BADIIY MATNDA FRAZEOLOGIZMLAR KONTAMINATSIYASI USLUBIY VOSITA SIFATIDA
Abstract
Mazkur maqola frazeologizmlar transformatsiyalanishi tahliliga bag‘ishlangan. Bu masala stilistika va lingvopragmatikaning o’rganish obyektiga kiradi. Frazeologizmlarni transformatsiyalashdan asosiy maqsad, ma’lum bir stilistik samara, yutuqqa erishishdir. Badiiy matnda obrazli-ekspressiv frazeologizmlarning namoyon bo‘lishi, so‘zlovchining adresat bilan emotsional munosabati kabi masalalarni o‘rganish uchun ham muhim va dolzarb hisoblanadi. O‘zbek badiiy matnida frazeologik birliklar kontaminatsiyalarning turli sharoitlarda, muayyan tamoyillar asosida, har xil vaziyatlarda turli maqsadlar bilan semantik, pragmatik tahlili amalga oshirildi.
Full text
Vol.3 №10 (2025). October Journal of Effective innovativepublication.uz Learning and Sustainable Innovation 88 BADIIY MATNDA FRAZEOLOGIZMLAR KONTAMINATSIYASI USLUBIY VOSITA SIFATIDA Qilichboyeva Xurshida, Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti, Mustaqil izlanuvchi, Chirchiq, O‘zbekiston Annotatsiya: Mazkur maqola frazeologizmlar transformatsiyalanishi tahliliga bag‘ishlangan. Bu masala stilistika va lingvopragmatikaning o’rganish obyektiga kiradi. Frazeologizmlarni transformatsiyalashdan asosiy maqsad, ma’lum bir stilistik samara, yutuqqa erishishdir. Badiiy matnda obrazli-ekspressiv frazeologizmlarning namoyon bo‘lishi, so‘zlovchining adresat bilan emotsional munosabati kabi masalalarni o‘rganish uchun ham muhim va dolzarb hisoblanadi. O‘zbek badiiy matnida frazeologik birliklar kontaminatsiyalarning turli sharoitlarda, muayyan tamoyillar asosida, har xil vaziyatlarda turli maqsadlar bilan semantik, pragmatik tahlili amalga oshirildi. Kalit so‘zlar: Kontaminatsiya, okkazionallik, frazeologizm, ekspressiv baho, nutq vaziyati, predikat, komparativ frazeologizm, denotativ ma’no, konnotativ ma’no. Ma’lumki, frazeologiya tilshunoslikning muhim sohalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Chunki, frazeologik birliklarda har bir xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, ma’naviy qarashlari, xalqning donoligi, milliy kolorit o‘z aksini topgan, ya’ni frazeologizmlar xalqlarning urf-odatlari, an’analari, siyosat, din kabi barcha qirralarini o‘zida mujassamlashtiradi. Shu bilan birga ibora yordamida o‘sha xalq haqida ko‘pgina ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Frazeologik birliklar so‘zlardan farqli holda obyektiv realiklikdagi muayyan voqea-hodisani nomlash uchun emas, balki unga nisbatan modal munosabatni ifodalash maqsadida yuzaga keladi. Bahо o‘z xususiyatiga ko‘ra insonga xos kategoriyalar qatoriga kiradi. U insonning jismoniy va ruhiy tabiatini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Insonning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, histuyg‘ulari, o‘y-fikrlari va faoliyatini, san’at haqidagi bilimlarni o‘zlashtirishi hamda real voqelikda insonlarga munosabatini ifodalaydi. “lisoniy shaxs” masalasi ilmiy tahlil obyekti sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Lisoniy shaxs bu – “nutq egasi bo‘lib, nutqiy harakatni sodir etish, nutqni tuzish va qabul qilish uchun tayyorligi nuqtayi nazaridan qaraladigan kishi, u lisoniy tizimdan to‘lig‘icha foydalanish layoqatiga ega bo‘lgan shaxs”[2]. Lingvokreativlik orqali yangi so‘zlar, iboralar va butunlay yangi til birliklari yaratiladi. Shunday lingvokreativ
Vol.3 №10 (2025). October Journal of Effective innovativepublication.uz Learning and Sustainable Innovation 89 jarayonlardan biri – kontaminatsiya bo‘lib, u so‘z va frazalarning qisman birlashuvi natijasida yangi lingvistik birliklarning paydo bo‘lishini anglatadi. Kontaminatsiya (lotincha contaminatio – tutashtirish, aralashtirish) biror assotsiaga ko‘ra funksional, semantik yoki tuzilishi jihatidan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan lisoniy birliklarni birlashtirish yo‘li bilan so‘zning semantik ma’nosi o‘zgarishi, yangi so‘z yoki iborani hosil bo‘lishi hodisasidir. “Bugungi kunda tilda okkazional transformatsiya hodisalaridan bo‘lgan kontaminatsiyaning uch xil: 1) ma'no jihatidan yaqin bo‘lgan ikki frazeologizmlarning birlashuvi; 2) struktura jihatidan teng bo‘lmagan, ma'nodosh bo‘lgan ikki frazeologizm komponentlarining birlashuvi; 3) ma'no jihatidan yaqin, struktura jihatidan turli xil frazeologizmlarning birlashuvi kabi tiplari misollar orqali kuzatdik”[1]. Ayrim paytlarda leksik birliklar yoki sintaktik qurilmalarning noto‘g‘ri joylashishi ham kontaminatsiyani vujudga keltirishi mumkin. Turli janrlarda, jumladan badiiy matnlarda frazeologizmlar transformatsiyasi – frazeologik kontaminatsiyaning qo‘llanilishi muhim uslubiy vosita hisoblanadi. Shuning uchun ham frazeologik kontaminatsiya hodisasining o‘rganilishi doimo tilshunoslar e’tiboridan chetda qolgan emas. Bu haqda jahon tilshunosligida L.I. Royzenzon, I.V. Abramets, A.I. Molotkov, A.M. Babkin, A.V. Kunin, N.M. Shanskiy kabi, turkologiyada Sh.Rahmatullaev, I.Qo‘chqortoyev, B. Yo‘ldoshev, A.Mamatov kabi ko‘plab frazeolog olimlar tadqiqotlar olib borgandilar. Bu ishlarida ko‘p hollarda frazeologik birliklarning o‘zgarishi, okkazional xususiyatlari haqida fikr bildirgan. Ma’lumki, muloqot jarayonida ma'lum bir voqea hodisa yoki biror shaxs xarakterxususiyatini obrazli tarzda ifodalashda noodatiy birikmalardan ham foydalaniladi[3]. Okkazional frazeologik birliklarning (OF) paydo bo‘lishi muallifning ijodiy fikrini amalga oshirishi bilan bog‘liq. OFning ma’nosini aniqlash, uni to‘g‘ri talqin qilish va anglash esa, asosan, kontekstga, ya’ni frazeologik birlikning kontekstual muhiti va u bilan kontekst elementlari o‘rtasidagi munosabatlarga bog‘liq. Kontekstual aktualizatorlar (ya’ni, ma’no ochilishini ta’minlovchi kontekst vositalari) okkazional frazeologik birlikning ma’nosini aniqlash, uning mazmunini aniqlashtirish, konnotatsiyasi, obrazliligi va boshqa jihatlarini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Badiiy matnda har bir til birligi qatori frazeologizmlar ham muallif kommunikativ maqsadining amalga oshishiga xizmat qiluvchi vosita sifatida ishtirok etadi. Shunga ko‘ra badiiy matnda qo‘llanilgan frazeologizmlarning voqelik faktlarini atash, tasvirlanayotgan shaxs bilan bog‘liq turli holatlar haqida o‘quvchiga ma’lumot berish, ta’sir etish kabi vazifalari o‘z aksini topadi. O‘zbek tilshunosligida kontaminatsiya
Vol.3 №10 (2025). October Journal of Effective innovativepublication.uz Learning and Sustainable Innovation 90 hodisasining leksik sathda namoyon bo‘lishi va kulgini yuzaga keltirishda ishtirok etishi ma’lum darajada o‘rganilgan [4]. Quyidagi matnda tilak mazmunini ifodalovchi frazeologizmlarning oddiy so‘z birikmasiga teng kelib qolishi frazeologik kontaminatsiyani yuzaga keltirgan: Asqar ota shu so‘zlarni ko‘nglidan o‘tkazdi-yu, Bahrigа nisbatan ko‘nglida mavj urgan mehrini ifodalaydigan biron kalima ham so‘z topolmay, faqat: – Umring uzoq bo‘lsin, qizim! – dedi. – Uy egasi dasturxon yozar ekan: – Umridan shuncha uzoq bo‘lgandan keyin, Xudo xohlasa umri uzoq bo‘ladi, – deb so‘z o‘yini qildi. Kimdir “piq” etib kulib yubordi. Nima gap ekanini anglay olmagan Asqar ota o‘zidan-o‘zi qattiq xijolat tortdi. Oqsoqol buni fahmlab, tezroq uni xijolatdan chiqarishga shoshildi. – Qishlog‘imizda Umri, Umriniso degan bir xotin bor edi, shuni aytayotibdi, – dedi. (A.Qahhor. Xotinlar) Yuqoridagi parchada frazeologik kontaminatsiya, ya’ni “umring uzoq bo‘lsin” degan tilak ifodalovchi frazeologizmdan yangi so‘z o‘yini vositasida kulgili kontekst hosil qilinishiga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu yerda “Umring uzoq bo‘lsin” iborasi oddiy so‘z birikmasi sifatida aytilgan, ammo mehmonning “Umri” degan ismga nisbatan aytilgandek qabul qilinib, semantik chalkashlik (kontaminatsiya) yuzaga kelgan. Bu esa kulgili effektni va ayni paytda til o‘yini orqali obrazlilikni kuchaytirgan. Frazeologik birliklarning okkazional o‘zgarishlari natijasida kontekst nafaqat tilga xos mavjud semalarni, balki frazeologizmlarning potensial (yashirin) semalarini ham kuchaytiradi, ya’ni frazeologizmning ichki imkoniyatlarini ochib beradi. Frazeologik birlikning boshqa matn birliklari bilan bo‘ladigan aloqalari orqali unga qo‘shimcha konnotatsiyalar, ya’ni “ma’nodagi kombinator qo‘shimchalar” (semantik kombinatsiyalar) yuklanadi. Agar frazeologizm strukturaviy va semantik jihatdan sezilarli darajada o‘zgarsa, kontekst uning okkazional shakl sifatidagi identifikator vazifasini ham bajaradi: bu holda kontekst tinglovchi yoki o‘quvchiga (nutq adresatiga) okkazional frazeologizm
Vol.3 №10 (2025). October Journal of Effective innovativepublication.uz Learning and Sustainable Innovation 91 (OF) ma’nosini anglash, uning motivatsion asosini aniqlash va uni uzual frazeologizm (UF) bilan semantik bog‘lash imkonini beradi. Tilimizdagi homiladorlik holati bilan bog‘liq “boshi qorong‘u”, “oy ko‘rmoq” frazeologizmlari quyidagi matnda kontaminatsiya hosil qilishda ishtirok etgan: Нурали тўқиган бу латифа янги бўлмаса-да, ҳамроҳлари кулишди. Турғунали эса «ҳе, эси йўқлар!» деб тескари ўгирилди. – Ҳа, Турғунали ака, бу гапларга кулмайсиз ҳам? – деди Мирали тегишиб. – Шунақа аҳмоқ гапга ҳам кулаверадими одам деган, – деди Турғунали унга қарамай. – Бошқа сабаб ҳам бордир? – деди Нурали. – Бош оғриятгандир, а? – Бу гапинг ҳам тўғри, бош ёрилай деб турганда кўнгилга кулгу сиғами? – Яна «бошим қоронғу», денг? – деди Нурали унинг биқинига аста туртиб. – Масхаралама, дедим сенга! Ҳамқишлоқларга пайров учун гап топилган эди. Шу боис Турғуналининг норозилигига эътибор бермай, Султонали гапни илиб кетди: – Бошлари қоронғумасдир, кеча кечқурун довдираб юрган эканлар, бехос «ой кўрган»дирлар. Ой кўрганда ҳам бош оғрирмиш, а? – Бу туришларига қараганда ой эмас, нақ эналарини кўрганга ўхшайдилар, – деди Нурали. Ko‘rinadiki, frazeologizm semantik ma’nosini o‘zgarishi badiiy matnda anglashilgan ironik, komik mazmunni kuchaytirib, kontaminatsiya hodisasini yuzaga keltirgan. Badiiy matnlarda kontaminatsiyadan foydalanish yozuvchining til birliklaridan foydalanish mahoratiga bog‘liq. Bular yuzasidan kengroq kuzatishlar olib borish mazkur hodisa mohiyatini ochishga yordam beradi. ADABIYOTLAR 1. Носиров А., Назаров Ш. Фразеологик бирликларда контаминация ҳодисаси.ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES VOLUME 2 | ISSUE 9 | 2021 2. Кубиц Г.В. Профессионализация языковой личности (на примере юридического дискурса): дис. … канд. филол. наук. – Челябинск, 2005. – 258 с. 3. Пардаев З. Баҳо муносабати ифодаланишида оксюморонларнинг ўрни //«Ажиниёз номидаги Нукус давлат институтининг илм, таълим ва тарбия масалаларини ривожлантиришдаги ўрни» мавзусидаги Республика илмийназарий анжуман материаллари. 1-қисм.-Нукус, 2010. 4. Юсупов К. Ўзбек адабий тилида контаминация. Ўзбек тили ва адабиёти, 1985. №6.-Б.54.