FOLKLOR ASARLARI TARKIBIDAGI ONOMASTIK BIRLIKLARNING O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA O'RGANILISHI
Full text
221 FOLKLOR ASARLARI TARKIBIDAGI ONOMASTIK BIRLIKLARNING O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA O‘RGANILISHI Abatov Doston Ro‘zimurod o‘g‘li Qashqadaryo viloyati pedagogik mahorat markazi o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387678 Annotatsiya.Ushbu maqolada o‘zbek onomastikasining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari tarixiy va ilmiy manbalar asosida tahlil etiladi. Onomastikaning ilmiy soha sifatida XX asrning ikkinchi yarmida mustaqil yo‘nalishga aylangani bilan birga, uning ilk nazariy asoslari Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning asarlarida ham uchrashi ko‘rsatib o‘tiladi. Shunday qilib, o‘zbek onomastikasi chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, bugungi kunda eng faol rivojlanayotgan lingvistik yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Kalit so‘zlar: onomastika, o‘zbek tili, Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, tarixiy ildizlar, atoqli otlar. Abstract. This article analyzes the formation and development stages of Uzbek onomastics based on historical and scientific sources. It is shown that onomastics, as a scientific field, became an independent direction in the second half of the 20th century, and its first theoretical foundations are found in the works of such scholars as Mahmud Kashgari, Alisher Navoi and Zahiriddin Muhammad Babur. Thus, Uzbek onomastics has deep historical roots and is one of the most actively developing linguistic directions today. Keywords: onomastics, Uzbek language, Mahmud Kashgari, Alisher Navoi, historical roots, famous names. O‘zbek onomastikasi o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab alohida ilmiy soha sifatida vujudga keldi va shu davrdan keyin onomastika eng rivojlangan sohalardan biriga aylandi. Biroq onomastika sohasining tadqiqi bilan bog‘liq ilmiy qarashlarning dastlabki asoslarini Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning ilmiy-badiiy faoliyatida ham uchratish mumkin. Demak, bu soha XX asrning 2-yarmidan jadal rivojlangan bo‘lsa-da, uning dastlabki ildizlari XI arga borib taqalishini qayd etish mumkin. Hozirga qadar o‘zbek tilshunosligida bevosita tarixiy-badiiy hamda folklor asarlari matnidagi onomastik va antroponimik birliklarni o‘rganish bo‘yicha bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Jumladan, Sh.Yoqubov, S.Rahimov, I.Xudoynazarov, R.Nuriddinova, M.Tillayeva, R.Xudoyberganov, Y.Avlakulov, N.Husanov, D.Andaniyazova, Q.Olloyorov, S.Kenjayeva, M.Turdibekov, Y.Hojiyev, N.Mo‘minova, D.Yuldashev, F.Rajabov, D.Ashurov, B.Yunusova R.Saydullayevaning tadqiqotlari yuzaga keldi [1]. Yuqorida nomi tilga olingan olimlarning tadqiqotlaridan o‘zbek folklor asarlari matnidagi onomastik birliklar tadqiqini amalga oshirishda qimmatbaho manba sifatida foydalanish mumkin.
222 O‘zbek tilshunosligida xalq dostonlari tiliga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot ishlari XX asrning 40-yillaridan boshlangan deya qayd etiladi, ilmiy manbalarda. Taniqli folklorshunos, professor H.Zarifovning “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlari bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari bu boradagi tadqiqotlarning debochasi sifatida e’tirof etiladi. Olimning V.M.Jirmunskiy bilan hamkorlikda yaratgan fundamental tadqiqotida xalq dostonlari tili bo‘yicha ham qimmatli fikr-mulohazalar bildirilgan bo‘lib, bu mulohazalar hozirgacha ham o‘zining ilmiy qimmatini yo‘qotmaganini tilshunoslarimiz ko‘p ta’kidlashadi. Fozil shoir dostonlari tili bo‘yicha tadqiqot olib borgan G.Jumanazarova ta’kidlaganidek, H.Zarifov va V.Jirmunskiy hamkorligida yaratilgan ilmiy tadqiqot “keyingi tadqiqotlar uchun metodologik zamin hozirlab berdi”. Taniqli folklorshunoslarning ushbu ilmiy ishidan so‘ng filologiya ilmida folklorshunoslik masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlar yuzaga keldi. O‘zbek nomshunosligida hozirga qadar folklor asarlari leksikasi, onomastikasi, sintaksisi, uslubiyati va lingvopoetikasi, lingvostatistikasi tadqiqiga bag‘ishlangan salmoqli tadqiqotlar amalga oshirildi. Jumladan, I.Xudoynazarov Ergash Jumanbulbul ijrosidagi dostonlarda qo‘llangan antroponimlarning til lug‘at tizimidagi o‘rni va ularning semantik-uslubiy xususiyatlarini, Q.Olloyorov Xorazm dostonlari onomastikasini, R.Rasulov “Alpomish” dostonidagi so‘zlarning sintaktik aloqasini, S.Yuldosheva “Alpomish” dostoni poetikasini, I.Yormatova o‘zbek qahramonlik eposi poetikasini, Sh.Mahmadiyev o‘zbek xalq dostonlariga xos uslubiy figuralarni, G.Jumanazarova Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li dostonlari lingvopoetikasini, Y.Hojiyev “Alpomish” dostonidagi shaxs ma’naviy sifatlarini ifoda etuvchi atov birliklarning semantik-struktur, konseptual va leksikografik xususiyatlarini, D.Ashurov “Alpomish” dostonining lingvokulturologik xususiyatlarini, B.Yunusova “Alpomish” dostoni onomastik birliklarining leksik-semantik va uslubiy xususiyatlarini tadqiq etdi. Bizga ma’lumki, xalq dostonlarining ijodkori xalqning o‘zidir. Shuning uchun ham xalq dostonlari tilida sheva elementlari ustuvorlik qiladi. Bundan tashqari, dostonlar xalq baxshilari tomonidan kuylanadi. Baxshi esa doston tiliga sayqal berishi mumkin. Shunday ekan, xalq dostonlari tilining sheva va adabiy tilga munosabati masalalari o‘zbek tilshunosligi fani oldida turgan muhim tadqiqotlar sirasiga kiradi. Shuning uchun ham tilshunosligimizda xalq dostonlari leksikasining sheva va adabiy tilga munosabatini ochishga bag‘ishlangan qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. Bu borada Sh.Shoabdurahmonov, X.Doniyorov, A.Ishayev, B.To‘ychiboyev, A.Rahimov kabi olimlarning ilmiy maqolalari va monografik tadqiqotlari diqqatga sazovordir. Ularning ilmiy ishlari daliliy materiallarga boyligi bilan alohida ajralib
223 turadi. Olimlar xalq dostonlarining lisoniy xususiyatlarini sinchkovlik bilan o‘rganganliklari ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ham bu olimlarning ishlari bugungi kunda ham o‘zining ilmiy-nazariy qimmatini yo‘qotmagan degan e’tirofni aytish mumkin. O‘zbek tilshunosligida folklor asarlari namunalarining lingvopoetik xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ishlar juda kam. Bu boradagi tadqiqotlar endigina boshlanyapti deyish mumkin. Buning debochasi sifatida professor N.Mahmudovning “Alpomish” dostoni lingvopoetikasiga chizgilar” nomli maqolasini qayd etish mumkin. Maqolada “Alpomish” dostonida o‘zbek xalqining ko‘hna va hamisha navqiron tili o‘zining butun jozibasi bilan jilvalangani ta’kidlangan holda adabiy tilning shevalar bilan munosabati, “Alpomish” dostonini ko‘plab baxshishoirlar kuylagani va ular ichida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li ijrosidagi doston alohida ajralib turishi va keng tarqalganligi qayd etib o‘tiladi. Olim e’tirof etganidek, “Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, “Alpomish” dostoni o‘zbek xalq tilining xira tortmas ko‘zgusi, jonli xalq tilining, xalq donoligining jonli tarixi in’ikosidir” [2, 13]. B.To‘ychiboyevning “Alpomish” va xalq tili” nomli monografik tadqiqoti “Alpomish” dostoni tilining lingvostilistik tahliliga bag‘ishlangani bilan ajralib turadi. Olimning e’tiroficha, dostonlar tili og‘zaki adabiy til namunasi sanalib, adabiy tilni boyitishda muhim manba vazifasini o‘tay oladi. Jumladan, ushbu monografik ishda qipchoq shevasining xususiyatlari haqida ham ma’lumot berilgan. A.S.Rahimovning tadqiqoti taniqli baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kiruvchi “Xushkeldi” va “Qunduz bilan Yulduz” dostonlari asosida bajarilgan. Tadqiqotchi olim yuqoridagi dostonlar matnidan to‘plagan tarixiylisoniy dalillarni qiyosiy va ma’noviy-uslubiy aspektda o‘rganadi. U o‘z tahlillari asosida, adabiy tilning milliylikkacha hamda milliy bosqichlarda xalq og‘zaki ijodi asarlarining tutgan o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq masalalarga ilmiy jihatdan oydinlik kiritishga harakat qiladi. Muallif til tizimida tarixiy jihatdan jonli tilga nisbatan og‘zaki ust dialektning ustuvor bo‘lganligi, folklor tili ana shu dialektlar zamirida rivojlanganligi, bu esa og‘zaki til tizimida poetik ust dialektning, ayni paytda, yozma tilning vujudga kelishiga asos bo‘lganligi haqida to‘g‘ri xulosalar chiqargan [3, 13-14]. Shuningdek, A.Rahimov tadqiqotlarida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li kuylagan dostonlar tilida qo‘llangan an’anaviy leksik, frazeologik birliklar qardosh qoraqalpoq va turkman xalqlarining “Qirq qiz”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari tili bilan qiyosiy tahlil etiladi. Ayni paytda tadqiqotchi qadimgi “O‘rxun-Enasoy” yozma yodgorligi va boshqa qadimgi turkiy yozma manbalar tili bilan qiyosiy tahlil qiladi va muayyan ilmiy xulosalarni bayon etadi.
224 O‘zbek tilshunosligida ma’lum bir hududda yashovchi baxshi-shoirlardan yozib olingan dostonlar tili ham o‘rganib kelinmoqda. Masalan, J.Xolmurotovaning dissertatsion tadqiqotida shimoliy Xorazm dostonlari leksikasi tadqiq etilgan. Mazkur tadqiqotda adabiy til va doston tili, shu dostonlar leksikasidagi so‘zlarning mavzuviy guruhlari, onomastik leksikaning o‘rni, so‘z va iboralarning bir-biriga munosabati kabi masalalar o‘rganilgan. O‘zbek tilshunosligida xalq dostonlari tilida qo‘llangan atoqli otlarning ayrim xususiyatlari o‘rganila boshlangani quvonarli holdir. Ana shunday ishlar sirasiga Q.M.Olloyorovning “Xorazm dostonlari onomastikasi” nomli tadqiqot ishini kiritish mumkin. Ushbu ish Xorazm xalq dostonlari asosida bajarilgan bo‘lib, tadqiqotchi onomastik birliklarning lug‘aviy-ma’noviy guruhlarini ishlab chiqadi va atoqli otlarning lisoniy-tarkibiy tuzilishini tahlil qilib beradi. B.Yunusova “Alpomish” dostoni onomastik birliklarining leksik-semantik va uslubiy tadqiqiga doir dissertatsiyasining “Lingvofolkloristikaning nazariy masalalari va “Alpomish” dostoni tadqiqi” nomli birinchi bobida lingvofolkloristika sohasining shakllanishi hamda ilmiy takomilini yoritib bergan bo‘lsa, “Alpomish” dostonidagi etnonim va antroponimlarning lisoniy tahlili” nomli ikkinchi bobida xalq, urug‘, elat nomlari va badiiy timsollarning ismlari tahlilga tortilgan. Dissertatsiyaning uchinchi bobi “Alpomish” dostonidagi toponim, mifonim, teonim va zoonimlarning lingvofolkloristik tahliliga bag‘ishlangan [4, 60]. Hozirga qadar onomastikaga oid ishlarning ko‘pchiligida antroponim, toponim, qisman, zoonim, etnonim, omonimlar tahlilga tortilgan bo‘lsa-da, hali tadqiq etilishi kerak bo‘lgan onomastika sohasiga doir talaygina masalalar mavjud. Bular orasida xalq dostonlari matnida qo‘llangan onomastik birliklarni lingvistik jihatdan tahlilga tortish ham bor. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Abatov D. Qashqadaryo xalq dostonlari onomastikasi (Qora baxshi Umirov, Umir shoir Safarov, Qodir baxshi Rahimov dostonlari misolida): Filol. fan. bo‘yicha fals. dokt. (PhD) ... diss. – Qarshi, 2024. – B. 24. 2. Маҳмудов Н. “Алпомиш” достони лингвопоэтикасига чизгилар // Ўзбек тилшунослигининг долзарб масалалари. Тўплам. – Тошкент: Низомий номидаги ТДПИ, 2010. – Б. 13. 3. Жуманазарова Г.У. Фозил шоир достонлари тилининг лексик-стилистик қатламлари. – Тошкент: Тафаккур, 2012. – Б. 13-14. 4. Юунусова Б. “Алпомиш” достони ономастик бирликларининг лексик-семантик ва услубий тадқиқи: Филол. фан. бўйича фалс. докт. (PhD) ... дисс. автореф. – Наманган, 2022. – Б. 60.