scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ERGASH JUMANBULBUL REPERTUARIDAGI DOSTONLARDA POETIK TIMSOLLAR

Elbek JUMANOV

Full text

52 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ERGASH JUMANBULBUL REPERTUARIDAGI DOSTONLARDA POETIK TIMSOLLAR Elbek JUMANOV, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381466 Annotatsiya. Maqolada Ergash Jumanbulbul o‘g‘li repertuaridagi “Kuntugʻmish” dostonidagi motiv va obrazlarning poetik ramzlari tahlil qilingan. Xususan, asarda tasvirlangan Kuntugʻmish, Xolbeka, Buvraxon, Zamongul, Azbarxoʻja kabi personajlarning doston kompozitsiyasidagi oʻrni, gʻoyibona oshiqlik, ajdar bilan jang, baxt qushining uchirilishi kabi motivlarning genezisi va badiiyatiga borasida fikr yuritilgan. Har bir personaj va epizod inson ruhiyatidagi evrilishlarning badiiy ifodasi ekani asoslangan. Kalit soʻzlar: Ergash Jumanbulbul, Kuntugʻmish, Xolbeka, Buvraxon, Arzbarxoʻja, poetik ramz, obraz, gʻoyibona oshiqlik, ajdar, baxt qushi. Abstract. The article analyzes the poetic symbols of motifs and images in the Ergash Jumanbulbul version of the "Kuntugmish" epic. In particular, the role of such characters as Kuntugmish, Kholbeka, Buvrakhan, Zamongul, Azbarkhoja in the composition of the epic, as well as the genesis and artistry of motifs such as love in absentia, battle with the dragon, and the release of the bird of happiness are discussed. It is based on the fact that each character and episode is an artistic expression of the evolution of the human psyche. Keywords: Ergash Jumanbulbul, Kuntugmish, Kholbeka, Buvrakhan, Arzbarkhoja, poetic symbol, image, absent love, dragon, bird of happiness. Аннотaция. В статье анализируется поэтическая символика мотивов и образов в версии Эргаша Джуманбулбула эпоса «Кунтугмиш». В частности, роль таких персонажей, как Кунтугмиш, Холбека, Буврахан, Замонгул, Азбарходжа в композиции эпоса, а также генезис и художественность таких мотивов, как заочная любовь, битва с драконом, выход из птица счастья обсуждаются. Он основан на том, что каждый персонаж и эпизод являются художественным выражением эволюции человеческой психики. Ключевые слова: Эргаш Джуманбулбул, Кунтугмиш, Холбека, Буврахан, Арзбарходжа, поэтический символ, образ, отсутствующая любовь, дракон, птица счастья. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li repertuaridagi “Kuntugʻmish” dostonida nomi keltirilgan har bir obraz, tasviri berilgan har bir epizod muayyan poetik timsolni ifodalaydi. Doston bosh qahramoni Kuntugʻmish – Olatogʻ etagidagi Noʻgʻoy mamlakatining hukmdori Qilichxon laqabli Avliyoyi Qoraxonning yolgʻiz farzandi. Personajlardan birining nomi qorongʻi tunni, ikkinchisining ismi esa navqiron quyoshni, yaʼni yangi kun va yangi davr ostonasi boʻlgan lahzani ifodalaydi. Qadim mifologik tasavvurlarga koʻra, nur zulmat batnida ulgʻayadi. Binobarin, asar sahnida Kuntugʻmish otligʻ qahramonning paydo boʻlishi qalbda nish urgan eng ezgu toza tilaklarning, yuksak orzu-niyatlarning majoziy ifodasi desak, yanglishmagan boʻlamiz. Yaʼni, ishqtalab koʻngil, haq vasliga intilayotgan solik bu yoʻlda dastlabki qadamlarni tashlamoqda. U tugʻilib oʻsgan “Olatogʻ” epik makoni esa inson botinidagi nur va 53 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman zulmat, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi adabiy kurash kechadigan jang maydonining tasviridir. Zangar mamlakatidagi Shoir vazirning qizi Xolbeka har bir inson intiladigan bir umrlik orzuning, oliy maqsad va baxtning timsolidir. Uning baland ko‘shkda yashashi, oʻziga talabgor boʻlganlarga ogʻir shart qoʻyib, sinovdan oʻtolmaganlarni qatl etishi fikrimizni dalillaydi. Yaʼni chinakam baxtni his etmoqni, haq vasliga еtmoqni istagan kishi oʻlimdan hayiqmasligi, bu yoʻlga kafanni еlkasiga ilib chiqishi ajablanarli hodisa emas. Mahbuba qoʻlida oʻlim topmoq, soʻnggi lahzada uning ruxsoridan bahra olmoq oshiq uchun fojia emas, balki ulkan saodatdir. Umuman, folklorga epik asarlarda kuyovlikka daʼvogarlarga qiz va uning otasi tomonidan turli talablarning qoʻyilishi koʻp uchraydi. Oʻsha shartlar shaklan bir-birini takrorlamasa-da, mohiyatan umumiylikka ega. Yaʼni, ularni bajarish deyarli imkonsiz. Xususan, “Ajdar qush” ertagida podshoning qizi “Kimki shu ajdar qushni oʻldirsa, shu odamga tegaman”, – deb jar soldiradi. “Qilichqora” ertagida podsho qizini “yetti tanob еrga sepilgan qirq tuya tariqni yana qirq tuyadagi qoplarga solib bergan” kishiga berishini aytadi. “Vazirvachcha” ertagidagi podshoning sharti yanada qiziqarli. Unga koʻra, malikaga uylanmoqchi boʻlganlar “ikki oʻrani oltinga toʻlgʻizishi, oʻt yoqilgan zindonning issigʻiga chidashi” kerak boʻladi. “Toʻrabekaxonim” ertagidagi qiz esa “Kimki gʻazal aytishib еngsa, ot chopishib oʻtsa, qilich oʻynashda ustun chiqsa, shunga xotin boʻlaman”, – deb talab qoʻyadi. Eʼtiborga molik jihati shundaki, baʼzi holatlarda shartning oʻzi “hayot uchun xavfli” boʻlsa, ayrim vaziyatlarda shartni bajara olmaganlar qatl etiladi. Demak, ushbu motiv hayot va mamot, shon-sharaf va sharmandalik, boylik va qashshoqlik oʻrtasidagi koʻprikni ifodalaydi. “Sinov motivlari tadqiqida avval initsiatsiya (oʻsmirning balogʻat yoshiga еtib, erkaklar safiga oʻtish davrida qatnashishi shart boʻlgan sinov marosimi), soʻng nikoh shartlariga urgʻu beriladi. Ammo tarixan initsiatsiya nikoh marosimlarida ishtirok etish huquqini beruvchi, yaʼni nikohdan avval oʻtkaziluvchi marosimlardan biri hisoblangan. Jamiyatda ota urugʻi еtakchilik qila boshlagach, nikohga bogʻliqlik mazmuni saqlangan holda, erkaklarning asosiy marosimiga aylangan” [6.32]. Dostonda Kuntugʻmish toʻra va Xolbeka hali bir-birlarini koʻrmasdan ishq dardiga mubtalo boʻlishadi. Ushbu epizod ham folklor asarlarda, xususan ertaklarda koʻp uchraydigan motivlardan hisoblanadi. Masalan, “Hasan va Husan”, “Toʻqliboy”, “Sherzod va Gulshod”, “Burgutlar”, “Bektemir botir”, “Yigit va qiz”, “Mislabu”, “Ahmad bilan ikki xizmatkor”, “Podsho bilan boyning oʻgʻli” va “Ajdar qush” ertaklaridagi qahramonlar qizlarning taʼrifini eshitib sevib qolishadi. “Qironogʻa”, “Qiron botir”, “Qiron aka”, “Ikki doʻst”, “Orzijon bilan Qambarjon”, “Malikayi Birmisqol», “Ilmxon” ertaklarining qahramonlari boʻlajak sevgilisini tushida uchratadi. 54 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “Qorasoch pari”, “Farhod va Shirin”, “Mohistara”, “Hotam”, “Kambagʻal qiz”, “Mislabu”, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Sitoraxon”, “Malikjon”, “Hazratqul” ertaklaridagi qahramonlar surat yoki oynadagi tasvirni koʻrib, oshiqlik dardiga chalinadi. “Vospiroxun” va “Sodiq doʻst” ertaklarida pariga koʻzi tushgan qahramon hushidan ayriladi. Bizningcha, bu holatlar ilohiy ishq haqidagi tushunchalarni ifodalaydi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, turk asotirlarida tangrilarni sevib qolib, oshiq boʻlganlar haqida ham koʻplab namunalar uchraydi. Tangrini sevib qolgan Dumuzi nomli sumer (suv-yer) baliqchi hatto tangri visoliga ham еtishgan [5. 17]. Shuningdek, tangri ishqiga mubtalo va bu ishqdan mast boʻlgan, oʻyinga tushgan, zikr qilgan shomonlar haqidagi afsonalar ham koʻp. Toʻgʻri, turkiy xalqlar asotirlaridagi obrazlar Yagona xudoga emas, turli tangrilarga oshiq boʻlganlar, biroq mana shunday afsonalar mavjudligining oʻziyoq turkiylarda islomgacha ham ilohiy ishq mavjud boʻlganligini koʻrsatadi. Ilohiy ishq toza va samimiy boʻlmogʻi lozim edi. Shu sababli gʻarazli ishq bilan koʻkka chiqmoqchi boʻlgan va halokatga uchragan Etona haqida ham afsona mavjud [9. 101-102]. “Sevgi dardi” bilan ogʻrish jarayoniga diqqat qilinsa, bu holat qahramonning biror sirdan voqif boʻlganidan soʻng yuz berganini ilgʻash qiyin emas. Shundan soʻng personaj ruhiyatida sirli oʻzgarishlar kuzatila boshlaydi. Hushdan ketish, bagʻrini еrga berib yotish, tunlari halovatni yoʻqotish shular jumlasidandir. Binobarin, ushbu holatni qalbga tushgan ilohiy ishq olovining birinchi uchquni, ruhiy kamolot yoʻlidagi ilk qadam, iymon nurining dastlabki shuʼlasi sifatida tushunish mumkin. Shu oʻrinda Buvraxon obraziga ham toʻxtalib oʻtish joiz. Uning Xolbekaga talabgor boʻlishini ishqqa bogʻlab boʻlmaydi. Asarda ushbu personaj oʻtkinchi havasning ramzi oʻlaroq namoyon boʻladi. Buvraxon ishq yoʻlida qurbon boʻlishni emas, maqsadga еtishning oson yoʻllarini qidiradi. Uning aybdorlarni jazo mexanizmi ham eʼtiborni tortadi: “Podsho buyurib, bir tuv biyani tulup qilib soʻyib, ikkovini zich qilib, xom teriga tiqib, darvozadan chiqarib, bir asovning dumiga taqib, bir choʻljaziraga qaratib, koʻp odam suvlab hurkitib, haydab yubordi [1. 52]. Bizningcha, ertaklardagi gunohkor deb topilgan personajlarning jazirama choʻllarga surgun qilinishi jannatdan haydalish haqidagi diniy rivoyatlarni yodga soladi. Choʻldagi kishilarning oʻtin terib tirikchilik qilishi ham doʻzax haqidagi tasavvurlar asos boʻlishi mumkin. Xolbekaning kanizlaridan biri Zamongul esa hirs va shahvatning majoziy ifodasi boʻlib xizmat qiladi. Kuntugʻmishning ajdar bilan jang qilib, unga magʻlub etgan holatlari ham berilgan. Ajdar obrazining “Toʻyma” laqabi bilan atalishi eʼtiborga molik. Ajdar obrazining mifologik tabiati, kelib chiqishi va epik asarlar syujet qurilishidagi badiiy vazifalari xususida ilmiy adabiyotlarda ayrim mulohazalar bayon 55 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman qilingan [10, 11, 2]. Bizningcha, bu obrazning genezisi qadimgi oʻrta osiyoliklarning tabiat kultlariga ishonish bilan bogʻliq anʼanalarga borib taqaladi. Umuman, ajdar(ho) Oʻrta Osiyo mifologiyasida yovuz kuchlarning ilonsifat koʻrinishdagi timsoliy obrazi boʻlib, uning faoliyati ezgulikka xizmat qiluvchi kosmik mavjudlikni vayron qilish, buzish va yoʻq qilishga qaratilgan. U doimo ezgulik kuchlariga qarshi chiqadi, ularga toʻsqinlik qilishga urinadi. Qadimgi xitoyliklarning mifologik eʼtiqodlariga koʻra, ajdar obrazi suv stixiyasi sifatida ilohiylashtirilgan hamda unga daryolar, koʻllar, quduqlar maʼbudi sifatida munosabat bildirilgan. Oilaviy-maishiy marosimlarda turli xil ramziy – ritual raqslar va aytimlar vositasida ajdardan tinchlik, baxt ato etishini soʻraganlar. Xitoy mifologik afsonalarida tasvirlangan ajdar oʻz mohiyatiga koʻra, sinkretik obrazdir. Bu personaj kamida kamida toʻqqiz xil koʻrinishni oʻzida birlashtiradi. Uning kallasi tuyaniki, boʻyni ilonniki, tirnogʻi burgutniki, еlkasidagi tigʻsimon boʻrtmalari karp baliqniki, oyoqlari yoʻlbarsniki, quloqlari sigirniki, shoxlari kiyikniki, koʻzlari shaytonniki, qorni chigʻanoqnikiga oʻxshash holda tasvirlangan. Ajdarho gʻayritabiiy, yaʼni turli xil jonzotlar haqidagi xalq qarashlarini oʻzida mujassamlashtirgan mifologik jonzot – ezgulik timsoli sifatida tasvirlangan. Bu xayoliy-mifologik jonzotning har bir aʼzosi alohida vazifa bajaradi [7. 26]. Ammo uning tangalar bilan qoplangan, uzun tanasi koʻproq ilonni eslatadi. “Ajdarho Ahrimanning sifatlarini oʻziga singdirgan obrazlardan biri – deb yozadi folklorshunos D.Fayziyeva. – Uning odamlardan bir qiz talab qilib, uni tiriklayin yutish odati qadimiylik xarakteriga ega boʻlib, tarixiy asoslari ibtidoiy urf-odatlar bilan bogʻlanadi. U suvning serob boʻlishini istash yoki aksincha, suv toshqini-toʻfonini bostirish niyatida qizlarni suvga tashlab qurbonlik qilish anʼanasining badiiy koʻchimi hisoblanadi. Demak, mazkur motiv timsoliy maʼno kasb etib, ajdarhoning yovuz va qonxoʻr ekanligini belgilovchi badiiy ifoda sanaladi”. Demak, xalq ertaklardagi ajdarhoga qiz tortiq etish motivini ibtidoiy odamlar hayotidagi qurbonlik marosimining rudimenti sifatida baholash mumkin. “Kuntugʻmish” dostonidagi ajdar esa inson nafsining, jismoniy mayllarining ramzi boʻlib kelgan. Yaʼni, oʻz nafsini еngish uchun avvalo, ruhan kuchli va irodali boʻlish lozim. Dastavval oʻzini doʻst koʻrsatgan xiyonatkor Azbarxoʻjani tama, hasad, araz kabi bir qarashda sezilmaydigan, ammo kishi ruhiyati va shaxsini еmiradigan yashirin illatlarning ramziy ifodasidir. Kuntugʻmishning farzandlari Gurkiboyni murosasozlik, Mohibekni esa sarkashlikning ramzi sifatida olish mumkin. Baxt qushining qalandar holidagi Kuntugʻmishning boshiga qoʻnishida ham majoziy maʼno mujassam. Avvalo qalandarlik holi zabunlik emas, balki haq vasli xayolidan boshqa barcha narsalardan yuz oʻgirish, dunyo neʼmatlaridan voz kechish va 56 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman nafs mayllarini oʻldirish demakdir. Baxt qushi esa tavallo va duolarining qabul qilinganini bildiradi. Qadimgi marosim shartlariga koʻra, yangi podsho baxt qushini uchirish yoʻli bilan aniqlanadi. Xususan, “Qora mushkul ot”, “Tuhmatga uchragan kelin”, “Baxtini topgan choʻpon”, “Tosh tuxum”, “Hazratqul”, “Qorasochxon”, “Rustamzod va Sherzod”, “Murqumomo”, “Ahmadjon bilan Luqmonjon”, “Sunbul bilan Gul”, “Zulm va qasos”, “Oygul bilan Baxtiyor” nomli ertaklarda shu marosim tasvirini koʻrishimiz mumkin. Ingliz olimi Semuil Genri Xuk (Samuel Henre Hooke) qalamiga mansub “Oʻrta Sharq mifologiyasi” (“Middle Eastern mythology”) nomli asarda qayd etilishicha, turli marosimlar va rituallarda ifodalangan mifologik qarashlar kult miflarining asosini tashkil etadi [8. 7]. Oʻzbek mifologiyasi talqinicha, davlat qushi humo yoki humoy boʻlib, kimning ustiga uning soyasi tushsa, oʻsha odamga davlat ato etilar ekan. Bu haqda Rahmatulla Yusuf oʻgʻli quyidagilarni yozgan: “Gul-u bulbul” dostoniga surat chizgan tasvirchi taxminanmi yoki biror afsonaga asosanmi, bu qushni tanasi qush, boshi odam sifatli qilib tasvirlagan. Baʼzilar humoni humoy deb taxmin qilib, mabodo soyasi tushib ketsa, “Endi biz ham boy boʻladigan boʻldik”, – deb quvonib yurganlar. Ammo baʼzilar humo har podsholikda bitta boʻladi, uni davlat qushi deydi, podsho oʻlsa, davlat qushi uchiriladi, oʻsha qush qobiliyatli odamni topib, boshiga qoʻnadi, deydilar»[12]. V.N.Basilovning maʼlumot berishicha, afsonaviy Humoy qushi Qadimgi Eron mifologiyasida baxt va davlat timsoli sanalgan. Ushbu hududda yashagan odamlar uning soyasi ustiga tushgan kishi baxtli boʻlishiga ishonganlar. Ayrim olimlarning fikricha, qadimgi turkiy mifologiyada harbiylar va malikalar homiysi va Koʻktangrining xotini timsoli sifatida tasavvur qilingan Umay obrazining genetik ildizlari ham humoy toʻgʻrisidagi qarashlarga aloqador [2. 547]. Alisher Navoiy yashagan davrda ham humo qushining soyasi tushgan odamga baxt-u davlat ato etiladi degan ishonchlar mavjud boʻlgan. Buni shoirning “Lison uttayr” asaridagi “humoy uzri” nomli faslda bayon etilgan fikrlar ham tasdiqlaydi [4. 142]. Umuman, asar voqealarini aks ettirgan epizodlarning har biri haqni tanish, oʻzini anglash, yaratgan visoliga еtish yoʻliga chiqqan, komillik sari intilayotgan inson tiynatidagi evrilish, qarama-qarshi hislar oʻrtasida kechayotgan kurashni ifodalaydi. Inson jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, tangri oldida yuksak maqomga erishishi uchun shunday bosqichlarni bosib oʻtishi shart. “Kuntugʻmish”da bu jarayon badiiyat mezonlariga mos tarzda ifodalanadi. 57 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Adabiyotlar roʻyxati: 1. Kuntug‘mish / Aytuvchi: Ergash Jumanbulbul o‘g‘li. Yozib oluvchi: Muhammad Isa Ernazar o‘g‘li. Nashrga tayyorlovchi: Hodi Zarifov. Izohlar bilan qayta nashrga tayyorlovchi: Ergashboy Matyoqubov. – Toshkent: Yangiyul Poligraph Service, 2019. – 160 b. 2. Басилов В.Н. Аждарха // Мифы народов мира. В двух томах. Т. 1. – Москва: Советская энциклопедия, 1987. – С. 50-51. 3. Басилов В.Н. Умай // Мифы народов мира. В двух томах. Т. 2. – Москва: Советская энциклопедия, 1988. – С. С. 547-548. 4. Жўраев М. Нарзиқулова М. Миф, Фольклор ва адабиёт. – Тошкент: ЎзМЭ нашриёти, 2006. – 184 б. 5. Мурот Ўроз. Турк асотирлари / Туркчадан М.Аъзам таржимаси // Сирли олам. – Тошкент, 1991. № 4. – Б. 16-21. 6. Назарова Ш.И. Ўзбек халқ эртакларида синов мотивларининг генезиси ва поэтикаси: Филол. фан. бўйича фалсафа доктори (PhD)... дисс. – Тошкент, 2017. – 150 б. 7. Файзиева Д.О. Ўзбек фольклорида илон образи (генезиси ва бадиияти): Филол. фан. ном… дисс. – Тошкент, 2004. – 150 б. 8. Хук С.Г. Мифология Ближнего Востока / Перевод с английского А.С.Рапопорт. – Москва: Наука, 1991. – 184 б. 9. Эшонқулов Ж. Ўзбек фольклорида дев образининг мифологик асослари ва бадиий талқини: Филол. фан. номз... дисс. – Тошкент, 1996. – 158 б. 10. Чеснов Я.В. Дракон: метафора внешнего мира // Мифы, культы, обряды народов зарубежной Азии / Отв. ред. Н.Л.Жуковская. – Москва: Наука, 1986. – С. 59-72. 11. Яншина Э.М. Культ драконов. Женская божества // Формирование и развитие древнекитайской мифологии. – Москва: Наука, 1984. – С. 56-87; 12. ЎзР ФА Ўзбек тили, адабиёти ва фольклори институти Фольклор архиви. Инв № 1713/3. 13. Bakhadirovna, A. J. (2019). The Creative Work and Artistic Repertoire of Professional Uzbek Narrators. ANGLISTICUM. Journal of the Association-Institute for English Language and American Studies, 8(2), 23-32.