KORRUPSIYAGA OID MATNLARNI LINGVISTIK EKSPERTIZA QILISHNING O'RGANILISHI
Abstract
Ushbu maqolada korrupsiyaga oid matnlarni lingvistik ekspertiza qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar tahlilga tortilib, o‘zbek tilshunosligida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olingan.
Full text
Oktabr, 2025-Yil 163 KORRUPSIYAGA OID MATNLARNI LINGVISTIK EKSPERTIZA QILISHNING O‘RGANILISHI Isroilova Guljahon Jamolovna Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertiza markazi ARM mudiri Elektron pochta manzili: guljahonjam[email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17375236 Korrupsiya-bu hokimiyatning fuqarolarga emas, balki o‘ziga xizmat qilishidir Li Kuan Yu, Siyosiy arbob, Singapur Bosh vaziri Annotatsiya. Ushbu maqolada korrupsiyaga oid matnlarni lingvistik ekspertiza qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar tahlilga tortilib, o‘zbek tilshunosligida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olingan. Kalit so‘zlar: lingvistik ekspertiza, korrupsiya, pora, poraxo‘r, evfemizm, ellipsis, to‘xtam, intonatsiya, tinish belgilari. Аннотация. В этой статье анализируется работа, проделанная в направлении лингвистической экспертизы текстов о коррупции, и определяются задачи, которые необходимо выполнить в этой области в узбекском языкознании. Ключевые слова: лингвистическая экспертиза, коррупция, взятка, взяточник, эвфемизм, эллипсис, умолчание, интонация, знаки препинания. Abstract. This article analyzes the work done in the field of linguistic expertise of texts related to corruption and outlines the tasks that need to be carried out in this area within Uzbek linguistics. Keywords: linguistic analysis, corruption, bribe, briber, euphemism, ellipsis, tacit agreement, intonation, punctuation marks. Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida tilning amaliy jihatini o‘rganish, ularni hayotga tatbiq etish, tilni amaliyot bilan bog‘lash, birgalikda rivojlantirish masalalari dolzarb va asosiy masala bo‘lib kelmoqda. Tilning psixologiya fani bilan bog‘liqlikda o‘rganilishi orqali psixolingvistika, bilish jarayonlari, falsafa bilan bog‘liqlikda o‘rganish kognitiv tilshunoslik, huquq bilan bog‘liqlikda o‘rganish orqali yurislingvistika sohalari rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda tilshunoslikda tilni inson bilan bog‘liq tarzda o‘rganish orqali tilni amaliyot bilan bog‘lash uning foydalanish doirasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa tilshunos mutaxassislar uchun yangi sohalarga kirib borish imkonini yaratmoqda. Sud-huquq sohasida ziddiyatli matnlarni tadqiq qilish orqali esa amaliy tilshunoslikning yana bir sohasi lingvistik ekspertiza rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligida bu sohada ko‘plab tadqiqotlar bajarilib, amaliyotga tatbiq qilindi. Jumladan, aynan lingvistik ekspertiza borasida K.Musulmonova, shaxsiy yozishmalarda noadabiy unsurlarning hududiy xoslanishini lingvistik ekspertiza orqali aniqlash bo‘yicha D.A.To‘rayeva, shaxsni obro‘sizlantirish bilan bog‘liq holatlar lingvistik ekspertizasi N.Y.Najmidinova tomonidan tadqiqot sifatida maxsus tadqiq etilgan.
Oktabr, 2025-Yil 164 Ammo korrupsiyaviy matnlarni lingvistik tahlilga tortish, ularning til xususiyatini tahlil qilish orqali sud-tergov ishlarini osonlashtirish masalasi tadqiq qilinishi lozim bo‘lgan muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Korrupsiyaviy matnlarni lingvistik ekspertiza qilish masalasida jahon tilshunosligida turli yo‘nalishlarda qator tadqiqotlar olib borilgan. Biz ushbu maqolada olib borilgan tadqiqotlarni tahlilga tortib, o‘zbek tilshunosligida bu yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab olishni maqsad qilib qo‘ydik. Jahon tilshunosligida, xususan, rus tilshunosligida bu borada tadqiqotlar olib borilgan va ularning har biri bu sohani rivojlantirish uchun asos va metodik yordam bo‘lib xizmat qilgan. Xususan, pedagogika fanlari nomzodi T.S.Karimova “Korrupsiyaga qarshi ishlar bo‘yicha dialogik matnlarning lingvistik ekspertizasi xususiyatlari” nomli maqolasida ekspertizaning ushbu turi haqida ko‘plab xulosalarga kelgan. U o‘z tadqiqotining ilmiy yangiligi sifatida matnmuloqotni tahlil qilish, mantiqiy-semantik va funksional-uslubiy tahlil doirasida kommunikativ yondashuvdan foydalanishni ko‘rsatadi. Tadqiqot natijasida korrupsiyaga qarshi ishlar bo‘yicha lingvistik ekspertizaning asosiy vazifasi voqeani uning nutqiy aks etishi bo‘yicha semantik va pragmatik usullar majmuasini qo‘llash orqali nutqiy jinoyatlarning huquqiy kvalifikatsiyasini aniqlashtirish imkonini beradi. Rus tilshunosi I.A.Sternin o‘zining “Korrupsion matnning tilga oid belgilari” nomli maqolasida korrupsiyaga qarshi kurash, unga oid bo‘lgan tushunchalarga izoh berib: “Korrupsion harakatlar – mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora berish, pora olish, vakolatni suiiste’mol qilish, tijoratda sotib olish – so‘zlashuvga asoslanganligi aniq. Ular tomonlar tomonidan muhokama qilinadi va pora berishga undash ham, pora taklif qilish ham til shaklida amalga oshiriladi”-deb yozadi. Pora berish turli shakllarda bo‘lishi va bu jarayonda ishlatiladigan so‘z va iboralarga matnning korrupsiyaga ishora qiluvchi ehtimoliy belgilari sifatida qarash mumkinligini aytib o‘tib, bunday so‘z va iboralardan bir nechtasini keltirib o‘tadi hamda ularda ikki yo‘nalishda: pora so‘rash va pora taklif qilish belgilari orqali tahlil o‘tkazish maqsadga muvofiqligini yozadi. Shuningdek, bunday so‘z va iboralarga bir qancha misollar keltiradi. Poraga ishora qiluvchi so‘z va iboralar: muammoni yechish qiyin, lekin mumkin, o‘ylaymanki, kelishib ketamiz, rahmatni nonga surib yeb bo‘lmaydi, rahmatni ichib bo‘lmaydi(quruq qoshiq og‘iz yirtar), siz menga yordam bersangiz, men sizga yordam berishim mumkin, hech qachon dengizda dam olmaganman va hokazo. Pora taklifi bo‘yicha so‘z-belgilar: sizni mukofotlaymiz(quruq qo‘ymaymiz), bizning minnatdorchiligimiz sizni haqiqatda xursand qiladi, sizga dam olishda yordam beramiz va boshqalar. Shu bilan birgalikda, bahsli matnlarda korrupsiyaviy so‘z-belgilar borligi haqida xulosa berishda qo‘llangan iboralar o‘z ma’nosida bo‘lishi mumkin ekanligini ham hisobga olish lozimligi haqida o‘z fikrlarini bayon etadi. Yaroslavl davlat universiteti professori D.L.Karpov hamda Yaroslavl sud ekspertiza laboratoriyasi eksperti D.Ye.Pojilovalarning “Korrupsiyaga qarshi ishlar bo‘yicha ekspertizani tayyorlashda pora beruvchining strategiyasini tahlil qilish” nomli maqolasida turli olimlarning qarashlarini tahlil qilib, korrupsiya bilan bog‘liq nutqni tahlil qilishning aniq bir metodologiyasi mavjud emasligi, antikorrupsiya ekspertizalari uchun maxsus algoritm ishlab chiqish zarurligini ta’kidlab, o‘z nuqtayi nazarlarini bayon etadi. Unga ko‘ra pora beruvchining nutqi quyidagi xususiyatlari bilan tavsiflanishi zarurligini ta’kidlaydi:
Oktabr, 2025-Yil 165 1. Asosiy maqsad - bunda pora beruvchi mansabdor shaxsni pora evaziga muayyan harakatni amalga oshirishga ishontiradi va buning uchun turli nutq usullaridan: iltimos qilish, qayta-qayta takrorlash, ko‘ndirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri taklif qilishdan foydalanadi. 2.Yashirish - pora beruvchi o‘z niyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmaydi, balki yashirishga harakat qiladi. Bunda turli til vositalari ishga solinadi: • evfemizm – «pora» o‘rniga «mukofot», «suvenir», «rahmat» kabi so‘zlarni ishlatish; • elliptik qurilishlar – gapni yarimta qoldirish, to‘liq aytmaslik; • ishora orqali bildirish – masalan, «imtihonni hal qilish», «masalani ko‘rib chiqish» kabi ifodalar orqali pora taklifi bilvosita aytiladi. Bunday nutqiy qurilishlar tashqi ko‘rinishda oddiy gapdek tuyuladi, ammo asl ma’nosida korrupsiyaviy mazmun yashiringan bo‘ladi. 3. Ehtiyotkorlik va xavfsizlik - pora beruvchi o‘z harakatlarining noqonuniyligini anglaydi, shuning uchun ehtiyotkor bo‘ladi. Uning nutqida quyidagi belgilar kuzatiladi: • telefon orqali yoki ochiq joyda gapirishdan qochish; • uchinchi shaxslardan yashirish; • «telefonda gaplashmaylik», «kamroq gapir», «ortiq ovoza qilmaylik» kabi ifodalarni ishlatish. Bu holatlar uning o‘zini fosh etishdan qo‘rqishini va harakatini maxfiy saqlashga urinishini ko‘rsatadi. 4. Emotsional ta’sir va shaxsiy munosabat qurish: Pora beruvchi suhbatdoshiga ta’sir o‘tkazish maqsadida shaxsiy munosabat qurishga harakat qiladi. U quyidagicha nutqiy ifodalarni ishlatadi: • o‘zini og‘ir ahvolda ekanini ko‘rsatish (“oyligim juda kam”, “xonadonda muammolar bor”); • insoniylikka chaqirish (“davayte po-chelovecheski” (“odamgarchilik qiling”)); • hamdardlik uyg‘otish (“xotinim dekretda, juda qiyin”); • o‘zinikidek qilib olish uchun suhbatdosh bilan yaqin munosabat o‘rnatish. Bu kabi ifodalar pora taklifini yumshatish, uni qonuniy yoki insoniy harakat sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi. Xulosa o‘rnida mualliflar bu kabi vazifalar korrupsiyaga oid nutqni tahlil qilishning umumiy algoritmi tarkibiy qismi hisoblanishini, ularni amalga oshirish pora oluvchining strategiyasini o‘rganish va butun matnning umumiy tahlili bilan uyg‘un holda olib borilishi zarurligini aytadi. Bravijaya universiteti tadqiqotchisi Sh.Salsabilaning “Britaniya milliy korpusidagi korrupsion birikmalarning tanqidiy diskurs tahlili” nomli izlanishida Britaniya milliy korpusida korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan atamalarni statistik tahlil qilib, korrupsiya so‘zining qaysi so‘zlar bilan birikishi, eng ko‘p hamda eng kam qaysi so‘zlar bilan birikib kela olishi, qaysi soha va qaysi yoshdagi kishilar nutqida bu so‘zning ko‘p uchrashi, korrupsiya so‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchalarni izohlaydi. Tushunchani Milliy korpus vositasida tadqiq qilish, bizningcha, uni har tomonlama to‘liq tadqiq qilishga, u bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchalar va ularning izohi bo‘yicha lingvist-ekspertlar uchun uslubiy qo‘llanmalar tuzish, ushbu yo‘nalishda tahsil oluvchilar uchun ma’ruzalar matni tuzishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Oktabr, 2025-Yil 166 Yana bir rus tilshunosi T.V.Varlakova o‘zining "Nutqiy provokatsiya – sud lingvistikasi ekspertizasi obyekti sifatida" nomli maqolasida nutqiy kommunikatsiyani tashkil etuvchi muhim tushunchalar — kommunikativ maqsad, kommunikativ niyat, undash va boshqa tilshunoslik hamda huquqiy tilshunoslik kategoriyasi bilan bog‘liq nutqiy provokatsiya tushunchasini ochib beradi. Maqola nutqiy provokatsiya xususiyatiga ega bo‘lgan undash bildirishlarni aniqlashga qaratilgan savollar variantlarini taqdim etadi; ekspertizaga taqdim etilgan suhbat matnlarini tahlil qilish natijalari umumlashtiriladi; muallif bir necha tilshunoslik ekspertizalari jarayonida aniqlagan nutqiy provokatsiyaga yo‘naltirilgan undash bildirishlarning turli shakllari qisqacha tavsiflanadi. Ma’lumki, korrupsiya jinoyatlarining hammasi ham uni sodir etuvchining xohish-istaklari bilan bo‘lmasligi mumkin. Pora taklif qiluvchi turli usullar (undash, qo‘rqitish, ayyorlik bilan) yordamida provokatsiya qilib, uni bu ishni qilishga ko‘ndiradi. To‘g‘ri, pora oluvchini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi, lekin nutqiy provokatsiyalarni aniqlash aybdorga yengilroq jazo tayinlanishiga, aksincha, uni shu ishga majburlaganga og‘irroq jazo tayinlanishi mumkin ekanligini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Bu yo‘nalishda jahon tilshunosligida qilingan ishlarni tahlil qilish orqali quyidagi xulosalarga kelindi: 1. O‘zbek tilida korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan matnlarni tahlil qilishning metod va yo‘nalishlarini aniqlab olish lozim; 2. Korrupsiya so‘zining leksik maydonini tahlil qilish orqali bu so‘z bilan birga qo‘llaniladigan so‘z va iboralarning semantik, stilistik, statistik tahlilini amalga oshirish zarur. Bunda O‘zbek tili milliy korpusi hamda sud-tergov materiallari, ekspertiza uchun taqdim etilgan materiallardan foydalanish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. 3. Matnda qo‘llanilgan lingvistik-stilistik vositalarni aniqlab, ular bajarayotgan vazifalarini tahlil qilish. 4. Ishtirokchilarni ayni shu jinoyatni sodir etishga ko‘ndirish, undash qaysi til vositalari orqali amalga oshirilganligini aniqlash. O‘ylaymizki, ushbu vazifalarning amalga oshirilishi tilshunoslikda rivojlanib kelayotgan lingvistik ekspertizani rivojlanishiga, shuningdek, sud-tergov organlari, sud-ekspertiza sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar faoliyatida amaliy yordam beradi hamda ushbu yo‘nalishda ta’lim olayotgan talabalar uchun foydali bo‘ladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. И.А.СтернинИ.А. Языковые маркеры коррупционного текста // Психолингвистика и лексикография (продолжающееся научное издание), Выпуск 4, Воронеж: РТИМ, 2017. С.210-213 2. Карпов Д.Л., Пожилова Д.Е. Анализ стратегии взяткодателя в подготовке экспертизы по антикоррупционным делам // С.38-43. 3. Стернин И.А., Шепелевич С.И. Откат и взятка: семантический и юридический подходы // Язык и национальное сознание. Вып.18.Воронеж: Истоки, 2012.С.133-139 4. Стернин И.А., Шепелевич С.И. Откат и взятка: семантический и юридический подходы // Лингвокриминалистика. Избранные статьи 2006-2012. С
Oktabr, 2025-Yil 167 5. Т.В.Варлакова Речевая провокация как объект судебной лингвистической экспертизы //2013 6. http://lingvaexpert.ru/expert_says/publications/vyazigina 7. Musulmonova K.X. Oʻzbek tili yozma matnlarini lingvistik ekspertiza qilish jarayoni, bosqichlari va metodlari: Filol. fan. fals. d-ri. … diss. – Qoʻqon, 2022. – 132 b. 8. Toʻrayeva D.A. Oʻzbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda noadabiy unsurlarning hududiy xoslanishi: Filol. fan. fals. d-ri. … diss. – Qoʻqon, 2022. – 137 b. 9. Najmidinova N.Y. O‘zbek tilidagi “shaxsni obro‘sizlantirish” mazmunli ifodalarning lingvistik ekspertizasi: Filol. fan. fals. d-ri. … diss. – Qoʻqon, 2025. – 114 b.