scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILI ANTROPONIMIYASIDA NOMINATSIYA VA MOTIVATSIYA

Kenjayeva Sabohat

Full text

200 O‘ZBEK TILI ANTROPONIMIYASIDA NOMINATSIYA VA MOTIVATSIYA Kenjayeva Sabohat O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387634 Annotatsiya. Mazkur maqolada o‘zbek tili antroponimiyasida nominatsiya, motivatsiya masalalari ilmiy manbalar asosida tahlilga tortilgan. Kalit so‘zlar: onomastika, antroponimika, motiv, nominatsiya, atoqli ot, turdosh ot, ism, onomastik sotsiologiya, sotsiolingvistika, lisoniy fan. Abstract. This article analyzes the issues of naming and motivation in Uzbek anthroponymy based on scientific sources. Keywords: onomastics, anthroponymy, motive, nomination, honorific name, kinship name, noun, onomastic sociology, sociolinguistics, linguistic science. Narsa va hodisalarni, shuningdek, jonli mavjudotlarni nomlash murakkab jarayon bo‘lib, uning nazariy muammolari tilshunoslikda yetarlicha tadqiq qilinmagan. Shu sababli mazkur masalada xilma-xil nuqtai nazarlar bayon qilinmoqda. Umuman, nomlarni (xoh turdosh, xoh atoqli ot bo‘lsin), ularning lisoniy va nolisoniy usullarini, so‘zlar asosida yotadigan motivlarni tadqiq qilish tilning ko‘pgina sirli tomonlariga oydinlik kiritish uchun omil bo‘ladi. Ma’lumki, onomastik tizim birliklari lisoniy material (vosita)dan obyektlarni nomlashda ikkinchi bor foydalanish mahsuli bo‘lib, ikkinchi nominatsiya haqidagi fikrlar antroponimik nominatsiyani tadqiq qilishda nazariy asos bo‘lishi mumkin. Umuman, nominatsiya muayyan asos(motiv)ga tayanadi. Nomlash, qanday nomlash, nom uchun qanday vositani olish, buning nolingvistik va lingvistik asoslari kabilar nom uchun asos bo‘lgan motivga bog‘liqdir. Shu sababli turdosh nomlar va atoqli otlarning yuzaga kelishidagi zamin, asos, ya’ni motivni aniqlash, tadqiq qilish nihoyatda muhimdir. Ko‘p holda nom uchun asos bo‘lgan motiv davr o‘tishi bilan unutiladi, o‘tmishda qoladi yoki chaqaloqni nomlash jarayonida qatnashgan kishilargagina ma’lum bo‘ladi. Bu hol nomlash uchun asos bo‘lgan motivni belgilashni qiyinlashtiradi. Nominatsiyada nom berish uchun sabab bo‘luvchi belgi, ya’ni obyekt nomining qanday bo‘lishiga zamin hozirlovchi omil motiv, motiv asosida nomlanish motivatsiya deb yuritiladi. Motiv, motivatsiya haqida tilshunoslikda, adabiyotshunoslikda, falsafada, musiqashunoslikda, psixologiyada, pedagogika sohasida ko‘p ishlar yozilgan. Bu 201 fanlarning har qaysisi motiv va motivatsiyaning mohiyati va ma’nosiga o‘z nuqtai nazaridan yondashadi va talqin qiladi: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” da motiv asli lot. modoo – «harakatlantiruvchi» ma’nosini anglatishi va musiqada ohang ma’nosini berishini, psixologiyada esa «inson faoliyatida muayyan maqsadni bajarishga sabab bo‘luvchi omil» tushunchasini anglatishi yozilgan 1 . «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» tilshunoslar tomonidan tuzilganiga qaramasdan, unda motivatsiya termini 1 va 2 nashrlarida izohlanmagan, motiv esa, fran. mots – kuy, ohang ekani aytilib: 1) adabiyot syujetining tarkibiy unsuri, asarning asosiy mazmuni, mavzui; 2) musiqa, kuyning eng kichik qismi 2 deb tushuntirilgan. Nominatsiya tilshunoslikning nomlash haqidagi bo‘limi sifatida mavjud. Ammo nominatsiya termini ko‘proq tildagi nominatsiya hodisasi sifatida talqin qilinadi. Mana shu ma’noda ikki tilli va izohli lug‘atlarda, ensiklopediyalarda nominatsiya tushunchasi izohlanganini ko‘ramiz. Akademik A.Hojiyevning talqinicha, nominatsiya (lot. nomitio) – atash, nom qo‘yishdir. Tilda nomlash vazifasini bajaruvchi birliklarni (so‘z, so‘z birikmalari) hosil qilishdir. Nominalizatsiya – nomlanish, nominativ birliklar, ya’ni nomlovchi birliklar lingvistik vositalarning nom bo‘lish xususiyati va vazifasi nominatsiya doirasiga kiradi 3 . «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»da nominatsiya ancha keng izohlangan: «Nominatsiya (lot. nominatuo – nomlash, nom qo‘yish, atash) (tilshunoslikda) – nomlash xususiyatiga ega bo‘lgan, ya’ni nolisoniy borliq unsurlariga nom berish va ularni ajratib ko‘rsatish, ular haqida tegishli tushunchalarni shakllantirish uchun xizmat qiladigan til birliklari – so‘zlar, so‘z birikmalari, frazeologizmlar va gaplarni hosil qilish». Nominatsiyani nomlanuvchi obyekt, nomlovchi va nomlash vositasi bo‘lgan lisoniy birlikdan iborat deb bilish ham chegaralidir. Nazarimizda, har qanday nomlanish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: Nomlash ehtiyoji. Bu bir xil tipdagi narsa-hodisalarni, obyektlarni ajratish, farqlash, kengroq ma’noda dunyoni bilish ehtiyojidir. Nomlanishi shart bo‘lgan obyektning, ya’ni nomlanuvchi obyektning mavjudligi. Nominatsiya uchun asos bo‘luvchi motiv – bu nomlanayotgan obyektning biror belgi-xususiyatidir. 1 Ўзбекистон миллий энциклопедияси. – 6-жилд. – Тошкент: ЎзМЭ, 2004. – Б. 96. 2 Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – 3-жилд. – Тошкент: Ғафур Ғулом нашриёти, 2023. – Б. 231. 3 Ҳожиев А. Тилшунослик терминларининг изоҳли луғати. – Тошкент: ЎзМЭ, 2002. 67-, 70-, 74-б. 202 Nominatsiya jarayoni (situatsiya) kechadi. Bunda nomlovchi mushohada yuritadi, lisoniy imkoniyatlarni baholaydi, o‘ziga maqbul bo‘lgan vositani tanlaydi. Nomlovchi tanlaydigan birlik so‘z birikmasi, ba’zi hollarda undov, taqlidiy so‘z yoki butun bir gap, turg‘un birikma bo‘lishi mumkin. Nominatsiya hosilasi – nom yuzaga keladi va nomlangan narsa-hodisaning lisoniy belgisi – nomiga aylanadi. Nomning nutq jarayonida tilga olinishi o‘sha narsa bilan bog‘liq assotsiatsiyani yuzaga keltiradi. Odamlarda o‘sha asosida qo‘llash ko‘nikmasi hosil bo‘ladi. Nominatsiya hosilasi turdosh so‘z (turdosh ot, sifat, fe’l, taqlidiy so‘z) yoki atoqli ot bo‘lishi mumkin. Nominatsiya tufayli atoqli ot doirasida onomastik birliklar (ism, toponim, teonim, nekronim va b.) yuzaga keladi. Ko‘rinadiki, nominatsiyada motiv asosiy stimul. Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi onomastikada, jumladan, antroponimikada aniq ko‘rinadi. Ismlarning yuzaga kelishi ijtimoiy (sotsial) hodisadir. V.A.Nikonov fikricha, ko‘pgina olimlar ismlarning ijtimoiy xususiyatiga yetarli e’tibor bermay keldilar. Holbuki, ismlar jamiyatda yashaydi va jamiyat iste’moli uchun yaratiladi. Ismni tanlash individlar tomonidan amalga oshirilsa ham, baribir, ism doimo ijtimoiy hodisa bo‘lib qolaveradi. Ismning ijtimoiy hodisa ekanligi, ijtimoiy omillarga bog‘liqligi shaxs nomiga doimo diniy tus, ruh, ma’no, mohiyat berilishida ham seziladi. Bir qator olimlar antroponimiya doimo ijtimoiy va tarixiy bo‘lgan, tarixiylik ismlarning asosiy xususiyatlaridan biridir deb hisoblashadi. Antroponim – eng avvalo, so‘z, boshqa so‘zlar singari til qonunlariga bo‘ysunadi va lingvistik metodlar bilan o‘rganiladi. Antroponim – bu atoqli otlardir, u ismlar sifatida sotsiologiya, tarix, etnografiya omillari bilan bog‘liqdir. Antroponimiyaning nolingvistik, ya’ni ijtimoiy tomonini sotsiolingvistika (ijtimoiy tilshunoslik), lisoniy xususiyatlarini tilshunoslik o‘rganishi kerak deb hisoblashadi. Shunga ko‘ra, ushbu ikki yo‘nalishning vazifalari belgilanadi. Chunonchi, antroponimiyaning lisoniy muammolari deb quyidagilar belgilanadi: 1) ismlar til va nutq sathida; 2) adabiy til dialektlarida (sotsial va hududiy) ismlar; 3) til sistemasining mahsuli, o‘zlashma ismlar u yoki bu darajada qo‘shilma holidagi ismlar; 4) turli tipdagi tillarga mansub ismlarning morfologik tuzilishi; 5) ismlarning to‘liq, qisqartma, subyektiv-baho shakllari va ularning munosabati; 6) turli tiplarga mansub ismlarning onomastik sistemaviy tipologiyasi va onomastik universaliyalarini belgilash; 7) turli janrlar yo‘nalishida ismlarning statistik tadqiqi. V.D.Bondaletov umumiy onomastika tarkibida sotsial onomastika (ijtimoiy onomastika, ijtimoiy nomshunoslik (tarjima bizniki) sohasini ajratish lozimligini aytadi. Bu sohaning vazifasi yuqorida ta’kidlanganlarni tadqiq qilishdan iborat deb 203 hisoblaydi. Olimning fikricha, ushbu sohaga g‘oyat boy materialni antroponimiya tizimi berishi mumkin 4 . O‘zbek tilshunosi E.Begmatov sotsiolingvistika haqida fikr yuritar ekan: «Ijtimoiy tilshunoslik sotsiologiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, sotsiolingvistik muammolar tilshunoslik kursida muhim o‘rin egallaydi va u hozirgi davr tilshunosligida lisoniy fan bo‘lib, sotsiolingvistika deb yuritiladi. Sotsiolingvistika uchun onomastik tizimga tatbiqan onomastik sotsiologiya tushunchasi va terminini qabul qilish mumkin» 5 ligini yozadi. Antroponimiyaning turli omillar, murakkab faktorlar bilan bog‘liqligi ismlar anglatuvchi ma’noning ham murakkablashuviga sabab bo‘ladi. Umuman, antroponimiyaga bag‘ishlangan ishlarda ism ma’nosiga oid uch xil qarash yetakchilik qilmoqda: – ismlar lug‘aviy ma’no anglatadi, uning ma’nosi yakka shaxs tushunchasi bilan bog‘liq individual ma’no; – ismlar anglatuvchi lug‘aviy ma’no ko‘p qirralidir; – ismlar leksik ma’no anglatmaydigan shartli belgi. Keltirilgan qarashlarning barchasida ham o‘ziga xos asoslar bor. Mazkur qarashlarni E.Begmatov bundan ancha yil oldin o‘sha davr adabiyotlari asosida tahlil qilgan edi 6 . Bu borada hozirga qadar deyarli hech narsa o‘zgargani yo‘q, yuqorida keltirilgan uchta qarash hamon hukmron. Antroponimlar ma’nosiga shubha qiluvchilarni chalg‘ituvchi omillar antroponimiya tizimining o‘ziga xos murakkab xususiyatlari bilan bog‘liq. Bular: – antroponimlarning o‘z tub lisoniy materiali yo‘q, u tildagi mavjud turdosh so‘zlar asosida yaratiladi; – antroponimlar individlar, yakka shaxs bilan bog‘liq bo‘lib, yakka shaxsni o‘zgalardan ajratish, farqlab turish uchun xizmat qiladi; – bitta antroponim birdan ortiq shaxslarga ham ism sifatida berilaveradi, ya’ni bitta ism shakli birdan ortiq shaxslar atoqli oti bo‘lib kela oladi; – yoshlikda berilgan ism o‘z egasi bilan, asosan, turg‘un bog‘liqlikda bo‘ladi, ammo bu turg‘unlik nisbiy bo‘lib, shaxs ismi (ma’lum sabablarga ko‘ra) o‘zgartirilishi mumkin; – ismning tanlanishi va berilishida, ko‘p hollarda etnografik omillar yetakchi rol o‘ynaydi; 4 Бондалетов В.Д. Ономастика и социолингвистика / Антропонимика. – М.: Наука, 1970. – С. 18. 5 Бегматов Э. Антропонимияни тадқиқ қилишнинг социолингвистик аспекти / Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2011. № 4. – Б. 47. 6 Бегматов Э. Киши номларининг маъноларига доир // Ўзбек тили ва адабиёти масалалари. – Тошкент, 1962. – № 6. – Б. 50-54. 204 – ism turdosh ot kabi umumlashtirib atamaydi, umumlashma tushuncha nomi emas (masalan, olma har qanday olmaning umumiy nomi), balki yakka obyekt nomidir; – ismning yakka shaxs bilan bog‘liq ma’nosi ism egasi bilan tanish bo‘lgandagina muayyan tasavvur uyg‘otadi. Masalan, Alisher Navoiy, Aleksandr Pushkinni hamma biladi, shuning uchun bu nomlar kishilar ongida muayyan tushuncha, ma’lumot, assotsiatsiya uyg‘otadi. Ammo Alisher yoki Aleksandr ismli biror oddiy shaxsning nomi sifatida, u bilan tanish bo‘lmaguncha «Alisher ismli odam» yoki «Aleksandr ismli odam» degan tasavvurdan boshqa hech narsa anglatmaydi va b. V.A.Nikonov haqli ravishda ta’kidlaganidek: «Antroponimikaning o‘zigagina xos bo‘lgan qonunlari bor, ular tilda va undan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Antroponimiyaning umumiy qonuniyatlarida o‘zgarishlar ataylab, maxsus maqsadlar bilan amalga oshirilishi mumkin. Shu bois lingvistikada onomastikaning boshqa bo‘limlari singari antroponimikani ham maxsus o‘rganish talab etiladi. Tilshunoslikning boshqa sohalarida mo‘tabar bo‘lsa ham, antroponimikaning murakkab qonuniyatlari bo‘yicha maxsus bilimga ega bo‘lmasa, foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin».