O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA SOTSIOLEKT MASALASI
Full text
107 O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA SOTSIOLEKT MASALASI Ch.Narzullayeva, Qarshi DU tayanch doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387476 Annotatsiya. Ushbu maqolada sotsiolekt tushunchasi va turlarining o‘zbek tilshunosligida o‘rganilishi hamda sotsiolekt turlari sifatida argo, jargon va sleng tushunchalariga tilshunoslarning ilmiy qarashlari bayon etilgan. Kalit so'zlar: sotsiolingvistika, sotsiolekt, ijtimoiy guruh, argo, jargon, sleng, sotsium. Abstract. This article examines the study of the concept and types of sociolects in Uzbek linguistics and presents the scientific views of linguists on the concepts of argo, jargon, and slang as types of sociolects. Keywords: sociolinguistics, sociolect, social group, argo, jargon, slang, society. O‘zbek tilshunosligidagi dastlabki tadqiqotlarda sotsiolekt termini qo‘llanilmasa-da, leksikologiya yo‘nalishidagi tadqiqotlarda jargon va argolar qo‘llanilish doirasi chegaralangan leksika sifatida o‘rganiladi. Sotsiolekt tushunchasi ilk marotaba Q.Rasulovning tadqiqotlarida ko‘zga tashlanadi. Olimning fikricha, mavjudligi jihatidan keng diapazonga ega, ya’ni har qanday ijtimoiy guruhga: kasb, tabaqa, yosh va milliylikka xos birliklar, umuman, nutqning qaysi ijtimoiy sohaga aynan tegishli ekanligini bildirib turuvchi so‘zlarning barchasi sotsiolektdir. U sotsiolekt turlariga kasb-hunar leksikasi, muayyan sohaga oid terminlar yoki professionalizmlar kirishini ko‘rsatadi[4:10]. Q.Rasulov sotsium nutqiga sotsiolekt sifatida yondashadi hamda turli kasb egalari nutqida uchraydigan sleng, jargon, argolar sotsiolektning tarkibiy ko‘rinishlari sifatida o‘rganiladi degan xulosani keltirib o‘tadi [4:11]. D.Satimova “Ingliz va o‘zbek yoshlar slengining qiyosiy tahlili” mavzusidagi tadqiqot ishida sotsiolekt tushunchasi, argo va jargonning farqli jihatlari hamda sleng tushunchаsiga aniqlik kiritadi hamda ingliz va o‘zbek yoshlar slengini qiyosiy aspektda tahlil qiladi [6]. Ko‘pgina manbalarda argo, jargon, sleng terminlari sinonimlar sifatida qayd etiladi. Biroq mazkur terminlar ortidagi yashirin tushunchalarni chegaralab olish maqsadga muvofiq. Sh. Shoabdurahmonov, M. Asqarovalar jargonni jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy tabaqalanishni ifodalovchi, asosan yuqori ijtimoiy qatlam vakillarigina anglay oladigan so‘z va iboralar tizimi sifatida izohlaydilar. Ularning fikricha, jargon o‘zbek tilining ichki leksik zaxirasi asosida, shuningdek, ayrim hollarda arab hamda tojik tillaridan kirib kelgan so‘zlar negizida shakllanadi va ma’lum kommunikativ maqsadni amalga oshirishga xizmat qiladi [2].
108 M. Mirtojiyev jargon va argoni alohida til hodisalari sifatida ko‘rib chiqib, ular o‘rtasidagi ma’no farqini aniq belgilaydi. Uning fikricha, jargon — jamiyatdagi turli ijtimoiy qatlamlar o‘rtasidagi tafovutni ifodalovchi, muayyan tabaqa yoki unga qarshi qatlam vakillari nutqida qo‘llanadigan leksik birliklar majmuasidir. Masalan, aslzoda, oqsuyak, yalang‘oyaq, qoracha, xo‘ja, janob, hazrati oliy kabi atamalar shular jumlasidandir. Argo esa, muallif ta’kidlaganidek, ayrim kasb yoki soha vakillarining o‘zaro muloqotida ishlatiladigan, begona shaxslar uchun tushunarsiz bo‘lgan maxsus so‘z va iboralar tizimini tashkil etadi. Masalan, o‘g‘rilar argosida pul so‘zi o‘rniga loy, o‘g‘rilik qurboni ma’nosida esa harf so‘zi ishlatiladi [1:54-58]. Argo biron ijtimoiy guruh tomonidan boshqalar uchun atayin tushunarsiz qilib qo‘llaniladigan u yoki bu darajadagi yashirin, yasama til. Masalan, o‘g‘rilar argosida shmon qilmoq, gopstop qilmoq iboralari “o‘g‘irlamoq” ma’nosida, giyohvandlar argosida dori “giyohvand modda” ma’nosida ishlatiladi. Argolar jargonga nisbatan o‘zining maxfiylik xususiyati bilan ajralib turadi. Shuning uchun ular ko‘proq jamiyatning yashirin tabaqalari hisoblangan josuslar, jinoyatchilar, o‘g‘rilar, giyohvandlar, fohishalar va h.k.lar nutqida uchraydi [3:17] D.Satimova argo va jargonni farqlab quyidagi fikrlarni keltiradi: “Argo – qiziqishlari, mashg‘ulotlari, yoshlaridan kelib chiqib, juda tor doirada ijtimoiy qatlamning nutqda kommunikatsiya predmetini yashirish maqsadida, umumxalq tiliga oid so‘zlarning og‘zaki nutqdagi sinonim, omonim yoki polisemantik shakli, ekspressiv xususiyatga ega bo‘lmagan leksemalar. Bunday so‘zlar keng xalq ommasiga tushunarli bo‘lmaydi, faqat shu guruh kishilarigagina tushunarlidir. Ular sirli maqsadga mo‘ljallangan bo‘lib, parol vazifasini bajaradi. Demak, argolar qo‘llanish doirasi tor ijtimoiy guruh manfaatlariga xizmat qiluvchi maxsus nominatsiyalarning yopiq leksik tizimidir. Jargon – qo‘llanishi kasb yoki boshqa tor doiradagi kichik ijtimoiy guruh bilan chegaralangan, umumtildagidan o‘zgacha leksik ma’no anglatuvchi, faqatgina o‘zi xizmat qiluvchi guruhdagi kasb-kor egalari yoki tabaqa vakillari nutqida ularning didlari va talablari yoki kasb-koriga oid turli tushunchalarni anglatuvchi og‘zaki nutqqa xos so‘z va iboralar” [6:11]. R.Sayfullayeva va B.Mengliyevlar darsligida esa kasbi, jamiyatdagi o‘rni, qiziqishi, yoshiga ko‘ra alohida sotsial guruhni tashkil etgan kishilarning, asosan, og‘zaki nutqida ishlatiladigan va ma’nosini boshqalar ko‘p hollarda anglab yetavermaydigan birliklar − jargonlar deb ta’riflanadi. Masalan, programmistlar jargoni, talabalar jargoni, mahbuslar jargoni, o‘g‘rilar jargoni, artistlar jargoni va h.k [5:125].
109 Ko‘rinadiki, jargonlar ma’lum bir ijtimoiy guruh yoki umumiy manfaat asosida birlashgan guruh vakillari o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida qo‘llaniladigan va ma’nosi o‘zlarigagina tushunarli bo‘lgan til birliklaridir. O‘zbek tilshunosligida sleng tushunchasi keyingi yillardagi tadqiqotlarda ko‘zga tashlana boshladi. Sh.Usmonovaning “sotsiolingvistika” qo‘llanmasida sleng tushunchasiga quyidagicha ta’rif keltirilgan: “Sleng – muayyan kasb egalari yoki ijtimoiy guruhlarning og‘zaki nutqida qo‘llaniladigan, emotsional-ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘z va iboralar. Slenglar ko‘proq yoshlarning nutqida uchraydi. Masalan, olmaxon “o‘zini oladigan, nozlanadigan odam”, g‘isht “xunuk”, sindirdi “lol qoldirdi” va h.k. Sleng – jonli, harakatdagi til shakli bo‘lib, u mamlakat va jamiyat hayotidagi har qanday o‘zgarishdan ta’sirlanadi. Sleng qo‘llanish doirasiga ko‘ra: hammaga ma’lum va barcha tomonidan qo‘llanuvchi umumiy sleng (general slang) va muayyan guruhlarga ma’lum bo‘lgan, tor doirada qo‘llanuvchi xususiy sleng (special slang)ga ajraladi. Slenglarning ko‘p so‘zlari va iboralari (ayniqsa, ularning dastlabki shakllanishi davrida) keng ommaga tushunarsiz bo‘ladi. Chunki aksariyat slenglar ko‘chma ma’noda ishlatiladi. Shuningdek, slengizmlar ko‘pincha chet tillardan, ularning dialektlaridan va jargonlaridan o‘zlashtirilgan bo‘ladi. Masalan, “tusovka”, “telejka”, “tachka”, “stukach” rus tilidan, “yuzer” (user), “chat” (chat), ingliz tilidan o‘zlashtirilgan.”[3:18] Xususan, D.Satimovaning tadqiqotida slenglarning qo‘llanish doirasiga ko‘ra turlari, o‘zbek va ingliz tillarida slenglarning struktur ko‘rinishlari, slenglarning hosil bo‘lish usullari tadqiq qilingan. Olima jahon tilshunoslarining umumiy sleng hamda maxsus slenglar haqidagi qarashlariga munosabat bildirib, maxsus sleng tarkibiga jargonizmlar, argotizmlar, dialektizmlarni kiritishni noo‘rin deb hisoblaydi va ushbu terminlar, ya’ni argo, jargon, sleng bir-biriga genetik jihatdan bog‘lansa-da, aslida, ularning farqlovchi xususiyatlari mavjud ekanligini ta’kidlaydi [6:13]. Shuningdek, slengga quyidagicha ta’rif beradi: “Slenglar − u yoki bu tilda yetarli darajada muloqot olib borish layoqatiga ega bo‘lgan har bir so‘zlashuvchi/yozuvchining xohish va istagiga ko‘ra nutqda ideallikka intilib, o‘zida yangilik, zamonaviylik, g‘ayrioddiylik, erkinlik va yumoristik xususiyatni namoyon qilish maqsadida, vaziyat taqozosiga ko‘ra adabiy tildagi mavjud so‘zlar, vositalardan ongli va mulohazali ravishda (shartli qabul qilingan sinonimik, antonimik, polisemik va hatto neologik vositalardan) foydalanuvchilar nutqidagi hissiy bo‘yoqdor norasmiy muloqot vositasi sanaladi” [6:12].
110 Keltirilgan ta’riflardan ko‘rish mumkinki, sleng – jonli, harakatdagi til shakli bo‘lib, unga jamiyat hayotidagi har qanday o‘zgarishlar ta’sir qiladi. Ko‘pgina olimlarning qarashlariga tayangan holda sotsiolekt turlari sifatida argo, jargon, sleng va kasbga oid birliklarni keltirish o‘rinli hisoblanadi. Mazkur birliklar u yoki bu guruhning kasbiy alohidaligi yoki ularning boshqa jamoalardan ijtimoiy cheklanganligi, nutq ishtirokchilarining kommunikativ maqsadi bilan o‘ziga xos xususiyat kasb etadi. Xulosa qilib aytganda, sotsiolekt jamiyatdagi guruhlarga xoslangan bo‘lib, argo, jargon, sleng hamda kasbga oid birliklarni o‘z ichiga oladi. O‘zbek tilshunosligida sotsiolekt va uning turlari sanoqli ishlarda o‘rganilgan bo‘lsa-da, tadqiqini kutayotgan muammolar ham talaygina. Sotsiolekt tushunchasini tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari asosida tadqiq qilish yechimini kutayotgan masalalardan biri hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirtojiyev. M. M. O‘zbek tili leksikologiyasi va leksikografiyasi. O‘quv qo‘llanma.-T.: O‘zMU,2000.-B.54-58. 2. Shoabdurahmonov. Sh., Asqarova. M. va boshqalar. Hozirgi o‘zbek adabiy tili.-T.:O‘qituvchi, 1980 3. Usmonova Sh., Bekmuhamedova N., Iskandarova G. Sotsiolingvistika: O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: Universitet, 2014. – B. 17. 4. Расулов Қ. Ўзбек мулоқот хулқининг функционал хосланиши: Филол. фан. номз. ... дисс. Автореф. – Тошкент, 2008. – Б. 10. 5. Сайфуллаева Р., Менглиев Б. ва бош. Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Тошкент, 2009. – Б. 125. 6. Сатимова Д. Инглиз ва ўзбек ёшлар сленгининг қиёсий таҳлили: Филол.фан. бўйича фалс. докт. (Phd) ... дисс. автореф. − Андижон, 2020. – Б. 12.