SIYOSIY NUTQLARDA TANTANALI JANR XUSUSIYATLARI
Full text
92 SIYOSIY NUTQLARDA TANTANALI JANR XUSUSIYATLARI Ismatova Shaxnoza Axror qizi Qarshi davlat universiteti tayanch doktoranti, Iqtisodiyot va pedagogika universiteti o‘qituvchisi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387442 Annotatsiya.Maqolada siyosiy ritorikaning muhim ko‘rinishlaridan biri — tantanali janrning xususiyatlari tahlil qilingan. Ushbu janrning tarixiy ildizlari epideiktik nutqlarga borib taqalishi, uning zamonaviy siyosiy nutqlarda — bayram tantanalari, yubileylar, davlat marosimlari va xalqaro forumlarda keng qo‘llanilishi yoritilgan. Tantanali nutqlarda murojaat shakllari, tabrik formullari, abstrakt tushunchalar, badiiy-tasviriy vositalar va patetik ohangning ustuvorligi ko‘rsatib berilgan. Kalit so‘zlar: tantanali janr, siyosiy ritorika, epideiktik nutq, siyosiy nutq, badiiy-tasviriy vositalar, patetik uslub, pragmatik funksiyalar, milliy birlik, siyosiy lider obrazi. Annotation. The article analyzes one of the significant forms of political rhetoric — the ceremonial genre. It highlights the historical roots of this genre, tracing them back to epideictic speeches, and discusses its wide use in modern political discourse — during festive events, jubilees, state ceremonies, and international forums. The study demonstrates the predominance of address forms, congratulatory formulas, abstract notions, artistic and figurative means, and a pathetic tone in ceremonial speeches. Keywords: ceremonial genre, political rhetoric, epideictic speech, political speech, artistic and figurative means, pathetic style, pragmatic functions, national unity, political leader image. Tantanali janr — siyosiy ritorikaning muhim ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, odatda bayramlar, yubileylar va tantanali marosimlarda so‘zlanadigan nutqlarni qamrab oladi. Ritorika tarixida bu janr epideiktik nutq (maqtov va sharaflashga qaratilgan chiqishlar) an’analariga yaqin turadi. Tantanali nutqlarda asosiy mazmun maqtov, sharaflash, ehtirom bildirish va tabrik ohangidagi ifodalar bilan belgilanadi. Bunday nutqlarning auditoriyasi keng jamoatchilikdir. Ular milliy bayramlar (Mustaqillik kuni, Navro‘z, Konstitutsiya kuni), davlat uchun muhim sanalar (yirik tarixiy voqealar, siyosiy islohotlar bosqichi), shuningdek, ochilish va tantanali marosimlar (xalqaro forumlar, yirik obyektlarning foydalanishga topshirilishi) munosabati bilan aytiladi. Shu bois tantanali janr nutqlari siyosiy hayotda keng qo‘llaniladigan, jamiyat ongini safarbar qiluvchi vosita sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Misol sifatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqillik kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqi, xalqni muhim sanalar bilan tabriklovchi chiqishi yoki Navro‘z kabi umumxalq bayramlarda qilgan ma’ruzasi tantanali janrning tipik namunalaridir.
93 Tantanali janrga mansub siyosiy nutqlar lug‘aviy jihatdan sermazmun, ko‘tarinki va tantanavor ruh bilan ajralib turadi. Bunday nutqlarda yuqori uslubga xos bo‘lgan so‘z va iboralar ustuvor o‘rin tutadi. Masalan, “aziz vatandoshlar”, “muhtaram mehmonlar”, “qadrli yurtdoshlar”, “samimiy muborakbod etaman” kabi murojaat shakllari va tabrik formullari tantanali nutqning tipik belgilaridan hisoblanadi. Shuningdek, nutq matnida abstrakt semantik birliklar keng qo‘llanadi: “vatan”, “xalq”, “millat”, “taraqqiyot”, “tinchlik”, “farovonlik” kabi tushunchalar orqaligina notiq bayramning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini umumlashtiradi. Bundan tashqari, tarixiy va diniy-ma’naviy terminologiya ham muhim o‘rin egallaydi: “qadimiy va hamisha navqiron bayram”, “muqaddas Ramazon oyida”, “ulug‘ ajdodlar merosi” kabi ifodalar milliy qadriyatlar va diniy anʼanalar bilan bog‘lanib, nutqning ideologik asosini kuchaytiradi. Tantanali nutqlarning muhim xususiyatlaridan yana biri — ularning badiiytasviriy vositalar bilan boyitilishidir. Notiq nutqida xalq maqollaridan, mashhur tarixiy shaxslarning so‘zlaridan yoki mumtoz adabiyot namoyandalarining iqtiboslaridan foydalanadi. Masalan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yilgi Navro‘z bayrami tantanasidagi nutqida Alisher Navoiy ijodidan iqtibos keltirilishi nutqning badiiy-estetik qiymatini oshirganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, birikma va takroriy frazalar tantanali nutqlarda keng ishlatiladi. Masalan, “yangi marralar”, “ulkan islohotlar va jadal o‘zgarishlar”, “yuksak bunyodkorlik ruhi” kabi yuqori semantik yuklama kasb etuvchi birliklar ko‘p takrorlanib, nutqning emotsional-ta’sirchanligini oshiradi va asosiy g‘oya semantik jihatdan urg‘ulanadi. Tantanali siyosiy nutqlarning uslubiy o‘ziga xosligi, avvalo, ularning marosimona ohangida namoyon bo‘ladi. Bunday chiqishlarda notiq odatda patetik uslubdan foydalanadi, ya‘ni nutq intonatsiyasi va matn tuzilishi his-hayajonli, ko‘tarinki kayfiyatni ifodalashga yo‘naltiriladi. Nutqning kirish qismi ko‘pincha umumiy salomlashuv va murojaat shaklida bo‘lib, “Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!” kabi formullar an’anaviy xarakter kasb etadi .Shundan so‘ng bayram munosabati bilan tabrik va minnatdorlik bildiriladi, xalqning birligi va tarixiy yo‘li yuksak ta‘riflar bilan tilga olinadi. Masalan, 2025-yil Navro‘z bayramidagi nutqda Prezident Sh. Mirziyoyev shunday deydi: “Siz azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni qadimiy va hamisha navqiron bayram – Navro‘zi olam bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman”. Bu jumlada murojaat shakli (“siz, azizlar”), bayram ta‘rifi (“qadimiy va hamisha navqiron”) va tabrik formulasi (“chin yurakdan samimiy muborakbod
94 etaman”) uyg‘un holda kelib, tantanali nutqning klassik boshlanish tuzilishini tashkil etadi. Pragmatik nuqtayi nazardan, tantanali nutqlarda siyosiy yetakchi o‘z xalqiga nisbatan mehr-muhabbat va faxr tuyg‘ularini ifodalaydi, millatning yutuqlarini sanab o‘tadi, tarixiy meros va madaniyat buyukligini e‘tirof etadi. Shu bois bunday nutqlar birlashtiruvchi janr sifatida xizmat qiladi: ular birlik va g‘urur hissini uyg‘otadi, ertangi kunga ishonch ruhini kuchaytiradi. Masalan, 2022-yil Mustaqillik kuni tantanasida Sh. Mirziyoyev shunday ta‘kidlagan: “Jonajon O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda” Bu parcha “bizning O‘zbekistonimiz” birikmasi orqali xalq bilan rahbarning hamjihatlik ohangida gapirayotganini, mavjud o‘zgarishlarning esa umumxalq yutug‘i sifatida taqdim etilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, tantanali nutqlarda yakuniy qism odatda duolar va tilaklar bilan beriladi. “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!” kabi umumxalq tilaklari yoki muayyan ijtimoiy qatlamga qaratilgan ezgu istaklar tinglovchilarda ko‘tarinki ruh uyg‘otadi va nutqning marosimona ohangini mustahkamlaydi. Umuman olganda, tantanali siyosiy nutqlar davlatning ramziy siyosati tarkibida alohida o‘rin tutadi. Ular milliy birlikni mustahkamlash, xalq ongida faxr va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, shuningdek, siyosiy yetakchi obrazini xalq ko‘z o‘ngida g‘amxo‘r, ilhomlantiruvchi va yuqori maqomli shaxs sifatida taqdim etishga xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirziyoyev, Sh. (2025, 21-mart). Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutq. Prezident.uz. https://president.uz/oz/lists/view/7963 2. Mirziyoyev, Sh. (2022, 31-avgust). O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutq. Xabar.uz. https://xabar.uz/uz/jamiyat/shavkat-mirziyoyevning-ozbekiston-mustaqilliginin 3. Чудинов, А. П. (2006). Политическая лингвистика. Москва: Флинта, Наука. 4. Карасик В. И. О типах дискурса .2000// Языковая личность: институциональный и персональный дискурс / под ред. 5. Habermas, J. (1984). The theory of communicative action. Beacon Press. https://www.jstor.org/stable/2709433 6. Lasswell, H. D. (1948). The structure and function of communication in society. The Communication of Ideas, 37–51. https://doi.org/10.1037/h0056235 7. Ismatova Sh.A. “Pragmatic analysis of the speeches of political leaders in international organizations”. “Ijtimoiy bilimlar va texnik muhandislik turk dunyosi” xalqaro simpoziumi materiallari to‘plami Toshkent 5-6 may, 2025. 8. Ismatova Sh.A. “Siyosiy kommunikatsiyaning funksional-uslubiy xususiyatlari va muloqot shakllari” TURKIY FILOLOGIYA MASALALARI (xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari) FARG‘ONA – 2025.