scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

FOLKLORDA MOTIV TUSHUNCHASINING JANRLARARO BA'ZI XUSUSIYATLARI

Abdujalilov Abdukamol

Full text

117 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman FOLKLORDA MOTIV TUSHUNCHASINING JANRLARARO BA’ZI XUSUSIYATLARI Abdujalilov Abdukamol, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institute tayanch doktoranti E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381616 Anotatsiya. Ushbu maqolada xalq og‘zaki ijodining epik janrlarida sujetni tashkil qiluvchi asosiy unsur bo‘lgan motiv va uning ba’zi xususiyatlari haqida gap boradi. Tayanch so‘z va iboralar: ertak, sujet, motiv, doston, epik tur, nasr, nazm. Аннотация. В статье рассматривается мотив, являющийся основным сюжетообразующим элементом в эпических жанрах устного народного творчества, и некоторые его характеристики. Ключевые слова и выражения: сказка, cюжет, мотив, эпос, эпический жанр, проза, стих. Abstract. The article examines the motif, which is the main plot-forming element in the epic genres of oral folklore, and some of its characteristics. Key words and expressions: fairy tale, plot, motive, epic, epic genre, prose, verse. Borliq, xususan, san’atning barcha tur va yo‘nalishlari bo‘lak va butun – butun va bo‘lak munosabatlari asosiga qurilgan. Shunga ko‘ra, bo‘lakning xususiyatlari, vazifayu shakllarini yaxshiroq bilish uchun butunni to‘laligicha anglash, butunning mohiyatiga yetish uchun esa, uni tashkil qiluvchi qismlarini sinchiklab tadqiq etish talab qilinadi. So‘z san’ati bo‘lmish folklor dualistik asosda harakatlanadigan “Borliq Qonuni”ni o‘zida to‘laligicha aks ettiruvchi noyob qadriyat hisoblanadi. Uni o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish insoniyat oldidagi muhim vazifalardandir. Maqol, topishmoq, tutal kabi kichik janrlarda donishmandlik, topqirlik va zukkolik mujassam bo‘lsa, afsona, rivoyat hamda doston singari epik janrlarda yurtning o‘tmishi, buguni va kelajagi haqidagi tashvish-u havotirlar, orzu-umidlar, o‘z aksini topgan bo‘ladi. Folklor asarlarini chin ma’noda anglashni, tushunishni istagan tadqiqotchi har bir janruning ichki tuzilishi, sujeti tarkibi, o‘ziga xos xususiyatlari haqida nazariy asoslarni mukammal o‘rganmasa o‘z maqsadiga erishishi qiyin bo‘ladi. Shu ma’noda, xalq og‘zaki ijodi va folklorshunoslikda eng muhim tushunchalardan bo‘lmish MOTIVni sinchiklab tadqiq qilish folklorshunoslik oldidagi eng muhim vazifalardan biridir. Motiv (fransuzcha “motif” – kuy, ohang; lotincha “moveo” – harakatlantiraman) – ko‘p ma’noli tushunchadir. Bu atama ilm-fanga musiqashunoslikdan kirgan bo‘lib, u musiqaning ketma-ketlikda va takror harakatlanuvchi eng kichik ritmik birligini bildiradi [1;97]. 118 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘zbek tilining izohli lug‘atida motiv so‘ziga quyidagicha izoh berilgan: “MOTIV [fr. motif – kuy, ohang] 1 ad. Sujetning tarkibiy unsuri, asarning asosiy mazmuni, mavzusi. Dostonning motivi. – Ana shu kompazitsion bag‘rikenglik, birinchi navbatda, Shayxzodaning yagona bir motivi – poyama-poya rivojlantirish san’atida ko‘rninadi. “O‘TA”. 2 mus. Kuyning eng kichik qismi. Motivda bitta aksent bo‘ladi” [2;618]. Qomusiy lug‘atda berilgan izoh juda umumiy bo‘lib, motiv atamasining qaysi til va sohadan kirgani, ko‘p ma’noli tushuncha ekani hamda eng asosiy xususiyatlarini sanash bilangina cheklanadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida keltirligan misol esa izoh bilan o‘zaro muvofiq kelmaydi. Chunki “Ana shu kompazitsion bag‘rikenglik, birinchi navbatda, Shayxzodaning yagona bir motivi – poyama-poya rivojlantirish san’atida ko‘rninadi”, misolidagi motiv so‘zi lug‘atda aytilganidek “sujetning tarkibiy unsuri”, “mazmuni” yoki “mavzusi” emas, ko‘proq “g‘oya”, “konsepsiya” ma’nosini beradi. Ilm-fanning bir qancha turlarida ham motiv atamasi qo‘llanib, uning izohi o‘sha fanning mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda tushuntiriladi. Masalan: Motiv: molekulyar biologiyada – DNKdagi nukleotid yoki oqsillardagi aminokislotalarning ma’lum bir ketma-ketligi; psixologiyada – inson xatti-harakatlarini boshqaruvchi, uning yo‘nalishini, uyushganligini, faolligini hamda barqaorligini belgilaydigan ruhiy-fiziologik va dinamik jarayondir; amaliy san’at turlarida – rasm chizishda, kashtachilik yoki zardo‘zlikda doimo ishlatiladigan kompozisiyaning ajralmas bir qismi; musiqada – musiqaning eng sodda ritmik birligi deb ta’riflanadi. Folklorga yondosh soha – adabiyotshunoslikda esa asardagi bosh g‘oya, biror qismning mavzusi, obraz, ramz, narsa-buyum, sujet tarkibidagi sxematik unsur ma’nolarida baravar qo‘llanilaveradi. Yuqorida motivga nisbatan berligan ta’rif va izohlar uning mohiyatini bir qadar ifodasa-da motivga folklorshunoslik fani nuqtai nazaridan baho berish juda muhimdir. Motivni folklor asarlari sujetining juda muhim elementi o‘laroq qayd etgan dastlabki olimlar sifatida A.N.Veselovskiy, J.J.Frezer, V.Y.Propp, A.Dandes, V.M.Jirmunskiy, Y.M.Meletinskiy, V.P.Anikin, B.N.Putilovlarni sanash mumkin. O‘zbek folklorshunosligida motivga doir fikr va nazariy qarashlar aksar hollarda jahon folklorshunosligidagi qarashlarga mos keladi. Og‘zaki ijodning doston va ertak janrlarida sujet va motiv munosabati haqidagi fikrlar bir qancha olimlar, jumladan H.Zarif, B.Karimiy, M.Afzalov, T.Mirzayev, K.Imomov, G‘.Jalolov, X.Egamov, M.Jo‘rayev, N.Do‘stxo‘jayeva, Sh.Turdimov, J.Eshonqul, Z.Rasulova, Sh.Nazarova, J.Asqarovalarning tadqiqotlarida ko‘zga tashlanadi. Motiv haqida birinichi marta o‘z ilmiy ishlarida to‘xtalib o‘tgan o‘zbek olimi Hodi Zarifdir. Olim V.M.Jirmunskiy bilan hammualliflikda yozgan “O‘zbek xalq qahramonlik eposi” nomli tadqiqotida har bir xalqning dunyoqarashi, tafakkur tarzini belgilashda doston va ertaklardagi obraz va motivlar muhim ahamiyatga ega ekanligini 119 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ta’kidlaydi. Qolaversa, olimning “Alpomish” dostonidagi motivlar haqida ham maxsus yozilgan maqolasi bor bo‘lib, ushbu maqola bugungi kun tadqiqotchilariga har jihatdan nazariy manba bo‘lib xizmat qila oladi [3;6–25]. O‘zbek folklorshunosligida aniq bir motiv maxsus tadqiq qilingan tadqiqotlar ham bir qancha bo‘lib, bular orasida folklorshunos olim J.Eshonqulning ilmiy ishi mavzu doirasida eng birinchi ekani, ilmiy saviyasi, muammo va yechimlarni aniq qo‘yishi bilan ham muhim ahamiyatga egadir. Olim o‘z tadqiqotida tush motivini xalq og‘zaki ijodi miqyosida maxsus tadqiq qiladi va mazkur motiv borasida shunday deydi: “Butunni bilishi uchun uni yuzaga keltiruvchi qismlarni bilish kerak bo‘ladi. Shu ma’noda epik asarlarning sujet asosini tashkil etuvchi motivlarni bilmasdan ularning mohiyatini anglash mushkul… Sujetning yuzaga kelishi motiv bilan chambarchas bog‘liq ekan, motiv birlamchi ekanligiga hech shak-shubha yo‘q. Eng muhimi esa har bir motivning sujet halqasida qanday o‘rin tutishini, qanday mazmun va mohiyat kashf etishini aniqlash folklorshunoslikning dolzarb vazifalaridan biridir… Har qanday epik ijod, birinchi navbatda, ertak va dostonlar ham o‘z qurilmasiga ega. Motiv esa ana shu qurilmada asosiy o‘rin tutadi. Shunday ekan, folklor asarlari tahlili motivlar tahlili orqali amalga oshmog‘i kerak. Epik asarlardagi motivlarni aniqlash, har bir motivning boshqa motivlar bilan bog‘liq jihatlarini, ichki harakat va xususiyatlarini, badiiy-estetik vazifalarini tahlil etish folklorshunoslikdagi muhim masalalardan biridir” [4;126–127]. Olima Sh.Nazarova o‘z tadqiqotlarida o‘zbek xalq sehrli ertaklaridagi shart-sinov motivlarining genezisi va poetikasi borasida izlanishlar olib borgan. U o‘zbek xalq ertaklaridagi sinov motivini maxsus o‘rganar ekan, shunday firkni ilgari suradi: “Sinov motivlari ertak turiga ko‘ra semantik va struktural jihatdan ma’lum o‘zgarishlarga uchraydi. Bu ma’noning kengayishi va torayishida, motivning sujetdagi o‘rni o‘zgarishida ko‘rinadi. Ammo ular doimo qahramonning sinovdan o‘tishi g‘oyasini ifoda etadi, shuningdek, sujetning asosini shakllantirish yoki sujet halqalarini bog‘lab kelish vazifasini bajaradi” [5;51–52]. Nisbatan keyingi davrda motiv bo‘yicha maxsus tadqiqot olib borgan G.A.Mashrapova ertaklardagi safar motivi haqida fikr yuritar ekan, ko‘proq A.Dandes va I.V.Silanteyevning nazariy qarashlariga suyanadi va motivni uchta qismga bo‘lib o‘rganish (motifema, motiv va allomotiv) ahamiyatli ekanini ta’kidlaydi [6;23]. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, jahon va o‘zbek folklorshunosligida motivning nazariy jihatlari ishlab chiqilgan (A.N.Veselovskiy), uning mif, marosim bilan aloqalari tekshirilgan (J.J.Frezer, Y.M.Meletinskiy, V.P.Anikin), semantik va struktural tuzulishlari tadqiq qilingan (A.Bem, O.Freydenberg, B.N.Putilov, V.Y.Propp), sujetning vujudga kelishida muhim deb hisoblangan bir qancha motivlar alohida muammo sifatida olinib o‘rganilgan (J.Eshonqul, Sh.Nazarova, G.Mashrapova). 120 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Bizgacha, mazkur muammo bir qancha jihatlariga ko‘ra o‘rganilgan, tadqiq qilingan bo‘lsa-da (ushbu ilmiy tadqiqotlarning ilmiy qimmatni va yuksak ahamiyatini e’tirof qilgan holda) ularda quyidagi muhim savollarga javob topa olmadik: – motivning folklorshunoslikda qisqa va aniq ta’rifi bormi, bo‘lsa qanday? – an’anaviy obrazlar (o‘gay ona, ko‘makchi), turli sehrli narsa-buyumlar (ochil dasturxon, sehrli qilich) kabilarni motiv deb baholash qanchalik to‘g‘ri? – epik turga mansub doston va ertaklaridagi motivlarning bir-biridan farqli jihatlari bormi, bo‘lsa qanday? Maqolada oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadlarimizdan biri mana shu savollarga javob topishdan iborat. Biz o‘zimizgacha amalga oshirilgan tadqiqotlarga tayangan holda aytishimiz mumkinki, “Motiv” atamasining mohiyatida uch muhim tushuncha yotadi. Bular quyidagilar: – motivning eng kichik unsur ekanligi; – uning harakat yoki holatni ifoda qilishi; – to‘g‘ri yoki teskari; asl yoki o‘zgargan shaklda doimiy takrorlanishi. Aslida bu atama o‘zlashtirilgan san’at turi bo‘lmish musiqada ham motiv biror kompozitsiyadagi eng kichik, harakat yoki holat ko‘rinishida; to‘g‘ri yoki teskari; asl yoki o‘zgargan shaklda domiy takrorlanuvchi birlik sifatida keladi. Shularni e’tiborga olgan holda, biz folklorshunoslikdagi motiv tushunchasiga quyidagicha ta’rif berishni taklif qilamiz: Motiv – folklorning epik turga mansub janrlari (asosan, doston va ertak)larda obrazlarning sujetga ta’sir qiladigan va uni o‘zgartira oladigan xatti-harakat va holatlaridir. Folklorning epik turiga mansub asarlarda motiv – birlamchi. Epik asar sujeti motivlar kombinatsiyasidan tashkil topadi va unda sujet tarkibidagi eng kichik unsur motivdir. Motiv semantik jihatdan boshqa bo‘laklarga ajralmaydi. Motiv sujet tarkibida o‘zaro ketma-ketlikda harakat qiladi. Bunda har bir motiv o‘zidan oldin va keyin keladigan boshqa motivlar bilan ma’no va qurilishiga ko‘ra mos keladi. Biror motivning turlari, vaziyat shakllari matnda xilma-xil ifodalansa-da, motivning o‘zagi o‘zgarmaydi. Xalq og‘zaki ijodiga mansub biror janrning sujetida ishtirok etgan motivlarni o‘rganishda tadqiqotchi o‘sha janrning tabiati, yaratilish maqsadi, o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildirishi lozim. O‘zbek xalq ijodining epik turi naql, afsona, rivoyat, ertak va doston kabi janrlardan tashkil topgan. Xalq bu janrlarga mansub har bir asarni yaratar ekan, ularning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ma’no yuklagan. Afsona va rivoyat janrlarida axborot berish bosh maqsad bo‘lsa, naqlda badiiy-estetik zavq uyg‘otish birlamchi. Ertak esa, boshlanma qismidagi epik formulada aytilganidek, “bir bor, bir yo‘q” olamda kechadigan voqelik. Bu voqelik barcha zamonlarda kechishi mumkin. Ertak qahramonlarining g‘ayritabiiy tug‘ilishi, 121 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman dev-u ajdarlar bilan jang qilishi, ilohiy kuchlardan ko‘mak olishi, turli to‘siqlardan mardonavor o‘tishi, yig‘laganda ko‘zlaridan dur, kulganda yuzlaridan gul sochilishi faqat ertakkagina xos bo‘lgan holatlardir. Xalq bunday ertaklarni shunchaki yaratmagan, albatta. Sehrli ertaklarni yaratishdan ko‘zlangan maqsad moddiy olam to‘rt tomonini o‘rab olgan inson zotiga asl o‘zagini tanitish, mol-dunyoning o‘tkinchiligini, yashashdan asl maqsad boshqa ekanini tushuntirishdan iboratdir. V.M.Jirmunskiy va H.T.Zariflarning “O‘zbek xalq qahramonlik eposi” nomli fundamental tadqiqotida folklorning epik turiga mansub ertak va dostonlarning farqli jihatlari to‘g‘risida shunday deyiladi: “Ertak voqealari dostonga nisbatan tez rivojlanadi. Voqea-hodisalar qisqa, lo‘nda ifodalanadi. Bu ertaklarda dostonlardagi kabi nasriy qism bilan birga she’riy parchalarning ishlatilishini ham ko‘ramiz. Ertaklarda ayrim o‘rinlarda she’riy parchalar uchragani bilan asosiy maqsad, g‘oya mazmun nasriy yo‘lda ifodalanadi. Dostonda esa asosiy maqsadni she’riy qismlar ifodalab, nasriy qismlar ularni bir-birga ulash, to‘ldirish kabi yordamchi vazifani bajaradi. Bu farq ularni ijro etilishida ham ko‘zga tashlanadi. Dostonni ijro etuvchi kuylaydi, ertakni esa aytadi. Ertak aytuvchi faqat kichik she’riy parchalarnigina kuyga solib aytishi mumkin” [7;24]. “O‘zbek xalq qahramonlik eposi” kitobida berilgan mazkur tayanch fikrlardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, ertak va dostonlardagi motivlar tizimini baholash hamda tasniflashda quyidagi uch muhim jihatga e’tibor berish lozim: 1. Xalq ertaklarida sujet dostonga nisbatan qisqa. Ularda personajlarning holati, tasviri, kechinmalariga ortiqcha urg‘u berilmaydi. Qahramonlar doimo harakat yoki holat pozitsiyasida bo‘ladilar. Voqealar ham qisqa va lo‘nda ifodalanadi. Xalq dostonlarida esa epik ko‘lam nihoyatda keng va rang-barang. Dostonlarda lirik chekinishlar, turli tafsilotlarga keng o‘rin berish, qahramonning ruhiy holatlarini batafsil ifodalash kabi holatlar kuzatiladi. 2. Ertaklar sujet, asosan, narsriy yo‘l bilan ifodalanadi. To‘g‘ri, ba’zan zanjirli yoki ayrim sehrli ertaklarda sh’eriy qismlar ham ishtirok etadi. Biroq bu qismlar ko‘p hollarda qo‘shimcha vosita sifatida ishlatiladi. Dostonlarda epik, ya’ni voqeband sujet she’riy yo‘l bilan ifodalanadi. Sujetning turli qismlarida keluvchi ayrim nasriy parchalar she’riy qismlarni bog‘lash, to‘ldirish vazifasida keladi. 3. Ertak sujetining dostonga nisbatan qisqaligi, voqeaning nasriy yo‘l bilan ifodalanishi sababli ham sehrli ertaklar sujeti deyarli to‘lig‘icha motivlar kombinatsiyasidan tashkil topadi. Motivlar ba’zasi ham shunga ko‘ra tasniflanadi va nomlanadi. Xalq dostonlarining keng ko‘lamliligi, epik sujetning she’riy usulda ifodalanishi, har bir personaj, voqea, harakat-holatni batafsil tasvirlanish sabab, ulardagi motivlar bazasi ertaklardagi motivlar bilan to‘laligicha mos kelmaydi. 122 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarif o‘zining “Alpomish” eposining asosiy motivlari” nomli fundamental maqolasida dostondagi mo‘jizaviy tug‘ilish, ism berish, yilqi yoki tuyaning sutini ichish, beshikkertti qilish, bolalarni o‘qitish, bolalarni savdoga o‘rgatish, qahramoning mardlik ko‘rsatishi, zakot masalasining qo‘zg‘alishi, o‘zga yurtga safar qilish, tutqunlik motivlarnini qayd etib, har birini alohida izohlaydi [8;6–25]. O‘zbek xalq sehrli ertaklaridagi motivlarni yuqoridagi kabi – ism berish, yilqi yoki tuyaning sutini ichish, beshikkertti qilish, bolalarni o‘qitish, bolalarni savdoga o‘rgatish, qahramoning mardlik ko‘rsatishi, tutqunlik deb nomlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki bu motivlarning dostonda o‘ziga xos o‘rni va keng tasviri bor. Shu sababdan ularning har birini doston sujetidagi motiv deb baholash to‘g‘ri. Biroq ertak sujetida bu motivlarning aksariyati aynan uchramaydi yoki sinov, ko‘mak, qilmish, jazo kabi murakkab motivlar tarkibida keladi. Ba’zan ertakchi qahramonlarning o‘qigani, bilim olgani, yoki qandaydir ism bilan atalganini shunchaki axborot sifatida aytib o‘tadi. Bundan kelib chiqadiki, doston tarkibida alohida nomlanuvchi mustaqil motivlar ertaklarda umumiylik kasb etib, semantik jihatdan o‘zi mansub asosiy motivga birlashadi va uning bir turi yoki vaziyat shaklini tashkil etadi. Ayni sabablar tufayli xalq dostonlaridagi motivlar tizimi alohida tadqiq talab qiladigan masaladir. Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, folklordagi motiv tushunchasi epik turga mansub janrlar, xususan, doston va ertaklarda sujetni yuzaga keltiruvchi birlamchi, eng muhim unsur hisoblanadi. Etaklarda sujet voqealari nasriy yo‘lda aytilgani, dostonlarda she’riy yo‘lda kuylangani sababli har ikki janr tarkibidagi motivlar tizimi talqin olishi, nomlanishi va epik ko‘lami borasida o‘zaro farq qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Ўзбекистон миллий энциклопедияси // Кўп жилдлик. VI жилд// – Tошкент: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2003. – Б. 97. 2. Ўзбек тилининг изоҳли луғати // 5 жилдлик. II жилд / – Toшкент: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2006. – Б. 618. 3. Зарифов Х.Т. Основные мотивы эпоса «Алпамыш» // Об эпосе «Алпамыш». – Ташкент: Фан, 1959. – С. 6-25. 4. Эшонқул Ж. Ўзбек фольклорида туш мотиви ва унинг бадиий талқинлари: ф.ф.д.дисс... – Тошкент, 2011. – Б. 126-127. 5. Назарова Ш.И. Ўзбек халқ эртакларида синов мотивларининг генезиси ва поэтикаси. Филол. фан. бўйича фалсаса доктори (Phd) илмий даражасини олиш учун ёзилган дисс. – Тошкент, 2017. – 51–52 б. 6. Mashrapova G. O‘zbek folklorida safar motivi (ertak janri misolida): Filol. fan. bo‘yicha falsafa dokt. (PhD) ... diss. – Toshkent, 2023. – 169 b. 7. Жирмунский В.М., Зарифов Х.Т. Узбекский народный героический эпос. – Москва: Художественная литература, 1947. – C. 24. 8. Зарифов Х. Т. Основные мотивы эпоса «Алпамыш» // Об эпосе Алпамыш. – Ташкент: Фан, 1959. – Б. 6-25.