SUKUT HAM VOQELIKNI IFODALASH VOSITASI
Full text
66 SUKUT HAM VOQELIKNI IFODALASH VOSITASI Dilorom Nigmatovna Yuldasheva, Buxoro davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387381 Annotatsiya. Mazkur maqolada tilning lingvopragmatikani amalga oshirish vositasi sifatida tibbiy evfemik ma’nolarni yuzaga chiqarishga xizmat qiluvchi verbal (sinonimiya, graduonimiya, antonimizasiya, perifraza, evfemizasiya) va noverbal (sukut) birliklari tahlilga tortilgan. Tayanch so‘zlar: sinonimiya, graduonimiya, antonimizasiya, perifraza, metafora, evfemizatsiya, sukut. Annotation. This article analyzes verbal (synonymy, gradation, antonymization, periphrasis, euphemization) and non-verbal (silence) units that serve as tools for language to realize linguistic pragmatics and to generate medical euphemistic meanings. Keywords: synonymy, gradation, antonymization, periphrasis, metaphor, euphemization, silence. Kishilik jamiyatidagi har qanday faoliyat ijobiy amaliy qiymati bilan ahamiyatli. Til va uning hosilasi bo‘lmish nutq kommunikativlik, ekspressivlik, akkumulyativlik bilan bog‘liq faoliyat bo‘lganligi uchun uning natijasi ham nutqning ta’sir kuchi, nutqdan ko‘zlangan maqsadga erishilganlik bilan xarakterlanadi. Nutqiy muloqot lisoniy imkoniyatlarning muayyan moddiy shaklda shunchaki voqelanishidan farqlanishi ma’lum. Nutqiy muloqotga situativlik xos, shuning uchun uning shakllari ham, ifodaviyligi ham serqirra. Bugun o‘zbek tilshunosligida lingvokognitologiya yangi yo‘nalish sifatida tadqiq ishlarini olib bormoqdaki, unda lisoniy birliklarning kognitiv xususiyatlarini aniqlashga kirishilgan. Milliy til va milliy tafakkur mushtarakligidan kelib chiqqan holda har bir lisoniy hodisaning kognitiv, ekspressiv, akkumulyativ jihatlarini tekshirish mazku yo‘nalishning asosiy vazifasiga aylangan. Zero, o‘zbek muhitida ham tilni o‘z sohibi bilan birga ijtimoiy muhit, madaniyat, milliylik kabi omillar mushtarakligida tahlil etishni davr taqozo etmoqda. Har qanday tilning boyligi o‘sha til birliklarining qo‘llanilish imkoniyatlari darajasi bilan o‘lchanadi. Dunyo tillari ichida o‘zbek tili tilning asosiy funksiyalari – kommunikativ, ekspressiv hamda akkumulyativ vazifalarini bajarishda, ya’ni rangbarang nutqiy voqeliklarni yuzaga chiqarishda, butun olamning o‘zbekcha lisoniy manzarasini yaratishda o‘ziga xos keng imkoniyatlarga ega. Buni mazkur tilning axborot berish va axborot qabul qilish (lokutiv), muayyan muloqot nutqida tinglovchiga emotsional-ekspressiv ta’sir ko‘rsatish (lingvopragmatik), yozma
67 manbalarda biror voqelikni, predmetlikni yoki harakat-holatni tasvirlash yoki tavsiflash (simvolik) usullarida aniq kuzatish mumkin. Til va uning voqeligi bo‘lmish nutq shunchaki gapirish yoki nimanidir yozib qo‘yish emas. Til insonning, qolaversa, butun boshli xalqning madaniyati, ma’naviyati, uning tarbiyalanganlik darajasini ko‘rsatuvchi oyna hisoblanadi. Biz kundalik hayotimizda ma’lum bir voqelik haqidagi axborotni, shuningdek, shu voqelikka bo‘lgan munosabatimizni, hissiy kechinmalarimizni ifodalashda turli lingvistik yoki paralingvistik vositalardan foydalanamiz. Zero, voqelikni ifodalashda bir qancha usullar mavjud bo‘lib, ular kommunikativ intensiyaning yuzaga chiqishiga xizmat qiladi. Tilshunoslikda kommunikativ intensiyaning yuzaga chiqishiga xizmat qiluvchi sinonimiya, graduonimiya, antonimizasiya, perifraza, metafora, metonimiya, sinekdoxa, kinoya, frazeologizm, evfemizasiya, epitet kabi bir qancha hodisalar mavjudligi tilshunoslarga yaxshi ma’lum. Jumladan, sinonimlar, shaklan har xil, ammo aynan bir tushunchani turli bo‘yoq va ottenka tusi bilan ifodalaydigan birliklar sifatida nutqni boyitib turadi. Lug‘aviy ma’nodoshlik sememasi tarkibidagi atash va vazifa semalari bir xil, ifoda semalari har xil bo‘lgan, bir turdagi narsa-buyum, belgixususiyat, harakat-holatni ifodalovchi leksemalararo munosabatdir. Masalan, kasal (arabcha so‘z) – bemor (forscha so‘z) – notob (forscha so‘z) – betob (forscha so‘z) – nosog‘ (forscha so‘z)– xasta (forscha so‘z). Ba’zan bu so‘zlarga ma’nodosh sifatida tani xasta birligi ishladiladiki, u bemor yoki kasal so‘zlariga nisbatan ma’noni ta’sirliroq ifodalaydi. Yaratgan egam, sendan qalbi ko‘r, qalbi bemorlarga va tani xastalarga shifo berishingni so‘raymiz. Bizni bu dardlardan yiroq qil! Graduonimik lug‘aviy birliklar o‘zaro ma’noviy munosabatiga ko‘ra ma’lum bir darajalanish qatorini hosil etishi fanga qadimdan ma’lum. Mazkur omilning mohiyati shundaki, borliqdagi narsa, belgi-xususiyatda sifat farqi bilan birga miqdor farqi ham mavjud. Masalan, bo‘lmag‘ur (holat) – be’ma’ni (odat) – noma’qul (farzand) – nodurust (yumush) –tuban (kishi) – jirkanch (jinoyat) – rasvo (ko‘rinish) – yaramas (odat) – razil (odam) – qabih (ish). Shu o‘rinda diskursdagi sukut qabih darajasidan ham yuqorida turadi. Masalan, Janozada u qanday odam ekanligi so‘ralganda, Diyorbekning yolg‘onga tili bormadi, yerga qaradi. Ha, bugun so‘zsiz yotgan bu odamning qilmishlarini qabihlik deyish maqtov bo‘lardi. Bo‘lmag‘ur leksik birligida yaramaslik yoki jamiyat belgilab qo‘ygan odobaxloq me’yorlaridan, insoniy fazilatlardan chekinish holatini ko‘rsatuvchi belgining pastroq darajada ifodalanishi kuzatiladi. Masalan, Sohada shifokorlarning bemorlar sog‘ligiga befarq bo‘lishi, xodimlarning korrupsiyaga berilishi kabi bo‘lmag‘ur holatlar kuzatilganligini inkor etib
68 bo‘lmayapti. (https://t.me) Shifokorning bemordan nimanidir tama qilib turishidek bo‘lmag‘ur holatni ko‘rgan emasman. (https://twitter.com) Razil yoki qabih leksik birliklarida esa, sanab o‘tilgan illatlar belgisi yuqori darajada ekanligini kuzatamiz. Masalan, Xullas, shifokor to‘g‘ri odam bo‘lganligi uchun bu razil odamlarni o‘zidan uzoqlashtiribdi. (https://sultanrabat) …Nasiba opa avval bolalar xonasiga, keyin jonlantirish bo‘limiga kirib chiqdi. Bola yerda ham, ko‘kda ham yo‘q, izsiz g‘oyib bo‘lgan edi. Ertasi kuni tongda xiyobonni tozalashga kelgan farrosh o‘rindiqlardan birida sovuqdan muzlab qolgan chaqaloq jasadini topdi. Bu «mehribon» shifokorning qabih ishi edi… (http://darakchi.uz/) Tabiatdagi rang va boshqa belgilar shunchalik xilma-xilki, bo‘yoqchilar birgina qora rangning hatto o‘ndan ortiq turini ajratadilar. Insonning faol ongi ana shu miqdoriy va sifatiy farqni aks ettiradi. Til ongning ifodasi bo‘lganligi bois u ongdagi aks ettirilgan mana shunday miqdoriy farqlarni ham ifodalashi lozim. Bunday miqdoriy farq turli usul bilan, jumladan, alohida-alohida leksema bilan ham ifodalanadi. Chunonchi, shifo–davo – malham kabi [3]. Antonim leksemalar asosida borliqdagi qarama-qarshi hodisaning in’ikosi bo‘lgan qarama-qarshi tushuncha yotadi. Masalan, Yurtimizda tajribali shifokorlar ko‘p. – Umrim bino bo‘lib bunday no‘noq do‘xtirni ko‘rmagan edim. Perifrazalar nutqda o‘z nomiga ega bo‘lgan denotatni baholovchi, bo‘yoqdorlik asosida qayta nomlovchi birliklardir. Masalan, Hozirgi tahlikali kunlarda, butun dunyo ahli ko‘rinmas yov bilan kurashayotgan bir darvrda, ayniqsa, jonlarini garovga qo‘yib, betoblarga yordam ko‘rsatayotgan shifokorlarning sharafli va mashaqqatli kasbini yana bir bor madh etish ayni muddao bo‘lsa kerak. (http://uchildiz.uz/) Salomatlik – tuman boylik, degan hikmat zamirida olamcha ma’no mujassam. Inson sog‘lom bo‘lsa hayot tatiydi, baxt tatiydi. Zamondoshlariga ana shunday baxt ulashayotgan salomatlik posbonlariga hamisha omad tilab qolamiz. (http://uchildiz.uz/) Dunyoda mutaxassisliklar ko‘p. Shulardan biri shifokorlikdir. Butun yer shari aholisi pandemiya holatini boshdan kechirgan paytlarda bu kasb egalariga har qachongidan ko‘proq ehtiyoj sezildi. Inson omili bosh masalaga aylandi. Zero, inson omili, avvalo, uning jisman, ruhan salomatligi bilan bog‘lanishi sir emas. Buyuklarimiz bejizga aytishmagan: “Sog‘lom inson tabiatning eng noyob bo‘lagidir». Balki shu sabablidir boshqa kasblarga (masalan, o‘qituvchilik, murabbiylik yoki muhandislikka) nisbatan shifokorlik kasbi bilan bog‘liq tibbiy metaforalar, tibbiy o‘xshatishlar, tibbiy frazeologizmlar yoki tibbiy evfemizmlar o‘zbek nutqida ko‘proq uchraydi. Zero, hayotda ham «bitta mohir vrachning tajribasi ko‘pchilik jangchiaskarlar mahoratiga teng”. (Gomer)
69 O‘zbek nutqida tibbiy evfemizmlar eng ko‘p uchraydi. Bunday birliklarni nutq egalarining o‘zi nutqiy sharoitga moslab yasab olishaveradi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Nutqqa ta’sirchanlik va yoqimlilik bag‘ishlovchi, aytilmoqchi bo‘lgan axborot (fikr, mulohaza)ni yumshoq va odobli qilib ifodalashga xizmat qiluvchi birliklar evfemizmlar sanaladi. Evfemizmlarda qo‘pol, beadab, ta’qiq so‘z yoki ibora madaniy shaklda pardali qilib aytiladiki, bu hol, bir tomondan, nutq madaniyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zbek xalqining milliy o‘zligi bilan aloqador. Aytish joizki, muayyan nutqiy sharoitda sukut ham evfemik ma’noni yuzaga chiqara oladi. Ha, “yaxshi gapirmoq”, “silliq so‘zlamoq” ma’nolarini beruvchi evfemizm atamasi muloqot jarayonida so‘zlovchining nutqini qo‘pol, madaniyat doirasidan tashqaridagi so‘zlarni qo‘llashdan yoki tinglovchining “ko‘ngliga tegishi mumkin” bo‘lgan noqulay so‘zlarni ishlatishdan saqlash bilan bog‘liq, ammo bu evfemizmlar qo‘pol, noqulay ma’noni beruvchi so‘z ifodalagan mantiqni bermaydi degani emas. Zero, evfemizm ifodaga ijobiy yondashuv orqali yuzaga keladi [1;2]. Kuzatishlarimiz ko‘rsatadiki, muayyan nutqiy sharoitda evfemik ma’noni yuzaga chiquvchi sukutdan muayyan kasb egalari, ayniqsa, yozuvchi va shoirlar ko‘proq foydalanadilar. Demak, nutqiy muloqotda sukut hodisasiga verbal birliklarni kompensatsiyalash xususiyatiga ega birlik sifatida qarash lozim. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mahmudov N. Termin, obrazli so‘z va metafora// O‘TA. – T., 2013. – №4. 2. Sayfullayeva R., Mengliyev B., Raupova L., Qurbonova M., Abuzalova M., Yuldasheva D. Hozirgi o`zbek tili. Darslik. – Buxoro: Durdona, 2020. – 555 b. 3. Yuldasheva Dilorom Nigmatovna. Silence-is a nonverbal unit of speech communication. Impact Factor (SJIF 20 20= 6.156) “American Journal of Research”, 2020, 11-12 issue of the Journal. – Pag.87-95. 4. Юлдашева Д.Н. Сукут нутқий мулоқотнинг таркибий қисми сифатида// «Сўз санъати» халқаро журнали, 2020. ‒№3.