scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XALQ QISSALARIDA TARIXIY VOQEALIK TALQINI ("Uhud qissasi" misolida)

Farrux Bafoyev

Full text

135 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman XALQ QISSALARIDA TARIXIY VOQEALIK TALQINI (“Uhud qissasi” misolida) Farrux Bafoyev, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktorant DOI https://doi.org/10.5281/zenodo.17381674 Annotatsiya. Maqolada xalq orasida keng tarqalgan hazrati Ali haqidagi turkum xalq qissalari sirasiga kiruvchi Uhud qissasi tahlil qilingan. Mazkur qissada yoritilgan tarixiy voqelik islom tarixiga oid manbalar asosida qiyosiy jihatdan tadqiq qilingan. Xususan, hadislar, siyrat kitoblari asosida atroflicha tahlil qilinib, tarixiy haqiqatning xalq badiiy tafakkuridagi talqini bo’yicha muayyan xulosalarga kelingan, tarixiy haqiqat va badiiy talqin chegarasi aniqlangan. Kalit so‘zlar: Uhud jangi, hazrati Ali, xalq qissasi, qahramon, tarixiy haqiqat, badiiy talqin. Аннотaция. В этой статье анализируется история Ухуд которая является частью серии народных рассказов о Хазрате Али, широко распространённых среди народа. Историческая реальность, освещённая в этой повести, исследована в сравнительном аспекте на основе источников по истории ислама. В частности, на основе хадисов и книг о биографии был проведен всесторонний анализ, сделаны определенные выводы об интерпретatsiи исторической правды в народном художественном мышлении, определены границы исторической правды и художественной интерпретatsiи. Ключевые слова: Битва при Ухуде, Хазрат Али, народная история, герой, историческая правда, художественная интерпретaция. O‘zbek folkloridagi hazrati Ali turkumidagi asarlardan sanalgan “Uhud” qissasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, sof tarixiy qissalar sirasiga kiradi. Nomidan ko‘rinib turganidek, qissa islom tarixida Uhud jangi nomi bilan mashhur bo‘lgan g‘azotlardan biri haqida hikoya qiladi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, ushbu jang hijriy uchinchi, milodiy 625-yilda, sodir bo‘lgan. Shu sababli qissa boshlanmasida hijrat voqeasi, undan keyin yuz bergan Badr jangi haqida ham to‘xtalib o‘tiladi. Undan so‘ng esa Uhud jangining kelib chiqishi haqida so‘z boradi: “Jangi Badrdan so‘ngra Muhammad alayhissalom quvvat topib, uch ming lashkar jam bo‘ldi. Chun xabar Makkaga kelturdilar… Makkani ulug‘lari Abu Sufyon va Hunayfa kofirlargaki, Makkada bor erdi, ayttilar: “Tadbir qilmoq kerak. Muhammad mur erdi, mor bo‘ldi. Kam-kam ajdar bo‘lur deb, lashkar jam ettilar. O‘n ming lashkar jam bo‘ldi. Baso‘yi Madina ravon bo‘ldilar…”[3.94]. Bu hodisa qissadagi an’anaviy motivga ko‘ra, Muhammad alayhissalomga vahiy orqali bildiriladi. Musulmonlar shay bo‘lib, ikki orada jang boshlanadi. Qissada tarixiy manbalardan farqli o‘laroq ikki tomon lashkarlarining olib borgan yakkama-yakka janglari haqida so‘z boradi. Xususan, asarda dastlab sahobalardan amiri Hamza bilan Xolid ibn Valid orasida bo‘lgan jang tasvirlanadi. Unga ko’ra, amiri Hamza Xolid ibn Validni еngib, asr oladi. Bu holat mushriklarga og‘ir botadi. Jangga chiqqan qurayshlikdan Hind ismli ayol hammaga e’lon qilib, kim Hamzani o‘ldirsa, unga qizi Anbariyani turmushga berishini va’da qiladi. Jangchilar orasida Vahshiy laqabli qul 136 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib, u Anbariyaga oshiq edi. Vahshiy Hindning bu gapini eshitib, u bilan shartlashib jangga kiradi. Bu paytda Abu Sufyon lashkarlarga hamma bir paytda jangga kirishini, aks holda musulmonlarni еngish mushkulligini uqtiradi va ommaviy jang boshlanadi. Jang uzoq davom etadi. Mushriklar chekinadi. Shu paytda amiri Hamzani zimdan poylab yurgan Vahshiy otinining ayilini boylab turganidan foydalanib, orqasidan nayza uradi. Natijada amiri Hamza vafot etadi. Bu orada Muhammad alayhissalom otlarining oyog‘i chuqurga kirib, otdan yiqiladilar va shu payt ularga otilgan toshdan ikki tishlari sinadi. Buni ko‘rgan shayton vasvasa qilib, “Muhammad o‘ldi”, deb ovoza qiladi, natijada musulmon lashkarlari qochishadi. Jabroil alayhissalomning vahiysi bilan boshqa bir g‘azotga ketgani aytilgan hazrati Ali jang maydoniga еtib keladi. Qirg‘inbarot jang bo‘ladi. Ko‘plab mushriklar o‘lib, qolgani Makkaga qochib ketadi. Qissa yakunida Abu Sufyon va Xolid ibn Valid musulmon bo‘lib, islomni qabul qiladi. Hamma Madinaga qaytib amiri Hamzaning ta’ziyasi bo‘lib o‘tadi. Qissaning umumiy tafsilotlari asl tarixiy haqiqatni aks ettirsa-da, ba’zi voqealar tafsilotida epik an’anaga bo‘ysunish, badiiy to‘qimadan unumli foydalanish holatlari kuzatiladi. Masalan, qissada jangda ikki tomondan ishtirok etgan askarlar soni tarixiy haqiqatga mos kelmaydi. Qissada musulmonlardan uch ming, mushriklardan o‘n ming jangchi qatnashgani aytiladi. Tarixiy manbalarga ko‘ra esa Uhud jangida musulmonlardan еtti yuz kishi, qurayshliklardan esa uch ming kishi ishtirok etgan.[2.207] Ko‘rinib turganidek, shu kabi tasvirlarda xalq nasriga xos mubolag‘adan unumli foydalaniladi. Tarixiy haqiqatga ko‘ra, qissada amiri Hamza nomi bilan tilga olingan Muhammad alayhissalomning amakilari hisoblangan Hamza ibn Abdulmuttalib Uhud jangida qatnashib, qissada Vahshiy nomi bilan kelgan, asli ismi Abu Dasama Vahshiy ibn Harb al-Habashiy bo‘lgan shaxs tomonidan o‘ldiriladi. Ammo shartlashish motivida keltirilgan voqea xalq nasriga xos badiiylashtirilganiga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni Vahshiy bu ishni qissadagidek o‘zi oshiq bo‘lib yurgan qiz Anbariyaga erishish uchun emas, balki xojasi Jubayr ibn Mut’imning “Hamzani o‘ldirsang, seni ozod qilaman” – degan va’dasi tufayli o‘ldiradi. Sababi Badr jangida Jubayrning amakisi Tu’aym ibn Adiy Hamza ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu tomonidan o‘ldirilgan edi. Amakisining o‘chini olish niyatida Jubayr Lot va Uzzo butlari nomiga qasam ichib, alamzada bo‘lib yurar edi. Shu sabab u Vahshiyga ushbu va’dani bergan edi. Yoshligidan ozodlikni orzu qilib yurgan Vahshiy shu shartga darhol ko‘nadi [6.196]. Bundan tashqari quraysh mushriklaridan bo‘lgan Abu Sufyonning xotini Hind binti Utba Badrda o‘ldirilgan otasi va amakisining intiqomi uchun Hamza ibn Abdulmuttalibni o‘ldirgan odamga mukofot va’da qilgan edi. Shunday qilib nayzani nishonga bexato otish bo‘yicha tengsiz bo‘lgan Vahshiy uzoq kuzatib, Hamza ibn Abdulmuttalib jangda na’ra tortib jang qilayotgan paytda nishonga olib o‘ldiradi. Va’daga muvofiq Vahshiy qullikdan ozod etiladi. Ammo bu uni baxtiyor qila olmaydi. 137 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Musulmonlarning qasd olishidan qo‘rqib yashaydi. Oradan yillar o‘tib, o‘zi ham hidoyatga kirib, islomni qabul qiladi va soxta “payg‘ambar” Musaylimat Kazzobni o‘ldirib, musulmonlar qalbidagi yaraga malham bo‘ladi. Shu sababli tarixchilar u haqida “Bu kishi Muhammad sollalohu alayhi vasallamdan keyingi eng yaxshi odamni … va eng yomon odamni ham o‘ldirgan”, deb yozishgan[8]. Shunday qilib, xalq qissasida tasvirlangan, Vahshiy oshiq bo‘lgan, u uchun birovni o‘ldirishdan ham tap tortmagan go‘zal “Anbariya” – bu ozodlik, shaxs erkining ramzidir. Qissada hazrati Alining jasoratiga alohida urg‘u beriladi, jang taqdirini hal qiluvchi qahramon sifatida tasvirlanadi. Aslida ham shundaymi? Tarixiy manbalarda bu borada qanday ma’lumotlar uchraydi? Tarixiy haqiqatga ko‘ra, haqiqatdan ham hazrati Ali Uhud jangida o‘zining botirligi, jasurligi bilan jang maydonida ajralib turgan sahobalardan sanaladi. Mazkur jang haqida kelgan rivoyatlar fikrimizni quvvatlaydi. Xususan, Uhud jangida qahramonlik ko‘rsatib jang qilgan musulmonlar bayroqdori Mus’ab ibn Umayr shahid bo‘lganda, Muhammad alayhissalom bayroqni Ali ibn Abu Tolibga topshiradi va u mahorat bilan jang qiladi. Uni ko‘rgan mushriklar bayroqdori musulmonlarni yakkama-yakka olishuvga chorlaydi: “Siz o‘zingizdan qatl bo‘lganlarni jannatga, biznikilarni do‘zaxga kiradi, deb da’vo qilardingiz-ku?! Qani, menga birortangiz chiqing-chi?!” – deb baqiradi. Uning bu gaplari Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning sabrlariga nuqta qo‘yadi. U kishi: “Men senga chiqdim. Ey Abu Sa’d ibn Abu Talha! Men bilan yakkama-yakka olishib ko‘r! Ey Allohning dushmani!”-deb na’ra tortadi. Orada hayot-mamot olishuvi boshlanadi. Ikkovlari birbirlariga zarba bera boshlaydilar. Ali ibn Abu Tolib ishni cho‘zmay, birinchi imkon tug‘ilishi bilanoq mushrikning jon joyiga Zulfiqor bilan qattiq zarba bergan edi, u dod solib yiqildi. Jang qoidasi bo‘yicha mushrikka yana bir zarba berishi kerak bo‘lgan Ali ibn Abu Tolib engashdilar-u ammo zarba bermay, qaytib ketdilar. Buning sababi esa o‘sha payt o‘layotgan mushrikning avrati ochilib qolgan edi [7.208]. Ushbu rivoyat orqali bir tomondan hazrati Alining jasoratiga, ikkinchi tomondan taqvosi, hayosiga guvoh bo‘lamiz. Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Uhud jangi tugagach Muhammad alayhissalomning ko‘zlari Ali ibn Abu Tolibning atrofida kuymalanayotgan ayollarga tushadi. U zotni ko‘rgan ayollar: “Ey Allohning Rasuli, uning bir yarasini bog‘lasak, boshqasi ochilib ketmoqda”, – dedilar. Rasululloh sallallohi alayhi vasallam unga yaqinroq borib, tanasiga nazar soldilar-da: “Allohning yo‘lida shuning hammasiga duchor bo‘lgan odam, albatta, sinovdan o‘tgan va uzrli bo‘ladi”, – dedilar. Sa’id ibn Musayyabning aytishlaricha, hazrati Ali Uhud kuni o‘n olti joylaridan yarador bo‘lgan ekanlar[7.210]. Ushbu tarixiy faktlar qissa mazmuniga singdirilgan hazrati Ali jasoratidan so‘zlovchi voqealarni bejiz yuzaga kelmaganini ko‘rsatadi. Hazrati Ali turkumdagi qissalarning aksariyatida voqealar avvalidagi tafsilotlarda hazrati Ali u darajada faol ishtirok etmaydi, ammo yakunda o‘z g’ayrati va shijoati bilan ajralib 138 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman turadigan, hal qiluvchi qahramon sifatida ko‘zga tashlanadi. Xususan, “Uhud” jangida ham hazrati Ali vaoqealar yakunida paydo bo‘ladi. Bu holat qissada quyidagicha tasvirlanadi: “Roviylar aytibdurki, o‘shal vaqtiki, rasul alayhissalom o‘zlarini tosh tagiga oldilar. Shul soat ovozi shahpari Jabroil alayhissalom aydilar: “Yo, Muhammad, xudoying sanga salom aydi. Salomdan so‘ng farmon uldurki, farishtadan madad tilarmusan yo Alidan?”. Rasul alayhissalom aydilar: “Alidan tilarman”. Jabroil alayhissalom aydilar: “Yo Muhammad, Xudoyi taolo Alini “Sherim” - dedi. Aliga bashorat bergil”[3.91]. Ammo qissada aytilishicha, bu paytda hazrati Ali jang maydonida yo‘q edi, boshqa bir g‘azotga jo‘natilgan edi. Shunda Jabroil alayhissalomning so’ziga binoan Muhammad alayhissalom hazrati Alini chorlaydi. Natijada hazrati Ali sahroda shamoldek paydo bo‘lib, jang maydoniga еtib keladi va mushriklarga qiron keltirib, mag’lub qiladi. Ammo tarixiy haqiqatga ko‘ra, qissadagi hazrati Ali bilan bog‘liq ushbu voqealar badiiy to‘qima mahsuli hisoblanadi. Chunki Ali ibn Abu Tolib Uhud jangida boshidan oxiriga qadar ishtirok etadi. Qissada aytilganidek, boshqa g‘azotga yuborilgan emasdi. Ibn Is’hoqga ko‘ra, Uhud jangida musulmonlar bayrog‘ini Mus’ab ibn Umayr ko‘tarib boradi. U jang davomida qahramonona kurashib, shahid bo‘ladi. Shunda Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bayroqni Aliy ibn Abu Tolibga beradilar va u bir qancha musulmonlar bilan jangni davom ettiradi. Ibn Hishom: “Menga Maslama ibn Alqama ibn al-Moziniy shuni so‘zlab berdi: “Uhud kuni jang qattiq qizigan pallada Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ansorlarning bayrog‘i ostida o‘tirdilar va Aliy ibn Abu Tolibga bir kishini yuborib, unga bayroqni oldinga olib chiqishni buyurdilar. Ali oldingi qatorga chiqib: “Men Abulfusnman(indiruvchi, kuchli bahodir)”, dedi”[1.60]. “Hadis va hayot”da Uhud jangida bayroqning Ali ibn Abu Tolibga o‘tishi haqida: “U bahodir esa o‘z qo’llari bilan Islom bayrog’ini, ikkinchi qo‘llari bilan mashhur Zulfiqorlarini tutib, mushriklarga qiron keltirishni davom etdilar. Payg’ambar alayhissalom bu ikki shuhrat egasini taqdirlab: Zulfiqordek qilich yo’q, Alidek yigit yo’q”, deganlar”[7.207]. Muhammad alayhissalom tilidan aytilgan ushbu jumla, “Xaybar” qissasining turkcha versiyasida kofir pahlavoni Antar va uning otini ikki parcha qilib tashlagan hazrati Aliga nisbatan farishta Jabroil alayhissalom tomonidan aytiladi[4.49]. Yuqoridagi tafsilotlardan xulosa qilish mumkinki, qissada hazrati Alining jang maydoniga kirib kelish epizodi badiiy to‘qima mahsuli bo‘lsa-da, uning jangdagi bahodirligini mazkur rivoyatlar ko‘rsatib turibdi. Shunday qilib, “Uhud” qissasida nomlari tilga olingan qahramonlardan Muhammad alayhissalom, hazrati Ali, Amiri Hamza, Xolid ibn Valid, Bilol, Abu Sufyon, Hind, Vahshiy kabilar tarixiy shaxs bo‘lib, tarixiy manbalarga ko‘ra, haqiqatan ham Uhud jangida ishtirok etgan. Anbariya, Hunayfa kabilar esa badiiy to‘qima o‘laroq yuzaga kelgan qahramonlar hisoblanadi. Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, xalq qissalarida tarixiy voqealarning talqinida ba’zan kichik detallarga ham e’tibor qaratilgan, ba’zi 139 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘rinlarda esa badiiy to‘qimadan samarali foydalanilgan. Qahramonlar orasida, asosan, tarixiy shaxslar еtakchi o‘rin tutadi. Syujetda badiiy to‘qimaga nisbatan tarixiy voqealar tafsiloti ustunlik qiladi. Bizningcha, shu sababli ham ushbu turdagi asarlarni eshitish orqali xalq vakillari nafaqat estetik zavq olgan, balki o‘z dini tarixini o‘rgangan va uni keyingi avlodlarga еtkazgan. Bu holatni biz, deyarli barcha tarixiy xalq qissalarida kuzatishimiz mumkin. Qissaxonlik an’anasining asrlar davomida qadriyat sifatida saqlanib qolishiga ham aynan shu omil sabab bo‘lgan, desak xato bo‘lmaydi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Абдулмалик ибн Ҳишом ал-Маъофирий. Ас-Сийра ан-набавиййа – II. –Т:“HILOL-NASHR”, 2020. –Б.60. 2. Абдулмуътий Исмоил Убода. Пайғамбарлар тарихи (Қуръони каримда зикр қилинган азму матонатли пайғамбарлар қиссалари / Таржимон ва нашрга тайёрловчилар: Аббос Аҳмад, Иброҳим Нуруллоҳ. –Тошент: Munir, 2022. –Б.358. 3. Ҳазрати Али ҳақидаги қиссалар / Нашр. Тайёрловчи ва сўзбоши муаллифи: С.Рафиддинов. –Т.: Ёзувчи, 1992. –Б.91. 4. Hazret-i Ali Cenkleri. Hazırlayan: İsmail Toprak.– İstanbul, 2016. –S.49. 5. Hz. Ali cenkleri. Hazırlayan: N.Ahmet Özalp. – İstanbul, 2017. 6. 101 улуғ саҳобий. Тузувчилар: И.Усмонов ва б. – Т: “HILOL-NASHR”, 2024. –Б.196. 7. Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф. Ҳадис ва Ҳаёт. 22-жуз. Усмон ва Али ибн Абу Толиб розияллоҳу анҳумо. – Тошкент: Hilol-Nashr, 2021. –Б.207. 8. https://muslim.uz/uz/e/post/22936-vahshiy-ni-kechirolmagan-ona