O'ZBEK XALQ DOSTONLARI VA ERTAKLARINING MOHIR IJROCHISI
Full text
47 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘ZBEK XALQ DOSTONLARI VA ERTAKLARINING MOHIR IJROCHISI Narziqulova Manzura To‘rayevna, filologiya fanlari nomzodi, O‘z R FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Folklor bo‘limi katta ilmiy xodimi Rasulova Zebiniso Jaloliddinovna, filologiya fanlari nomzodi, O‘z R FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Folklor bo‘limi katta ilmiy xodimi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381450 Annotatsiya. Ushbu maqolada Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi vakili Rahmatilla Yusuf o‘g‘li repertuaridagi doston va ertaklar haqida ayrim ma’lumotlar keltirilgan. Kalit so‘zlar: dostonchilik maktablari, o‘zbek folklorshunosligi, doston, baxshi, ertak, to‘plam, nashr. Аннотaция. В статье приводятся некоторые сведения об эпосах и сказках в репертуаре Рахматуллы Юсуф оглы, представителя курганской эпической школы. Ключевые слова: эпические школы, узбекская фольклористика, эпос, бахши, сказка, сборник, издание. Annotation: The article provides some information about the epics and fairy tales in the repertoire of Rakhmatulla Yusuf oglu, a representative of the Kurgan epic school. Keywords: epic schools, uzbek folklore studies, epic, baxshi, fairy tale, collection, publication. Xalq dostonlarini mahorat bilan kuylab, elda hurmat qozongan ushbu maktab vakillarining folklorshunos olimlar tomonidan izlab topilishi, ular repertuaridagi xalq dostonlarini og‘zaki jonli ijro jarayonida yozib olinishi, to‘planishi, arxivlashtirilishi, tadqiq qilinishi, nashr etilishining ham o‘z tarixi bor. Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi, qo‘rg‘onlik baxshi-shoirlar shajarasi haqida gapirganda quyidagi ma’lumotni keltirish o‘rinli: “Og‘zaki ma’lumotlarga qaraganda, Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining asoslarini Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ota-bobolari qurganligi taxmin qilinadi va u XVII – XX asrlarda yashagan Yodgor usta Qulay o‘g‘li, Usta Lafas Yodgor o‘g‘li, Tilla kampir, Mulla Tosh Usta Lafas o‘g‘li, Mulla Xolmurod Mulla Tosh o‘g‘li, Jolmon baxshi, Bo‘ron baxshi(katta Bo‘ron), Sulton kampir, Qulsamad baxshi Sulton kampir o‘g‘li, Xudoynazar qassob, Jassoq Mulla Xolmurod o‘g‘li, Yorlaqab Mulla Xolmurod o‘g‘li, Jumanbulbul Mulla Xolmurod o‘g‘li, Bolta Qulsamad o‘g‘li, Quvondiq Qulsamad o‘g‘li, O‘tagan Qulsamad o‘g‘li, Berdiqul(Qurbaqa baxshi), Rasul baxshi, Safarqul baxshi, Qultoy baxshi, Chuvoq baxshi, To‘xtamish baxshi, Ortiq baxshi, Ollamurod shoir, Darvesh baxshi, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Abduhallil Jumanbulbul o‘g‘li, Sarimsoq baxshi, Jolg‘ash Jassoq o‘g‘li, Yo‘ldosh Jassoq o‘g‘li, Qo‘ldosh Jassoq o‘g‘li,
48 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan, Bo‘ta baxshi Ortiq o‘g‘li, Egamberdi Ollamurod o‘g‘li, Usta Xoliqul, Abdimurod Berdixol o‘g‘li, Abdulla baxshi, Qurbonqul Jolg‘osh o‘g‘li, Mardi Jiyan o‘g‘li, Rahmatulla Yusuf o‘g‘li kabi ko‘plab baxshilarni birlashtiradi”[1]. Tadqiqotchi D.Eshquvatova “Ulkan qissaxon baxshi” nomli risolasida ushbu ma’lumot haqida “Ro‘yxatning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining so‘ngi uch yuz yillik tarixida yashab o‘tgan baxshi-shoirlar silsilasini oynadek namoyon etadi. Lekin Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi tarixi ushbu davr bilan chegaralanib qolmaydi. Bu xususda folklorshunoslarimizning o‘z qarashlari mavjud”[2], – deb yozadi. Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, Janubiy Tojikiston, Xorazm kabi dostonchilik maktabi vakillarining repertuari ijro uslubi, ijod tamoyiliga ko‘ra birbiridan farq qiladi. O‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarifov o‘zbek xalq baxshilari va dostonchilik an’analari, doston kuylash tartibi, kuychi va uning tinglovchilari, ustoz va shogird munosabatlari, dostonchilik maktablari haqida juda ko‘p materiallar to‘pladi. Har bir baxshining o‘ziga xos poetik yo‘li borligini o‘zbek folklorshunosligida birinchi bo‘lib aniqlagan Hodi Zarifov uni shartli ravishda “baxshilar maktabi” deb atadi. “Qo‘rg‘on” dostonchilik maktabi vakillari ham xalq dostonlarini o‘ziga xos uslubda ijro etishgan. Ular asosan ishqiy dostonlarni kuylashgan. “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlarini yozib olinishi, nashr etilishi, tadqiq etilishida ham Qo‘rg‘on baxshilarining xizmatlari beqiyos. Bu turkumlikdagi dostonlarning katta qismi ularni maromiga yetkazib ijro etgan ushbu maktab vakillari Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Rahmatulla Yusuf o‘g‘li, Egamberdi Оllamurod o‘g‘li kabi ko‘plab baxshilardan yozib olingan. “Qo‘rg‘on” dostonchilik maktabi vakillaridan biri qissaxon-baxshi Rahmatulla Yusuf o‘g‘li 1917-yilning 10-martida Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani, Jo‘sh fuqarolar yig‘iniga qarashli Qorakisa qishlog‘ida tug‘ilgan. U yoshligidan xalq badiiy ijodiga qiziqib, shu ruhda, shu muhitda tarbiya topadi. Bobosi qo‘lida eskicha ta’lim oladi, arab va fors tillarini o‘rganadi, mustaqil ravishda lotin va kiril yozuvlarida savod chiqaradi. Mahoratli badiiy so‘z ustalari, yirik baxshilar Ergash Jumanbulbul o‘g‘li va Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkanga shogird tushadi. Ulardan doston kuylash yo‘llarini o‘rganadi. Ko‘plab doston, ertak va termalarni yod oladi, ularni kuylab el orasida hurmat qozonadi. Rahmatulla Yusuf o‘g‘li 1946-yildan to umrining oxirigacha O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Folklor bo‘limi bilan yaqin aloqada bo‘ladi. “Baxshi o‘zida an’anaviylikni va individuallikni jamlay olgan ijodkordir. Baxshi shunchaki ijrochi emas, u an’anaviylikka asoslanib, o‘z san’atini yaratayotgan tom
49 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ma’nodagi ijodkordir. Formulalarning rang-barangligi epik mavzularning rangbarangligidan kelib chiqadi. Baxshi ijrochiga nisbatan, baxshi shoirlarning tajribalari ham katta, kuylayotgan mavzulari chegaralari ham keng, shunga yarasha epik formulalarni qo‘llash salohiyati ham o‘zgacha bo‘ladi. Bir baxshi repertuaridagi epik formulalar boshqa baxshilarda ham uchrasada, ijroda u aynan bir xil bo‘lmaydi. Baxshining epik an’anaga amal qilib, o‘z formulasini yaratishi bu baxshining iqtidoriga va mahoratiga bog‘liq. Baxshichilik san’ati ijroga, og‘zakilikka asoslangan san’atdir. Har gal ijroda bu san’at yana va yana yangilanib boraveradi”[3]. Folklorshunos olimlar, tadqiqotchilar Rahmatulla Yusuf o‘g‘li Qo‘rg‘on dostonchilik an’analarini davom ettirish bilan birga o‘ziga xos individual ijod qilganligini, u kuylagan xalq dostonlari an’anaviy dostonlar bilan qiyosiy o‘rganilsa, shoirning o‘zbek dostonchiligidagi o‘rni yaqqol ko‘rinishini, unga nisbatan “qissaxondostonchi”, “qissaxon-baxshi”, “shoir-qissaxon”, “xalq shoiri”, “shoir”, “baxshi” kabi atamalar qo‘llanilishi be’jiz emasligini, xususan “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlarining bizgacha yetib kelishidagi xizmatlarini ko‘p ta’kidlashadi. Rahmatulla Yusuf o‘g‘li Qo‘rg‘onning katta-kichik shoirlaridan “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini o‘rganib, har bir ijodkor repertuarini qiyosiy tahlil qilib, o‘z variantini shakllantirgan. Shoir variantini epik an’ana o‘zanida voqe bo‘lgan individual ijodning o‘ziga xos hosilasi deyish mumkin. Qolaversa, u dostonlarni el orasida do‘mbira bilan kuylamay, qissalardek so‘zlab bergan. Xalq qissalariga xos uslub shoir variantlariga begona emas. Shu sababli ham Rahmatulla Yusuf o‘g‘liga nisbatan “qissaxondostonchi” atamasini qo‘llash o‘zini to‘la oqlaydi[4]. Shomirza Turdimov o‘z qaydlarida ushbu turkumlikka mansub 60 dan ortiq dostonlarning mavjudligini takidlaydi[5]. To‘ra Mirzayev 2013-yil nashr qilgan “Hikoyati Go‘ro‘g‘li sulton” kitobiga yozgan so‘ng so‘zida ushbu turkumga kiruvchi xalq dostonlarining soni 75 ta ekanligini qayd etadi. Shuningdek, taniqli shoir-qissaxon Rahmatulla Yusuf o‘g‘li yigirma uch dostonning (yozilmaganlari bilan birgalikda o‘ttiz dostonning) o‘zicha ketma-ketligini belgilab, to‘rt jild qilib, Folklor arxiviga topshirgan edi[6]. Bugungi kunda u kuylagan xalq dostonlari xalqimizning bebaho nomoddiy madaniy merosi xazinasidan munosib o‘rin olgan. Hozirda O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti H.Zarifov nomidagi Folklor arxivida Rahmatulla Yusuf o‘g‘lidan yozib olingan afsona, rivoyat, ertak, naql, maqol, yor-yor, topishmoq, terma va boshqa materiallar ham saqlanadi. Bu durdona asarlarning yozib olinishida, to‘planishida, arxivlashtirilishida, tadqiq etilishida, ularning badiiy jihatdan mukammal namunalari chop etilishida o‘zbek folklorshunos olimlarining fidoiy mehnatlari barobarida baxshining o‘z sa’y-harakatlari ham e’tirofga loyiq. Ularning ayrimlari folklorshunoslar ва to‘plovchilar tomonidan yozib olingan namunalar bo‘lsa, ayrimlari
50 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman baxshining o‘zi tomonidan aytilib yozib topshirilgan materiallaridir. Arxivdagi ana shu materiallarning kattagina qismini o‘zbek xalq ertaklari tashkil etadi. Folklor arxivining inventar daftarida qayd etilgan №1087 raqami ostidagi “Qirg‘ovul” (aytuvchi: Salim), №1088 raqami ostidagi “Cholu kampir” (aytuvchi: Oqsoq momo), №1089 raqami ostidagi “Jovur chol”, №1090 raqami ostidagi “Yalmog‘iz kampir”, №1091 raqami ostidagi “Tut qoqqan chol qizlari bilan” (aytuvchi: Zebo), №1092 raqami ostidagi “To‘ti Hindiston” hamda №1095 raqami ostidagi “Ur kaltagim, sur kaltagim” (enasidan yozib olgan), №1093 raqami ostidagi “Qo‘rqoq botir” (aytuvchi: Turniyoz), №1094 raqami ostidagi “Yana bir qo‘rqoq botir” (aytuvchi: Xadija) nomli ertaklarni o‘zi yozib olinganligi haqida ma’lumot bor. M.Jo‘raev “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining o‘zbek xalq ertaklaridan tuzilgan 18-jildiga yozgan so‘zboshida[7] ertak janriga oid folklor asarlarini o‘z san’ati va ijro mahoratiga ega bo‘lgan istalgan kishi tomonidan aytilishi mumkin bo‘lsa-da (masalan, ota-onalar, enagalar va h.k.), odatda, xalq ertaklarining an’anaviy syujetlarini yaxshi biladigan, hikoyago‘ylik iqtidorini puxta egallagan, professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan folklor ijrochisi ‒ ertakchilar tomonidan ijro etilishi, o‘zbek xalq ertaklarini to‘plash maqsadida olib borilgan ilmiy izlanishlar va folklor ekspeditsiyalari natijasida professional ertakchilarning quyidagi: professional ertakchilar, hajvchi ertakchilar, qissaxon-ertakchilar, ertakchi-baxshilar tiplari aniqlanganli haqida yozadi. Olim Rahmatulla Yusuf o‘g‘liga qissaxon-ertakchi deb ta’rif beradi. Rahmatulla Yusuf o‘g‘lidan yozib olingan, uning o‘zi to‘plagan xalq ertaklaridan namunalar turli yillarda, turli ertak kitoblarida qayta-qayta nashr qilingan. Folklor arxividagi 1948-yilda yozib olingan №1065 raqami ostida saqlanayotgan “Ajdar qush”, №1089 raqam ostida saqlanayotgan “Jovur chol”, “Yalmog‘iz kampir” nomli xalq ertaklari o‘zbek xalq ertaklarining eng go‘zal namunalari jamlanib 1963yilda nashr etilgan, “O‘zbek xalq ertaklari” ikki jildligida va ularning 1995 – 1996yillardagi qayta nashrida, 1964-yildan folklorshunos olim H.Zarifov tashabbusi bilan boshlangan “O‘zbek xalq ijodi” ko‘p jildligining o‘zbek xalq ertaklaridan tuzilgan “Oyjamol” (1969), “Zumrad va Qimmat” (1988) nomli ertak kitoblarida, 2007-yilda lotin alifbosida nashrdan chiqqan “O‘zbek xalq ertaklari” III jildligining II va III jildlarida ham chop etilgan. Bundan tashqari “O‘zbek xal ijodi” ko‘p jildligining 1966-yilda nashr etilgan, hayotiy ertaklardan tuzilgan “Oltin olma” kitobida[14] 1948-yil yozib olingan, №1443 raqam ostida saqlanayotgan “Shirin uyqu”, “Oz yerdan ko‘p hosil”, “Tuya mingan musofir”, “Qurbonboy botir”, “Ikki naqqoshning ishi” nomli folklor namunalari ham kitobxonlarga taqdim etilgan.
51 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “O‘zbek ertakchilik an’analari va uning o‘ziga xos belgilari, professional ertakchilar repertuari, badihago‘ylik va an’ananing ertakchilik taraqqiyotidagi o‘rni, ertak nashrlarining tarixiy taraqqiyotini tahlil qilar ekan, Rahmatulla Yusuf o‘g‘li ertaklarda obrazlarni tasvirlashda badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalanganligini, bundan tashqari, ertakchi ijodida arzi holni baxshilarga xos nazm bilan ifodalash yaqqol ko‘zga tashlanadi… Ertakchi ijodida she’riy parchalarning uchrashini uning doston kuylashi bilan bog‘lash mumkin. Rahmatilla Yusuf o‘g‘li aytgan va yozib topshirgan ertaklar Qo‘rg‘on dostonchilik muhitida nafaqat katta epik asarlar, balki folklorning boshqa janrlari ham keng rivojlangani, ijro etilib avloddan-avlodlarga meros o‘tganini bildiradi”[8]. Qo‘rg‘on adabiy muhitidan bahramand bo‘lib kamol topgan Rahmatulla Yusuf o‘g‘li qoldirgan, asrlar davomida xalq orasida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan bebaho ma’naviy meros namunalari zamonlar osha o‘zining badiiy va ilmiy ahamiyatiga ega bo‘lib qolaveradi. Uning ijodi, repertuarini targ‘ib qilish, tadqiq qilish ishlari davom etaveradi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Мирзаев Т. Халқ бахшиларининг эпик репертуари. – Тошкент: Фан, 1979. – 160 б. 2. Эшқуватова Д. Улкан қиссахон бахши. – Тошкент: Фан, 2010. – Б.6-7. 3. Эшонқулов Ж. Эпос ва уни тадқиқ этиш масалалари // Ўзбек фольклоршунослиги масалалари VII. – Тошкент: Фан, 2018. 4. Мирзаева Б. Ўзбек фольклоршунослиги шаклланиши ва тараққиётида Ҳоди Зарифовнинг ўрни: Филол. фан. б-ча фалсафа докт. ... дисс. – Тошкент, 2022. – 170 б. 5. Турдимов Ш. “Гўрўғли” достонларининг генезиси ва тадрижий босқичлари. – Тошкент, 2011. – 240 б. 6. Мирзаев Т. Ҳикояти Гўрўғли султон. – Тошкент, 2013. – 175 б. 7. Жўраев М. Мўжизалар оламига саёҳат / Тирноғи тилла қиз. Ўзбек халқ ижоди ёдгорликлари. 18 жилд. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги НМИУ, 2018. – Б.5. 8. Асқарова Ж. Эртакчилик ва эртак нашрлари. – Тошкент: Firdavs-shoh, 2021. – Б.68-69.