AVGUST SHLEYXERNING LINGVISTIK QARASHLARI TADQIQI
Full text
23 AVGUST SHLEYXERNING LINGVISTIK QARASHLARI TADQIQI Turobov Abdurayim Malikovich, Samarqand davlat chet tillar instituti, professor, filologiya fanlari doktori, E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387208 Annotatsiya: Ushbu maqolada Avgust Shleyxerning lingvistik merosi, tilni insonning ijtimoiy faoliyati mahsuli emas, balki biologik organizm singari tabiiy ravishda tug‘iladi, rivojlanadi va o‘ladi, deb hisoblashganligi, tilni “tirik organizm”ga qiyos qilganligi, uning evolyutsion rivojlanish bosqichlarini biologik jarayonlarga o‘xshatganligi o‘rganilgan. XIX asrda tilshunoslikning mustaqil fan darajasiga ko‘tarilishi munosabati bilan maydonga kelgan naturalizm oqimining asosiy g‘oyasi tilga o‘simlik va hayvonot dunyosiga xos bo‘lgan xususiyatlarni tashuvchi biologik hodisa sifatida qaralganligi haqida ham ma’lumot berilgan. Avgust Shleyxer tilshunoslikni nemis, slavyan, boltiq tillari bo‘yicha yozgan asarlari, nazariy tadqiqotlari bilan boyitganligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Kalit so‘z: til, naturalizm oqimi, biologik organizm, geografik va ijtimoiy omillar, daraxt modeli, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, genealogik model, biologik evolyutsiya, areal tilshunoslik, kompyuter lingvistikasi, tafakkur, bobotil, flektiv, agglyutinativ. Annotation: This article explores the linguistic legacy of August Schleicher, who regarded language not as a product of human social activity but as a natural organism that is born, develops, and dies. The study examines his comparison of language to a “living organism” and his interpretation of the evolutionary stages of language development as analogous to biological processes. It also provides information about the rise of the naturalistic school of linguistics in the 19th century, whose main idea was to view language as a biological phenomenon possessing characteristics similar to those of the plant and animal worlds. It has been scientifically proven that August Schleicher enriched linguistics with his theoretical research and works on Germanic, Slavic, and Baltic languages. Key words: language, naturalistic school, biological organism, geographical and social factors, tree model, comparative-historical linguistics, genealogical model, biological evolution, areal linguistics, computational linguistics, thought, proto-language, inflectional, agglutinative. XIX asr tilshunosligi tarixida naturalizm oqimi muhim o‘rin egallaydi. Bu oqim tarafdorlari tilni insonning ijtimoiy faoliyati mahsuli emas, balki biologik organizm singari tabiiy ravishda tug‘iladi, rivojlanadi va o‘ladi, deb hisoblashgan. Avgust Shleyxer ushbu yo‘nalishning eng yirik namoyandasi sifatida tilni “tirik organizm”ga qiyos qilgan, uning evolyutsion rivojlanish bosqichlarini biologik jarayonlarga o‘xshatgan. U tilning paydo bo‘lishi, o‘sishi va o‘lishi tabiiy qonunlarga bo‘ysunadi, deb ta’kidlab, til taraqqiyotini tabiiy evolyutsiyaning bir qismi sifatida talqin qilgan. XIX asrda tilshunoslikning mustaqil fan darajasiga ko‘tarilishi munosabati bilan maydonga kelgan naturalizm oqimining asosiy g‘oyasi tilga o‘simlik va hayvonot dunyosiga xos bo‘lgan xususiyatlarni tashuvchi biologik hodisa sifatida qarashdir. Bu oqimning mashhur namoyandasi nemis olimi Avgust Shleyxer hisoblanadi. U
24 tilshunoslikni nemis, slavyan, boltiq tillari bo‘yicha yozgan asarlari, nazariy tadqiqotlari bilan boyitdi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning 40 yil davomida erishgan yutuqlariga yakun yasadi. Avgust Shleyxer asarlarini mazmun va mundarijasiga ko‘ra uch guruhga bo‘lish mumkin: 1. Hind-Yevropa tillarining qiyosiy-tarixiy grammatikalari: a) Cherkov-slavyan tili morfologiyasi, 1852. b) Litva tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘llanma, 1855-1857. v) Hind-Yevropa tillari qiyosiy-tarixiy grammatikasining kompendiumi (asosiy qoidalari), 1861-1862. Bu qiyosiy-tarixiy tilshunoslik taraqqiyotining birinchi davriga yakun yasovchi asar hisoblanadi. 2. Avgust Shleyxer asarlarida til nazariyasining umumiy masalalarini yorituvchi kirish qismlar: a) “Qiyosiy-tarixiy tadqiqotlar” nomli asarning har ikki kitobidagi kirish qismlar. 1-kitobi “Tillarning qiyosiy-tarixiga doir” (1843). b) Nemis tili, 1859. 3. Avgust Shleyxerning naturalistik qarashlarini ancha keng aks ettiruvchi asarlar: v) Insonning tabiiy tarixi uchun tilning ahamiyati, 1865. Avgust Shleyxer “Nemis tili” asarida fonetik qonunlar, analogiya tilning o‘ziga xos sistema sifatidagi xususiyati kabi muhim masalalar yoritilgan. Ammo, mutaxassilarning qayd qilishicha uning “Hind-german tillari qiyosiy grammatikasining asosiy qoidalari” nomli asari katta ta’sir ko‘rsatgan [A.Turobov, 2020: 90]. Avgust Shleyxerning tilshunoslik tarixidagi eng muhim nazariy meroslaridan biri genealogik daraxt modelidir. U bu model yordamida tillarning bir-biridan kelib chiqishini, ularning umumiy “ona til”dan tarmoqlanib rivojlanishini ilmiy asosda tasvirlab bergan. Shleyxerga ko‘ra, barcha tillar avval bir ildizdan boshlangan, keyinchalik tarixiy, geografik va ijtimoiy omillar ta’sirida turli tarmoqlarga ajralgan. Daraxt modeli ana shu tarmoqlanish jarayonini sxematik tarzda ifodalaydi. Mazkur model o‘z davrida qiyosiy-tarixiy tilshunoslikda inqilobiy ahamiyat kasb etdi. Chunki u tillar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni tasodifiy emas, balki tarixiy-genetik aloqadorlik natijasi sifatida izohlash imkonini berdi. Shuningdek, bu yondashuv Hind-Yevropa tillari oilasining tuzilishini oydinlashtirishda muhim metodologik vosita bo‘ldi.
25 Charliz Darvinning evolyutsion ta’limoti Avgust Shleyxerning naturalistik tamoyillarini yanada kuchaytirib yuboradi. “Darvinning isbotlari va qarashlari, – deydi u, – menga alohida kuch bilan ta’sir qildi”. Avgust Shleyxerning Naturalizm “Darvin nazariyasi va til haqidagi fan”(1863), “Insonning tabiiy-tarixi uchun tilning ahamiyati”(1865) asarlarida to‘liq va aniq bayon qilingan. Avgust Shleyxer tilni jonli organizm sifatida talqin qiladi, holbuki organizmda tilga xos belgilar yo‘q. A.Nurmonov va B.Yo‘ldoshevlar “Tilshunoslik va tabiiy fanlar” kitobida shunday yozadi: Tilga naturalistik yondashuv kontsepsiyasi Germaniyaning Ien universiteti professori Avgust Shleyxerning (1821-1868) “Til haqidagi fanga Darvin nazariyasining tadbiqi” (1863) va “Insonning tabiiy tarixi uchun turlarining ahamiyati” (1865) asarlarida yorqin ifodasini topgan. A.Shleyxer tilni “tovushlar yordamida ifodalangan tafakkur”, “tafakkur jarayonida tovushlar orqali ifodalangan fikr” deb tushunadi. Uning fikricha, til alohida shaxsga bog‘liq emas. Tilda inson irodasiga bo‘ysunmaydigan ma’lum qonunlar mavjud. Xuddi shunday qonunlar tabiiy fanlardagina kuzatiladi. Tilshunoslik ob’ekti lingvistga bevosita beriladi. U tadqiqotchi sub’ektivizmdan xolidir. Ana shunday fikrga tayangan holda, Shleyxer tilshunoslik inson tabiiy tarixining bir qismini tashkil etadi, degan xulosaga keladi va uni tabiiy fanlar sistemasiga kiritadi [A.Nurmonov, B.Yo‘ldoshev, 2001: 100-101]. Avgust Shleyxerda naturalizmdan tashqari, boshqa kamchiliklar ham bo‘lgan. Masalan, u “Tarix falsafasi” (1840) nomli asarida Gegelga ergashib til hayotini ikki davrga bo‘lgan: 1.Tillarning rivojlanish davri. 2. Tarixiy davr. Uning bu soxta farazi Yakob Grimm va A.A.Potebnyalar tomonidan asossiz ravishda tanqid qilingandir. Avgust Shleyxer tillarning paydo bo‘lishi muammosi bilan shug‘ullanib, “Bobotil” nazariyasini olg‘a suradi va uni “shajara daraxti” ko‘rinishini tasvirlaydi. U barcha tillarning “Bobotil”dan, ya’ni Hind-Yevropa tillaridan kelib chiqqanligi haqidagi nazariyasiga qattiq ishonadi. Shuning uchun o‘zi “tiklagan” “Bobotil”da “Qo‘y va otlar” (1868) nomli masal ham yozadi. Avgust Shleyxer tillarning ichki tuzilishini qiyosiy-tarixiy metod asosida o‘rganar ekan, tillarni quyidagicha tipologik tasnif qiladi: 1. Ajratuvchi tillar (xitoy, annam, siam va birma tillari). 2. Biriktiruvchi tillar, hozir “agglyutinativ tillar” deyiladi. 3. Flektiv tillar. Avgust Shleyxer ajratuvchi tillarni tillarning eng arxaik ko‘rinish biriktiruvchi tillarni o‘tkinchi davr tillari, sintetik qurilishga ega bo‘lgan flektiv tillarni esa taraqqiyotning eng yuqori bosqichida turuvchi tillar deb hisoblaydi.
26 Avgust Shleyxer tilning tovush tomoniga, til bilan tafakkurning o‘zaro uzviy bog‘liq ekanligiga alohida e’tibor bergan. Umuman olganda, Avgust Shleyxer, uning qarashlarida anchagina kamchiliklar bo‘lishiga qaramasdan, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Xulosa qilib aytganda, naturalizm oqimi tilshunoslik taraqqiyotiga quyidagidek ikkita muhim hissa qo‘shgan: 1.Tilshunoslikda tilga tabiiy-materialistik qarash paydo bo‘ldi. 2.Tilni uning qismlari, unsurlari o‘zaro uzviy bog‘langan va til o‘ziga xos ichki tuzulishiga ega bo‘lgan sistemadir deb tushunishning mustahkamlanishiga yordam berdi. Uning ayrim qarashlari va tamoyillari hatto, hozirgacha ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ta’kidlash lozimki, tilga nisbatan “jonli organism” birikmasining qo‘llanishi aslida Shleyxergacha ham mavjud bo‘lgan [R.Rasulov, 2017: 85]. Umuman olganda, Avgust Shleyxerning nazariy merosi XIX asr tilshunoslik tafakkurida chuqur iz qoldirgan. Uning qarashlari qator kamchiliklarga ega bo‘lsa-da, u tilshunoslikni tabiiy fanlar darajasida ilmiy asoslashga bo‘lgan ilk urinishni amalga oshirdi. Shleyxer tilni biologik organizmga qiyoslab, uning rivojlanish bosqichlarini tabiiy evolyutsiya qonuniyatlari bilan bog‘ladi. Bu qarash o‘z davrida yangi ilmiy paradigmaning shakllanishiga turtki bo‘ldi, ya’ni tilni empirik, kuzatish va qiyoslash asosida o‘rganish g‘oyasi keng tarqaldi. Xulosa qilib aytganda, Avgust Shleyxer va naturalizm oqimi tilshunoslikning mustaqil fan sifatida shakllanishida muhim bosqichni tashkil etadi. Ular tilni ichki tuzilishga ega bo‘lgan, o‘z qonuniyatlari asosida rivojlanadigan murakkab tizim sifatida talqin qilishga turtki bo‘lishdi. Shleyxerning g‘oyalari keyingi ilmiy yo‘nalishlar Gumboldtning falsafiy til nazariyasi, Sossyurning struktur yondashuvi, hamda XX asr psixologik va sotsiolingvistik oqimlari uchun nazariy zamin yaratdi. Shu bois, Shleyxer qarashlari bugungi zamonaviy tilshunoslikning shakllanish tarixida o‘z o‘rnini saqlab qolgan ilmiy meros sifatida baholanadi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Turobov A. Umumiy tilshunoslik. – Samarqand: SamDCHTI nashri, 2020 - yil, 240 b. 2. Nurmonov A. Yo‘ldoshev B. Tilshunoslik va tabiiy fanlar.– Toshkent: Sharq, 2001 - yil, 160 b. 3. Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2017 - yil, 312 b.