IJTIMOIY TADBIRKORLIKNING NAZARIY ASOSLARI VA KONSEPTUAL YONDASHUVLARI
Abstract
So‘nggi yillarda bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda ijtimoiy adolat, barqarorlik va aholini ijtimoiy himoyalashga qaratilgan tamoyillar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sharoitda ijtimoiy tadbirkorlik fenomeni shakllanib, klassik tadbirkorlik va ijtimoiy faoliyatning uzviy uyg‘unligida namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yo‘nalish zamonaviy iqtisodiyotda yangi iqtisodiy va ijtimoiy mexanizm sifatida qaralib, nafaqat foyda olish, balki ijtimoiy foyda yaratish, jamiyat muammolariga yechim topish hamda resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltiriladi.
Full text
2025 –OKTABR 23 IJTIMOIY TADBIRKORLIKNING NAZARIY ASOSLARI VA KONSEPTUAL YONDASHUVLARI Shirin Temirova Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti [email protected] So‘nggi yillarda bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda ijtimoiy adolat, barqarorlik va aholini ijtimoiy himoyalashga qaratilgan tamoyillar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sharoitda ijtimoiy tadbirkorlik fenomeni shakllanib, klassik tadbirkorlik va ijtimoiy faoliyatning uzviy uyg‘unligida namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yo‘nalish zamonaviy iqtisodiyotda yangi iqtisodiy va ijtimoiy mexanizm sifatida qaralib, nafaqat foyda olish, balki ijtimoiy foyda yaratish, jamiyat muammolariga yechim topish hamda resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltiriladi. Ijtimoiy tadbirkorlik tushunchasi iqtisodiy faoliyatning yangi paradigmasi sifatida, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishning innovatsion mexanizmlarini o‘zida mujassam etadi. Bu yo‘nalish G.Dees, M.Yunus, B.Drayton, Ch.Lidbiter kabi tadqiqotchilarning ishlari orqali shakllangan bo‘lib, ularning nazariy qarashlari ijtimoiy tadbirkorlikni jamiyat farovonligi yo‘lida iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish vositasi sifatida talqin etishga asos bo‘ldi Ijtimoiy tadbirkorlik ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ijtimoiy foyda keltirishga yo‘naltirilgan innovatsion faoliyatni anglatadi. U an’anaviy biznesdan farqli ravishda ijtimoiy maqsadni asosiy ustuvorlik sifatida belgilaydi. Dees ta’rifiga ko‘ra, ijtimoiy tadbirkorlik – bu “ijtimoiy missiyani amalga oshirish uchun tadbirkorlik usullarini qo‘llash”dir [1]. Shuningdek, Yunusning “Grameen Bank” modeli orqali kambag‘allikka qarshi kurash va mikromoliyalashtirish tizimini joriy etish ijtimoiy biznesning amaliy ko‘rinishidir [2]. 1-rasm. Ijtimoiy tadbirkorlik modellarining turlari Ijtimoiy tadbirkorlik konsepsiyasi jamoat tovarlarini yaratish, bozor muvaffaqiyatsizliklarini bartaraf etish, ijtimoiy korxonalar shaklida gibrid tashkilotlar Ijtimoiy innovatsiyalar modeli mavjud ijtimoiy muammolarga yangi, samarali yechimlar ishlab chiqishga yo‘naltirilgan faoliyat Ijtimoiy korxona modeli foyda bilan bir qatorda ijtimoiy missiyani amalga oshirishga xizmat qiluvchi biznes faoliyat Jamiyatni o‘zgartirish modeli ijtimoiy adolat va inklyuziv rivojlanishni ta’minlovchi islohotlarni ilgari suruvchi strategik yondashuv
2025 –OKTABR 24 yaratish hamda resurslarni ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Tadqiqotchilarning turli yondashuvlariga ko‘ra, ijtimoiy tadbirkorlikni yuqoridagi yo‘nalishlarda talqin qilish mumkin (1-rasm). Shu bois, ijtimoiy tadbirkorlikni faqat xayriya yoki notijorat faoliyat sifatida emas, balki strategik boshqaruvga asoslangan, bozor tamoyillaridan foydalanuvchi ijtimoiy-iqtisodiy tizim sifatida baholash maqsadga muvofiqdir. Ijtimoiy tadbirkorlikning asosiy maqsadi – jamiyatdagi dolzarb muammolarni innovatsion yo‘llar bilan hal etish va shu orqali ijtimoiy barqarorlikka hissa qo‘shishdir. Bu faoliyat iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda axloqiy, ekologik va ijtimoiy qadriyatlarni ham o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy tadbirkorlikning asosiy vazifalari jamiyatdagi dolzarb muammolarni aniqlash va ularni samarali hal etishga qaratilgan bo‘lib, bu jarayonda ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va reabilitatsiya kabi sohalarda innovatsion loyihalarni amalga oshirish muhim o‘rin tutadi. Ushbu faoliyat aholi, ayniqsa, zaif qatlamlarning iqtisodiy hayotda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy tadbirkorlik davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ijtimoiy loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishni nazarda tutadi. Mazkur yo‘nalishdagi muhim vazifalardan yana biri – moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘lib, bu o‘zini-o‘zi moliyalashtira oladigan va uzoq muddatli istiqbolga ega barqaror biznes modellarini yaratishni talab etadi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikda innovatsion yondashuvni rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yangi texnologiyalar, xizmatlar va ijtimoiy platformalarni joriy etish orqali faoliyat samaradorligini oshirishga imkon beradi. Umuman olganda, ushbu vazifalar ijtimoiy tadbirkorlikni klassik biznesdan ajratib turuvchi asosiy belgilardir. Ularning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy inklyuziyani ta’minlash hamda aholining farovonlik darajasini oshirishga xizmat qiladi. Ijtimoiy tadbirkorlarning muvaffaqiyatini belgilovchi omillar orasida motivatsiya muhim o‘rin egallaydi. Tadqiqotchilar (MacMillan, Germak, Robinson, Braga va Proença)ning ta’kidlashicha, ijtimoiy tadbirkorlar iqtisodiy manfaatlardan ko‘ra jamiyat farovonligini ustuvor deb biladilar. Ularning faoliyatida altruistik qadriyatlar, yangilikka intilish, mas’uliyat hissi va shaxsiy o‘sish ehtiyoji kabi omillar asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Altruistik qadriyatlar ijtimoiy tadbirkorlarni boshqalarning farovonligini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yishga undaydi. Innovatsion ehtiyoj esa ularni yangi g‘oyalar, texnologiyalar va boshqaruv yechimlari orqali jamiyat muammolariga samarali yechim topishga yo‘naltiradi. Mas’uliyat hissi ijtimoiy adolatni ta’minlashga, teng imkoniyatlarni
2025 –OKTABR 25 kengaytirishga va o‘z faoliyati orqali ijtimoiy tizimni yaxshilashga turtki beradi. Shaxsiy o‘sish ehtiyoji esa tadbirkorni jamiyat oldida foydali, faol va ijodkor shaxs sifatida namoyon bo‘lishga undaydi. Shu sababli, ijtimoiy tadbirkorlar nafaqat iqtisodiy faoliyat bilan cheklanmaydi, balki ijtimoiy o‘zgarishlarning faol agentlari sifatida yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etadilar. Ular davlat qamrovidan tashqarida qolayotgan ehtiyojlarni aniqlab, ularni qondirishga qaratilgan innovatsion xizmatlar va mahsulotlarni yaratadi. Bunday yondashuv orqali ijtimoiy tadbirkorlar jamiyatda barqaror rivojlanish, inklyuziv iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy adolatni ta’minlash jarayonlariga bevosita hissa qo‘shadilar. O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy tadbirkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichda shakllanmoqda va asta-sekin milliy iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilgan segmentiga aylanib bormoqda. Ijtimoiy tadbirkorlik mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiyiqtisodiy islohotlar, kambag‘allikni qisqartirish siyosati hamda barqaror rivojlanish strategiyalarining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. Hozirgi kunda davlat tomonidan ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimi joriy etilgan bo‘lib, u aholining iqtisodiy faolligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy darajada inklyuziv o‘sishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Xususan, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” kabi davlat dasturlari orqali turli ijtimoiy guruhlarning iqtisodiy imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Ushbu tashabbuslar doirasida aholining past daromadli qatlamlari uchun imtiyozli kredit liniyalari, subsidiyalar va grant mexanizmlari joriy qilinib, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy va maslahat ko‘magi taqdim etilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan fuqarolarga soliq imtiyozlari, davlat xaridlari tizimida ishtirok etish imkoniyatlari hamda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha trening dasturlari taqdim etilmoqda. Bularning barchasi mamlakatda ijtimoiy tadbirkorlik ekotizimini shakllantirishning muhim omillari sifatida e’tirof etiladi. Ijtimoiy tadbirkorlik O‘zbekiston sharoitida nafaqat iqtisodiy o‘sishning yangi manbai, balki ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanish siyosatining muhim elementi sifatida qaralmoqda. Ushbu faoliyat turi orqali ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, bandlik darajasini oshirish, ijtimoiy xizmatlar tizimini modernizatsiya qilish hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish kabi vazifalar hal etilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish orqali aholining zaif qatlamlari – ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnat migrantlarining qaytgan a’zolari va qishloq aholisi uchun iqtisodiy faollikni oshirishga yo‘l ochilmoqda. Bu jarayon ijtimoiy inklyuziya tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqaradi va mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur yo‘nalish “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan asosiy ustuvor yo‘nalishlar bilan bevosita uyg‘unlikda rivojlanmoqda. Strategiyada ijtimoiy
2025 –OKTABR 26 tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kambag‘allikni kamaytirish, fuqarolarning daromad manbalarini diversifikatsiya qilish, yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish va ijtimoiy xizmatlarning sifatini oshirish bilan chambarchas bog‘langan. Shu sababli, ijtimoiy tadbirkorlik mamlakatning inklyuziv iqtisodiy o‘sishini ta’minlash hamda fuqarolik jamiyatini mustahkamlash yo‘lida strategik instrument sifatida e’tirof etilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional asoslari bosqichma-bosqich takomillashmoqda. 2022-yil 4-iyulda qabul qilingan Prezident qarori (“Ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-314) bilan ushbu faoliyat turini rivojlantirish uchun aniq normativ-huquqiy baza yaratildi. Ushbu hujjat ijtimoiy korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, ular uchun soliq yengilliklari joriy etish, ijtimoiy loyihalarni baholash va monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ijtimoiy innovatsiyalar markazlari, inkubatsiya dasturlari va ta’lim platformalari tashkil etilmoqda, bu esa ijtimoiy tadbirkorlik ekotizimini yanada barqaror shakllantirishga xizmat qilmoqda. Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tadbirkorlik zamonaviy iqtisodiy modelning ajralmas elementi bo‘lib, u ijtimoiy adolat, iqtisodiy samaradorlik va barqaror rivojlanish tamoyillarini birlashtiruvchi mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi. U inson manfaatlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, innovatsiyalar, ijtimoiy mas’uliyat, barqaror biznes modellar va jamiyat ehtiyojlariga mos yechimlarni ishlab chiqish orqali rivojlanadi. O‘zbekiston uchun ijtimoiy tadbirkorlikni keng ko‘lamda rivojlantirish bu faqat yangi ish o‘rinlari yaratish bilan cheklanmay, balki fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi strategik yo‘nalishdir. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy, tashkiliy va moliyaviy asoslarini yanada mustahkamlash, ijtimoiy innovatsiyalarni kengaytirish hamda ijtimoiy tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish mamlakat iqtisodiyotining inklyuziv, raqobatbardosh va barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi. Adabiyotlar: 1. Dees J. G. (1998). The meaning of “social entrepreneurship”. Stanford University: Center for the Advancement of Social Entrepreneurship. 2. Yunus M. (2007). Creating a World Without Poverty: Social Business and the Future of Capitalism. New York: PublicAffairs. 3. Bacq S., Janssen F. (2011). The multiple faces of social entrepreneurship: A review of definitional issues based on geographical and thematic criteria. Entrepreneurship & Regional Development, 23(5-6), 373-403.