QORAQALPOQ XALQ ERTAKLARIDA BO'YI BIR QARICH, SOQOLI QIRQ QARICH OBRAZ TALQINI
Full text
86 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman QORAQALPOQ XALQ ERTAKLARIDA BO‘YI BIR QARICH, SOQOLI QIRQ QARICH OBRAZ TALQINI Allambergenov Hamza Kamalovich filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent, [email protected], Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381569 Annotatsiya. Ushbu maqolada xalq ertaklarida nisbatan kam uchraydigan qadimiy mifologik timsollardan biri – bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich qahramon o‘ziga xosligi, uning qoraqalpoq xalq ertaklaridagi badiiy talqini haqida so‘z yuritiladi. Uning safar motivining bir qismi sifatida tasvirlanishi, yer osti olami vakili hamda yovuzlik timsoli sifatlarini o‘zida aks ettirishi hamda kichik o‘g‘il tomonidangina mahv etilishi ochib berilgan. Kalit so‘zlar: xalq ertaklari, bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich obraz, kenja botir, g‘ayritabiiy ot, yetti raqami. Abstract. This article examines the uniqueness of a relatively rare ancient mythological figure in folk tales – the hero who is one span tall with a beard forty spans long – and its artistic interpretation in Karakalpak folk narratives. The study demonstrates that this figure is portrayed within the journey motif, embodies the characteristics of an underworld representative and a symbol of evil, and is ultimately defeated only by the youngest son. Keywords: folk tales, one-span-tall figure with a forty-span-long beard, youngest hero, supernatural horse, number seven. Аннотация. В данной статье рассматривается уникальность одного из относительно редких древних мифологических символов в народных сказках – героя ростом в пядь и с бородой в сорок пядей, и его художественная интерпретация в каракалпакских народных сказках. Выявлено, что герой изображается как часть мотива путешествия, отражает качества представителя подземного мира и символа зла, и уничтожается только младшим сыном. Ключевые слова: народные сказки, образ ростом в пядь, бородой в сорок пядей, младший батыр, волшебный конь, число семь. Folklor namunalari odamzodning olamni anglash bilan bog‘liq ilk tasavvurlarini o‘zida aks ettiradi. Ayni jihatdan turkiy xalqlar ertaklari boy manba vazifasini bajaradi. Zotan xalq ertaklarida mifologik mazmunga ega bo‘lgan bir qancha g‘ayritabiiy obrazlar namunalari mavjud bo‘lib, ular badiiy tafakkur taraqqiyotining turli bosqichlarida muayyan ijtimoiy, tarixiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan. Jumladan, turkiy xalqlar ertaklaridagi bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich (ba’zi ertaklarda soqoli o‘n qarich yoki qirq gaz) obraz odatda biror safar motivining bir qismi sifatida ertak qahramonining kuch-qudratini sinovdan o‘tkazishda, ezgulik hamda yovuzlik kuchlari kurashini ifoda etishda, ibtidoiy insonning yer osti olami haqidagi tasavvurlarini aks ettirishda muayyan darajada xizmat qilgan. Mazkur obraz uch qavatli olam modelining tarkibiy qismi sifatida yer osti olamining vakili timsolini o‘zida aks ettiradi. Unga xos kuch-qudrat, o‘zgalar mulkini
87 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman tortib olish bilan bog‘liq xususiyatlar insoniyatning ibtidoiy dunyoqarashi mahsuli sifatida yovuzlikning yer osti olamiga quvilgani yoki bandi etilgani bilan bog‘liq qarashlarni jamlagan va „Bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich sehrgar chol haqida ertak“ („Boyı bir qarıs, saqalı qırıq qarıs sıyqırshı ǵarrı tuwralı ertek“), «Qulan botir va Nurali Sher“ („Qulan batır hám Nuralı Sher“) deb nomlangan qoraqalpoq xalq ertaklarida o‘z badiiy ifodasini topgan. Bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich obraz haqidagi qarashlar qoraqalpoq xalq ertaklarida o‘ziga xos yo‘sinda ifoda etilgan. Jumladan, „Bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich sehrgar chol haqida ertak“ („Boyı bir qarıs, saqalı qırıq qarıs sıyqırshı ǵarrı tuwralı ertek“) qoraqalpoq xalq ertagida to‘qqizta o‘g‘lini bir boyning to‘qqizta qiziga uylantirib, kelinlarini olib qaytayotgan ota yo‘lda kech bo‘lib qolganligi uchun keng sayhonlikdagi quyi – quduq boshida (aqlli kichik kelini harchand „Bu yerda tunamaylik“ desa ham) tunashga qaror qiladilar. Bu maskan yer ostidagi Ilon xonning bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich sehrgar cholining qudug‘i ekan: „Ol quyı jer astındaǵı Jılan xannıń boyı bir qarıs, saqalı qırıq qarıs sıyqırlı ǵarrısınıń quyısı eken. Ol baydıń kishi kelinine ashıq eken. Barlıq isten xabarı bar eken. Sol kúni qonǵan aqshamı kishi qızdı alıp ketip qalıptı“ 1 . Shu o‘rinda ertakda yaqin-yaqinlargacha qoraqalpoq xalqi orasida saqlanib kelayotgan odat – etnografik dastur, ya’ni qiz olib qochish motivi namoyon bo‘ladi. O‘zbek va qozoq ertaklarida bu qahramon odamlarni yoki qizlarni bandi qilib – asirlikka, yeyish uchun olib kelgan bo‘lsa, qoraqalpoq ertagida bo‘layotgan barcha ishlardan g‘oyibona xabardor sehrgar qizga oshiq bo‘lib, uni kechasi olib ketib qoladi. Shu bois kichik o‘g‘il boshqa akalari hamda otasiga ruxsat berib, o‘zi yorini izlab ketadi. Sehrgar chol qiyofasidagi bu g‘ayritabiiy obraz boshqa xalq ertaklariga qaraganda taraqqiyotning keyingi bosqichlarida bir qancha takomillashib borganligini kuzatamiz. Unda ayyorlik, muayyan vaziyat uchun tadbir ishlab chiqish xususiyatlari rivojlangan. O‘zbek, qozoq xalq ertaklarida esa bu obraz ko‘proq ilk badiiy tafakkur, ibtidoiy qarashlar natijasidagina shakllangan xususiyatlarni o‘zida saqlagan. Shu bilan birga, qoraqalpoq versiyasidagina kuzatiladigan duo, afsun bilan bog‘liq tasvir ham fikrimiz dalilidir. Jumladan, kichik o‘g‘ildan hayiqqan cholning qizni Ilon xonga sovg‘aga berishi, bu orada qur’a tashlash orqali yorini bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich sehrgarning olib ketganini bilganidan so‘ng uni izlab topib, endi tutib olay deganida cholning duo o‘qib, qutulib qolishi kabi tasvirlar shundan dalolat beradi. Bundan tashqari, kichik o‘g‘il va uning do‘stlari o‘ziga ziyon yetkazishini bilgach, ular tunayotgan joyga kelib, otlarini yo‘q qiladi. Oxirgi – boyning o‘g‘li otiga kelganida 1 Бойы бир қарыс, сақалы қырық қарыс сыйқыршы ғарры туўралы ертек // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 67том. Қыялый ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. – Б. 119.
88 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman kichik o‘g‘il uyg‘onib qoladi va chol bilan kurashadi. Uni yengolmasligiga (o‘zbek va qozoq versiyalarida ham kichik qahramonlargina choldan yengilmaydilar) ko‘zi yetgan sehrgar qochib kelib quduqqa kirib ketadi. Keyingi voqealar rivojida o‘zbek va qozoq xalq ertaklaridagi singari yovuzlik timsolidagi cholning botirlar bilan kurashish motivi boshlanadi. U har kuni kelib navbati bilan ovqat qilayotgan yigitlarni o‘zlarining soqolidan bir tolasiga o‘zlarini bog‘lab, taomini yeb ketadi. Navbat yettinchi – kichik o‘g‘ilga kelganidagina chol mag‘lub etiladi: „Jigitlerdiń kúnde birewi qalıp awqat pisirip, basqası ańǵa ketedi. Kúnde awqat pisken waqıtta boyı bir qarıs, saqalı qırıq qarıs ǵarrı keledi. Ádettegishe kúnde bir urtlam awqat soraydı. Berse de, bermese de, awqat pisirip otırǵan adamdı saqalınan bir qıl julıp alıp baylap taslap kete beredi. Altı jigitti de usılay etedi. Jetinshi rette baydıń balası qaladı. Ádettegishe ǵarrı keledi. Baydıń balasınan awqat soraydı, awqat bermeydi. Ǵarrı ekeui ayqasadı. Ǵarrı kúsh bermeytuǵın boladı. Sonnan keyin bala saqalınan uslaydı, ǵarrınıń kúshi qaytadı. Baydıń balası ústem boladı. Ǵarrınıń saqalınan julıp alıp, baylap taslaydı“ 2 . Ertakda qizni topib borishi uchun cholni omon qoldirgan yigit undan Ilon xonni yengish uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni, birinchidan, uning otini minishi, ikkinchidan, unga tegishli devni o‘ziga bo‘ysundirishi, aks holda yovuzlik hukmdori tomonidan duo bilan bandi etilishini bilib oladi: „Baydıń balası dáslep atqa baradı. At balanıń dushpan ekenin bilip tepsinedi. Hár tepsingen sayın balanıń tumlı-tusı ot bolıp ketedi. Bala ottan qorqpay, attı ieginen uslaydı. At iegin uslasa baǵınadı eken. Sɵytip attı baǵındıradı. Baydıń balası atın minip, dáwge keledi. Kelse, dáw uyqılap atır eken. Dáw bir uyqılasa jeti kún uyqılaydı eken. Dáwdi de ɵltiripti. Sonnan soń xannıń aldına kelipti. Xan barlıq kúshin – attı, dáwdi ɵltirgennen keyin baydıń balasına baǵınadı. Bala qızdı tartıp aladı“ 3 . Shu tariqa botir yigit dushmanni biluvchi, har tepsinganida tevarak-atrofini olov bosadigan, iyagi ostidan silansagina bo‘ysunadigan g‘ayritabiiy otni qo‘lga kiritadi, bir uxlasa yetti kun uxlaydigan devni mahv etadi hamda barcha kuchidan judo bo‘lgan yer osti olami hukmdorini bo‘ysundiradi. Ezgulik kuchining ramzi sifatida yovuzlik kuchlari qo‘lidan qizni xalos etib, yer yuziga qaytadi. „Qulan botir va Nurali Sher“ („Qulan batır hám Nuralı Sher“) qoraqalpoq xalq ertagi so‘z yuritilayotgan obraz shakllanish tarixining ibtidoiy davrlarga borib taqalishini ko‘rsatadigan og‘zaki ijod namunalaridan biridir. Ertakda tasvirlanishacha, Qulan botir inisi bilan shikorda yurar ekan uyidagi uning ne mashaqqatlar bilan 2 Бойы бир қарыс, сақалы қырық қарыс сыйқыршы ғарры туўралы ертек // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 67том. Қыялый ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. – Б. 119. 3 Бойы бир қарыс, сақалы қырық қарыс сыйқыршы ғарры туўралы ертек // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 67том. Қыялый ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. – Б. 119.
89 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman erishgan, bir paytlari kun botish tomonidan ikkinchi quyosh bo‘lib ko‘ringan go‘zal pari qizni o‘g‘irlab ketishadi. Qattiq xafa bo‘lgan botir yo‘lda oq soqolli bir nuroniydan odam chiqib bo‘lmas tog‘ cho‘qqisida yashaydigan soqoli uch qarich, bo‘yi bir qarich, uch oyoqli baytal minuvchi jodugar chol haqida eshitadi. Odatda, xalq ertaklarida qiyin vaziyatdagi qahramon oldidan Xizr chiqib qolib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, murodiga yetishiga yordam beradi. Qoraqalpoq va qozoq xalq ertaklarida ko‘pincha xuddi shu vazifani „bir chol“ deya ko‘rsatilgan, aksariyat hollarda g‘ayritabiiy xususiyatlarga ega bo‘lgan, ba’zan birmuncha ijtimoiylashgan, oddiy insoniy sifatlarga ega bo‘lgan qahramon bajaradi. „Qulan botir va Nurali Sher“ ertagida ham yo‘lda Qulan botir uchragan nuroniy pari qizni jodugar cholning olib ketgan bo‘lishi va uni qanday topish mumkinligi haqida maslahatlarini beradi: „Ashıǵıńdı pálen tawdıń basında turıwshı saqalı úsh qarıs, boyı bir qarıs, úsh ayaqlı baytalın mingen jádigɵy ǵappı bar. Mágar bolsa, sol alıp ketken, – dedi. – Biraq onı sen tulparıń menen uslay almaysań. Sebebi, tawdıń jolı joq, bilseń, jádigɵy ǵarrınıń kɵp jılqısı bar, sáske waqta tawdıń eteginde bulaqtan suw ishpege keledi. Sen atındı minip, bir jerge baylap, piyadalap bar. Suwdıń jaǵasınan ɵziń shuqır qazıp, jasırınıp jat, tulparları cywǵa kelip iship atırǵanda sekirip ústine min, úrkip kɵterip ushıp tawdıń basına shıǵarıp taslar, – dedi“ 4 . Ko‘rinadiki, soqoli uch qarich, bo‘yi bir qarich chol yashayligan tog‘ cho‘qqisiga oddiy ot yordamida ko‘tarilish mumkin emas. U yerga faqat jodugar cholning uchqur tulporlari yordamidagina chiqish mumkin. Bir chuqur qazib, berkinib olgan Qulan botir cholning maslahatiga ko‘ra peshin mahali buloqdan suv ichgani kelgan otlardan birining ustiga sakrab minib olishi orqali hurkib ketgan tulpor vositasida jodugar chol yashaydigan makonga yetib oladi, ammo cholga kuchi yetmaydi va u ham cholning bandisiga aylanadi. Mazkur ertakda ham shu tipdagi boshqa og‘zaki ijod namunalarida bo‘lgani kabi bo‘yi bir qarich, soqoli uch qarich cholni kichik qahramon (bu safar saqlab olingan uka) Nurali Sher mavh etadi. Akasini izlab uyidan chiqqan Nurali Sherga ham oldidan chiqib yo‘l bo‘lsin so‘ragan „bir chol“ yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib yuboradi. Uchqur ot yordamida tepaga chiqqan uka pari yangasi orqali jodugar cholning joni bo‘lak joyda turishini va olovdan qo‘rqishini bilib oladi. Botirdan yengilgan jodugar undan qutula olmasligini bilgach, o‘tov ichidagi to‘shak ostida eshik borligini, kirilsa, inson aqli yetmaydigan o‘ringa sham yoqilib, turfa qimmatbaho buyumlar bilan bezatilgan joyda oltin sandiqchadagi shisha chiroqchada saqlanayotgan chivin uning joni ekanligini so‘zlab beradi. Shu tariqa bandilikda o‘lar holatga yetgan akasi va pari yangasini bo‘yi bir qarich, soqoli uch qarich chol zulmidan qutqargan uka ularni sog‘-salomat uyga olib keladi. Ertak yakunida botir yigitlarning opasi jodugar cholning jonini ezish orqali uni 4 Қулан батыр ҳәм Нуралы Шер // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 69-том. Батырлық ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. – Б. 269.
90 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman mahv etadi. Bo‘yi bir qarich, soqoli uch qarich qahramonning o‘limi yovuzlik manbasining intihosi va yorug‘ kunlarning ibtidosi sifatida talqin etiladi: „Sonda apası: – Ol ǵarrı tek meniń emes, al, pútkil adamzattıń dushpanı. Ol ele qáwip tuwdırıwı múmkin. Sonlıqtan da onıń janın eziw kerek, – dedi húreylenip. Hayal qolına ǵarrınıń janın alıp, qısıp jiberdi. Sol payıt aspan gúmbezi qap-qara tútin aralas bultqa toldı da, jawın jawıp, sońınan jarqıraǵan quyash shıqtı. – Áne, endi jádigɵy ǵarrıdan, jamanlıq dáreginen qutıldıq, – dedi apası quwanıp“ 5 . „Qulan botir va Nurali Sher“ qoraqalpoq xalq ertagi matnidagi ayrim ishoralar soqoli uch qarich, bo‘yi bir qarich chol bilan bog‘liq tasavvurlar ildizlari ancha qadimiyligidan dalolat beradi. Xususan, yovuz chol jonining katta opa tomonidan yo‘q etilishi, uning nutqidagi „bu chol faqat mening emas, balki butkul insoniyat dushmani“ tarzidagi nidosi badiiy matnning oilada ayol mavqeyi ustun bo‘lgan matriarxat davrlariga aloqadorligini belgilaydi. Shuningdek, soqoli uch qarich, bo‘yi bir qarich cholning olovdangina qo‘rqishi zamirida ajdodlarimizning zardushtiylik bilan bog‘liq qadimiy tasavvurlari mujassam. Bu esa soqoli uzun, bo‘yi kichkina obraz bilan bog‘liq motivlarning shakllanish va taraqqiy etish davrlarining ham qadimiylini o‘zida namoyon etadi. Shu o‘rinda xalq ertaklarida botirlarning bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich cholga – yovuzlikka qarshi uchta yoki yettita bo‘lib kurashishlari tasvirida ramz mavjudligini ta’kidlash lozim. Negaki, azaldan xalqimiz orasida uch, yetti raqamlariga sehrli sonlar sifatida munosabatda bo‘lingan. Yetti sayyora, yetti qaroqchi yulduz, haftaning yetti kuni, dunyoning yetti mo‘jizasi, kamalakning yetti rangi, yetti ota-onani bilish kabi ko‘p ishlatiladigan va folklorga singib ketgan hamda xalqimiz orasida turli urf-odatlar, udumlar tarkibida faol qo‘llaniladigan, „Yetti o‘lchab bir kes“, „Yetti pushtini bilgan er, yetti yurtning g‘amin yer“ kabi maqollar shaklida faol ishlatiladigan yetti raqami ajdodlarimizning yovuzlikka qarshi kurashishdagi sehrli-magik kuchni ham o‘zida ifoda etgan. Ustoz M.Jo‘rayev va Z.Rasulovalarning „Mif, marosim va ertak“ monografiyasida ta’kidlanganidek, „juda qadim zamonlardayoq unga „muqaddaslik“ to‘ni kiygizilgan. Uning xalq diliga bu qadar yaqin bo‘lishida, jonli so‘zlashuvga, turmushning turli sohalari bilan bog‘liq xalq qarashlariga chuqur singib ketgan“ 6 . Shu bois ham „yettilik“ tushunchasi qadimgi turkiy yozma yodgorliklarga singib kelgan. O‘ngun va Chuyren bitik toshlarida „yati eran“ – yetti o‘g‘lon obrazi qayd qilingani fikrimiz dalilidir 7 . Shuningdek, ertaklardagi yovuzlikka – bo‘yi bir qarich, soqoli qirq 5 Қулан батыр ҳәм Нуралы Шер // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 69-том. Батырлық ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. – Б. 269. 6 Жўраев М., Расулова З. Миф, маросим ва эртак. – Тошкент: Mumtoz soʻz, 2014. – Б. 105. 7 Малов С.Е. Памятники древнетюркской письменности Монголии и Киргизии. – М.– Л., 1959. – С. 9-10; Кляншториый С.Г. Древнетюркская надпись на каменном изваянии из Чойрена // Страны и народы Востока. Вып. XXII. – М., 1980. – С. 96-97.
91 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman qarich qahramonga qarshi kurashgan uch og‘a-ini, uch do‘st ham xalqimizning qadimiy qarashlarini o‘zida ifoda etadi. V.G.Bogorazning yozganidek, „uchlik qadimgi sanoq sistemasining oxirgi va uni beshlik hisob-kitob usulidan ajratib turuvchi raqamdir. Unga alohida e’tiqod qo‘yilishining boisi ham shunda“ 8 . Shuningdek, o‘zbek va qozoq xalq ertaklarida bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich cholning alohida saqlanadigan joni bilan bog‘liq qarashlar tasvirlangan bo‘lsa, qoraqalpoq ertagida „soqol“ shunga o‘xshash vazifani bajaradi. Ya’ni u mazkur mifologik obrazning kuch-qudrati va chaqiriq – tutatilganida yordam uchun yetib keladigan sehrli predmet vazifasini bajaradi. Masalan, kichik qahramon sehrgar bilan olishayotganida unga kuchi yetmagach, soqolidan tutganidan keyingina cholning kuchi qaytadi. Yoki ertak nihoyasida kichik o‘g‘il cholning soqolini tutatish orqali uni o‘z yoniga chorlaydi va bu baloni daf qiladi. Umuman, xalq ertaklarida o‘zi bir qarich, soqoli qirq qarich timsol ajdodlarimizning ibtidoiy tafakkuri bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan tasavvurlari mevasidir. Xalq ertaklarida bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich qahramonga – yovuzlik olami kuchlariga qarshi xalqlarimizning uchta, yettita (og‘a-ini yoki do‘st) bo‘lib harakat qilish bilan bog‘liq raqamlarga aloqador qarashlari mujassamlashgan. U o‘zida yer osti olami hukmdorining yordamchisi, xizmatchisi timsolini gavdalantiradi va safarga chiqqan odamlarga yomonlik keltiruvchi, tayyorlangan taomlarini tortib oluvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich timsol do‘stlar orasidan faqat kichigi yoki kenja botir tomonidangina mahf etiladi. Ba’zi ertaklarda qahramonga homiy obrazlar yordam beradi. Xususan, Qulan botir haqidagi ertakda „bir chol“ deya ko‘rsatilgan, o‘zida Xizrga oid sifatlarni mujassamlashtirgan obraz yo‘l-yo‘riq beradi. Shuningdek, soqoli besh qarich, o‘zi bir tutam odam bilan bog‘liq barcha ertaklarda Semurg‘ va ajdaho obrazlari yer osti olami vakillari sifatida talqin etiladi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Богораз В.Г. Христианство в свете этнографии. – Л., 1928. 2. Бойы бир қарыс, сақалы қырық қарыс сыйқыршы ғарры туўралы ертек // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 67-том. Қыялый ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. 3. Жўраев М., Расулова З. Миф, маросим ва эртак. – Тошкент: Mumtoz soʻz, 2014. 4. Кляншториый С.Г. Древнетюркская надпись на каменном изваянии из Чойрена // Страны и народы Востока. Вып. XXII. – М., 1980. 5. Малов С.Е. Памятники древнетюркской письменности Монголии и Киргизии. – М.– Л., 1959. 6. Қулан батыр ҳәм Нуралы Шер // Қарақалпақ фольклоры. Кɵп томлық. 69-том. Батырлық ертеклер. – Нɵкис: Илим, 2014. 8 Богораз В.Г. Христианство в свете этнографии. – Л., 1928. – С. 32.