O'ZBEK TILIDA SO'ZNING MORFOLOGIK TARKIBIDAGI O'ZGARISHLAR
Full text
214 O‘ZBEK TILIDA SO‘ZNING MORFOLOGIK TARKIBIDAGI O‘ZGARISHLAR Usmonova Mohira Kenjayevna Qarshi DU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387664 Annotatsiya. Ushbu maqolada so‘zning morfologik tarkibida yuzaga kelgan o‘zgarishlar natijasida asos o‘zining mustaqil leksik ma’nosini qisman yoki butunlay yo‘qotish natijasida soddalashish sodir bo‘lganligi misollar asosida yoritib berilgan. Tilning tarixiy taraqqiyoti jarayonida so‘z tarkibidagi morfemalarning yo‘qolib ketishi, ular orasidagi munosabatning kuchsizlanishi, so‘z tarkibidagi tovushlarning o‘zgarishi va qisqarishi kabi morfologik jarayonlar yuz berishi hamda qayta bo‘linish hodisasi yuzaga kelganligi bayon etilgan. Kalit so‘zlar:dialektizm,argotizm,tarixiy o‘zak,soddalashish,morfema,qayta bo‘linish hodisasi,so‘z tarkibi,lug‘aviy birlik,sifat yasovchi affiks,tovush o‘zgarishi,morfem tarkib,o‘zlik nisbat. Abstract. This article discusses, through examples, the phenomenon of simplification that occurs when the base of a word partially or completely loses its independent lexical meaning as a result of morphological changes in its structure. It also explains that during the historical development of the language, morphological processes such as the disappearance of morphemes within words, the weakening of relationships between them, and phonetic changes or reductions have taken place, as well as the emergence of resegmentation phenomena. Keywords: dialectism, argotism, historical root, simplification, morpheme, resegmentation phenomenon, word structure, lexical unit, adjective-forming affix, phonetic change, morphemic structure, reflexive voice. Bugungi kunda o‘zbek adabiy tilida umumiste’molda bo‘lgan lug‘aviy birliklar, boshqa tillardan o‘zbek tiliga tamomila o‘zlashib ketgan so‘zlarni ham hisobga olganda taxminan 80 mingdan ortiqligi ma’lum. Albatta, bu so‘zlarning aksariyati “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning keyingi nashrida qayd etilgan bo‘lishiga qaramay, ularning qo‘llanish darajasi har xil. Shunga ko‘ra, tilshunoslikda barcha lug‘aviy birliklar ishlatilishi jihatidan chegaralanmagan va ishlatilishi jihatidan chegaralangan qatlamlarga bo‘linadi. Ishlatilishi chegaralangan so‘zlarga sohalar termini, kasb-hunar leksikasi, dialektizmlar, argotizmlar, tarixiy so‘zlar kabilar kiradi. Hozirgi o‘zbek tilidagi umumiste’moldagi so‘zlarni ham ishlatilishi yuqori darajada (yuqori chastotali) bo‘lgan va ishlatilishi quyi darajada bo‘lgan (kam chastotali) birliklarga ajratish mumkin. Biz tarixiy taraqqiyot natijasida, turli sabablarga ko‘ra, soddalashish hodisasi yuz bergan deb hisoblagan birliklar (o‘zaklar – tarixiy o‘zaklar – soddalashgan so‘zlar) sifatida hisobga olgan mustaqil so‘zlarning o‘zi, taxminan, ikki mingdan ortiqni tashkil etadi. Chunonchi, salanglamoq, sallamno,
215 savoq, soldov, sarbon, sarboz, sopqin, so‘loq, ko‘ksov, ipirisqi, ko‘laga, ko‘rmana, ko‘va, jilvir, yor g‘uchoq, yovg‘on, vofurush, go‘sxo‘r, do‘lta, olacha, bulduruq, buj g‘un, chaksa, cho‘liq, shotir, shumgiya, yukun, urpoq, uchuq, erish, tepchik, taqim, yamlamaq, qursoq, qo‘nqaymoq, oqova, miyiq, paqqos kabi so‘zlar borki, ularning ishlatilishi darajasi og‘iz, ag‘dar, pichoq, ulug‘, unday, uydirma, uchqun, uzum, uyg‘un, uyg‘oq, ulg‘aymoq, o‘smir, yasha, bo‘yoq, quvnoq, qattiq, yaxshi, yomon, o‘yin, qorishma, qo‘ltıq, tilak, tizgin, tomo q, chirkin, epchil, chalkash, uyushiq, chaqqon, belgi, achinmoq, issiq, sovuq, alanga, aslida kabi yuzlab so‘zlarning ishlatilishidan farq qiladi, aniqrog‘i, bu so‘zlarning qo‘llanish darajasi past. Bu birliklarning hammasi ham aslida tarixiy taraqqiyot natijasida soddalashishga yuz tutgan, ularning hozirgi o‘zbek adabiy tili lug‘at tarkibidagi o‘rni o‘ziga xos, qo‘llanishi darajasi har xil. Demak, soddalashish so‘zlarning ishlatilish darajasiga ta’sir etadi va nisbatan betaraf holatda bo‘ladi. So‘zning morfologik tarkibida yuzaga kelgan o‘zgarishlar natijasida asos o‘zining mustaqil leksik ma’nosini qisman yoki butunlay yo‘qotadi, iste’moldan tushib qoladi, affiks esa o‘zining affikslik xususiyatini yo‘qotadi. Tarixiy taraqqiyot jarayonida tilning lug‘at tarkibidan yasama so‘z uchun asos bo‘lgan o‘zakning iste’moldan tushib qolishi, yo‘qolib ketishi ham so‘zning morfologik qurilishida o‘zgarishlarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Masalan, yuqori so‘zi tarixiy jihatdan asos (yuq, yoq-baland: yoq yer-baland joy) va shakl yasovchi affiksdan (-ora, -aru jo‘nalish kelishigining qadimgi turkiy yodgorliklarga xos affiksi) iborat. Ammo hozirgi adabiy tilda asos ham, affiks ham iste’moldan tushib qolgan, har ikkalasi qo‘shilib bir tub so‘z asos holiga kelib qolgan. Yaqin, bezgak, yostiq singari so‘zlar ham tarixiy jihatdan ikki morfemali bo‘lib, bu so‘zlarning asosi (yaq – yaqdi – yaqinlashdi, bez – bezdi – titradi) hozirgi o‘zbek tilida mustaqil holda leksik ma’no anglatish xususiyatini yo‘qotgan, affiks bilan qo‘shilib bir tub so‘zga aylangan. Hozirgi o‘zbek tilida so‘zning morfologik tarkibida yuz beradigan o‘zgarishlar quyidagicha: 1. So‘zning morfologik qurilishdagi o‘zgarishlarning bir ko‘rinishiga so‘z tarkibida morfemalarning qayta bo‘linishi jarayoni kiradi. Bu hodisaga ko‘ra, morfema tarkibidagi bir yoki bir necha tovushlarning undan ajralib, boshqa morfemalarga qo‘shilishi natijasida morfemalarning tarkibi, ular orasidagi chegara o‘zgaradi. Bu vaqtda so‘z (asos) o‘zining yasamalik xususiyatini saqlagani holda, uning tarkibidagi morfemalar qayta bo‘linadi, boshqa morfemalar ajratiladi. Masalan, supurindi, chayindi, qirindi kabi so‘zlar aslida ma’noli qismlarning mavjudligiga qarab supur-in-di, chayi-n-di, qir-in-di tarzida morfemalarga bo‘linadi, ya’ni yetakchi morfema hamda shakl yasovchi va so‘z yasovchi ko‘makchi morfemalardan iborat.
216 Fe’lning o‘zlik nisbat shakliga ot yasovchi -di yasovchisi hamda shodlandi, otlandi so‘zlari ham aslida to‘rt morfemadan iborat (shod-la-n-di, ot-lan-di). Shodlandi, otlandi so‘zlarida -la yasovchisi o‘zlik nisbati affiksini o‘ziga singdirgan va natijada bu so‘zlar shod-lan-di, ot-lan-di tarzida morfemalarga ajratiladi. Yuqoridagi so‘zlarda -indi, -lan kabi murakkab affikslar -di, -la yasovchilari asosida o‘zaklarning qayta bo‘linishi natijasida yuzaga kelgan. Bu yerda morfemalarning biri ikkinchisini o‘ziga singdirgan. Kelgindi, chiqindi, belanchak kabi so‘zlarda ham shunday hodisani ko‘rish mumkin. Morfemalarning qayta bo‘linishi jarayoni tilda yangi so‘z yasovchi affikslarning paydo bo‘lishiga olib keladi, bu affikslar esa, o‘z navbatida, asta-sekin faollashib boradi. Hozirgi o‘zbek tilida -lash (gaplash, salomlash, faollash kabi), - lashtirish (gazlashtirish, avtomatlashtirish kabi), -chilik (dehqonchilik, qo‘shnichilik kabi) singari murakkab affikslar kelib chiqish natijasida morfemalarning qayta bo‘linishi jarayoni bilan, affikslarning biri ikkinchisini o‘ziga singdirishi hodisasi bilan bo‘g‘langan. Yuqoridagi misollarda so‘zning affiks qismi alohida-alohida morfemalarga ajratilmaydi, balki bir butun morfema sifatida qaraladi. 2. So‘zning morfologik qurilishida yuz beradigan o‘zgarishlarning ikkinchi ko‘rinishiga yasama so‘zning tub so‘zga aylanishi hodisasi kiradi. Bu morfologik jarayon quyidagicha yuz beradi: tilda yasama so‘zning negizi anglatgan leksik ma’no xiralashadi yoki yo‘qoladi hamda shu yasama so‘z iste’moldan tushib qoladi.Buning natijasida yasama so‘z tub so‘zga aylanadi. Masalan,qizil,yashil so‘zlari tarixiy jihatdan fe’ldan yasalgan nisbiy sifatdir.Tarixiy taraqqiyot jarayonida bu negizlarning yakka holda mustaqil leksik ma’no anglatish xususiyati yo‘qoladi va sifat yasovchi affiks bilan birgalikda bir belgi tushunchasini anglata boshlaydi. Demak, bunda ikki morfemali yasama so‘z bir morfemali tub so‘zga aylangan. Tilning tarixiy taraqqiyoti jarayonida so‘z tarkibidagi morfemalarning yo‘qolib ketishi, ular orasidagi munosabatning kuchsizlanishi, so‘z tarkibidagi tovushlarning o‘zgarishi va qisqarishi kabi morfologik jarayonlar yuz beradi. Buning natijasida so‘z morfologik qurilishining o‘zgarishiga, qo‘shma yoki yasama so‘zlarning tub so‘zga aylanishiga, ya’ni soddalashishiga sabab bo‘ladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirtojiev M. O‘zbek tilida tub so‘zlar. – Toshkent, 2017. – 400 b. 2. Mirtojiev M. O‘zbek tili fonetikasi. – Toshkent: Universitet, 1998. – B. 14–28. 3. Ne’matov H. O‘zbek tili tarixiy fonetikasi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1992. – 92 b. 4. Ne’matov H. So‘z yasash qolipi, yasalgan va yasama so‘z xususida // O‘zbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 2007. – № 1. – B. 16. 5. Nurmonov A. O‘zbek tilshunosligi tarixi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2002. – 232 b. 6. Nurmonov A. O‘zbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1990. – 132 b.