scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ZAMONAVIY O'ZBEK PUNKTUATSIYASIDA ME'YOR VA UZUS

Baxriddinova B.M.; To'rayeva D.M.

Full text

27 ZAMONAVIY O‘ZBEK PUNKTUATSIYASIDA ME’YOR VA UZUS Baxriddinova B.M. Qarshi davlat universiteti professori filologiya fanlari doktori To‘rayeva D.M. Iqtisodiyot va pedagogika universiteti rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387238 Annotatsiya. Maqolada zamonaviy o‘zbek yozma nutqida tinish belgilaridan amaldagi me’yorlarga bo‘ysunmagan, tartibsiz foydalanilish holatlari ko‘paygani, ushbu tartibsizlik punktuatsion qoidalarning takomillashuvi, punktuatsiya taraqqiyoti, yangi tartib, qoida, me’yorlarning barqarorlashuviga zamin hozirlashi, bu esa tinish belgilari tadqiqiga yangi lingvistik paradigmalar, xususan, lingvosinergetika ko‘zgusida yondashish zaruratini yuzaga keltirayotgani xususida so‘z boradi. Kalit so‘zlar. me’yoriy punktuatsiya, tartibga solingan punktuatsiya, kodlangan punktuatsiya, klassik punktuatsiya, an’anaviy punktuatsiya, xaos, tartib, lingvosinergetika, tartibga solinmagan punktuatsiya, punktuatsion arxaizm, beqaror punktuatsiya, noan'anaviy punktuatsiya, kommunikativ maqsad. Abstract. The article discusses the increasing number of cases of irregular use of punctuation marks in modern Uzbek written speech, the improvement of punctuation rules, the development of punctuation, the establishment of new procedures, rules, and norms, which creates the need to approach the study of punctuation marks from the perspective of new linguistic paradigms, in particular, linguosynergetic. Keywords: normative punctuation, regulated punctuation, coded punctuation, classical punctuation, traditional punctuation, chaos, order, linguosynergetic, unregulated punctuation, punctuation archaism, unconventional punctuation, nonredundant punctuation, regulated punctuation, unstable punctuation, unconventional punctuation, communicative purpose. Ma’lumki, punktuatsiyada umum e’tirof etilgan, aksariyat tillarda amal qiladigan, ko‘pchilik tomonidan tan olingan barqaror umumiy jihatlar bilan birga, birbiridan farqlanuvchi xususiyliklar, odatga aylangan (uzus), yozilmagan qoidalar, istisnolar ham mavjud. Boshqa til birliklari kabi tinish belgilari ham qabul qilingan me’yorga ko‘ra (me’yoriy) va okkazional (individual, noodatiy, matn talabiga ko‘ra) qo‘llanadi. Bu punktuatsiyada bir-biriga zid bo‘lgan me’yoriylik va tartibsizlikni keltirib chiqaradi. Punktuatsiyaning milliy taraqqiyotiga nimalar sabab bo‘ladi? Punktuatsiyada me’yor, uzus (urf,odat) va an’ana tushunchalari nimani anglatadi? Turli intralingvistik va ekstralingvistik omillarga ko‘ra tinish belgilarining amaliyotda muayyan qoida, qoliplarga bo‘ysunmay qo‘llanayotgani klassik punktuatsiyaning hozirgi kungacha amalda bo‘lib kelgan oltin me’yorlarining barqarorligiga shubha uyg‘ota boshladi. Bir-biriga qarama-qarshi, ammo bir-birini taqozo etadigan mazkur voqelikni punktuatsiyada uzoq davrlar mobaynida 28 shakllangan barqaror tartib-qoidalar va ularning favqulodda beqarorlashuvi, tartibsizlik (xaos) deb baholash mumkin. Punktuatsiya taraqqiyotining bugungi bosqichiga kelib yozma nutq taraqqiyoti bilan bog‘liq holda uning turli shakllari – badiiy ijod, publitsistika, ilmiy, rasmiy matnlar, ijtimoiy tarmoq matnlari, shaxsiy yozishmalar va boshqa o‘rinlarda qo‘llanayotgan tinish belgilarini qat’iy me’yorda ushlab turish, mavjud punktuatsion me’yorlar, sof lingvistik qonuniyatlargagina tayanib ilmiy asoslashning imkoni bo‘lmay qoldi. Zamonaviy punktuatsion terminotizimda yangi-yangi tushunchalar, yangi-yangi terminlar paydo bo‘ldiki, bu, o‘z-o‘zidan, o‘zbek punktuatsiyasi oldiga ham yangi-yangi savollarni qo‘ya boshladi. Aksariyat savollarning tug‘ilishi zamonaviy punktuatsiyada tinish belgilarining qo‘llanilishida struktur-sintaktik va intonatsion omillar susayib, mantiqiy-semantik va kommunikativ-pragmatik omillarning roli oshib borayotganiga borib taqaladi. Aniqrog‘i, tinish belgilarining qo‘llanishida punktuatsiyaning barqaror klassik me’yorlariga asoslangan tizim – tartib va unga qarama-qarshi – nutqiy vaziyat, muloqot shakli, muallif uslubi, matn turi va boshqa shu kabi ekstralingvistik omillarga bog‘liq ravishda yuzaga chiqqan tartibsizlik – xaos yuzaga keldi. Punktuatsion me’yor – punktuatsiyaning ilmiy asoslariga tayanib ishlab chiqilgan va joriy etilgan umumiy qonun-qoidalar majmui. Umumiy – aksariyat tillarda amal qiluvchi punktuatsion me’yorlar turg‘un, barqaror bo‘lib, deyarli o‘zgarishga uchramaydi, keskin yangilanmaydi. Me’yoriy punktuatsiya ayni paytda dunyoning aksariyat tillari, jumladan, o‘zbek tili uchun ham umumiy bo‘lgan, shuningdek, zamonaviy kompyuter tili (internet, sun’iy intellekt, ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlar)ning lingvistik ta’minoti asoslangan, muayyan qoidalar bilan bilan tartibga solingan punktuatsion tizim hamda uning ichki qonuniyatlarini nazarda tutadi. Me’yoriy punktuatsiya tinish belgilari taraqqiyotining ilk bosqichlarida shakllangan hamda aksariyat yozuvlar uchun hanuz amal qilib kelayotgan barqaror, turg‘un bo‘lib qolgan umumiy qoida-qonuniyatlarni tan oladi va ularga tayanadi. Ma’lumki, olam doimiy o‘zgarishda bo‘lib, uning in’ikosi bo‘lgan til ham tashqi muhit ta’siri natijasida muntazam o‘zgarib, takomillashib boradi. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshadi va, o‘z navbatida, sifat o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi. Ya’ni tildagi bu o‘zgarishlar, o‘z navbatida, uning muayyan davr uchun xos bo‘lgan fonetik, leksik, morfologik, sintaktik, jumladan, punktuatsion me’yorlariga ham ta’sir etadi. Tinish belgilari ana shu doimo o‘zgarib, rivojlanib boruvchi tilga xizmat qilgani uchun u ham tarixiy nuqtai nazardan o‘zgaruvchandir. Shu bois har bir davrda turli omillarga bog‘liq holda tinish belgilarining vazifasi, qo‘llanishi bilan 29 bog‘liq o‘zgarishlar bo‘lishi – ayrim tinish belgilari o‘z funksiyasini boshqa belgilarga bo‘shatib berishi, tizimda ortiqcha bo‘lib qolishi, ayrim belgilarni qo‘llashga zarurat kamayishi yoki ayrim tinish belgilari funksional jihatdan taraqqiy etishi mumkin. Bu punktuatsiyada ma’lum darajada barqaror bo‘lgan umumiy klassik me’yorlar bilan birga muayyan tartiblarga bo‘ysunmagan, u yoki bu turdagi matnning funksional sifatlari, nutqiy vaziyat taqozosiga ko‘ra shakllangan an’analar, uzuslarni yuzaga keltiradi. Punktuatsion uzus (lotincha usus “qo‘llash, odat, qoida”) – muayyan til egalari tomonidan shu til birliklari – leksik, frazeologik, morfologik, sintaktik birliklarining umumiy qabul qilingan, odatga aylangan shaklda qo‘llanilishi. U til me’yori va til tizimi tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq. (1) Uzus tinish belgilarining tipik bo‘lmagan, ammo odatlanilgan, muayyan davrda aksariyat yozuvchilar uslubida, masalan, ilmiy uslub, badiiy uslubda urfga aylangan qo‘llanish bilan bog‘liq holatlari bo‘lib, u davrlar o‘tishi bilan yo iste’moldan qoladi yoki bora-bora me’yorga aylanadi. An’anaviy klassik punktuatsiyadan farqlanib, XXI asr punktuatsiyasi tilning sintaktik tuzilishi va uning funksional uslublarigagina tayanib ish ko‘rmaydi. Shu bilan birga tinish belgilarining joriy qoidalarga zid, noodatiy qo‘llanishini faqatgina muallif xohishi, uslubi bilan bog‘liq ham deb bo‘lmaydi. U ko‘proq nutq vaziyati, funksional jihatdan turlicha bo‘lgan matnlarning umumiy stilistik xususiyatlarini qamrab olish zarurati bilan aloqador. Aniqrog‘i zamonaviy punktuatsiyada tinish belgilarining ishlatilishi nutq vaziyati, matnning tabiati bilan bog‘liq holda tartibga solinadi. Masalan, jiddiy uslublar – ilmiy yoki rasmiy uslubda funksional jihatdan emotsiya, his-tuyg‘ularni ifodalashga xoslangan undov, ko‘p nuqtalarni kam uchratamiz. Raqamli muloqot shakllarida esa tinish belgilarining takror, ya’ni birdan ortiq (??????????, !!!!!!!!!!!!, ), )), ))), )))), ((, (((, ..........) qo‘llanishi, turli kombinatsiyalarda kelishi (????!!!!!!!, ...)), ((..., (:–\", :–), :–(, :–[, :–0, :–*, ;–), ☺..., :), ...) ko‘proq kuzatiladi. N.N.Orexova punktuatsiyada yangicha an’analarning yuzaga kelishiga turli omillar, avvalo, inson omili, shuningdek, yozuvchi va korrektorlarning bilim darajasi, ijod maktabi an’analari, tipografiyalar, nashriyotlarning nufuzi va boshqalar sabab bo‘lganini ta’kidlagan edi. (2) Punktuatsiyaning umumiy me’yorlari kabi uning odatga kirgan yangi an’analarining ham shakllanishida inson omili – yozuvchi va noshirlar, ziyolilarning roli katta. Jumladan, o‘tgan asr boshlarida ijod qilgan millatimiz ziyolilari – shoirlar, yozuvchilar, olimlar, jurnalistlar – mavjud umumiy punktuatsion me’yorlarga tayanib o‘zbek punktuatsiyasi nazariyasini shakllantirishga sababchi bo‘ldilar. Joriy punktuatsiya qoidalarini ishlab chiqishda ularning asarlari 30 asos bo‘lib xizmat qildi. Biroq davrlar o‘tishi, jamiyat, ilm-fanning taraqqiy etishi bilan bog‘liq mavjud qoida-qonuniyatlar tilning milliy tabiatidan kelib chiqib o‘zgarib, takomillashib boraveradi. “Tinish belgilarini qo‘llashning joriy me’yorlari ishlab chiqilgan, belgilab bo‘lingandan so‘ng ham yozuvchilar ularni o‘z asarlarida muayyan yangicha ko‘rinishda qo‘llashda davom etaveradilar. Ya’ni yozuvchilar biror tinish belgisidan o‘z asarida individual foydalanishi, bu esa boshqa ijodkorlar uchun ham andaza vazifasini o‘tashi, bora-bora odatga aylanishi kuzatiladi”. (3) Tadqiqotchi D.To‘rayevaning fikricha, “Hozirga qadar tilshunoslikda me’yor va uzus chegarasi masalasida munozaralar davom etmoqda. Ayrim tilshunoslar tilda tasdiqlangan qoida, qonuniyatlar emas, ko‘pchilik tomonidan to‘g‘ri deb qabul qilingan, odatga aylangan holatlarga ustunlik bersa, ayrimlar vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan va joriy etilgan qoidalarni ustun deb biladi. Masalan, XIX asr oxirlarida ingliz tilshunosi R.Trench “...tilda tilshunoslar ma’qul deb topgan shakllar emas, amalda ishlayotgan shakllar to‘g‘ri” degan fikrni, E.Gauerz va A.Markuordtlar “til iste’molchilari tomonidan qo‘llangan hamda til jamiyati tomonidan to‘g‘ri deb qabul qilingan til shakllari me’yorni belgillaydi” degan fikrni ilgari sursa, G.Xartung va R.Pulli qarashlarida “nima mutaxassislar tomonidan belgilab berilgan, tasdiqlagan, tavsiya etilgan bo‘lsa, o‘sha to‘g‘ri” degan g‘oya ustunlik qiladi. Ular “me’yor tilning o‘zida bo‘lmaydi, u tilshunos-mutaxassislar tomonidan yaratiladi, belgilab beriladi, deb hisoblaydilar” (4). A.Mamatov esa me’yor taraqqiyoti evolyutsion, tadrijiy jarayon ekani va bunda uzus muhim bosqich ekanini ta’kidlaydi. “Til har doim o‘zgarib turish xususiyatiga ega, bu o‘zgarishlar esa tilning rivojlanishidan, taraqqiyotidan dalolat beradi, bu fikrdan kelib chiqilsa, tilda bir tushunchani ifodalash uchun bir necha shakllar mavjud bo‘lishi qonuniyligi e’tirof etiladi va bu til formalarining qaysi biri ko‘p qo‘llanilsa, ana shunisi norma deb tan olinadi”. (5) Biroq unutmaslik kerakki, tinish belgilari tadqiqiga yondashuvlar har qancha taraqqiy etmasin, tilning me’yorlashtirilgan punktuatsiyasi va uning nazariy asoslari barcha davrlarda yetakchi bo‘lib qolaveradi. XX asrning oxirlariga kelib mazkur tamoyillar qatoriga yozma nutqda tinish belgilari orqali axborot uchun muhim zaruriy bo‘laklarni – kommunikativ maqsadni oydinlashtirish funksiyasiga diqqat qaratila boshladi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, me’yoriy punktuatsiya umumiy tabiati bilan hammaning matnni birdek tushunishni osonlashtirsa, tartibga bo‘ysunmaydigan punktuatsiya individualligi, nutqiy vaziyatga xoslangani bilan matn mazmunini to‘g‘ri anglash va to‘liq tushunishga xizmat qiladi. Zamonaviy o‘zbek yozuvida punktuatsiya nazariyasi va amaliyoti o‘rtasida ixtiyordan tashqari, kutilmagan vaziyatlar bilan bog‘liq bunday favqulodda holat yana ko‘plab savollarning 31 tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu savollarga jahon punktuatsiyasining innovatsion tendensiyalari, qolaversa, zamonaviy o‘zbek yozuvida kuzatilayotgan punktuatsion uzus, an’ana, odatlar, umuman, tinish belgilari tadqiqiga yangicha yondashuvlarni taqozo qilmoqda. Foydalanilgan manbalar: 1. Крысин Л.П. К соотношению системы языка, его нормы и узуса // Коммуникативные исследования: Научный журнал. – 2017. – № 2 (12). – С. 20-31. 2. Орехова Н. Н. Пунктуационная система языка: формирование, динамика развития: Автореф. дис. … д-ра филол. наук. Воронеж, 2001 3. Бахриддинова Б.М. Замонавий ўзбек пунктуацияси асослари. Монография. – Тошкент: Академнашр, 2015. – 125 б. 4. Turayeva D. Umumiy va xususiy punktuatsion meʼyorlar hamda ularning mantiqiy-grammatik asoslari (ingliz, rus, oʻzbek tili materiallari misolida): Filol.fan.b.fals.dok. ...diss.avtoref. – Qarshi, 2023. – 140 b 5. Маматов А. Ҳозирги замон ўзбек адабий тилида лексик ва фразеологик норма муаммолари. – Тошкент: Фан, 1991.