scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"OSHIQNOMA" TURKUMI DOSTONLARIDA ZID MA'NOLI BIRLIKLARNING LINGVOPOETIK TADQIQI

Ro'zimova Guli Shuhratovna

Full text

205 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “OSHIQNOMA” TURKUMI DOSTONLARIDA ZID MA’NOLI BIRLIKLARNING LINGVOPOETIK TADQIQI Ro‘zimova Guli Shuhratovna, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Filologiya va san’at fakulteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi gr[email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381779 Annotatsiya. Ushbu maqolada “Oshiqnoma” turkumi dostonlarida soʻzlarning qoʻllanishi, xususan, leksik va kontekstual zid ma’noli birliklarning lingvopoetik imkoniyatlari haqida soʻz boradi. Kalit soʻzlar: Lingvopoetika, antiteza, kontrast, leksik antonim, kontekstual antonim, tazod, zid ma’nolilik. Аннотaция. В данной статье рассматривается лексическое словоупотребление в эпосах серии “Oшыгнаме”, в частности, лингвопоэтические возможности лексических и контекстуально противоречивых единиц. Ключевые слова: Лингвопоэтика, антитеза, контраст, лексический антоним, контекстуальный антоним, противоречие, противоречивое значение. Abstract. This article discusses the use of words in the epics of the “Oshiqnoma” series, in particular, the linguopoetic possibilities of lexical and contextually contradictory units. Key words: Linguapoetics, antithesis, contrast, lexical antonym, contextual antonym, contradiction, contradictory meaning. Tilimizda mavjud boʻlgan narsa, belgi, voqea-hodisa va shu kabilarni tushuntirishda ularni oʻzaro qarshilantirish, kontrast obrazlar yaratish orqali ifodalash ancha qulay hisoblanadi. “Biz, odatda, u yoki bu voqea-hodisani baholar ekanmiz, albatta, uning salbiy yoki ijobiy ekanligiga diqqat qilamiz va oxir-oqibat uni ana shu ikki qarama-qarshi qatorning biriga kiritamiz [7, 12-13]”. Mana shunday qaramaqarshilikni yuzaga keltiruvchi birliklar lingvistik manbalarda antonimlar deb yuritiladi va ular “til birliklarining oʻzaro semantik jihatdan zid, qarama-qarshi boʻlish hodisasi boʻlib, qarama-qarshi, zid ma‘no bildiradigan soʻzlar [18, 16]”dir. Badiiy matnda voqealar darajasini oshirish, voqea-hodisaga boʻlgan fikrni bir-biridan ajratishda, har qanday nutqning tasviriy va mukammal chiqishida tilimiz leksikonida mavjud boʻlgan zid ma‘noli soʻzlar katta ahamiyatga ega. Ijodkorlar bu usuldan hamisha foydalanib kelishgan. Tilda zid ma’noli soʻzlarning mavjudligi badiiy nutqning ifodaliligi, ekspressivligi, ta’sirchanligini ta’minlashda qulay vositalardan biridir. Sharq adabiyotida juda qadim zamonlardan buyon tildagi bu ifoda imkoniyatidan keng foydalanib kelingan. Abu Abdulloh al-Xorazmiy oʻzining badiiyat ilmi istilohlari tadqiqiga bagʻishlangan “Mafotih al-ulum” asarida mutobaqa atamasiga shunday izoh beradi: “mutobaqa soʻzi tobaqa fe’lidan olingan boʻlib, u muannas “tuya orqa oyogʻini oʻzining oldingi oyogʻining iziga qoʻyib yurdi” ma’nosini beradi [12, 57]”. Yevropa 206 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman filologik an’anasida bu san’at antiteza deb yuritiladi. Antiteza grekcha “qarama-qarshi” soʻzidan olingan boʻlib, bir-biriga zid tushuncha, fikr va hissiyotlarni ifodalashda, ularga qiyosiy tavsif berishda qoʻllanuvchi tasviriy vositalardan biridir. U mumtoz adabiyotda tazod deb ham yuritiladi [14, 40-41]. Badiiy asar tiliga bagʻishlangan ishlarda zidlantirish, qarshilantirish atamalaridan foydalaniladi. Zid ma’noli soʻzlarni yonma-yon qoʻllash orqali tushunchalar, belgilar, holatlar, obrazlar zidlantiriladi. “Qomusiy lugʻat”da tazod arabcha soʻz boʻlib, zid qoʻyish, qarshilantirishga asoslangan san’at ekanligi, nazm va nasrda keng qoʻllanilishi qayd qilinadi [1, 13]. Bu atama Umar Roduyoniy, Toj al-Halaviy, Sharafiddin Romiy asarlarda mutazod; Rashididdin Votvot, Shayx Ahmad Taroziy, Husayn Voiz Koshifiy asarlarda al-mutazod; Shams Qays Roziy, Hamididdin Najotiy asarlarda mutobiqa; Shams Faxriy Isfahoniyda al-ittizod kabi turli istilohlar bilan keltirilgan. Shuningdek, Atoulloh Husayniyning “Badoye’ us-sanoye’” asarida esa ushbu san’atning tiboq, tatbiq, tazod va takofu deb ham yuritilishi [11, 225] ta’kidlanadi. Bizning ushbu maqolamiz materiallari sifatida “Oshiqnoma” dostonlaridagi zid ma’noli birliklar, xususan, leksik, frazeologik, birikmali qarshilantirishlar tanlangan boʻlib, ularning badiiy matndagi vazifalari va xususiyatlari tahlil qilingan. Bu jarayonda lingvistik tadqiqot metodlaridan lisoniy tabdil, tavsiflash, lugʻatlarga asoslanish, tasviriy metoddan foydalanilgan. Ma’lumki, folklor asarlarning til xususiyatlari tahlil qilinayotganda, tanlangan material tabdiliga va tavsifiga e‘tibor qaratilishi, shuningdek, bir qancha lugʻatlar (xususan, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili antonimlarining izohli lugʻati”, “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati”, “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” kabi lugʻatlar)ga murojaat qilinishi tabiiy hol sanaladi. “Oshiqnoma” dostonlari matnida tazod san’ati yuksak mahorat bilan qoʻllagan boʻlib, dostonlar matnida ushbu san’atning qoʻllanilishida ikki jihat yaqqol koʻzga tashlanadi. Birinchisi shuki, ba’zi oʻrinlarda dostonlar matnida bir yoki bir necha baytidagina tazoddan foydalanadi; ikkinchisi ayrim o‘rinlarda boshdan oxirigacha ushbu san’at asosiga quradi. Masalan, baytlar matla’sida qarama-qarshi ma’noli soʻzlardan foydalangan: Layli bilan Majnun o‘tdi dunyodin, Аlardin ot qoldi, mandin qolmadi. Shirin bilan Farhod o‘tdi dunyodin, Аlardin ot qoldi, mandin qolmadi. [OG‘SH, 48-b] Qodir ollo rahm aylagil holima, Аvvalo Rahimu Rahmon haqqi uchun. Erlarning tilagin bergil, qulinga, Yetti qat еr, еtti osmon haqqi uchun. [HH, 123-b] 207 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Ushbu matla’larda “qoldi, qolmad”; “yer, osmon” juftlari oʻzaro tazod san’atini hosil qilgan. Baytda bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan bunday birliklardan foydalanish muallif yoki lirik qahramon nutqining hissiy-ekspressiv ta‘sir kuchini yuksaltira olgan. “Antonimlar badiiy tasvirda katta ahamiyatga ega. Ular fikrni ta‘sirli va ifodali qiladi. Shuning uchun ham ular koʻpincha publitsistik va badiiy uslubda ishlatiladi. Mazkur usuldagi tasvirda yozuvchi yoki shoir biror shaxs yoki voqea haqida ma‘lumot beradi va bu shaxs yoki voqeaga nisbatan kitobxonda simpatiya yoki antipatiya uygʻotadi [17, 57]”. “Oshiqnoma” dostonlari matnida har bir baytning oʻzida ikkita yoki uchta antonimik juftlik qoʻllab, she’riyatning badiiylik va nafislik qimmatini oshirgan hamda ushbu baytlarda qarama-qarshi ma’noli leksik vositalar kuchli tarzda poetik aktuallashgan. “Ma‘lumki, hodisalarni turli zidlanishlar asosida tasvirlash ularning mohiyatini yorqinroq ochishda eng zaruriy jihatdir. Badiiy nutq uchun esa bu usul ifodalilikni, ta‘sirchanlikni oshirishdagi juda keng koʻlamli imkoniyat hisoblanadi [6, 20]”. Masalan: Choshgoh chiqib zulfing tara, Oq yuzingga ro‘mol o‘ra, Raqib yuzi bo‘ldi qora, Bilib yursang yo‘llaringdan. G‘arib oshiq o‘zim faqir, Yozu qishin bo‘ldim haqir, Ilkim yozib tilim o‘qir, Dahan ichra bollaringdin.… [OG‘SH, 23]. Ushu misralarda oq, qora va yozu qish antonimik birliklarni qo‘llash orqali lirik qahramon ruhiy holati tasvirlangan. Folklor janri bo‘lgan dostonlar matnida qahramonlarning holatini tasvirlashda zid ma’noli birliklar katta ahamiyat kasb etadi. Darhaqiqat, lisoniy va kontekstual yoki nutqiy antonimlar badiiy matnda birbiriga zidlanar ekan, ayni zidlik alohida urgʻu oladi, buning barobarida antonimik juftlikdagi har ikki uzv ham badiiy-estetik salmoqqa ega boʻladi. Kontekstual antonimlardan badiiy asarda tasvirning ta’sirchanligini oshirish maqsadida ishlatiladi. Masalan, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonidan olingan ushbu misralarda kontekstual antonimlik yuzaga kelganini ko‘rishimiz mumkin. Bu so‘zlaring meni qo‘ydi alama, Bulbul uchib zog‘lar qo‘ndi gulima, Kokillarim chirmashibdir belima, Odam chaqqan mor ekaning bilmadim. Bu na edi og‘u qo‘shding oshima, Rahming kelmas ko‘zdan oqqan yoshima, Qizil gul deb sanchib edim boshima, 208 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Quruq tikan xor ekaning bilmadim…[OG‘SH, 50-b] misralardagi qarshilantirishning birinchisi, ya’ni 1) bulbul uchib – zog‘lar qo‘ndi; juftliklari kontekstual zid ma’noli birlik hisoblansa, 2) qizil gul – quruq tikan soʻzlari lisoniy antonim hisoblanadi. Ba’zan dostonlar matnida qahramonlar ruhiyatidagi kontrastlikni boʻrttirib tasvirlash maqsadida muayyan bir kontekstual sinonimik qatordagi bir necha soʻzni boshqa bir kontekstual sinonimik qatordagi bir necha soʻzga birdaniga zidlantirish yuzaga kelgan. Masalan, Dostonlar matnida uchraydigan “bizi – siza ”, “tiriklayin – hok bo‘lmoq”, kabi juftliklarni birdaniga lisoniy va kontekstual antonimlik holatida qoʻllab, lirik qahramon ruhiyatining emotsional-ekspressivligi tasvirlangan. Ishi devonalik bo‘lub, Bizi siza elchi qilib, Xonumonin o‘ta solub, Sanam ko‘p afg‘on aylamish… [OG‘SH, 92-b] Tiriklayin kuya-kuya hok bo‘ldum, Chu dardi ishqdin siyna chok bo‘ldum, Sanamning yo‘linda man cholok bo‘ldum, Hasan bobo, Sanamjong‘a borurman… [OG‘SH, 92-b] Ushbu baytda dastlab, bizi (1-shaxs birlik men olmoshi kamtarlik ma’nosida biz shaklida) siza, sizga (jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi –ga, qisqargan shaklda –a tarzda) qo‘llangan. Konteksda atonimlik yuzaga keltirgan, bir-biridan farqlash uchun qo‘llanilgan. Tiriklikda kuya-kuya hok bo‘lmoq, lirik qahramon ruhiy holati tasvirlangan bo‘lib, mashuqaning ishqida kuya-kuya tiriklayin o‘lishi tasvirlangan, konteksda qarshilantirish hodisasi yuzaga kelgan. Leksik antonimlar bilan kontekstual antonimlarni farqlovchi belgilar mavjud. Jumladan: a) leksik antonimlar kontekstda ham, kontekstdan tashqarida ham antonimlik xususiyatini saqlagan boʻladi: katta – kichik, past – baland kabi. Kontekstual antonimlar esa faqat ayrim kontekstdagina qarama-qarshi ma’noda qoʻllanib, ayni kontekstdan tashqarida biri ikkinchisiga antonim boʻlmaydi, ya’ni biri ikkinchisini inkor qilmaydi: suv – olov, shakar – tuz kabi; b) leksik antonimik juftlikning har ikkala komponenti (qismi) ham bir xil soʻz turkumi boʻlishi shart: savol – javob (ot), yaxshi – yomon (sifat), avval – keyin (ravish), kelmoq – ketmoq (fe’l) kabi. Ammo kontekstual antonimlar doimo bir soʻz turkumi boʻlishi shart emas, ya’ni ayrim kontekstlarda har xil turkumga oid birliklar qaramaqarshi qoʻyilishi mumkin: dilbar – man, tiriklikda – oʻlgach kabi; 209 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman d) leksik antonimlar aksariyat hollarda soʻzlarning asosiy (bosh) ma’nolaridan, kontekstual antonimlar esa deyarli koʻpchilik hollarda soʻzlarning koʻchma yoki majoziy ma’nolaridan yuzaga keladi. Dostondan olingan quyidagi baytda ko‘chma ma’noli so‘zlar yordamida kontekstual antonimlik yaratilgan: Tepadin to‘kilur tuproq mango oson, sango yomon, Ko‘zima to‘kilgan tuproq to‘lg‘uncha do‘nmanam sandin…[OG‘SH, 92-b] Baytda mongo oson, sango yomon kontekstual antonimlikni yuzaga keltirgan bo‘lib, menga oson, senga qiyin, qiyin so‘zining sinonimi tarzida yonon so‘zi qo‘llanilgan. f) leksik antonimlar ushbu til soʻzlashuvchilari uchun umumiylik kasb etgan barqaror hodisa sanaladi, ya’ni muayyan shaklda shu til va shu til egalari amaliyotida uzoq vaqt yashaydi. Masalan: oq – qora, uzoq – yaqin, katta – kichik, yaxshi – yomon kabi antonimlar insoniyatning ibtidoiy davridan beri shu shaklda mavjud boʻlgan. Kontekstual antonimlar esa shoir yo adiblar, yoki soʻzlashuvchilarning nutqdan foydalanish qobiliyatiga bogʻliq holda nutq (badiiy asar yaratilish) jarayonida paydo boʻladi (yaratiladi). Ular uchun umumiy qolip mavjud emas, ularning qolipi tez-tez oʻzgarib turadi. Keltirilgan lingvistik belgilar “Oshiqnoma” dostonlari yaratilgan davrdagi oʻzbek tilining imkoniyatlarini oʻzida aks ettiradi. Shunday ekan, xalq og‘zaki ijodi janrlariga mansub bo‘lgan “Oshiqnoma” turkumi dostonlari orqali milliy til elementlari paydo boʻlib, rivojlanib, takomillashib borgan. Ammo mazkur davrda dostonlar tilining tadqiqi еtarlicha yoritilmagan, bu esa xalq og‘zaki ijodiy merosi manzarasini toʻlaqonli tasavvur etish uchun til xususiyatlarini tadqiq qilish zarurati mavjudligini hamda bizdan muayyan tavsif-tahlil jarayonini amalga oshirishimiz kerakligini koʻrsatadi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Alisher Navoiy. Qomusiy lugʻat. 2-jild. – Toshkent: Sharq, 2016. 2. Абдуллаева Д. Антисемиянинг лингвопоэтик имкониятлари. // Научный мир Казахстана. – №4 (32). – 2010. 3. Абдураҳмонов Х., Маҳмудов Н. Сўз эстетикаси. – Тошкент: Фан, 1981. 4. Атоуллоҳ Ҳусаиний. Бадойиъу-с-санойиъ (Аруз вазни ва бадиий воситалар ҳақида). – Тошкент: Ғофур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1981. 5. Зиёвуддинова М. Абу Абдуллоҳ ал-Хоразмийнинг “Мафотиҳ ал-улум” асарида поэтика. – Тошкент: ТДШИ, 2001. 6. Қиличев Э. Антонимларнинг стилистик хусусиятлари // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 1984. – №2. 7. Лапасов Ж. Бадиий матн ва лисоний таҳлил. – Тошкент: Ўқитувчи, 1995. 8. Раҳматуллаев Ш. ва б. Ўзбек тили антонимларининг изоҳли луғати. – Тошкент: Ўқитувчи, 1980. 9. Ҳожиев А. Лингвистик терминларнинг изоҳли луғати. – Тошкент: Ўқитувчи, 1985. 10. Xоразм достонлари. Ошиқнома. 1-китоб (2006), 2-китоб (2006), 3-китоб (2008), 4-китоб \\ Масъул муҳаррир С.Р.Сапарбоев. – Урганч: “Хоразм” нашриёти, (2009).