BOSHLANG'ICH SINF O'QUVCHILARIDA ESTETIK TARBIYA ELEMENTLARINI SHAKLLANTIRISH MAZMUNI
Abstract
Ushbu maqolada estetik tarbiyaning maqsadi va vazifalari shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini estetik tarbiyalashning ahamiyatli jihatlari haqida bayon qilingan.
Full text
Sentabr, 2025-Yil 252 BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARIDA ESTETIK TARBIYA ELEMENTLARINI SHAKLLANTIRISH MAZMUNI Umirova Xakima Bahodir qizi Innovatsion texnologiyalar universiteti Innovatsion pedagogika fakulteti Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim kafedrasi Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi 3-kurs talabasi. [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17355872 Annotatsiya. Ushbu maqolada estetik tarbiyaning maqsadi va vazifalari shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini estetik tarbiyalashning ahamiyatli jihatlari haqida bayon qilingan. Kalit so‘zlar: estetik tarbiya, estetik did, estetik madaniyat, kitobxonlik, o‘qish, go‘zallik. Bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Bu ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning qarorlarida jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlanadi. O‘quvchi yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida kitob mutolaasiga jalb etar ekanmiz, biz bu bilan nafaqat ularning ongi va tafakkurini, balki axloqiy, estetik, mehnat tarbiyalari elementlarini shakllanishida o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz. Nafosat tarbiyasi (estetik tarbiya: lot. “estezio” – “go‘zallikni his etaman” ma’nosini bildiradi) shaxsni ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari hamda turmush go‘zalliklarini anglash, idrok etish, to‘g‘ri tushunishni o‘rgatish, ularning estetik didini o‘stirish, ularda go‘zallikka muhabbat uyg‘otish, shuningdek, go‘zallikni yaratish qobilyatlarini tarbiyalash jarayoni bo‘lib, ijtimoiy tarbiyaning yana bir muhim tarkibiy qismi sanaladi. Aqliy, axloqiy, mehnat tarbiyasini estetikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Estetik tarbiya-o‘quvchilarni voqelikdagi, san’atdagi, tabiatdagi, kishilarning ijtimoiy va mehnat munosabatlaridagi, turmushdagi go‘zallikni idrok qilish hamda to‘g‘ri tushunishga o‘rgatish, ularning badiiy didini o‘stirish, go‘zallikka muhabbat uyg‘otish va hayotiga go‘zallikni olib kirish qobiliyatlarini tarbiyalashdir. Estetik tarbiyaning vazifalari quyidagilardan iborat: - shaxsga ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari hamda turmush go‘zalliklari va ularni anglash to‘g‘risidagi bilimlarni berish; - shaxsda ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari hamda turmush go‘zalliklari va ularni anglash va idrok etish qobilyatini tarbiyalash; - unda mavjud go‘zalliklarni qadrlash hissi hamda estetik didni shakllantirish, go‘zallikka muhabbat uyg‘otish; - go‘zallikni yaratish ehtiyojini qaror toptirish, bu boradagi qobilyat va estetik madaniyatni shakllantirish.
Sentabr, 2025-Yil 253 Nafosat tarbiyasi barcha yoshdagi kishilarga bab-barobar zarur. Ammo butun tarbiya tizimida, amalda isbotlanganidek, nafosat tarbiyasini singdirishni insonning bolalik davridan boshlash nihoyatda muhim. Bolalikda aql-farosat, axloqiy ko‘nikmalarni tarbiyalash bilan bir qatorda, ularda chiroyli, nafis go‘zal narsalardan zavq ola bilishni, go‘zallikni dag‘allikdan, qo‘pollikdan tez ajrata olish qobilyatini tarbiyalashimiz kerak. Boshlang‘ich sinf dasturiga ko‘ra o‘quvchilarga dastlab xulq-atvor va turmushdagi go‘zallik, ya’ni buyumlar, kiyimlar, o‘quv qurollarini toza, ozoda, chiroyli asrash, ularni saranjom-sarishta saqlay bilish, ulardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish o‘rgatiladi. Xususan, boshlang‘ich o‘qish darsliklarida berilgan asarlarni o‘qish davomida o‘quvchilarda shunday xislatlar birin-ketin shakllantirib boriladi. Adabiyotshunos olima Q.Husanboyeva: “O‘quvchilarni badiiy asar qahramonlarini tasniflashga o‘rgatadigan darslar o‘z maqsadiga ko‘ra o‘quvchilarning tanqidiy hamda estetik tafakkurlari, badiiy his-tuyg‘ulari, badiiy asarni idrok etish ko‘nikmalari, obrazli tafakkurini o‘stirish, ular ongini timsollar yordamida boyitish, axloqiy, estetik, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, ma’naviy tarbiyalash, o‘qishga ijobiy munosabat uyg‘otish, badiiy asar va san’at namunalari bilan muntazam muloqot qilishga ehtiyoj hosil qilish, badiiy asarlarni mustaqil tahlil qilish, ularni baholay olish, qiziqarli badiiy asarlarni mustaqil izlab topish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi”, deb ta’kidlaydi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini estetik tarbiyalash maqsadida tevarak-atrofdagi tanlab olingan turmush, tabiat, san’at estetikasi va yoshlarning badiiy ijodi namunalari, badiiy asarlardan samarali foydalanish mumkin. Estetik tarbiyasi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar tabiatni, jonivorlarni avaylab-asrash, ularga g‘amxo‘rlik qilish xislatlariga ega bo‘ladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nash etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi 3271-sonli Qarori. 2. Husanboyeva Q., Shodiyev F., Hazratqulov M. Boshlang‘ich sinflarda badiiy asarlar bilan ishlash metodikasi. Samarqand 2019-y. 233 b. 3. Mavlonova R., To‘rayeva O., Xoliqberdiyev K. Pedagogika. –T.: “O‘qituvchi” 2001 y. 391 b. 4. Sobirov Sh.O., Rajabova X.X. Pedagogika. Ma’ruza matn. Farg‘ona 2009 y. 59-60 betlar.