O'ZBEK FOLKLORSHUNOSLIGI SHAKLLANISHI VA TARAQQIYOTIDA HODI ZARIFOVNING O'RNI
Full text
12 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘ZBEK FOLKLORSHUNOSLIGI SHAKLLANISHI VA TARAQQIYOTIDA HODI ZARIFOVNING O‘RNI Mirzayeva Barno To‘rayevna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘z R FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Folklor bo‘limi katta ilmiy xodimi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381334 Annotatsiya. Ushbu maqolada folklorshunos olim Hodi Zarifovning ilk faoliyati davri, uning to‘plovchilik va tadqiqotchilik ishlari haqida mulohazalar bildirilgan. Kalit so‘zlar: o‘zbek folklori, to‘plovchi, yozib olish, doston, ertak, maqol. Аннотatsiя. В данной статье рассматривается начальный этап творческой деятельности фольклориста Ходи Зарифова, а также его работа по сбору и исследованию фольклорных материалов. Ключевые слова: узбекский фольклор, собиратель, запись, эпос, сказка, пословица. Abstract. This article examines the initial stage of the creative work of folklorist Khodi Zarifov, as well as his work on collecting and researching folklore materials. Keywords: Uzbek folklore, collector, recording, epic, fairy tale, proverb. Milliy folklorshunoslik maktablarini yaratgan va uning taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar ijodini o‘rganish hamisha еtakchi mavzulardan sanaladi. Bunday tadqiqotlar barcha xalqlar folklorshunosligining fan sifatida shakllanish va rivojlanish tarixini yoritishda, uning taraqqiyot bosqichlari va еtakchi tamoyillarini aniqlashda, o‘ziga xos nazariy yo‘nalishlarini belgilab berishda muhim sanaladi. O‘zbek folklorshunosligida xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ish, tasnif va tadqiq etish 100 yillik tarixiy taraqqiyot bosqichiga ega. O‘zbek folklori tabiati, janriy tizimi va tarkibi, badiiyatiga oid ilmiy qarashlarni e’lon qilib, xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plab nashr etish va omma orasida targ‘ib qilish borasida samarali xizmat qilgan Hodi Tillayevich Zarifov, o‘zbek folklorshunosligining asoschisidir. Hodi Zarifov xalq og‘zaki ijodi namunalarini ilmiy asosda akademik tadqiq qilish ishini tashkil etgan ilk folklorshunos hamda o‘zbek mumtoz adabiyotini jahon adabiyotshunosligida targ‘ib va tashviq qilishda qimmatli izlanishlar olib borgan zabardast olim. Hodi Zarifov ulkan alloma hamda buyuk shaxsiyat darajasiga еtib kelguncha, uzoq, samarali hayot va ijod yo‘lini bosib o‘tdi. Uning tadqiqotchi sifatida shakllanishi va еtuk olim bo‘lib еtishuvida dastlabki ilmiy faoliyatining o‘rni nihoyatda kattadir. Chunki ko‘pgina yirik olimlar faoliyatida bo‘lganidek, Hodi Zarifovning ham keyingi tadqiqotchilik taqdiri ko‘p jihatdan uning fandagi dastlabki qadamlari bilan bog‘liq bo‘ldi. U dastlab eski usulda, keyinchalik yangi usuldagi maktablarda boshlang‘ich
13 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ta’lim oldi. Boku o‘qituvchilar seminariyasida o‘qidi (1923–1926). Mehnat faoliyatini 16 yoshda Toshkentdagi internatlardan birida o‘qituvchilikdan boshladi (1921–1923). Hodi Zarifov olimlikni xalq ijodiyoti namunalari, aniqrog‘i, o‘zbek xalq maqollari va matallarini to‘plashdan boshlagan. “Yig‘ilgan o‘zbek xalq maqol va matallarini Turkiston Xalq maorif qo‘mitasining ilmiy kengashi qoshidagi O‘zbek bilim qo‘mitasiga topshirib turgan bo‘lsa ham, yosh to‘plovchining 1923–1926-yillarda yozib olgan maqol va matallari, shuningdek, boshqa materiallari bizgacha еtib kelmagan. Biroq shuni taxmin qilish mumkinki, olimning keyinchalik tuzgan va nashr etgan o‘zbek xalq maqollari to‘plami dastlabki to‘plovchilik faoliyati davrida o‘zi tomonidan yozib olingan materiallardan tashkil topganligi haqiqatga ancha yaqindir. Olim ilk maqollar to‘plamini so‘zboshi hamda maqollarga sharhlar bilan 1947-yilda “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” nomi bilan nashr etgan. Hodi Zarifov 1923-yildan folklor va etnografiya materiallarini yozib olish maqsadida folklor ekspeditsiyalarini uyushtirdi, barcha janrlarga oid folklor asarlarini yozib olish ishini tashkil etdi. O‘zbek xalq dostonlarini jonli ijro sharoitida to‘la ravishda, bevosita ijrochi shevasida yozib olish ishlarini esa 1925-yilning oxirlaridan boshlab berdi. O‘sha davrdan boshlab olimning tashabbusi bilan o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodi asarlarini jonli ijro holatida yozib olish, nashr etish va ilmiy o‘rganish ishlari amalga oshirildi. U to‘plovchi sifatida faqat bir folklor janriga yoki bir dostonchiga bog‘lanib qolmadi. Jonli jarayonni butun O‘zbekiston bo‘ylab kuzatishga harakat qildi. 1926-yildan to 1965-yilga qadar folklor, etnografiya va dialektologiya ekspeditsiyalarini tashkil etdi hamda rahbarlik qildi. Hodi Zarifov rahbarlik qilgan yoki qatnashgan ekspeditsiyalar natijasida Folklor arxivi yuzaga keldi. Hozirgi kunda Folklor arxivida olim tomonidan yozib olingan folklor materiallari 144 ta papkada saqlanadi. Bundan tashqari, olimning shaxsiy arxiv tateriallari ham alohida bir jovonni to‘ldirib turibdi. Hodi Zarifovning sa’y-harakati bilan birgina 1925–1929-yillarda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan kabi atoqli dostonchilar aniqlandi hamda ulardan qirqdan ortiq dostonlar yozib olindi. Olti mingga yaqin maqol va matallar, uch mingga yaqin topishmoq, ellikdan ortiq ertak to‘plandi. 1926-yilda Hodi Zarifov Samarqand viloyatiga uyushtirilgan ekspeditsiyada Rustam Ma’mur o‘g‘lidan “Savdogar bilan podachi”, Tojiboy Qulmat o‘g‘lidan “Kiyik bilan kadi” ertaklarni, 1936-yilda Qashqadaryo viloyati Qaynarbuloq qishlog‘ida Abdulla shoir Nurali o‘g‘lidan “Kampir bilan shoqol” kabi ertaklarni o‘zi yozib oldi. 1927-yili Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan “G‘azali Sanobar” dostonidan parchani, “Xoldorxon” dostonini, 1928-yili “Ravshan” dostonini hamda “Kunlarim” termasini, “Tajnisli” to‘rtliklarini yozib oldi. 1926-1927-yillari Po‘lkan shoirdan “Mardikor”, “Hasan batrak”, “Shayboniyxon” dostonlarini, “Oshiqman” hamda “Soz” (1927)
14 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman termalarini, Fozil shoirdan 1927-yilda “Ayladi”, “Bo‘lmasa”, “Go‘ro‘g‘lining tarjimai holi” (“Kunlarim”), “Kerakdir”, “Yarashmas” kabi termalarini, “Ochildov” (1928) dostonining 1-variantini, “Yusuf bilan Ahmad” (birinchi qismi Po‘lkan shoirdan (1927– 1928) yozib oldi. Hodi Zarifov “Shayboniyxon” dostonini 1927-yilda yozib olib, 1928yilda hech qanday qisqartirishsiz, o‘zgartirishsiz Samarqandda nashr ettirdi. Bu o‘zbek folklorshunosligida birinchi marta xalq dostoni matnining nashr etilishi edi. Matn bilan birga izohlarini hamda lug‘atini tayyorladi. Hodi Zarifov baxshi va shoirlar, ertakchilar xaqida va ulardan yozib olgan dostonlardan parchalar va termalarni, ertaklar, maqollar, topishmoqlar, qo‘shiqlarni to‘plab, pedagogik institutlar uchun “O‘zbek folklori” xrestomatiyasini (1939) nashr qildi va mazkur majmuada Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan o‘zi yozib olgan ertak shaklidagi “Kuntug‘mish” dostonini berdi. 1941 yili ushbu xrestomatiyaning ikkinchi kitobini nashr ettirdi. Hodi Zarifov xalq baxshisi Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan yozib olgan 95 satrdan iborat alla matnini “Beshik ashulasi” nomi bilan 1939-yilda xrestomatiyada e’lon qilgan. Keyinchalik 1973-yilda bu matn “Bulbul taronalari” besh jildligining 5-jildida ham berilgan. Bundan tashqari, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Xonimjon xalfa, Nurmon Abduvoy o‘g‘li, Bibi shoiralardan olimning o‘zi yozib olgan 21 ta qo‘shiqlarni “Tarixiy ashulalar”, “Lirik ashulalar”, “To‘y ashulasi”, “Marsiya”, “Mavsum ashulasi” kabi sarlavhalar ostida xrestomatiyada nashr ettirgan. Yana olim o‘zi yozib olgan 12 ta tez aytishlarni, 81 ta topishmoqni hamda 1926–1935-yillarda Hamro bibi, Hasan Xudoyberdi o‘g‘li, Abdulla Nurali o‘g‘li kabi ertakchilardan yozib olgan ertaklarni 20 tasini saralab nashr ettirdi. Shuningdek, Hodi Zarifov har xil urf-odat, irim-sirimlarni ham yozib olgan. Masalan, 1927-yilda Toshkent shahrining Yangi shahar mahallasida yashovchi Rohat bibi Mirsodiq qizidan yozib olgan ma’lumotiga ko‘ra, dehqonlar orasida qovoq ekayotgan kishi qo‘yniga tosh solib eksa, qovoq toshdek ko‘payib chiqadi va ko‘p xosil bo‘ladi degan irim mavjud bo‘lgan (ZO‘FA. Inv. №1648/1-79, 96). 1935-yilda Hodi Zarifov rahbarligida Farg‘ona vodiysiga tashkil etilgan folklor va dialektologiya materiallarini to‘plash maqsadida uyushtirilgan ekspeditsiyada Bo‘ri baxshi Sodiq o‘g‘li, Usmon Mamatqul o‘g‘li, Umurzoq baxshi va boshqa ko‘plab baxshilar aniqlangan. Bundan tashqari Hasan Xudoyberdi o‘g‘li, Qozon hoji, Husanboy Rasul kabi ertakchilar Hodi Zarifov tomonidan aniqlangan va ularning repertuaridagi eng sara ertaklar yozib olingan. Namanganlik ertakchilar Sultonxoji Raxmatovdan “Qilich botir”, “Bo‘ri bilan mergan”, “O‘tinchi yigit bilan sher”, “Qarg‘a bilan qo‘zi”, Hasan Xudoyberdi o‘g‘lidan “Malikai Husnobod”, Andijonlik Yo‘ldosh G‘oziboevdan “Qilich botir” kabi ertaklarni ham olimning o‘zi yozib olgan. Hodi Zarifov nafaqat xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plovchisi, balki ularning targ‘ibotchisi va tashviqotchisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan. U turkiy xalqlar folklori
15 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman tadqiqotchisi N.V.Kadaysh-Pokrovskaya bilan birga Fozil Yo‘ldoshdan yozib olingan “Rustamxon” dostonini o‘zbekcha va ruscha matni bilan 1972-yili “SSSR xalqlari eposi” seriyasida Moskvada nashr ettirgan. Mazkur nashrda dostonning izohlari bilan doston haqida Hodi Zarifning kichik ilmiy tadqiqoti berilgan. Bu akademik nashr talablari bilan tayyorlangan o‘zbek xalq dostonlarining birinchisi edi. Baxshilar, ertakchilar, qo‘shiqchilarning aniqlanishi hamda ularning og‘zidan bevosita, aynan, o‘zgartirilmay, aytuvchi shevasida yozib olish ishlari Hodi Zarifov nomi bilan bog‘liqdir. 20–30-yillarda ulkan dostonchilar, mohir ertakchi va qiziqchilar huzurida folklor namunalarini yozib olgan olim shunday deydi: “Har bir qo‘lyozmaning aniqlanishi va davlat xazinasiga olinishining o‘z tarixi bor. Biz esa u yoki bu qo‘lyozma falon kishidan, falon olim tomonidan olindi yoki falon yo‘l bilan qo‘lyozmalar fondiga kelib tushgan degan umumiy qaydlar bilan chegaralanamiz. Boz ustiga, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondidagi asarlarning ko‘pchiligi rus sharqshunos va o‘lkashunoslari tomonidan to‘plangan degan bir yoqlama tasavvurlar tug‘dirilgan. To‘g‘ri, mazkur bebaho ma’naviy xazinaning yuzaga kelishida ularning ham muayyan xizmatlari bor. Ammo bir qator qo‘lyozmalarning urush yillarida ularning nomlari bilan qayta rasmiylashtirilganini ham unutmaslik kerak. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, O‘zbekistondagi hozirgi qo‘lyozmalar fondlari, folklor arxivlarining yuzaga kelishida, qadimiy osori atiqalarning to‘planishida o‘zbek olimlari va ziyolilarining xizmatlari beqiyosdir”[1, 51-52]. Folklor matnshunosligi masalalarini tadqiq etishda Hodi Zarifovning bu yo‘nalishda amalga oshirgan ishlarini tahlil qilish muhim ilmiy qimmatga ega. Chunki H.T.Zarifov o‘zining ilk faoliyati davridan boshlaboq folklor tekstologiyasining muhim masalalari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelgan. Uning 20-yillarda chop ettirgan asarlarida, ayniqsa, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan asarlarini nashr ettirish bilan bog‘liq tadqiqotlarida folklor matnlarini nashrga tayyorlashning ilmiy mezonlarini ishlab chiqish borasidagi ilk fikr-mulohazalari o‘z aksini topgan. Keyinchalik olim o‘zining bu boradagi ilmiy-nazariy qarashlarini mukammallashtira borib, “O‘zbek folklori asarlarini nashrga tayyorlashning ilmiy prinsiplari”ni ishlab chiqdi. Olim asos solgan o‘zbek folklori asarlarini nashrga tayyorlashning ilmiy mezonlari asosida Folklor arxivida jam bo‘lgan javohirlar xazinasidagi eng yaxshi manbalar “O‘zbek xalq ijodi” ko‘p tomligida nashr etilildi. O‘ttiz еtti jilddan iborat “O‘zbek xalq ijodi” ko‘pjildligi (1964–1990), “O‘zbek xalq dostonlari” ikki jildligi (1955–1956), “O‘zbek xalq ertaklari”ning ikki jildlik to‘plami (1958–1960) va ko‘plab alohida nashrlari, xalq maqollarining ikki jildlik akademik nashri, Ergash Jumanbulbul
16 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘g‘li badiiy merosining “Bulbul taronalari” nomli besh jildlik (1971–1973) nashri va boshqa barcha folklor to‘plamlari ana shu ilmiy mezonlar asosida nashrga tayyorlangan. Olim “O‘zbek xalq ijodi” ko‘pjildligini nashrga tayyorlash prinsipini quyidagicha belgilab oladi: a) ko‘pjildlikka kiritilgan asarlarni aniqlash va nashrga tayyorlash prospektini o‘rganib chiqish; b) har bir asar yozib olingan dastlabki qo‘lyozma (asar to‘liq xolda nashr etilgan bo‘lsa ham) asosida nashrga tayyorlash; v) asarni hozirgi o‘zbek grafikasi va hozirgi joriy orfografiya qoidalariga rioya qilgan holda nashrga tayyorlash; g) folklor asarlarining bizgacha еtib kelgan bir necha versiyalaridan eng mukkammalini qiyosiy o‘rganib, eng yaxshi namunalarni tanlab olib (dostonlardan birikki versiya, ayrim hollardagini bir necha versiya; ertaklar, latifalar, xalq dramasi, askiya, qo‘shiq, maqol, va topishmoqlardan ikki-uch va undan ko‘p versiya olinishi mumkin) nashrga tayyorlash; d) versiyalar ichidagi variantlarni ham qiyosiy o‘rganib (doston va ertaklardan asosan ikki variant, maqol, topishmoq, qo‘shiq, tez aytish kabi mayda janrlardagi asarlardan uch-to‘rt variant), ular orasidan eng yaxshisini tanlab olish; е) u yoki bu folklor asari o‘z vaqtida parcha holida yoki mazmuni yozib olingan bo‘lib, uning to‘liq nusxasi bo‘lmasa (chala yozib olingan matn yoki biror asarning ayrim parchalari ko‘pjildlikka kiritilmaydi), mavjud qism muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, ularni nashrga kiritish; j) qo‘lyozma matnidagi g‘oyaviy va tarbiyaviy jihatdan asar ruhiga yot bo‘lgan ayrim jumlalar, so‘zlar tushirib qoldirilib, ularning o‘rni ko‘p nuqta bilan qayd etilishi zarur. Hodi Zarifovning fikricha: “Tarbiyaviy jihatdan zararli deb hisoblangan ayrim parchalar, jumla va satrlarni, hatto so‘zlarni ham tahrir etib, “tuzatish” mumkin emas. Chunki bu tuzatish faqat soxtalashtirish bo‘ladi. Shuning uchun eng to‘g‘ri yo‘l ularni tushirib qoldirishdir. Lekin buni har jihatdan puxta o‘ylab, konkret yondashish, uning g‘oyaviy-badiiy saviyasiga zarar еtkazmaslik kerak”[2, 128-129]. O‘z faoliyatini folklor matnshunosligi masalalariga qaratgan olim, folklor asarlarini yozib olish va nashrga tayyorlash jarayonida an’anaviy matnga qayta ishlov berish natijasida soxtalashtirishga qarshi kurashdi. Uning fikricha, xalq og‘zaki poetik ijodi asarlarining jonli ijro jarayonida yozib olingan matnini tahrir qilish, unga o‘zgartirishlar kiritish yoki to‘qima misralarni kiritish folklorning an’anaviy tabiati hamda badiiy-estetik qimmatiga putur еtkazadi[3, 981]. Bu esa pirovard natijada, xalqning asrlar davomida yaratilib, sayqallanib kelgan ma’naviy qadriyatlari tizimini soxtalashtirishga olib keladi. Yozib olingan folklor namunalarini nashr etishda soxtalashtirish, qalbakilashtirish esa o‘zbek folklorshunosligi taraqqiyotiga katta zarar еtkazadi. Xalq ijodi namunalarini nashrga tayyorlashda har bir so‘zga e’tibor berish kerak. Uni noto‘g‘ri o‘qish asarning tiliga, badiiyligiga salbiy ta’sir qiladi. Bu o‘rinda olimning bir tahlilini misol tariqasida eslab o‘tish kifoya: “Balogardon” dostonida makkor kampir
17 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Avazni halok etish uchun Avazning boshidan o‘tganlarini takrorlab, “Hamisha hamdaming bo‘lgan momongman”, deb aldaganda, Avaz ham ayyorni aldash uchun: “Gapu avzoyingizdan bildim, otamning vakil onasi ekansiz... Otam atayin siznikiga tayinlab, yuborgan edi”, – deb javob beradi. “Vakil” so‘zi shevada “o‘kul” talaffuz etilgani uchun qo‘lyozmada o‘kul yozilgan. Nashrga tayyorlanganda ma’nosini bilmaslik natijasida taxminan o‘gay bo‘lsa kerak, deb o‘gay ona tarzida yozilgan. Bu so‘z yana qaytarilganda ham yana xuddi shunday xato yozilgan: “Kampir: – Ha, balli, o‘g‘lim, otangning o‘shal aytgan o‘gay onasi biz bo‘lamiz”. Buni o‘qigan kitobxonda Go‘ro‘g‘lining otasi ikki marta uylangan ekan, degan fikr keladi. Bu dostondagi tasvirlarga butunlay xilofdir[2, 135]. Ko‘rinadiki, dostondagi birgina so‘zning noto‘g‘ri tahrir qilinishi butun asarning buzilishiga olib keladi. Bu keltirilgan misolda dostonning asl qo‘lyozmasi tilida mavjud xalqona talqin, xalq nutqining jozibadorligini namoyon etuvchi o‘ziga xoslik yo‘qolganligi hamda asarning badiiy tili ifodasida soxtalikka yo‘l qo‘yilganligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ham H.Zarifov folklor asarlarini nashrga tayyorlashning ilmiy mezonlari zarurligini ana shu kabi ko‘plab faktik materiallar va xalq ijodi asarlarini nashrga tayyorlash jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar tahlili misolida isbotlab berdi. Hozirgi kunda “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni chop etish ishlari ham Hodi Zarifov boshlab bergan xalq durdonalarini nashrga tayyorlash prinsiplari bo‘yicha amalga oshirilmoqda. “Folklorshunoslik xalq og‘zaki ijodi namunalarini yozib olish va yozib olingan asarlar matni ustida ishlashdan boshlanadi. Ko‘plar matn ustida ishlash yozma adabiyotga tegishli deb hisoblaydi. Bu unchalik to‘g‘ri emas. Faqat matnga yondashuv tamoyillari xilma-xildir. Bugungi kunda xalq ijodchilaridan nimaiki yozib olingan bo‘lsa, ularni yoppasiga “durdona” deb e’lon qilish, kimdir og‘zaki aytgani yoki kuylanganiga qarab chala, hatto soxta namunalarni ham g‘oyaviy-badiiy jihatdan yuksak asarlar sifatida asossiz ravishda oshirib baholash mayllari mavjud. Folklor namunalari ham badiiy-estetik hodisa ekanini unutmaslik kerak”[1, 29]. Hodi Zarifov folklor durdonalarini ilk to‘plovchisi hamda tadqiqotchi sifatidagi mehnatlari bilan o‘zbek folklorshunosligi fanining mustahkam asosini yaratdi. O‘sha davrdan boshlab O‘zbekistonda folklorshunoslik ishlariga doimiy ravishda rahbarlik qildi. Folklor namunalarini ijodchi va ijrochilar og‘zidan bevosita, aynan, o‘zgartirmay, aytuvchi shevasida yozib olish bilan o‘zbek folklorshunoslik tarixini ham boshlab berdi. Akademik T.Mirzayev xotiralarida shunday yozadi: “Hodi Zarifov qiyofasida biz еtuk olimni – o‘zbek folklori haqidagi fanni yaratuvchisini ko‘ramiz. Uning to‘plovchi va tadqiqotchi sifatidagi mehnatlari bilan o‘zbek xalq ijodi to‘g‘risidagi fanning mustahkam asosi yaratildi. Hodi Zarifov o‘zbek folklorshunosligida o‘z maktabini
18 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman yaratgan ustoz, olimdir”. Shuning uchun ham o‘zbek folklorshunosligini “Zarifov tadqiqodlari” nomli alohida fan sifatida o‘rganish zarur. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Мирзаев Т. Ҳоди Зариф суҳбатлари. – Тошкент: SHAMS-ASA, 2013. – 380 б. 2. Зарифов Ҳ. Ўзбек халқ ижоди кўп томлигига кирадиган асарларни тайёрлаш принциплари / Ислом шоир ва унинг халқ поэзиясида тутган ўрни. Ўзбек халқ ижоди бўйича тадқиқотлар. – Тошкент: Фан, 1978. – Б.128-141. 3. Mirzaeva B. Hodi Zarifov is a collector, preparer, publisher and researcher of folklore works // The International journal of analytical and experimental modal analysis. Volume XII, 114. Issue VIII, Avgust. – India, 2020. – P.980-985 (ISSN: 0886-9367).