scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNING SEMANTIK TUZILMASIDAGI "FREUND" KOMPONENTINING KONOTATSIYASI (NEMIS TILI MISOLIDA)

G.N.Tojiyeva; D.T.Atamurodova

Full text

123 FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNING SEMANTIK TUZILMASIDAGI “FREUND” KOMPONENTINING KONOTATSIYASI (NEMIS TILI MISOLIDA) G.N.Tojiyeva O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, f.f.d. (DSc) D.T.Atamurodova Nemis tili va adabiyoti kafedrasi doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387542 Annotatsiya. Maqola nemis tilidagi “Freund” (do‘st) komponentini o‘z ichiga olgan frazeologik birliklarning konnotativ semantikasiga bag‘ishlangan. Konotatsiyaning milliy dunyoqarashni anglash va uni frazeologiya orqali ifodalashdagi ahamiyati asoslab berilgan. Nemis til dunyo manzarasining madaniy komponentini hisobga olgan holda frazeologizmlar semantikasi tavsiflangan. Ijobiy va salbiy baholash konotatsiyasiga ega frazeologizmlar guruhlari aniqlangan. Kalit so‘zlar: semantika, konnotatsiya, ijobiy baholash, salbiy baholash. Annotation: The article is devoted to the connotative semantics of phraseological units containing the component “Freund” (friend) in the German language. The importance of connotation in understanding the national worldview and its expression through phraseology is substantiated. The semantics of phraseologisms is described taking into account the cultural component of the German worldview. Groups of phraseologisms with positive and negative evaluative connotations are identified. Keywords: semantics, connotation, positive evaluation, negative evaluation. Frazeologik birliklarning semantik tuzilishini talqin qilishda turli ilmiy yondashuvlar mavjud. Semantik tuzilmani belgilash, umuman olganda, uni ko‘p komponentli tuzilma sifatida tushunishga asoslanadi. Bunday qarash leksikografiya sohasidagi tadqiqotlarda (Sh. Balli, V. V. Vinogradov), leksik semantika bo‘yicha ishlarda (L. Yelmslev, S. Ullman, Yu. D. Apresyan) ilgari surilgan. Ma’noning ierarxik tashkil etilishi haqidagi tasavvur “yadro va periferiyalar”, “semantik komponentlar”, shuningdek, “assotsiativ va potentsial belgilari” kabi tushunchalarda o‘z ifodasini topgan. Bunday tizim abstrakt-lingvistik tushuncha sifatida emas, balki til birliklarining amalda ishlatilishi dinamikasida, ya’ni ularning lingvistik, psixologik va ijtimoiy shartlanganligini hisobga olgan holda ko‘rib chiqiladi [4, b. 7]. Ma’no nafaqat so‘z shaklidagi tushuncha tarzida, balki konseptual, hissiy va ekspressiv komponentlarni ham o‘z ichiga oladi. XIX asr oxiridan boshlab lingvistika fanida “konnotatsiya” termini til birliklari ma’nosining barcha emotsional jihatdan belgilangan unsurlarini ifodalash uchun qo‘llanila boshladi. 124 Shubhasiz, konnotatsiya qo‘shimcha ma’no sifatida mavjud bo‘lib, so‘z yoki so‘z birikmasi ma’lum bir kontekstda qo‘llanilganda yuzaga keladi va ularning talqiniga yordam beradi [2, b. 77]. Konnotatsiyaning asosiy funksiyalari – bilish, baholash va emotsional funksiyalarini belgilash, o‘z navbatida, ma’noning qo‘shimcha komponentlari – modal, baholovchi hamda emotsional-ekspressiv unsurlarni anglatadi. Bular inson ongida turli assotsiatsiyalar uyg‘otadi – emotsional jihatdan ijobiy hamda salbiy bo‘lishi mumkin [3, b. 21]. Konnotatsiyaning ma’no tuzilmasidagi o‘rni haqida turli qarashlar mavjud. Yu. D. Apresyanning fikriga ko‘ra, emotsional komponentlar so‘zning semantik tuzilmasiga bevosita kirmaydi, chunki ular leksik birlik ifodalagan tushunchaning muhim emas, biroq barqaror belgilaridir. Konnotatsiyani situativ tarzda til birliklari semantikasiga kiruvchi, sub’ektning voqelikka bo‘lgan emotsional-baholovchi va uslubiy munosabatini ifodalovchi, natijada ekspressiv ta’sir beruvchi semantik mohiyat sifatida talqin qilish dolzarbdir. Shunday qilib, konnotatsiyani empirik, madaniy, tarixiy va sof lingvistik tajribadan kelib chiqadigan, so‘z orqali ifodalanadigan reallik yoki til amaliyoti bilan bog‘liq holda shakllangan, “til ruhi”ni anglashga xizmat qiladigan alohida ma’no makrokomponenti sifatida qarash mumkin [5, b. 109]. Demak, konnotatsiya orqali tilning frazeologik belgilar tizimi bilan xalqning ma’naviy madaniyati o‘rtasida bevosita bog‘liqlik yuzaga keladi. Konnotatsiya, assotsiativ-fon qabul qilish, dunyo manzarasi kabi tushunchalarning jalb qilinishi milliy dunyoqarashning o‘ziga xosligini anglash va uni frazeologiyada ifodalash uchun zarurdir. Frazeologizmlar insonning dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga bo‘lgan munosabatini ifodalash imkoniyatini to‘liq beradi. Baholovchi sifatida, hissiyotlarni ifodalovchi sub’ekt – so‘zlovchi yoki tinglovchi o‘zining madaniy pozitsiyasini ochib beradi: jamiyatda sodir bo‘layotgan voqelik norma talablariga mos keladimi yoki yo‘qmi. Frazeologizmning qo‘llanish jarayonida uning madaniy talqini shakllanib, frazeologizmlarning madaniy-til mazmunining eng muhim komponentini yuzaga keltiradi. Uning mohiyati voqealarga bo‘lgan qadriyatli-emotsional munosabatda namoyon bo‘ladi [3, b. 23]. Ijobiy baholovchi komponentga ega frazeologizmlar — bu ma’nosida ijtimoiy jihatdan ma’qullangan, ijobiy his-tuyg‘u yoki munosabatni ifodalovchi barqaror birikmalardir. Bunday frazeologizmlar orqali insonning yaxshi fazilatlari, do‘stlik, sadoqat, mehr-shafqat kabi qadriyatlar tasdiqlanadi. Agar frazeologik birlik tarkibida „Freund“ komponenti bo‘lsa, u ko‘pincha iliq, samimiy, ijobiy ma’nolarni bildiradi. 125 • ein echter Freund sein – chin do‘st bo‘lish. → Er ist ein echter Freund, auf den man sich verlassen kann. (U ishonchli, chin do‘st.) • ein guter Freund sein – yaxshi do‘st bo‘lish. → Ein guter Freund steht immer an deiner Seite. (Yaxshi do‘st har doim yoningda turadi.) • Freunde fürs Leben sein – umrbod do‘st bo‘lish. → Wir sind Freunde fürs Leben geworden. (Biz umrboqiy do‘stlarga aylandik.) • ein Freund des Hauses sein – oilaning yaqin do‘sti bo‘lish. → Er ist ein Freund des Hauses und wird immer willkommen geheißen. (U oilaning yaqin do‘sti va unga doimo eshigimiz ochiq.) Bu frazeologizmlarning barchasi do‘stlik va ijobiy munosabat g‘oyasini mustahkamlaydi, shuning uchun ular ijobiy konnotatsiyaga ega birliklar hisoblanadi.. Bu hol asosan – gute, dicke epitetlar orqali yuzaga chiqadi. Masalan: gute Kameradschaft halten (yaxshi do‘st bo‘lib yurmoq, do‘stlashmoq), gut Freund mit jemandem sein (kim bilandir yaqin bo‘lish, do‘stlashmoq), sich überall gute Freunde machen (hamma joyda do‘st orttirmoq), dicke Freundschaft (yaqin, mustahkam do‘stlik), dicke Freunde (ajralmas chin do‘stlar). Do‘stlik munosabatlari kontekstida alte epiteti ham faqat ijobiy baho kasb etadi, u nafaqat munosabatlarning davomiyligini, balki ularning ishonchliligi va mukammalligini ham ta’kidlaydi. Masalan: alter Freund (eski, sadoqatli do‘st), eine alte Freundschaft nicht einschlafen lassen (eski do‘stlikni saqlab qolmoq). Do‘stlikning ijobiy bahosi, shuningdek, inson hayotining davomiyligi bilan bog‘langan holda ham namoyon bo‘ladi. Masalan: Freund auf Leben und Tod (chin sadoqatli do‘st; ), jemanden durchs Leben geleiten (biror kishining hayoti davomida sodiq hamroh bo‘lish), jemandem die Hand fürs Leben (zum Bunde) reichen (umrbod do‘stlik taklif qilmoq). Ijobiy konnotatsiyaning neytrallashuvi odatda ideal do‘stlik aloqalaridan ko‘ra, xolis va emotsional jihatdan befarq munosabatlarni ifodalashda kuzatiladi. Bunday holatda “Freund” komponentli frazeologizmlar ijtimoiy jihatdan ma’qullangan, biroq his-tuyg‘u jihatidan kuchsizlangan do‘stlikni tasvirlaydi. 126 Masalan: – in Frieden und Freundschaft leben – tinch va do‘stona yashamoq; – in aller Freundschaft – samimiy, do‘stona ohangda; – Freund und Feind – do‘st ham, dushman ham (barchani o‘z ichiga olgan munosabat); – wer da? – gut Freund! – kim u? – o‘zimizniki! Til va madaniyat o‘zgarishlari natijasida frazeologik birliklarning konnotativ belgilari ham vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi. Natijada, ilgari ijobiy bahoga ega bo‘lgan ayrim birliklar asta-sekin salbiy tus oladi. Demak, konnotatsiyalar doim barqaror emas, balki madaniy va ijtimoiy omillarga bog‘liq holda o‘zgaruvchandir. Shunday qilib, “Freund” komponentli frazeologizmlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularning konnotatsiyasi ijtimoiy-madaniy qadriyatlar tizimiga bevosita bog‘liq. Ijobiy bahoga ega birliklar vaqt o‘tishi bilan neytral yoki salbiy tus olishi mumkin. Bu holat til va madaniyatning o‘zgaruvchan tabiatini, shuningdek, xalqning do‘stlik haqidagi qarashlarining dinamik rivojlanishini aks ettiradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Бабаева Е. В. Нормы и их отражение в языке // Языковая личность : проблемы коммуникативной деятельности. Сб. науч. тр. – Волгоград : Перемена, 2001. – С. 17-24. 2. Бендикс Э. Г. Эмпирическая база семантического описания / Э. Г. Бендикс // Новое в зарубежной лингвистике. Вып. ХIV. – М. : Прогресс, 1983. – С. 75-107. 3. Ковшова М. Л. Лингвокультурологический метод во фразеологии: Коды культуры / М. Л. Ковшова. – М. : Книжный дом “ЛИБРОКОМ”, 2012. – 456 с. 4. Леонтьев А. А. Формы существования значения / А. А. Леонтьев // Психолингвистические проблемы семантики / Под ред. А. А. Леонтьева, А. М. Шахнаровича. – М. : Наука, 1983. – С. 6-21. 4. Телия В. Н. Коннотативный аспект семантики номинативных единиц / В. Н. Телия. – М. : Наука, 1986. – 143 с. 7. Lutz R. Lexikon der sprichwörtlichen Redensarten / Lutz Röhrich. – Freiburg-Basel-Wien : Herder, 1991. – S. 911 5. 6.Райхштейн А.Д. Сопоставительный анализ немецкой и русской фразеологии. -М.: Высшая школа, 1980 6. Райхштейн А. Д. Немецкие устойчивые фразы. - Л.: Просвещение, 1971. 7. Duden. Deutsches Universalworterbuch, vollig neu bearbeitete und stark erweirerte Auflage. - Mannheim, Leipzig, Wien, Zurich: Dudenverlag, 2008. 8. Sh.Rahmatullayev, N. Mahmudov, Z. Хоlmanova. O‘zbek tili frazeologik lug‘ati Toshkent – 2022 9. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati. O‘qituvchi. 1978