methods of teaching literature in the 21st century, focusing on the development of students’ critical thinking, creativity, and aesthetic worldview through foreign experience and modern technologies. Emphasis is placed on learner-centered approaches and interdisciplinary integration. Keywords: literature education, innovative methodology, critical thinking, multimodal approach, interdisciplinary integration, digital technologies, learner-centered teaching. XXI asr ta’lim jarayonining zamonaviy talqinida inson omili markaziy o‘ringa chiqmoqda. Endilikda ta’lim faqat faktlar, ma’lumotlar yoki tayyor bilimlar majmuasini o‘quvchiga yetkazish vositasi sifatida emas, balki shaxsning intellektual, estetik va axloqiy jihatdan har tomonlama kamol topishini ta’minlovchi muhim ijtimoiy institut sifatida qaralmoqda. Bu esa ta’limning mazmuni, shakli va metodikasini tubdan yangilashni talab etadi. Bugungi kunda maktab ta’limining asosiy maqsadi o‘quvchini tayyor bilimlarni egallashga emas, balki mustaqil fikrlash, tanqidiy tahlil qilish va ijodiy yondashuv kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Shu jarayonda adabiyot fani alohida metodologik va ma’naviy ahamiyat kasb etadi, chunki adabiyot inson tafakkuri, qalbi va tuyg‘ularini kamolga yetkazadigan, uni hayotning estetik va ma’naviy mezonlari asosida tarbiyalaydigan 550 noyob fan sanaladi. Adabiy asarlar orqali o‘quvchi o‘zlikni anglaydi, jamiyat bilan munosabatini shakllantiradi, ezgulik va yovuzlik, haqiqat va yolg‘on kabi falsafiy tushunchalarning mohiyatini idrok etadi, shu bois adabiyot darslari o‘quvchini faqat matnni o‘qishga emas, uni chuqur anglashga, obrazlar olamida mushohada yuritishga, hayotiy xulosalar chiqarishga undaydi. Zamonaviy adabiy ta’lim shaxsiy-ma’naviy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda. Bu jarayonda o‘qituvchi shunchaki bilim beruvchi emas, balki ruhiy-ma’naviy yo‘lboshchi, fikrlashga undovchi va estetik zavq uyg‘otuvchi shaxs sifatida namoyon bo‘lishi lozim. XXI asrda ta’lim jarayonidagi global o‘zgarishlar O‘zbekiston ta’lim tizimida ham chuqur sezilmoqda. Ayniqsa, adabiyot o‘qitish metodikasida yangicha yondashuvlarni joriy qilish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy ta’lim muhitiga uyg‘unlashtirish yo‘lida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Adabiy ta’lim jarayonida shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv ustuvorlik kasb etib, o‘qituvchi faoliyatining ijodkorligi va o‘quvchining individual imkoniyatlaridan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘quvchini passiv bilim oluvchi emas, balki faol ishtirokchi va hamkor sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Adabiyot darslarida keng qo‘llanilayotgan “Klaster”, “Insert”, “Venn diagrammasi”, “Aql xaritasi”, “Fikrlar charxi” kabi metodlar o‘quvchilar tafakkurida yangi sifat o‘zgarishlarini yuzaga keltirmoqda. Ular matnga nisbatan tahliliy yondashuvni shakllantirish, obrazli tafakkurni rivojlantirish va mustaqil mulohaza yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu metodlarning samaradorligi Qozoqboy Yo‘ldoshning “Ko‘rkam so‘z yog‘dusi”, Qozoqboy Yo‘ldosh va Muhayyo Yo‘ldosh hammuallifligidagi “O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi” asarlari, shuningdek, professor Qunduzoy Husanboyeva va Nazokat Yusufjonovaning ilmiy izlanishlarida keng asoslangan. Shuningdek, Sayyora Roziqova va Parizoda Xolmamatovaning tadqiqotlarida ta’kidlanishicha, “Adabiyot darslarida interaktiv metodlar, masofaviy ta’lim hamda innovatsion texnologiyalardan foydalanish o‘quvchilarda ijodiy fikrlashni rivojlantirish, tashabbuskorlikni kuchaytirish va hamkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda” [4:123-126]. Bundan tashqari, adabiyot o‘qitish metodikasining nazariy asoslari ham keng tadqiq qilinmoqda. Masalan, Dilara Dospanova metodikani Piagetning kognitiv rivojlanish nazariyasi Vygotskiyning ijtimoiy-madaniy konsepsiyasi va Brunerdagi konstruktivistik qarashlar bilan uyg‘un 551 holda izohlab, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, adabiyotga qiziqishni oshirish hamda xalqaro ta’lim standartlari asosida metodikani boyitish zarurligini alohida ta’kidlaydi.[1:5] O‘zbekiston ta’lim tizimida adabiyot o‘qitish metodikasining yangilanishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash va ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy ta’lim muhitiga moslashtirish jarayoni izchil rivojlanmoqda. Bu esa o‘quvchilarda ijodiy tafakkur, mustaqil fikrlash, estetik did va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, xalqaro adabiy ta’lim tajribalaridan foydalanish orqali o‘zbek adabiyotini o‘qitishda mintaqaviy, tarixiy va madaniy kontekstlarni hisobga olish zarurligi ham anglab yetilmoqda. Masalan, AQSh, Finlyandiya, Yaponiya yoki Janubiy Koreya tajribasida adabiy ta’lim o‘quvchining ichki dunyosini anglash, psixologik yondashuv, o‘z-o‘zini ifoda qilish va baholash, ijtimoiy-emotsional ongni rivojlantirish kabi komponentlarga asoslanadi. XXI asr ta’lim jarayonlari raqamli transformatsiya, global hamkorlik va yangi pedagogik paradigmalarga tayangan holda modernizatsiyalanmoqda. Adabiyot o‘qitish metodikasi ham an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, interfaollik, multimodal ta’lim, sun’iy intellekt va fanlararo integratsiya orqali rivojlanmoqda. Bugungi rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, adabiy ta’limni faqat matn bilan chegaralash emas, balki o‘quvchini mazmuniy, vizual va immersiv jarayonga jalb etish samaradorlikni oshiradi. AQShda 2010-yilda joriy etilgan “Common Core State Standards” adabiyot darslarini tanqidiy o‘qish, matnlarni taqqoslab tahlil qilish va yozma savodxonlikni oshirishga qaratdi. Buyuk Britaniyada 2014-yilda ishlab chiqilgan English National Curriculum “cultural capital” tushunchasini ilgari surib, o‘quvchilarni klassik va zamonaviy adabiyot orqali jamiyatdagi madaniy merosni anglashga yo‘naltirdi. Finlyandiyada esa “phenomenon-based learning[5] modeli asosida adabiyotni tarix, san’at va musiqa bilan bog‘lab o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “Shakespeare week” tadbirlarida pyesalar teatr, musiqa va tarix bilan integratsiya qilinadi. Janubiy Koreya esa 2011yildan boshlab “Digital Textbook Project”[6] orqali adabiyot darsliklarini raqamlashtirib, o‘quvchilarga elektron kitoblar, grafik romanlar va audio-vizual materiallar bilan ishlash imkoniyatini yaratdi. Xorijiy mamlakatlar tajribasida innovatsion metod va texnologiyalar keng qo‘llanmoqda. AQSh maktablarida o‘quvchilar multimodal va media asosli o‘qitish jarayonida “book trailer” yaratib, asarlarni qayta talqin qiladilar. Buyuk Britaniyada “Digital Shakespeare Project” orqali sahnalarni virtual tarzda kuzatish va tahliliy esse 552 yozish amaliyoti joriy etilgan. Immersiv muhitlar va VR texnologiyalari ham adabiy ta’limda o‘z o‘rnini topmoqda Finlyandiyada “Kalevala” dostoni qahramonlarini virtual sayohat orqali o‘rganish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, Janubiy Koreyada sinflarida klassik she’riyat va romanlarni jonli muhitda o‘qish tajribasi keng tatbiq etilmoqda. Sun’iy intellekt ham asta-sekin adabiy ta’limga kirib kelmoqda. AQSh maktablarida ChatGPT kabi vositalardan asarlarni tezkor tahlil qilishda yordamchi sifatida foydalanilmoqda, biroq asosiy e’tibor baribir o‘quvchining mustaqil fikrlashiga qaratiladi. Janubiy Koreyada esa AI dasturlari o‘quvchilarning o‘qish tezligi va tushunish darajasini tahlil qilib, ularga individual mashqlarni taklif etmoqda. Fanlararo integratsiya ham keng rivojlanmoqda: Finlyandiyada STEAM education asosida Shekspir sonetlari musiqaga uyg‘unlashtirilsa, Buyuk Britaniyada Birinchi jahon urushi she’riyati tarix fanlari bilan integratsiya qilinadi. Biroq bu jarayonlarda qator muammolar ham mavjud. Texnologik tengsizlik sababli barcha maktablar AI imkoniyatlaridan foydalana olmaydi. Ayrim davlatlarda o‘qituvchilarning raqamli media bilan ishlash malakasini oshirish zarur. Shuningdek, Janubiy Koreyada ota-onalar orasida texnologik vositalarning haddan tashqari ko‘pligidan ko‘ra, klassik kitobxonlikni ustuvor qilish tarafdorlari ham uchramoqda. XXI asrda adabiyot o‘qitish metodikasining modernizatsiyasi rivojlangan davlatlarda multimodal media, AI texnologiyalari, fanlararo integratsiyani rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshmoqda. O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun ham ushbu ilg‘or tajribalarni milliy sharoitga moslashtirish, ularni o‘zbek adabiyoti ta’lim jarayoniga uyg‘unlashtirish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Global ta’lim tizimida adabiyot o‘qitish jarayonlari endilikda faqat matnlarni o‘qish va tahlil qilish bilan chegaralanib qolmayapti. XXI asrning asosiy talabi – o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, madaniy tafakkur, ijodkorlik va raqamli savodxonlikni shakllantirishdir. Shu maqsadda Germaniya, Yaponiya, Kanada va Singapur kabi mamlakatlarda adabiyot o‘qitish metodikasini modernizatsiya qilishning ilg‘or tajribalari shakllanib, ular xalqaro miqyosda dolzarb namuna sifatida qaralmoqda. Germaniyada adabiyot ta’limi Bildungsstandards Deutsch (2004) doirasida kompetensiyaga asoslangan yondashuv asosida olib boriladi. Bu yondashuv o‘quvchilarda tanqidiy o‘qish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirish, asarlarni madaniy va tarixiy kontekstda tahlil qilish, shuningdek, ijodiy yozuv faoliyatini rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi. Germaniya maktablarida “Leseförderung” dasturi orqali o‘quvchilarda o‘qish madaniyati mustahkamlanib, ular tanlagan kitoblari asosida literatur-bloglar yuritishi yoki virtual kitob klublarida faol ishtirok etishi ta’lim jarayonining muhim qismi 553 hisoblanadi. Yaponiyada esa adabiyot (kokugo) o‘qitish jarayonida an’anaviy va zamonaviy yondashuvlar uyg‘unlashadi. Maktablarda klassik yapon adabiyoti vakillari – Murasaki Shikibu, Matsuo Basho, Natsume Soseki kabi yozuvchilar asarlari zamonaviy ijodkorlarning matnlari bilan integratsiya qilinadi. Shu bilan birga, innovatsion texnologiyalar ham keng qo‘llanilmoqda. Masalan, ICT sinflarida digital storytelling metodlari orqali o‘quvchilar she’rlarni audio-vizual formatda qayta talqin qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Haiku yozish laboratoriyalari esa o‘quvchilarning ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda samarali vosita sifatida e’tirof etilmoqda. Kanadada adabiyot o‘qitish ko‘p madaniyatli yondashuvga asoslanib, multicultural curriculum asosida mahalliy xalqlar adabiyoti, ingliz va fransuz klassiklari hamda zamonaviy adabiyot namunalaridan foydalaniladi. Ta’lim jarayonida literary circles – ya’ni kichik guruhlarda adabiy muhokamalar keng qo‘llanilib, bu o‘quvchilarda kommunikativ va tanqidiy kompetensiyalarni rivojlantiradi. Shuningdek, drama-based pedagogy uslubi orqali o‘quvchilar o‘rganilayotgan asarlarni teatr shaklida sahnalashtirib, obrazlarni chuqurroq idrok etishga erishadilar. Singapurda esa adabiyot ta’limi 21st Century Competencies Framework doirasida olib borilib, o‘quvchilarda tanqidiy va ijodiy fikrlash, muloqot va hamkorlik, shuningdek, madaniy savodxonlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Raqamli transformatsiya keng tatbiq etilib, blended learning – ya’ni an’anaviy va onlayn ta’lim uyg‘unlashtirilmoqda. O‘quvchilar romanlarni elektron platformalarda muhokama qiladi, yozma topshiriqlarini esa Google Classroom yoki e-Lit portals orqali topshiradi. Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, Germaniya kompetensiyaga asoslangan ta’lim modeli orqali virtual kitob klublari va literatur-bloglarni yo‘lga qo‘ygan; Yaponiyada an’anaviy va zamonaviy uyg‘unlik digital storytelling hamda haiku laboratoriyalari orqali amalga oshmoqda; Kanadada multimadaniyatli ta’lim literary circles va dramabased pedagogika bilan boyitilgan; Singapur esa XXI asr kompetensiyalarini shakllantirishda blended learning va elektron ta’lim platformalarini samarali qo‘llamoqda. Xulosa qilib aytganda, adabiyot ta’limi global miqyosda yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘quvchilarda nafaqat kitobxonlik madaniyati, balki tanqidiy tafakkur, ijodkorlik, kommunikativlik va raqamli savodxonlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Germaniya, Yaponiya, Kanada va Singapur tajribasi O‘zbekiston uchun ham istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab beruvchi muhim metodik asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. O‘zbekiston maktablarida ham ana shunday yondashuvlarni joriy 554 etish, milliy adabiy merosni zamonaviy pedagogika vositalari orqali o‘rgatish istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shunday qilib, mamlakatimizda adabiyot o‘qitish metodikasini modernizatsiya qilish, uni XXI asr ta’lim talablariga moslashtirish borasida boshlangan islohotlar o‘quvchilarning mustaqil fikrlovchi, estetik didga ega va ijtimoiy faol shaxslar bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi. Adabiyotlar roʻyxati: 1. Dospanova D.U. Adabiyot o‘qitish metodikasining asosiy tamoyillari. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi. 2004. -№2. –B. 5. 2. Qozoqboy Yo‘ldosh. Ko‘rkam so‘z yog‘dusi. – Toshkent: Fan, 2020. 5 b. 3. Qozoqboy Yo‘ldosh va Muhayyo Yo‘ldosh. O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi. – Toshkent : Gʻofur Gʻulom, 2022. 209 b. 4. Roziqova S. Xolmamatova P. Adabiyot fani darslarida foydalaniladigan innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanish. Eurasian Journal of Technologies and Innovations. – 2023. №4. B. 123-126. 5. Finnish National Agency for Education. Phenomenon-Based Learning in Finland [Elektron resurs]. — 2016. — Rejim kirish: https://www.oph.fi/en (murojaat qilingan sana: 19.09.2025). 6. Korean Ministry of Education. Digital Textbook Project [Elektron resurs]. — 2011. — Rejim kirish: https://english.moe.go.kr (murojaat qilingan sana: 19.09.2025).