scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TERMINOLOGIYA SOHASINING RIVOJLANISHIDA CHORVACHILIKKA OID TERMINGLARNING O'RNI

O'rinova O.

Full text

252 TERMINOLOGIYA SOHASINING RIVOJLANISHIDA CHORVACHILIKKA OID TERMINGLARNING O‘RNI O‘rinova O. Qarshi DU, f.f.n. dotsent DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392403 Annotatsiya: O‘zbek tilshunosligida kasb-hunar, dialektal, ilmiy terminologiyasi sohasida olib borilgan tadqiqot ishlari ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Chorvadorlarning mehnat faoliyati bog‘liq bo‘lgan terminlar, ya’ni chorva mahsulotlarini yetishtirish, chorva mollarini boqish va parvarish qilish bilan bevosita bog‘liqdir. Chunki chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar mehnat faoliyatida bir qancha terminlardan foydalanib kelishmoqda. Shunday ekan, o‘zbek tilshunosligida chorvachilik terminlarini o‘rganishga bag‘ishlangan chorvachiga oid nomlar yuzasidan fikr-mulohazalarni bildirib o‘tishni maqsad qilib oldik. Ishimizda chorvador nutqidagi leksemalarning ba’zi birlarini tahlilga tortdik. Kalit so‘zlar: chorvachilik, leksik ma’no, dag‘al xashaklar, yaylov, oziqlantirish. Аннотация: Все больше расширяются масштабы исследовательской работы в узбекском языкознании в области профессиональной, диалектной и научной терминологии. Трудовая деятельность животноводов напрямую связана со смежными понятиями: производством продукции животноводства, кормлением и уходом за скотом. Потому что скотоводы в своей работе используют несколько терминов. Поэтому мы поставили перед собой задачу высказать свое мнение по именам чабанов, посвятив себя изучению терминов скотоводства в узбекском языкознании. Ключевые слова: скотоводства, лексическое значение, грубое сено, пастбище, кормление. Abstract: The scope of research work in Uzbek linguistics in the field of professional, dialect and scientific terminology is increasingly expanding. The labor activity of livestock farmers is directly related to related concepts: production of livestock products, feeding and caring for livestock. Because pastoralists use several terms in their work. Therefore, we set ourselves the task of expressing our opinion on the names of shepherds, devoting ourselves to studying the terms of cattle breeding in Uzbek linguistics. Keywords: Cattle breeding, lexical meaning, rough hay, pasture, feeding. O‘zbek adabiy tili qadimiy yozuv an’anasi, binobarin, uning leksikasi ham boy va xilma-xildir. Bu leksik boylik moziydan boshlab o‘zbek tilining lug‘at tarkibi xalqimizning moddiy va madaniy tarixi bilan uzviy aloqador holda asrlar davomida kengayib, rivojlanib kelmoqda. Unda xalqning ijtimoiy hayoti, turmushi, kasb-kori, qarashlari, an’analari, urf-odatlari bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchalar va bu tushunchalarni aks ettiradigan leksik qatlam hamda uning tarkibiy qismi bo‘lmish terminologik sistemasi shakllandi. Shu boisdan, u yoki bu soha terminologik tizimining tadqiq etilishi har bir davrda zaruriyat ekanligi ayon bo‘lib qoladi. Pirovardida, o‘zbek tilining kasb-hunar, dialektal, ilmiy terminologiyasi sohasida olib borilgan tadqiqot ishlari ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Aniq, tabiiy va 253 gumanitar fanlar, qishloq xo‘jaligi sohaviy tizimlari bo‘yicha jiddiy terminologik tadqiqotlar olib borila boshlandi. Respublikamizda chorvachilik tobora rivojlanib bormoqda. Shu bois uning terminologik tizimini tadqiq etish o‘zbek tilshunosligi oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Shunday ekan, o‘zbek tilshunosligida chorvachilik terminlarini o‘rganishga bag‘ishlangan chorvachiga oid nomlar yuzasidan fikr-mulohazalarni bildirib o‘tishni maqsad qilib oldik. Chorvachilik terminologik tizimida, bir tomondan, qadimiy terminlar an’anaviy ravishda qo‘llab kelinayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, davr taqozosi tufayli yangi-yangi terminlar yaratilmoqda, o‘zlashmoqda. Bu hol tilshunoslar e’tiboridan chetda qolgani yo‘q, albatta. Chorvadorlarning mehnat faoliyati va chorvani boqish bilan bevosita shug‘ullanuvchilarning mehnat jarayoni bilan bog‘liq terminlar ham leksik-semantik jihatdan xilma-xildir: a) chorva mollarini boqiladigan joy nomlari. Chorvachilik mahsulotlari yetishtirish chorva mollarini boqish va parvarish qilish bilan bevosita bog‘liqdir. Shunga ko‘ra ham ular boqiladigan va o‘z vaqtida dam beriladigan joylar mavjud. Shu joylar bo‘lmasa, chorvachilikning o‘zi ham bo‘lishi mumkin emas. Chorvachilik uchun bu o‘rin-joylarning ahamiyati nihoyat katta bo‘lganligi uchun ham ular o‘ziga xos nomlar bilan atalgan: Anggor - bug‘doy yoki arpasi o‘rib olingan maydon. Bostirma - sovuq va yog‘ingarchilik paytlarida chorva mollari panalaydigan ayvonga o‘xshash usti yopiq joy nomi. Ilgari bunday joylar ustiga yem-xashaklar yoki o‘tin bostirib qo‘yilgan. Ana shunga ko‘ra ham bu joyni «bostirma» deb ataganlar. Do‘la - xonalar bo‘lmagan o‘tloqlarda chorva(hayvon)larni (to‘l paytida) sovuqdan saqlash maqsadida yerdan o‘yib qilingan joy; do‘l, do‘la so‘zlari qo‘l bilan qilingan chuqur (chuqurcha) ma’nosini bildiradi. Kashar/kachar/qavag‘ - kechqurun yoki yog‘ingarchilik paytlarida chorva mollar saqlanadigan kichikroq, usti yopiq xona. Qashqadaryoning «y»lovchi shevalarida qavag‘ tarzida qo‘llaniladi. Bu esa qamamoq fe’li asosida hosil qilingan. Og‘il - chorva mollari saqlanadigan joy. Bu termin metonimik usul bilan hosil qilingan. Og‘il so‘zi mashhur turkshunos olim M.Koshg‘ariyning ko‘rsatishicha, o‘g‘izlarda «qo‘yning qiyi» degan ma’no bildirgan, ya’ni qo‘y og‘ilxonasi[Koshg‘ariy,DLT,103]. Bu so‘z «qo‘y qiyi», keyinchalik esa «qo‘y qiyi bo‘lgan xona» va hozir esa «umuman chorva tunaydigan xona» degan ma’noni bildiradigan bo‘lgan. 254 Chelgi - atrofi chim devor bilan o‘ralgan ochiq joy. Bunda cho‘pon istagan vaqtida mollarga dam beradi. Chel tekis joyni chim yoki tuproq uyumi bilan chegaralash degan ma’noni bildiradi. Chep - yem-xashak g‘aramini mollardan saqlash uchun devor bilan o‘rab olingan joy. Chobra - tekis joyda to‘qilgan qamishdan yasalgan ko‘chma qo‘tan. Bunda to‘qilgan qamish aylana shaklda tikka qilib o‘rnatiladi va bitta «eshik» ham qoldiriladi. Yaylov - chorva mollari ham o‘tlab, ham yoyilib yuradigan kattagina territoriyani tashkil qiladigan joy. Odatda, yoz paytida tabiiy yem-xashak mo‘l bo‘lgan joylar yaylov sifatida tanlanadi. Yaylov so‘zi qadimgi turkiy tilda «bahor», «yoz» ma’nolarini anglatgan yay otidan -la qo‘shimchasi bilan yasalgan fe’lga -g‘ qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan, ya’ni: (yay + la = yayla ) +g‘>yaylag‘> yaylav>yaylov. O‘tloq – chorva mollarini o‘tlatadigan joy. Bu yaylovning bir qismi bo‘lib, kichikroq territoriyani tashkil qiladi. Bu termin o‘tlamoq fe’lining negiziga -q affiksining qo‘shilishi natijasida yasalgan: o‘tla+q=o‘tlaq>o‘tloq. O‘zakka -q affiksi qo‘shilishi bilan “a” unlisi “o”ga aylanadi. O‘rish - cho‘pon qo‘shxonasiga yaqin bo‘lgan o‘tlov joyi. O‘rish termini o‘rlamoq so‘zi asosida hosil qilingan. Demak, o‘rish so‘zining asosida harakat mavjuddir, ya’ni undan yurmoq ma’nosi anglashiladi. Masalan: Mol og‘ilxonadan chiqib, o‘tloqqa o‘rladi. Qalaq - tog‘li xududlarda mollarga dam beradigan joy. Bu odatda tog‘ yon bag‘irlarida toshdan «devor» qilish (toshni ustma-ust qalash) yo‘li bilan yasaladi. Qalaq termini qalamoq (ustma-ust termoq) fe’lining o‘zagi qala ga -q affiksining qo‘shilishi natijasida yasalgan. Qarsag‘ - qirning sharq tomonidan aylana shaklda qazib, atrofi o‘tin bilan o‘rab olingan va «eshigi» sharqqa qaratilgan joy. Bu sovuq shamoldan saqlanish uchun qilinadi. Qoq - bir necha kungacha yomg‘ir suvi to‘planib turadigan joy. Bu joy atrofga nisbatan chuqurroq bo‘lganligi uchun unda tabiiy holda suv (yomg‘ir yoki erigan qor suvi) to‘planadi. Bundan bir necha kun foydalanish mumkin. Suvi qurigach, o‘rni qattiq bo‘lib (qoq) qoladi. Quduq - cho‘l va sahro yaylovlarda chorva mollarini sug‘orish va boshqa zaruriy ehtiyojlar uchun sun’iy yo‘l bilan olinadigan yer osti suv manbai. Quduq termini «quyi» (pastlik, chuqurlik ma’nosida) so‘zidan kelib chiqqan. Termin oxiridagi -q esa yasovchi affiks vazifasini bajargan. 255 Qo‘l - yem-xashak g‘aramlaridan aylantirib qilingan joy. Qish paytida, ob-havo buzilgan vaqtlarda qoramollar shu joyda saqlanadi va oziqlantiriladi. Ular atrofdagi yem-xashakdan bemalol bahramand bo‘laveradi. Bu termin Qashqadaryoning Koson tumani chorvadorlari leksikasida uchraydi. Qo‘l podachi uchun juda ham qulaylik tug‘diradi, chunki bir vaqtda u ikki vazifani bajaradi: dam beradi, oziqlantiradi 1 . Qo‘l so‘zi aslida «qulay», «o‘ng» ma’nolarini anglatadi. Masalan: Uning qo‘li keldi. Juda qo‘l keldi. Qo‘l termini ham ana shu ma’noning kengayishi natijasida yuzaga kelgan. Qo‘ra - daraxt shoxlari bilan o‘rab olingan qo‘tan. Bundan, odatda, tog‘li tumanlarda ko‘proq foydalaniladi. Buni ba’zi chorvadorlar shox qo‘ra ham deb aytadilar, chunki u daraxt shoxlari va butalardan qilinadi. Qo‘tan - chorva mollariga dam beriladigan joy. Bunday joylar turli xil bo‘ladi. Ular tegishli aniqlovchilar bilan bayon etiladi. Agar chorva mollari tekis joyda hamisha dam oldirilsa, u joyni qora qo‘tan deb aytadilar. Chunki mollar hamisha yotaversa, u joy qorayib, chiqindilar bilan ifloslanib qoladi. Ana shunga ko‘ra bunday joyni qora qo‘tan deb nomlaganlar. Hozirgi kunda bu terminning ma’nosi torayib, faqat qo‘ylar dam oladigan joy (Qotān – qo‘tan. Qotāndägi qojlärdi dälägä qojvār – Qo‘tondagi qo‘ylarni dalaga qo‘yib yubor.Dehqonobod shevasi) ma’nosini anglatadi. Chorva mollari yotadigan joyni (shu so‘zning sinonimi sifatida) молхона termini bilan ataydilar. Demak, qo‘tan terminining leksik ma’nosi ancha toraygan. Qo‘shoq – chorva mollarini sog‘ish uchun tayyorlangan joy. Bu yerda sigirlar qo‘shoqlanib sog‘iladi. Bu termin qo‘shmoq fe’li asosida yasalgan: qo‘sh+a>qo‘sha; qo‘sha+q>qo‘shoq. Bu o‘rinda shuni aytmoq lozimki, bunda qo‘shoq so‘zining leksik ma’nosi kengayib, endi qo‘shoqlangan ikki sigirni sog‘ish emas, balki qo‘shoqlangan sigirlar (sog‘ish uchun qamalgan 50-100 ga yaqin sigiri bo‘lgan joy) tushuniladi. Masalan: Sen qo‘shoqda ishlaysanmi? Qo‘shxona - cho‘ponlar dam oladigan va zaruriy buyumlarni qo‘yadigan joy. Termin tarkibidagi qo‘sh so‘zi - yuk, narsa, buyum ma’nolarini anglatadi. Shunday qilib, chorva mollarini boqadigan va dam oldiradigan joylar xilma-xil bo‘lganidan, ularni aks ettiruvchi terminlar ham rang-barangdir. 1 Ўринова О.Т. 256 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Баскаков Н.А. Современное состояние терминологии в языках народов СССР –Сб. Вопросы терминологии, Из-во АН СССР. 1961, стр. 60 2. Кошғарий М. Девону луғатит турк. -Тошкент, 1961 й., 1том, 103-бет. 3. Сафарова Р. Лексик-семантик муносабатнинг турлари. -Т.: Ўқитувчи, 1996. - 48 б. 4. Собиров А. Ўзбек тилининг лексик сатҳини системалар системаси тамойили асосида тадқиқ этиш. -Т.: Маънавият, 2004. - 137 б. 5. Современный русский язык. Теоретический курс. Лексикология. –М.: Русский язык, 1987. - 158 с. 6. Соссюр Ф. Труды по языкознанию. –М.: Прогресс, 1977. - 285 с. 7. Неъматов Ҳ., Расулов Р. Ўзбек тили систем лексикологияси асослари. -Т.: Ўқитувчи, 1995. - 122 б. 8. Никитин М.В. Основы лингвистических значений. -М.: Высшая школа, 1988. - 94 с. 9. Нурмонов А. Сўз ҳақида - сўз // Ўзбек тили ва адабиёти, 1991. -№ 5. -Б. 67-71. 10. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Т. 1. -М.: Русский язык. -Б. 165. 11. Ҳожиев А. Тилшунослик терминларининг изоҳли луғати.-Т.МЭ.Давлат илмий нашриёти, 2002. -Б. 56.