scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

IJTIMOIY DEYKSISNING IFODALANISHIDA LEKSIK BIRLIKLARNING O'RNI

X.Yo'ldasheva

Full text

70 IJTIMOIY DEYKSISNING IFODALANISHIDA LEKSIK BIRLIKLARNING O‘RNI X.Yo‘ldasheva Qarshi DU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387394 Annotatsiya: Maqolada ijtimoiy deyksisning o‘ziga xos xususiyatlari, bu borada olimlarning qarashlari hamda ijtimoiy deyksisni yuzaga chiqaruvchi leksik birliklar, jumladan, shevaga xos so‘zlar, kasb-hunarga oid birliklar haqida yoritilgan. Kalit so‘zlar: deyksis, deyktik birliklar, ijtimoiy deyksis, nutq akti, ijtimoiy vaziyatlar, dialekt, kasb-hunarga oid so‘zlar. Abstract: The paper examines the specific features of social deixis, provides an overview of scholarly approaches to this phenomenon, and analyzes the lexical units that contribute to the realization of social deixis, including dialectal expressions and profession-related vocabulary. Keywords: deixis, deictic units, social deixis, speech act, social situations, dialect, professional vocabulary. Tilshunoslikda ijtimoiy deyksis ilk bor Ch.Fillmor tomonidan farqlangan. U ayrim ijtimoiy vaziyatlarning nutqiy aktdagi ishorasiga nisbatan ijtimoiy deyksis terminini qo‘llagan. Shuningdek, Y.D.Apresyan, Y.V.Paducheva, P.Grifits, N.V.Boronnikov, F.F.Kibrik, S.Levinson ham o‘z ishlarida ijtimoiy deyksisga e’tibor qaratishgan. Jumladan, S.Levinson deyksisning makon, zamon, shaxs, ijtimoiy va diskursiv deyksis kabi turlarini farqlagan. A.Krus S.Levinsonning fikriga qo‘shilgan holda deykisning uch kichik turi: makon, zamon, shaxs deyksisi mavjudligini, ijtimoiy va diskursiv deyksis ikkinchi darajali kichik turi ekanligini ta’kidlagan [3]. Ayrim tilshunoslar ijtimoiy deyksis – muloqot ishtirokchilarining munosabatlarini nutqda tartibga solishini, ularning ijtimoiy darajasi, ijtimoiy aloqa va aloqa tabiatini ko‘rsatishini inobatga olib deyksisning an’anaviy uchligini to‘ldiruvchi tarkibiy qism ekanligini ta’kidlashadi. Ayrim olimlar esa nutq aktining ijtimoiy me’yorlarini deyksisga bog‘lash fikrini qo‘llab-quvvatlamaydilar. Jumladan, A.A.Kibrikning fikricha, “ijtimoiy deyksis” tushunchasi deyksis bilan bevosita bog‘lanmagan, balki xushmuomalalik ifodalovchi birliklar va kishilik olmoshlari bilan bog‘liq xolos. Olim “ijtimoiy deyksis” termini turli tillarda xushmuomalalik kategoriyasini ifodalaydi”,− deydi va rus tilidagi sen va siz olmoshlaridan birini tanlash holatini misol sifatida keltiradi. Ushbu tanlov so‘zlovchi va tinglovchining ijtimoiy mavqeyi bilan belgilanadi [4;52]. Ch.Fillmor va S.Levinson ijtimoiy deyksis nutq akti amalga oshiriladigan ijtimoiy vaziyatning oldindan belgilangan nutqdagi holatlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatishadi. Bu holat kommunikantlarning ijtimoiy rollariga aloqador bo‘lib, 71 so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatni aks ettirishi bilan shaxs deyksisidan farqlanadi [3]. Umuman olganda, ijtimoiy deyksis nutqiy faoliyatda ijtimoiy voqelikning turli birliklar orqali ishoraviylik asosida aks etishi Ijtimoiy deyksisni ifodalovchi birliklar muloqot ishtirokchilari nutqida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi va bu o‘z navbatida ularning ijtimoiy rollari bilan bog‘liq tarzda amalga oshadi. Ijtimoiy deyksisning yuzaga kelishida leksik birliklar: dialektal so‘zlar, qonqarindoshlikni ifodalovchi birliklar, kasb-hunar, soha bilan bog‘liq so‘zlar ajralib turadi. Muloqot ishtirokchilarining nutqida bunday so‘zlarning qo‘llanishi ularning qanday soha vakili, qaysi dialekt egasi ekanligi kabi ijtimoiy holatiga ishora qiladi [1; 104]. Ma’lumki, manbalarda dialektal leksika, kasb-hunar terminlari qo‘llanilish doirasi chegaralangan leksika sifatida keltiriladi. Dialektal leksika ma’lum bir hududda yashovchi kishilar nutqiga xos birlik bo‘lib, badiiy matnda mahalliy koloritni aks ettirish, shuningdek, asar qahramonlari nutqini real berish maqsadida foydalaniladi [2;112]. Dialektizmlar nutq egasining qaysi dialekt egasi ekanligi ijtimoiy holatiga ishora qiladi. Jonivor og‘ir mo‘rab yuborib, yotib qoldi: dir-dir titraydi. – Voy, inakni o‘ldirdingiz-ye, beshafqat! – deb yig‘lab yubordi xotini. Omon miq etmay rayonga tushib ketdi. (Sh.Xolmirzayev. “Omon ovchining o‘limi”) Ko‘rib turibsiz, sodda yigit ekan. Menga yoqib qoldi. Hozir ham shu fikrdaman: unaqangi sodda, pokiza yigitlar kam uchraydi. Biz ham endi o‘zimizcha yashab, uni-buni ko‘rdik, har xil odam bilan tanishdik-da! – Yanga nima ish qiladilar? — dedim. Ishoning-ishonmang, og‘zimga tikilib qoldi. Keyin qo‘rqibgina, mo‘ltirabgina: – Qanaqa yanga, aka? – dedi. – Yanga-da! – dedim. – Birga kelgan yo‘ldoshingiz! (Sh. Xolmirzayev. “Qumrilar”) Yuqorida keltirilgan matn Sh.Xolmirzayev asarlaridan olingan bo‘lib, so‘zlovchi nutqida inak, yanga leksemalari deyktik birlik sifatida nutq egasining surxondaryolik ekanligiga ishora qiladi. Adib asardagi voqealarni aynan Surxondaryo bilan bog‘liq holda tasvirlagan va o‘sha joy shevasidan unumli foydalangan. Homid: – Juda yaxshi ekan. Bo‘lmasa tomig‘a shoti yetarmikin? Jannat opa: – Qix, juda baland. Mutal: – Baland bo‘lsa, zarari yo‘q, osoni uyning tegidan teshamiz, qo‘yamiz! (A.Qodiriy. “O‘tkan kunlar”) 72 Keltirilgan matnda shoti so‘zining ishorasi asosida nutq egasining farg‘onalik ekanligi to‘g‘risidagi ijtimoiy deyksisga yo‘l ochiladi. Ayrim hollarda so‘zlovchi o‘z nutqiga xos bo‘lmagan shevaga oid so‘zni qo‘llaydi. Bunda tinglovchini o‘ziga ijtimoiy yaqin olish, tengligi yoki tengsizligini ko‘rsatish kommunikativ maqsadi yotadi. Bunday o‘rinlarda deyktik birlik ishorasi asosida anglashiluvchi ijtimoiy axborot murakkablashadi. Masalan: Qizning qishloqcha gapirishini, uyalib-qimtinib zo‘rg‘a turganini ko‘rib uning tilida gapirdim: “Menam o‘zi asli shu joqlardanman. Asta-asta senam moslashasan, qizim”. Qiz mening shevamni eshitib begona yurtda yaqinini topganday dadillandi. (“Saodat” ) Ushbu mikromatnda adresant nutqidagi (joqlardanman//yoqlardanman) fonetik jihatdan shevaga xoslik tinglovchi uchun so‘zlovchining ijtimoiy kelib chiqishi to‘g‘risidagi axborotga ishorani anglatsa, so‘zlovchining tinglovchiga bo‘lgan ijtimoiy munosabati: yaqin olishi, o‘ziga teng ekanligini (ijtimoiy tenglik) ko‘rsatishga bo‘lgan harakati ham ayni ijtimoiy deyksis mundarijasini tashkil etadi. Albatta, bunday o‘rinlarda kontekstning ahamiyati katta. O‘zbek tilida kasb-hunar, sohani ifodalovchi leksik birliklar ham nutq egasining qaysi kasb hunar yoki soha vakili ekanligiga ishora qiladi. Masalan, G‘.G‘ulomning “Shum bola” asaridan olingan quyidagi parchada savdogar nutqi keltirilgan bo‘lib, unda gazlama turlari bilan bir qatorda sotuvchilarga xos so‘z va iboralarning qo‘llanishi qahramonning gazlama sotuvchisi ekanligiga ishora qilib ijtimoiy deyksisni yuzaga chiqargan: Husnibiy bir xurjunning ikki ko‘zi to‘la laxtak, qo‘lida gazcho‘p: Poplin deysizmi, xushvoq deysizmi, chidaganga chiqargan deysizmi, burga chit deysizmi, rohatbadan deysizmi, madipolom deysizmi, surp, tik, shayton teri deysizmi, kep qoling, xaridor! – deb bozorni boshiga ko‘tarib, baqirib yurar edi. (G‘.G‘ulom. “Shum bola”) Ushbu mikromatndagi laxtak, poplin, xushvoq, burga chit, surp, tik, shayton teri kabi gazlamachilikka oid; gazcho‘p, kep qoling, xaridor, bozor kabi savdoga oid so‘zlar qahramon ijtimoiy holatiga ishora qilib, deyktik tabiatini namoyon qilgan. Badiiy matnda ba’zan qahramon nutqidagi kasb-hunarga, sohaga oid so‘zlar so‘zlovchining tinglovchiga yaqinligini, shu soha yoki kasb haqidagi tasavvuri va hurmatini ifodalash kommunikativ maqsadida qo‘llanadi va so‘zlovchi-tinglovchi o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarga ishora qilib deyksisni yuzaga chiqaradi. Masalan: − Men meditsinani judayam yaxshi ko‘raman. Siz hamshiralikka o‘qib juda to‘g‘ri ish qilibsiz..... − Men ham mashinaga qiziqaman. Bu yil “Za rulyom”ga yozdirmoqchi bo‘lib yuribman. Televizorda avtogonka ko‘rsatishsa ovqatimni yemay tomosha qilaman. 73 Ko‘chadan g‘uvillab o‘tayotgan mashinalarga qarab qo‘rqaman: ishqilib tormoz nakladkasi yeyilmagan bo‘lsin-da, g‘ildiraklarining razvali tuzukmikan, deb qo‘yaman. − Zo‘rsiz-ku, Surayyoxon! Razvalniyam bilar ekansiz-a. Rahmat sizga! (S.Siyoyev. “Bozor ko‘rmagan yigit”) Keltirilgan matnda meditsina xodimi nutqidagi avtogonka, tormoz nakladka, razval kabi mashinasozlikka xos so‘zlar so‘zlovchining tinglovchi kasbiga qiziqishini ifodalash maqsadida qo‘llangan bo‘lsa-da, matn ortida tinglovchining shaxsiga bo‘lgan hurmat-e’tibor munosabati ishora orqali anglashiladi va ijtimoiy deyksisning yuzaga chiqishiga sharoit yaratiladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Давлатова Р. Ўзбек тилининг дейктик бирликлари: Филол. фан. док. (DSc) ...дисс. – Тошкент, 2020. – Б. 104. 2. Сайфуллаева, Менглиев ва бошқалар: Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Тошкент, 2010. – Б. 112. 3. Телески А. Социальный дейксис личных местоимений в македонском языке // Stephanos #2 (28) 03.2018 http://stephanos.ru. 4. Талески А. Модели дейктического и коммуникативного поведения говорящего в виртуальной реальности (на материале русского языка): дисс. канд. филол. наук. – Пермь, 2021. – С. 52.